|
Infraqizil spektroskopiya (IQ - spektr)
|
bet | 5/9 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 3,12 Mb. | | #230874 |
Bog'liq 1-мавзу1.4.1. Infraqizil spektroskopiya (IQ - spektr).
Infraqizil spektroskopiya moddalarning kimyoviy tuzilishini tekshirishning fizik usuli boʻlib, kimyoviy moddalarning energiya spektrining infraqizil sohasida elektromagnit nurlanishi bilan taʼsirlanishiga asoslanadi.
Molekulaning ichki energiyasi: elektronlar energiyasi, atomlarning tebranish energiyasi va atomlar gruppalarining aylanish energiyasidan tashkil topadi.
Elektron energiyasi elektromagnit toʻlqin shkalasining ultrabinafsha va koʻrinadigan qismida namoyon boʻladi.
Infraqizil sohada esa atomlarning tebranish energiyasi vujudga keladi, shuning uchun infraqizil spektrlar koʻpincha tebranish spektrlari, uni oʻrganish usuli esa tebranish spektroskopiyasi, deb ataladi.
Oʻzining oddiyligi, aniqligi va tejamligi bilan bu usul kimyogarlar eʼtiborini qozondi.
Tekshirilayotgan moddaning miqdori juda kam, yaʼni 10-6 grammgacha boʻladi. Analiz uchun qoʻllaniladigan qurilmaning nomi IQ-spektrofotometrdir.
Abssissa oʻqiga esa mikrometr (mkm)da oʻlchangan toʻlqin uzunligi yoki toʻlqin soni qoʻyiladi. Toʻlqin soni – bu bir sm masofada joylashishi mumkin boʻlgan toʻlqinlar soni boʻlib, sm da olingan toʻlqin uzunligining teskari qiymatidir. Toʻlqin soni sm-1 kabi belgilanadi (teskari santimetr).
Nurlanish manbai sifatida yuqori temperatura (1400-1900 0S) gacha qizdirilgan va uzluksiz nur spektrini beradigan kremniy karbid yoki sirkoniy, ittiriy va toriy oksidlarining aralashmasi ishlatiladi.
IQ nur maʼlum uzunlikdagi nurlarni oʻtkazuvchi qurilma-monoxromator orqali oʻtadi. Bu qurilmaning asosini osh tuzi, litiy ftorid yoki metallarning boshqa galogenidlaridan tayyorlangan prizmalar tashkil etadi; bu prizmalar maʼlum toʻlqin uzunligidagi IQ - nurlar uchun tiniqdir (shisha va kvars oʻrtacha IQ-soha uchun tiniq emas). Monoxromatordan soʻng IQ-nurlar uchun tiniq materialdan yasalgan idish – kyuveta oʻrnatiladi. Bu kyuvetaga tekshirilayotgan modda solinadi. Bunday modda par, eritma, pasta, tabletka yoki gaz koʻrinishida boʻlishi mumkin. Moddalarning turli shakl va agregat holatda boʻlishi IQ-analiz usulining boshqa fizik usullarga nisbatan afzalligidir.
Kyuveta orqali turli toʻlqin uzunligiga ega boʻlgan nurlar ketma – ket oʻtkaziladi. Ular kyuvetadan oʻtib, nurni qabul qilib oluvchi qurilma detektorga tushadi. Bu yerda nurlar qayd qilinadi va ularning intensivligi oʻlchanadi.
Berilgan molekula tomonidan yutilgan infraqizil nur chastotasi shu molekuladagi atomlarning tebranish chastotasiga mos keladi. Minglab individual moddalar uchun xarakterli (yaʼni maʼlum strukturali atom gruppalariga xos) yutilish chastotalari hisoblab chiqilgan va tajriba asosida aniqlangan. Kimyogar tekshirilayotgan moddaning IQ – spektrini olgach, dastlab uni maxsus kataloglarda beriladigan standart spektrlar bilan solishtiradi.
Agar tekshirilayotgan modda spektri birorta standart spektr bilan mos tushsa, u holda tekshirilayotgan moddaning spektri solishtirilayotgan moddaning spektri ekan, deb xulosa qilish mumkin.
IQ – spektroskopiya nomaʼlum moddaning kimyoviy tarkibi va tuzilishini belgilashga, ulardagi maʼlum funksional gruppalarni aniqlashga imkon beradi. Bu kimyoviy izlanishlarda nihoyatda muhim ahamiyatga ega (1,2,3 rasmlar).
Amaliyotda infraqizil spektrlarni olish uchun asosan 2 turdagi spektrometrlardan foydalaniladi. 1 va 2 rasmlarda UR-20 va spekord nusxali spekrometrlarning koʻrinishi berilgan.
|
| |