-rasm. Boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usullari tarkibi




Download 158,29 Kb.
bet7/7
Sana25.01.2024
Hajmi158,29 Kb.
#145252
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
5-mavzu

5.6-rasm. Boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usullari tarkibi
Hokimiyat – boshqaruvchining irodasi, ta’sir kuchi, qobiliyatlari va malakasi, obro‘si hamda tashkiliy-huquqiy vakolatlari doirasida xodimlarning mehnat faoliyatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari va usullarini ifodalaydi. Ma’muriy-tashkiliy ishlar mehnat jarayonlarini reglamentga solish va me’yoriy normativlarni belgilash orqali ham amalga oshiriladi.
Reglamentga solish boshqaruv tuzilmalari vaxodimlari faoliyatini qonunlar, qoidalar, buyruqlar, nizomlar orqali aniq belgilab qo‘yish va ularni qo‘llashga oid yo‘riqnomalar ishlab chiqish bilan xarakterlanadi. Bulardan tashqari har bir mansabning bajaradigan ishlari turlarini, vakolatlarini, huquqlari va majburiyatlarini belgilab beradigan mansab yo‘riqnomalari ham ishlab chiqilishi mumkin.
Me’yorlash, o‘z navbatida, mehnat sharoitlari, ishlab chiqarishning moddiy-texnikaviy, mehnat va kapital sarflarini hamda ishlab chiqarish natijalarini ma’lum bir normativlar, kvotalar o’rnatish orqali miqdoriy chegaraga solishni anglatadi.
Me’yorlarni vaqt sarfi (ish yoki mahsulot birligini yaratishga sarflangan vaqt sarfi), ish yoki mahsulot hajmi (bir ish soati, kuni yoki smenasida bajariladigan ish yoki ishlab chiqariladigan mahsulot) va miqdor sarfi (mahsulot ishlab chiqarish yoki ish bajarishga sarflanadigan moddiy, mehnat va kapital sarflari) bo‘yicha o‘rnatish mumkin.
Ayrim hollarda obyektiv (iqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishi, noqulay iqlim va ob-havo ta’siri, texnikaning ishdan chiqishi va boshqalar) va subyektiv (mehnat intizomining buzilishi, mahsulot sifatining pasayib ketishi, mas’uliyatsizlik va g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar) omillar ishlab chiqarishning yakuniy natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday holatlarda ishlab chiqarishdagi uzluksizlik tashkiliy-farmoyish va ma’muriy usullar orqali tartibga solinadi. Tashkiliy-farmoyish usullari tashkiliy aniqlikni ta’minlaydi, boshqaruvning har bir bo‘g‘ini vazifalarini belgilab beradi, boshqaruv apparati intizomi va faoliyati samaradorligini ta’minlaydi, xodimlarni tanlaydi va joy-joyiga qo‘yadi, buyruqlar va farmoyishlarning bajaralishini nazorat etadi, ishda tartib o‘rnatadi va hokazo.
Shu bilan birga bu usullarni me’yor doirasida va o‘z o‘rnida qo‘llash lozimligini unutmaslik lozim. Chunki tashkiliy-farmoyish usullariga haddan tashqari keng o‘rin berish ma’muriyatchilik va byurokratizmga yo‘l ochadi, ishchi va mutaxassis xodimlarning ishlab chiqarishning yakuniy natijalarini oshirishga bo‘lgan rag‘batini va manfaatdorligini susaytiradi. Tashkiliy-farmoyish usullarni iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik usullar bilan birgalikda qo‘llash maqsadga muvofiq.
Ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonining asosini iqtisodiy munosabatlar tashkil etadi. Iqtisodiy usullar bu munosabatlarni tashkil etadi, tartibga soladi va takomillashtirib boradi.
Iqtisodiy usullar qo‘yilgan maqsadga erishish uchun ishchi va xodimlarning manfaatlariga ta’sir o‘tkazish orqali boshqaruv maqsadi va vazifalarini amalga oshirishga imkon beruvchi rag‘batlar va vositalar yig‘indisidan tashkil topadi.
Ularning mohiyati korxona faoliyatini iqtisodiy ta’sir vositalari (narx, kredit, rejalashtirish, xarajatlar va tannarx, foyda, soliqlar, ish haqi, iqtisodiy rag‘batlantirish va hokazo) orqali boshqarishdir. Iqtisodiy manfaatlar tizimi davlat va jamiyat manfaatlari, jamoa manfaatlari va shaxs manfaatlaridan tashkil topadi. Davlat va jamiyat manfaatlari bilan jamoa hamda shaxs manfaatlari orasida muayyan bog‘liqlik mavjud.
Masalan, shaxs birinchi navbatda o‘z mehnati natijalarini yuksaltirishdan manfaatdor. Shu bilan birga, u o‘zi a’zo bo‘lgan jamoaning mehnati natijalarini yuksaltirishdan ham manfaatdor. Chunki, korxona jamoasining yuqori mehnat natijalari xodimning ish haqi darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ammo, jamiyat miqyosida moddiy farovonlikni ta’minlamasdan, uning barqarorligi va xavfsizligiga erishmasdan, alohida olingan bir shaxsning barkamol rivojlanishini tasavvur etib bo‘lmaydi. Jamiyat, jamoa va shaxs manfaatlarini uyg‘unlashtirish doimo murakkab iqtisodiy vazifa bo‘lib kelgan. Buning uchun jamiyatda iste’mol va jamg‘arish o‘rtasidagi, ish haqi fondi bilan rag‘batlantirish fondi o‘rtasidagi, foydaning taqsimlanadigan qismi bilan turli zaxira fondlariga jamg‘ariladigan va taqsimlanmaydigan qismi o‘rtasidagi nisbatlarini optimallashtirish talab etiladi. Aynan shu vazifalarni amalga oshirishda boshqaruvning iqtisodiy usullaridan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Boshqaruvning iqtisodiy usullari xo‘jaligi yuritishning barcha dastaklari ta’siriga: rejalashtirish, iqtisodiy tahlil, moddiy rag‘batlantirish va xo‘jaligi hisobiga tayanadi.
Rejalashtirish –boshqaruv faoliyatini ilmiy asoslangan tarzda tashkil qilish usullaridan biridir. Rejalar korxona faoliyatining barcha jihatlarini: moddiy-texnika ta’minoti, ishlab chiqarish, mahsulot sotish, moliyaviy va investitsion faoliyat, personal faoliyatini qamrab oladi. Rejalashtirish korxona faoliyatining asosiy maqsadi, vazifalari va yo‘nalishlarini hamda erishilishi ko‘zda tutilayotgan natijalarni oldindan belgilab olish hamda prognozlashtirish imkonini beradi. Rejalarni operativ, joriy va istiqbol davrlar uchun, alohida ish turlari yoki muayyan bir investitsion loyihalar uchun hamda korxonaning barcha faoliyatini qamrab oluvchi biznes-reja tarzida tuzish mumkin.
Samarali boshqaruv tizimini yaratish, ijtimoiy-iqtisodiy va texnik-texnologik muammolarning oqilona yechimini topish, mavjud shart-sharoitlar hamda vaziyatni chuqur tahlil qilish asosida ta’minlanadi.
Iqtisodiy tahlilning asosiy vazifasi –rejalashtirish tizimi orqali belgilangan maqsad va vazifalarga erishish holatini operativ ma’lumotlar, statistik va moliyaviy hisobotlar yordamida tahlil etib borish hamda tegishli qarorlar qabul qilishdir.
Iqtisodiy tahlil vositalari orqali korxonaning o‘tgan davr va joriy holatdagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarini tahlil etish, biznesdagi sheriklarning moliyaviy ahvolini o‘rganish, o‘zga korxonalar tajribasi bilan yaqindan tanishish orqali bu tajribalarni qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish hamda iqtisodiy samaradorlikni yuksaltirish rezervlarini qidirib topish mumkin.
Moddiy rag‘batlantirish –boshqaruv tizimida alohida ahamiyatga ega. Bu usul ishlab chiqarishnatijalari va uning iqtisodiy samaradorligini yuksaltirishdan shaxsning manfaatdorligini ta’minlash hamda rag‘batlantirish tizimini keng qo‘llashni nazarda tutadi. Moddiy rag‘batlantirish tizimi ish haqining progressiv usullarini qo’llashni, tejamkorlik, mahsulot sifati va ortiqcha bajarilgan ish hajmi uchun turli mukofotlar hamda ustamalardan foydalanishni, xodimlar uchun moddiy yordam uyushtirishni yoki ularni ijtimoiy himoyalash maqsadida tashkil etiladigan tadbirlarni nazarda tutadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida moddiy rag‘batlantirish usullari ishchi va mutaxassis xodimlar mehnatining unumdorligini oshirishda eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
Boshqaruvning iqtisodiy usullari, shuningdek, o‘z ichiga xo‘jaligi hisobi dastaklarini ham qamrab oladi.Xususan, ishlab chiqarish xarajatlari va natijalari nisbatlarini solishtirishga asoslangan tannarx, foyda, mehnat unumdorligi, fond qaytimi kabi qiymat ko‘rsatkichlari orqali boshqaruv obyektlarini tartibga solib turish mumkin bo‘ladi. Boshqaruv usullari tizimida iqtisodiy usullar yetakchi o‘rinni egallashi lozim.
Jamiyat va shaxs hayotida axloqiy-etika me’yorlari, madaniy va ma’naviy qadriyatlar, insonlar orasidagi munosabatlar muhim o‘rin tutadi. Jamiyatning maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy qarashlari, hayot tarzi va urf-odatlari shaxsning kamolotga yetishi hamda ijtimoiy faolligini oshirishga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Boshqaruvning ijtimoiy-psixologik usullari xodimlarning ijtimoiy ehtiyojlari va psixologik xususiyatlariga ta’sir etish bilan bog‘liq boshqaruv vositalari hamda dastaklari yig‘indisidir.
Boshqaruvning ijtimoiy-psixologik usullarini qo’llash korxonada yuz berayotgan ijtimoiy hodisalarni chuqur o‘rganish va xodimlar kayfiyatiga ta’sir etuvchi psixologik (ruhiy) omillarni bilishni talab etadi. Masalan, mehnat psixologiyasi xodimlarning shaxsiy xususiyatlari va qobiliyatlarini, ularni o‘qitish usullarini, ish va dam olish tartibini, xodimlarni tanlash va baholash usullarini, mehnat jarayonining psixologik jihatlarini o‘rganadi. Boshqaruvning psixologik usullari jamoada maqbul psixologik holat tashkil etish yo‘li bilan kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Jamiyatning ma’naviy qadriyatlari ko‘p qirrali ekanligidan, alohida shaxslarning didi, dunyoqarashi, axloqiy xulqi va madaniyati ham turlicha bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, boshqaruvning ijtimoiy-psixologik va tarbiyaviy usullari ham turlichadir. Mehnat jamoalari va guruhlar darajasida boshqaruv usullarini tanlashda jamoani bir butun ijtimoiy tizim sifatida qarab, unga xos bo‘lgan jamoaviy axloq etikasi va xatti-harakatlarga, jamoada tashkil topgan psixologik muhitga e’tibor qaratish lozim. Shu bilan birga jamoaning alohida individual shaxslardan tashkil topgani e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Shaxsning individual xususiyatlari, yashash tarzi, urf-odatlari, dunyoqarashi, ruhiy holati, bilim va malakasi, kasbiy tayyorgarligi uning professional sifatlarini ro‘yobga chiqaruvchi asosiy omillar hisoblanadi. Boshqaruvchilar shaxsning ijodiy yaratuvchanlik, tashabbuskorlik va o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan intilishlaridan unumli foydalanishlari, uni shaxs sifatida kamolotga yetishiga keng yo‘l ochib berishlari maqsadga muvofiq.
Rahbarning boshqaruv uslubi deganda, boshqaruv jarayonida kelib chiqadigan muammolarini hal qilish usullari majmui tushuniladi.
Kichik biznes va tadbirkorlikda rahbarlikning quyidagi boshqaruv uslublaridan foydalaniladi:
1. Xoʻjalik ishlaridagi kamchiliklarga murosasiz boʻlish.
2. Jamoa va uning har bir xodimi toʻgʻrisida qaygʻurish.
3. Yuqori madaniyatli boshqaruvning tashkil qilish.
4. Rahbarning yangilikni his etish qobiliyati.
Kichik biznes faoliyatini boshqarishning bir necha pogʻonalari mavjud. Ularga ikki pogʻonali, uch pogʻonali va koʻp pogʻonali boshqaruvni misol qilib koʻrsatish mumkin. Kichik biznes faoliyatini boshqarishda jahon amaliyotidan olingan va eng samaralisi hisoblangan ikki pogʻonali usul, ya’ni rahbar-bajaruvchi usulidan keng foydalaniladi.
Bu usulning samarasi uning oddiyligida, bajaruvchi va rahbar oʻrtasidagi munosabatlarni toʻgʻridantoʻgʻri bogʻlanganligidadir. Bu yerda nazoratning yuqori samarasiga erishiladi. Pogʻonalar soni ortib borgan sari boshqaruv samarasi kamayib boradi.
Tayanch iboralar: kichik biznes, litsenziya, boshqaruv tuzilmalari, vazirliklar, boshqaruv uslubi.
Nazorat savollari:
1. Kichik biznes va tadbirkorlik korxonalari boshqaruv tuzilmalarining tashkiliy turlari haqida ma’lumot bering.
2. Oʻzbekistonda qaysi vazirliklar xususiy oʻquv muassasalarini ochish uchun litsenziya berish vakolatiga ega?
3. Tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi huquqiy omillarni yoritib bering.
4. Tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi iqtisodiy omillarni yoritib bering.
5. Tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi ijtimoiy omillarni yoritib bering.
6. Tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi siyosiy omillarni yoritib bering.
7. Mulkdor tushunchasiga ta’rif bering.
Download 158,29 Kb.
1   2   3   4   5   6   7




Download 158,29 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



-rasm. Boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usullari tarkibi

Download 158,29 Kb.