TAYANCH TUSHUNCHALAR
Virtual (lot. virtualis) – о‘ylab topilgan, xayoliy.
Virtual olam – Internet muhiti.
Ijtimoiy tarmoq – foydalanuvchiga matn, rasm, video kabi materiallarni ochiq foydalanish uchun yuklash, boshqalar bilan suhbatlashish, boshqalar joylashtirgan materiallarga izohlar qoldirish imkonini beruvchi saytlar majmui, masalan, Facebook, Instagram, Telegram va h. k. Fishing (ing. baliq ovlash) – fuqarolarning bankdagi hisob raqamlaridan pul yechib olish maqsadida ularning shaxsiy bank hisob raqamlari, xususan, shaxsiy identifikatsiya raqamlari (PIN) haqidagi ma’lumotlarni olish jarayoni.
Gruming – tahdid va shantaj qilish maqsadida voyaga yetmaganlar bilan Internet orqali о‘rnatiladigan aloqa. Bulling – axloqsiz хаtti-hаrakatlar. Profil yaratish – shaxsiy ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan saytlarda rо‘yxatdan о‘tish; shaxsiy ma’lumotlar orqali o‘zini boshqa foydalanuvchilarga tanitish.
boshqa shaxs tomonidan yaratilgan asar (masalan, rasm, qiziqarli maqola, qo‘shiq, musiqa, kino yoki boshqa nashr etilgan asar)larni ruxsatsiz tarqatish, undan nusxa ko‘chirish yoki plagiat orqali MUALLIFLIK HUQUQINI BUZISH MUMKIN EMAS;
Internetda notо‘g‘ri AXBOROTNI TARQATISH MUMKIN EMAS. Bunday axborotga grafik muharrirlarda qayta ishlangan tasvir, ijtimoiy tarmoqlarda berilgan yolg‘on xabarlar kiradi;
inson shaxsiy hayotiga daxldor ma’lumot va tasvirlarni ular RUXSATISIZ TARQATISH MUMKIN EMAS. Sinfdoshlaringiz yoki boshqa kimsalarni yashirin tarzda tasvirga olish, ular haqidagi ma’lumotlarni ularning ruxsatisiz boshqalarga tarqatish mumkin emas.
Internet xatarlari
Shaxs yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan saytlar. Internet barcha yoshdagi foydalanuvchilar uchun xilma-xil saytlarni taklif etadi va shu orqali ommaviy foydalanuvchilar hamda alohida guruhlarning turli qiziqishlarini qondiradi. Shunga qaramay, bolalar va o‘smirlar saytlarning hammasidan ham foydalanishi mumkin emas. Yoshga to‘g‘ri kelmaydigan saytlar, xususan, kattalar uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar bolalarga zarar yetkazishi mumkin. BEXOSDAN SHUNDAY SAYTLARGA KIRIB QOLSANGIZ, ULARNI DARHOL YOPING YOKI KATTALARGA MUROJAAT ETING.
Saytlarning tekshirilmasligi. Internetdagi ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan tekshirilmaydi. Shunday ekan, ma’lumotlarga tanqidiy yondashishni o‘rganish va ularning hammasiga ham ko‘r-ko‘rona ishonavermaslik kerak. ONLAYN TAQDIM ETILGAN AXBOROTLARNING HAMMASIGA HAM ISHONIB BO‘LMAYDI.
Reklama ko‘rinishidagi nomaqbul ma’lumotlar. Bolalarga mos bo‘lmagan reklama ta’sirida ularga mo‘ljallanmagan tovar va xizmatlar (masalan, plastik jarrohlik)ni sotib olish mumkin. Foydalanuvchi o‘z shaxsiy ma’lumotlari (ismi, yoshi, jinsi)ni qancha ko‘p oshkor qilsa, reklamada ishtirok etish yoki lotereya o‘ynashga taklifnoma olish ehtimoli shuncha katta bo‘ladi. SAHIFALARDA O‘ZINGIZ HAQINGIZDAGI SHAXSIY MA’LUMOTLARNI YOZISHDA EHTIYOT BO‘LING.
Shaxsiy hayot daxlsizligi. Internetdan joy olgan ma’lumotlar cheklanmagan vaqt davomida butun dunyo bo‘ylab aylanib yurishi mumkin. Siz yaxshi niyatda qо‘ygan matn va rasmlaringiz qayta ishlanib, sizning hayot daxlsizligingizga putur yetkazishi ehtimoli mavjud. Shu sababli, shaxsiy ma’lumotlaringizning hammasini ham Internetga joylayvermang. INTERNET MUHITINING O‘ZIGA XOS JIHATLARINI INOBATGA OLING.
Zararli maslahat. Internetdagi forumlar, bloglar va boshqa saytlar foydalanuvchilarga axborot va maslahatlar almashish uchun platforma ochib beradi. Umuman olganda, yordamning bunday turi juda foydali, lekin nomaqbul, hatto zararli maslahatchilar bilan aloqa o‘rnatilishiga olib kelishi ham mumkin. Zararli maslahat olish xatari, xususan, bolalar va o‘smirlarning shunday maslahatlarni olish xatari
doimiy veb-saytlarga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda ancha yuqori. INTERNETDAGI BUNDAY MASLAHATLARGA AMAL QILISHDAN AVVAL BU BORADA KATTALAR BILAN FIKRLASHIB OLISH ZARUR.
Fishing (pul o‘g‘irlash, firibgarlik) – mashhur brend, bank va boshqa xizmatlar nomidan elektron pochta xabarlarining yuborilishi. Masalan, sizga “1000 dollar pul yutib oldingiz, bank karta ma’lumotlaringizni yuborsangiz, sizga yutuqni jо‘natamiz” kabi xabar kelishi mumkin. Yodingizda bo‘lsin, bank hech qachon sizdan hisob raqamingiz, parol va boshqa ma’lumotlaringizni taqdim etishni so‘rab xat yubormaydi. O‘smirlar soxta veb-sayt, xabarlarni
haqiqiysidan ajrata olishmaydi. Shu sababdan o‘zlari bilmagan holda, ota-onalari yoki aka-opalarining bank ma’lumotlarini oshkor qilib qo‘yishi mumkin.
Savdodagi firibgarliklar. Virtual sotuvchi o‘zining sifatli tovar yoki xizmatini tavsiya qiladi, to‘lov amalga oshirilganidan keyin esa tovar yoki xizmat aytilgan tavsiflarga ega bo‘lmasligi yoki umuman xaridorga yetkazib berilmasligi mumkin. Savdodagi bunday holat firibgarlik deb ataladi. INTERNET ORQALI SAVDONI AMALGA OSHIRISHDA KATTALARDAN YORDAM SO‘RASH LOZIM.
Gruming – o‘z yoshini yashirgan holda bolalar va o‘smirlar bilan Internet orqali o‘rnatilgan aloqa. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochta xabarlari, onlayn o‘yin chatlari va boshqa veb-saytlardan foydalaniladi. Gruming bilan shug‘ullanuvchi nopok shaxs sovg‘a berish yoki muammoni hal etish bo‘yicha o‘z yordamini tavsiya etib, uchrashuv belgilashi ham mumkin. INTERNETDA O‘ZINGIZ TANIMAGAN SHAXSLAR BILAN MULOQOT QILMANG.
|