2.Tarmoqlarning xillari – lokal kompyuter tarmoqlari, korporativ tarmoqlar, aloqa operatorlari tarmoqlari va Internet tarmog‘i.
1. Lokal kompyuter tarmog‘i (LKT). Lokal kompyuter tarmog’i deganda, ishchi stansiyalari (Workstation) - kompyuterlar, serverlar, tarmoq printerlari, kommutatorlar (Switch), marshrutizatorlar (Router), ulanish nuqtasi (Access Point) kabi qurilmalar, hamda ularni birlashtiruvchi kabellar to’plamidan iborat, odatda uncha katta boʻlmagan xududni qamrab olgan tarmoq tushuniladi. 2-rasmda oddiy lokal kompyuter tarmogʻining tuzilishi keltirilgan.
2-rasm. Oddiy lokal kompyuter tarmog’ining tuzilishi.
2. Korporativ tarmoq. Korporativ tarmoq – bu shunday tarmoqki, uning asosiy vazifasi boʻlib tarmoqqa egalik qiluvchi korxona ishini qoʻllab quvvatlab turish hisoblanadi. Ushbu korxona xodimlarigina korporativ tarmoq foydalanuvchilari boʻlishlari mumkin. Korporativ tarmoqning tuzilishi, biz yuqorida koʻrib oʻtgan telekommunikatsion tarmoq tuzilishiga deyarli oʻxshash boʻladi. Korporativ tarmoqlarda foydalanuvchilarni birlashtiruvchi lokal tarmoqlar, korporativ tarmoq tarkibiga kiritilgan boʻladi. Bundan tashqari korporativ tarmoq tarkibiga kirgan uni tashkil etuvchi boʻlinmalar birgalikda, nafaqat tarmoq egallagan xududni, balki korxonaning tuzilishi qanday ekanligini ham koʻrsatib turadi. Korporativ tarmoqni tashkil etuvchi boʻlinmalar quyidagicha nomlanadi:
- bo‘limlar va ishchi guruhlar tarmoqlari;
- binolar va kampuslar tarmoqlari;
- magistral tarmoqlar.
Bo‘limlar tarmoqlari. Bitta boʻlimda ishlaydigan, unchalik katta boʻlmagan xodimlar guruhi foydalanadigan tarmoq – boʻlim tarmogʻi yoki ishchi guruhi tarmogʻi deb ataladi. Bu xodimlar biron-bir umumiy masalalarni echish bilan shugʻullanadilar, masalan buxgalteriya hisobi yoki marketing. Boʻlim tarmogʻi – oʻsha boʻlimga tegishli hamma xonalarni oʻz ichiga olgan lokal kompyuter tarmogʻidir. Boʻlim, bir nechta xonalarni yoki binoning biron-bir qavatini egallagan boʻlishi mumkin.
Boʻlim tarmogʻining asosiy maqsadi – ilovalar, ma’lumotlar, printerlar va modemlar kabi lokal resurslardan birgalikda foydalanishni ta’minlab berish hisoblanadi. Boʻlimlar tarmoqlari tarkibida bitta yoki ikkita fayl server va 30-ga yaqin foydalanuvchilarga ega boʻlib, odatda ular tarmoq osti tarmoqlariga boʻlinmaydilar. Bunday tarmoqlarda korxona trafigining kattagina qismi aylanib yuradi. Odatda boʻlim tarmoqlari Fast Ethernet texnologiyasi oilasiga mansub bir necha xil spetsifikatsiyalar, ba’zi xollarda esa Gigabit Ethernet texnologiyasi asosida quriladi. Bunday tarmoqlarda asosan bitta yoki koʻpi bilan ikki xil operatsion tizmlardan foydalaniladi (3-rasm).
3-rasm. Bo’lim masshtabidagi tarmoqqa misol.
Boʻlim tarmogʻida administratsiyalash masalalari ancha oson hisoblanadi - unda yangi foydalanuvchilarni qoʻshish yoki hisobga olish, oddiy buzilishlarni bartaraf etish, yangi bogʻlamalarni va dasturiy ta’minotning yangi versiyalarini oʻrnatish kerak boʻladi. Oʻz ish vaqtining bir qismidagina administrator vazifasini bajaruvchi biron-bir xodim, bunday tarmoqni boshqarishi mumkin boʻladi. Ya’ni bunday tarmoq administratori vazifasini koʻp xollarda maxsus tayyorgarlikka ega boʻlmagan xodim ham bajarishi mumkin boʻladi. Biron – bir boʻlimning tarmogʻi, bino yoki kampus tarmogʻi tarkibiga kirgan tarmoq ham boʻlishi mumkin, yoki korxonaning uzoqda joylashgan ofisi tarmogʻi ham boʻlishi mumkin. Birinchi holda boʻlim tarmogʻi bino yoki kampus tarmogʻiga biron–bir lokal tarmoq texnologiyasi yordamida ulanadi. Ikkinchi holda esa uzoqdagi ofis tarmogʻini korxona korporativ tarmogʻi magistraliga ulash uchun bironbir global tarmoq texnologiyasidan yoki global ulanishlarning biridan foydalanishga toʻgʻri keladi. Binolar va kampuslar tarmoqlari. Bino tarmogʻi – bitta korxonaning har-xil boʻlimlarini bitta bino chegarasida birlashtiradi. Kampus tarmogʻi esa, bir-necha kvadrat kilometrli xududni egallagan bir nechta binolardagi tarmoqlarni birlashtiradi. Odatda bino (yoki kampus) tarmogʻi Gigabit Ethernet asosida qurilgan oʻz magistraliga ega boʻlgan, ierarxik tuzilishdagi tarmoq koʻrinishida boʻladi. Magistral orqali bir-biriga ulanadigan boʻlimlar tarmoqlarini qurishda esa Fast Ethernet texnologiyasidan foydalaniladi (4-rasm).
4-rasm. Kampus tarmog„iga misol.
Gigabit Ethernet magistrali deyarli har doim uzib-ulanadigan axborot uzatish muhitiga ega boʻladi, bu texnologiyaning axborot uzatish muhitidan birgalikda foydalaniladigan varianti ham mavjud. Bunday tarmoqlarda asosan - boʻlimlar tarmoqlarini birgalikda ishlashini ta’minlash, korxonaning umumiy ma’lumotlar bazasiga ulanishni ta’minlash, umumiy faks-serverlarga, yuqori tezlikda ishlay oladigan modemlarga va printerlarga ulanish kabi xizmatlar amalga oshiriladi. Kampus tarmoqlari tomonidan koʻrsatiladigan hizmatlarning eng muhimi boʻlib, korxonaning ma’lumotlar bazasi qaysi kompyuterda joylashganligidan qat’iy nazar, ularga ulana olish xizmati hisoblanadi. Aynan kampus tarmoqlari sathida har-xil turdagi apparat va dasturiy ta’minotini birgalikda ishlashini ta’minlash muammolari paydo boʻladi. Boʻlimlarda ishlatiladigan kompyuterlar, tarmoq operatsion tizimlari va tarmoq apparat ta’minoti bir-biridan farq qilishi mumkin. Shu sababli kampus tarmogʻini boshqarish anchagina murakkab jarayonga aylanadi. Kampus tarkibiga kirgan boʻlimlar tarmoqlari birbiridan mustaqil holda ish yuritganligi va har-xil texnologiyalar asosida qurilganligi sababli, ularni birlashtirish uchun odatda IP-texnologiyadan foydalanishga toʻgʻri keladi. Korporativ tarmoqlar haqida gap ketganda - korxona masshtabidagi korporativ tarmoq degan iboradan ham foydalaniladi. Korxona masshtabidagi korporativ tarmoqlarda, birinchi oʻringa axborot xizmatlari qoʻyilganligi bilan, ular boshqa xil tarmoqlardan farqlanadilar. Korporativ tarmoqlar faqatgina transport xizmatlarini koʻrsatish bilangina cheklana olmaydilar.
Korxona masshtabidagi korporativ tarmoqning, xususiyatlaridan yana biri, bu uning anchagina katta-katta xududlarni qamrab olishning mumkinligidir. Boʻlim yoki bino masshtabidagi korporativ tarmoqni kamdan-kam hollarda korporativ tarmoq deb ataladi. Odatda “korporativ” degan nom, tarkibida, boshqa-boshqa shaharlarda joylashgan va global ulanish chiziqlari orqali ulangan, koʻpgina binolar va boʻlimlar masshtablaridagi tarmoqlari boʻlgan tarmoqqa nisbatan qoʻllaniladi (5-rasm).
5-rasm. Korxona masshtabidagi korporativ tarmoqqa misol.
Korxona masshtabidagi korporativ tarmoqda - foydalanuvchilar va kompyuterlar soni - bir, ikki, uch mingtaga, serverlar soni esa - bir, ikki, uch yuztaga ham etishi mumkin boʻladi, alohida xududlarning tarmoqlari orasidagi masofalar esa, ancha katta boʻlib, ular oʻrtasida axborot uzatishda global aloqalardan foydalanish zarur boʻlib qoladi.
|