Mualliflik huquqi
Bugungi kunda Internetdan ko‘chirilgan asar (rasm, qiziqarli maqola, qo‘shiq, musiqa, kino yoki boshqa nashr)larni ularning manbasiga havola ko‘rsatmasdan foydalanish oddiy holga aylanib qolmoqda. Internet foydalanuvchilarining hammasi ham bu asarlarning muallifi mavjudligi, ulardan ruxsat olish lozimligini bilavermaydi. Axborotning Internetdan joy olganligi undan erkin va xohlaganday foydalanish mumkin degani emas. Internetdan joy olgan har bir asarning o‘z egasi bor, har bir asar “Mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi qonun bilan himoyalangan. O‘zbekiston Respublikasida mualliflik huquqining asosiy me’yorlari “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi” (1041–1073-moddalar) hamda “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida (2006-yil 22-iyun) qat’iy belgilangan. Agar biror shaxs mualliflik huquqi bilan himoyalangan asarni noqonuniy ravishda nusxalasa, tarqatsa, undan daromad manbayi sifatida foydalansa, muallif o‘z mualliflik huquqlarini himoya qilish uchun tegishli idoralarga murojaat etishi mumkin. Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunlar jahonning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud. Shuning uchun muallif ruxsatisiz uning asarlarini ishlatish, tarqatish mumkin emas!
Ba’zan do‘konlarda kitob, disk va dasturlarning noqonuniy nusxalarini kuzatish mumkin. Bunday holatda nusxa yaratganlar ham, ushbu nusxalarini sotganlar ham qonun oldida javobgar hisoblanadi.
Internetdan olingan ma’lumotni kompyuterda saqlash va undan shaxsning o‘zi foydalanishi qonunga zid emas. Bu ma’lumotni veb-sayt, ijtimoiy sahifa, kanal yoki guruhlarda nashr qilish kerak bo‘lsa, albatta uning manbasiga havola ko‘rsatilishi lozim.
Shuningdek, mualliflik huquqi bilan himoyalanmagan materiallar ham mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
rasmiy hujjatlar (qonunlar, sud qarorlari, qonun hujjatlari va h. k.) va ularning rasmiy tarjimalari;
davlat ramzlari va belgilari (bayroqlar, gerb, emblema va boshqalar);
xalq ijodiyoti asarlari;
axborot xarakteridagi voqea va faktlar to‘g‘risidagi xabarlar;
qisqartirilgan ismlar va shiorlar.
Internetdagi ma’lumotlardan mualliflik huquqini buzmasdan foydalanish uchun quyidagilarga amal qilish kerak:
– mualliflik huquqi belgisini joylashtirish; – manbani ko‘rsatish;
– ma’lumotlar joylashgan asl saytga to‘g‘ridan to‘g‘ri havolani o‘rnatish.
|