113
Май 2021 10-қисм
Тошкент
BOSHLANG’ICH SINF O’QISH DARSLARIDA HIKOYA O’QITISH METODIKASI
Otaqulova Dildora Murodullayevna
Navoiy viloyati Xatirchi tumani
2- umumta’lim maktabi Boshlang’ich sinf o’qituvchisi
Annotatsiya:
Mazkur maqolada boshlang’ich sinflarda hikoya o’qitish usullari, metodikasi
haqida fikr yuritilgan.Bundan tashqari hikoya janrining o’quvchilar tarbiyasiga ijobiy ta’siri
to’g’risida so’z boradi.
Kalit so’zlar:
hikoya, metod, asar, badiiy
Boshlang’ich sinflarda badiiy asar turlaridan hikoya, she’r, ertak, masal, maqol va topishmoqlar
amaliy ravishda o’rganiladi. Turli janrdagi badiiy asarlar qurilishi, stilistik priyomlari jihatidan
o’ziga xos hususiyatlarga ega bo’lib, o’quvchilarga ta’siri ham har xil bo’ladi. Shunga ko’ra, turli
janrdagi badiiy asarlarni o’qishda o’qituvchi unga mos metodlar tanlashi talab etiladi.
Hikoya kichik hajmli badiiy asar bo’lib, unda kishi hayotidagi ma’lum bir voqea hayotning
muhim tomonlari umumlashtirib tasvirlanadi. “Hikoya ko’pincha kishi hayotida bo’lgan bir epizodni
tasvir etadi. Uning mazmuni ertakdagidan ortiqroq hayotiydir”. Hikoya mazmunan boshlang’ich
sinf uchun mos janr hisoblanadi. Kichik yoshdagi o’quvchilarni qahramonning xatti-harakati,
tashqi ko’rinishi, portret tasviri, voqea-hodisalar haqidagi hikoyalar ko’proq qiziqtiradi. Shuning
uchun bolalarni badiiy asar turi bo’lgan hikoya bilan tanishtirish uning syujetini tushuntirishga
bog’lab olib boriladi.
Boshlang’ich sinflarda hikoyani o’qishga bag’ishlangan izohli o’qish darslarida o’qilgan
hikoya mazmunini ochish, lug’at ustida ishlash, o’qilgan matnni qayta hikoyalash asosiy ish
turlaridan hisoblanadi. Hikoya mazmuni, odatda, savollar asosida tahlil qilinadi. Bunda savollar
qatnashuvchi shaxsning xatti-harakati va xarakterini tahlil qilishga qaratilgan bo’ladi. So’roqlardan
ikki maqsadda: hikoya mazmunini tahlil qilish hamda faktlar, mulohazalar, xulosalarni taqqoslash,
voqea-hodisalar, xatti-harakat o’rtasidagi bog’lanishlarni aniqlash va umumlashtirish uchun
foydalaniladi.
Hikoyani o’qish darsida o’quvchilar ma’nosini tushunmaydigan so’z va iboralar ma’nosini
tushuntirish ham muhim, aks holda, ular hikoya mazmunini tushuna olmaydilar. So’z ma’nosini
tushuntirishga ko’p vaqt sarflamay, asar mazmunini tushunishda eng zarur bo’lgan so’zni qisqa
izoh berish bilan tushuntiriladi. Hikoyani o’qishda hikoya mazmunini tahlil qilish va shu asosda
o’quvchilar nutqini o’stirish markaziy o’rin egallaydi. Hikoya o’qilgach, o’quvchilar o’ylashi, o’z
mulohazalarini aytishi uchun tayyorlanishga vaqt berish talab etiladi. O’qilgan asar yuzasidan
beriladigan dastlabki savollardan maqsad hikoya bolalarga yoqqan-yoqmagani, undagi qaysi
qahramonning xarakteri bolaga ta’sir etgani, bolalar kim yoki nima haqida hikoya qilib berishni
istashini bilishdan iborat. SHundan keyingina hikoya xarakterini tushunishga, nihoyat, asarning
asosiy g’oyasini bilib olishga yordam beradigan savollardan foydalaniladi.
Badiiy asarni tahlil qilishda syujetni to’liq tushuntirishga berilib ketib, qatnashuvchilarga
xarakteristika, asar qurilishi va tilini tahlil qilish kabi ish turlari e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Savollarni, odatda, o’qituvchi beradi, ammo, qatnashuvchi shaxslarning xulq-atvorini ochish
yuzasidan o’quvchilarga ham savol tuzdirish juda foydali. Bu usul bolalarga juda yoqadi va ishni
jonlantiradi; asar mazmunini yaxshi tushunish, mazmun va voqealar orasidagi bog’lanishni to’liq
esda saqlab qolishda o’quvchilarga yordam beradi. Hikoyani o’quvchilar yaxshi o’zlashtirishlari,
unda ilgari surilgan g’oyani bilib olishlari uchun matn bilan ishlash jarayonida tanlab o’qish,
savollarga javob berish, hikoya qismiga o’zlari savol tuzishi, so’z bilan va grafik rasm chizish, reja
tuzish, qayta hikoyalashning barcha turlaridan, ifodali o’qishga tayyorlanish kabi ish turlaridan
foydalaniladi.
Boshlang’ich sinf o’qish darslarida badiiy hikoyani uning mazmunini, asosiy fikrini bilish
bilan birga, asarning tarbiyaviy (badiiy asar misolida o’quvchilarni tarbiyalash), xususan, estetik
ta’siri ham ko’zda tutiladi va ifodali qayta hikoyalashga katta ahamiyat beriladi. Chunki o’sib
kelayotgan yosh avlod ongiga ona vatanga muhabbat, qadriyatlarni ulug’lash kabi ijobiy xislatlarni
tarbiyalashda hikoya janrining o’rni beqiyosdir.Hikoya janri o’quvchining mantiqiy tafakkurini va
nutqini o’stiradi, o’zida bor kamchiliklarini tushunib yetadigan, jamiyatga, xalqqa kerakli inson
bo’lib yetishishida muhim rol o’ynaydi.