|
Materialshunoslik va konstruksion materiallar texnologiyasi
|
bet | 60/123 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 14,49 Mb. | | #234931 |
Bog'liq Mat va KMT darslikQolip tayyorlash tartibi. Qolip materiali tayyorlanadi. Qolip tayyorlanadigan joyga model taglik taxtasini gorizontal qilib qo‘yilib, uning ustiga model joylashtiriladi, unga esa quyish sistemasi elementlari biriktiriladi (8.3-rasm).
8.3-rasm. Qo‘lda qolip tayyorlash ketma-ketligi.
Model taglik taxtasiga pastki opoka o‘rnatiladi. Keyin yupqa qilib qum kukuni, uning sirtiga 10-15 mm qalinlikda qoplama material solinib, so‘ngra opoka to‘ldirgich material bilan to‘ldirilgach, shibba bilan shibbalanadi. Opoka sirtidagi ortiqcha material chizg‘ich bilan sidirib tashlanadi. Qolip materialining gaz o‘tkazuvchanligini yaxshilash maqsadida uning bir necha joyida six bilan kichik teshiklar ochiladi.
Opoka ikkinchi taglik taxta bilan yopilib, ularni birgalikda 180° ga burib, tekis joyga qo‘yamiz, ustidagi model taglik taxtasini olamiz. Keyin pastki opokaga ustki opoka o‘rnatib, ularni o‘zaro shtirlar bilan mahkamlaymiz. So‘ngra qolipga metall kirituvchi quyish sistemasi elementlari shlak tutgich, stoyakni biriktiramiz, ustki opokani ham pastki opoka singari qolip materiallari bilan to‘ldirib shibbalaymiz, ortiqcha materiallarni sidirib tashlab, gaz chiqarish teshiklari ochamiz.
Stoyakning atrofini andava bilan o‘yib, metall quyish kosachasini ochamiz. Keyin ehtiyotlik bilan stoyakni tortib olamiz.
Opokalardan shtirlar olinadi, so‘ngra ustki opokani ko‘tarib, 180° ga aylantirib tekis joyga qo‘yamiz, undan ehtiyotlik bilan shlak tutgich modelini ajratib olamiz. Keyin xuddi shu tarzda pastki opokadan qolipga metallni kiritish modeli va quyma modelini ajratib olamiz.
Qolipga metall kiritish yo‘llari kuzatilib, yaroqliligiga ishonch hosil etilgach, pastki opokadagi qolipning yarim pallasidagi bo‘shliqdagi o‘z tayanch joyiga sterjen o‘rnatiladi. Keyin pastki opokaga ustki opoka ehtiyotlik bilan qo‘yilib, qolip yig‘ilgach opokalar yana shtirlar bilan mahkamlanadi va quritish pechlariga joylashtiriladi. Qolipga cho‘michda keltirilgan suyuq metall quyiladi, metall qotgach qolipdan quyma ajratib olinadi, so‘ngra quyma tozalanadi va sifati ko‘zdan kechiriladi.
Ma’lumki, qum-gilli materiallardan tayyorlangan qoliplar bir marta quyma olishga yaraydi. Bir marta quyma olingan qolip materiali qayta yangilashga yuboriladi. U yerda u maydalangach va metall qo‘shimchalardan tozalangach, ularga ma’lum miqdorda hali ishlatilmagan qum, o‘tga chidamli gil, suv va maxsus qo‘shimcha moddalar, masalan, kuymasligi uchun toshko‘mir kukuni qo‘shiladi.
Cho‘yan quymalar olish uchun umumiy qolip materialda bir marta ishlatilgan qolip materiali 94,5-96,5% qum, gil 3-5%, toshko‘mir kukuni va boshqalar 0,5 va 4,5-5.5% suv bo‘ladi.
Quymalarni qum gilli qoliplarda olishning bu usuli og‘ir mehnat talab etishi, sirt yuza va aniqligi pastligi, ish unumi kamligi sababli kam seriyalab quymalar olishdagina qo‘llanadi.
|
| |