|
I bob. Mahalliy musiqa uslublari mavzuida bilimlarni ta’lim-tarbiya tizimida tutgan o’rni va ahamiyati
|
bet | 4/10 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 1,71 Mb. | | #231206 |
Bog'liq mahalliy-uslublarga-xos-musiqa-folklori-vositasida-o-quvchi-yoshlarni-estetik-tarbiyalash-xorazm-musiqa-folklori-misolidaI bob. Mahalliy musiqa uslublari mavzuida bilimlarni ta’lim-tarbiya tizimida tutgan o’rni va ahamiyati.
1.1. Mahalliy musiqa uslublar sirasida Xorazm musiqa folklorining janr va ijro uslublari tavsifi.
Xalqimizning tarixiy shakllangan urf-odat, an’analari, orzu-umidlari, falsafiy tafakkurini o’zida ifoda etgan milliy qadriyatlari silsilasida san’at, madaniyat, musiqaning o’rni, uning tarbiyaviy ta’sir imkoniyatlari g’oyatda ulkan. Bu ulkan san’atning tur va yo’nalishlari qatorida xalq musiqa ijodi alohida mavqega ega bo’lib, unda xalq hayotining barcha qirralari, o’zining betakror, badiiylashgan in’ikosini topadi.
Xalq musiqa merosidagi kuy-qo’shiqlar, allalar, o’lanlar, laparlar, dostonchilik qo’shiqlari, katta ashula va yallalar mazmunidagi badiiylashgan madaniy-ma’rifiy va estetik g’oyalardan yosh avlod tarbiyasida foydalanish ta’lim-tarbiya ishlarini milliy asoslarda barpo etishda poydevor vazifasini o’taydi. Zero, milliy musiqa meros har qanday jamiyat, millat, xalqning o’zligini bildiruvchi omil. Uning ruhiyati va etnik shakllanishidagi tamal toshidir.
Hozirgi davrda ham xalqimizning ma’naviy- madaniy boyliklari qatorida musiqa san’ati respublikamiz ma’naviy ravnaqida salmoqli o’rin tutadi. Unda xalqimiz hayotining turli davrlardagi tarixiy-badiiy ko’rinishlari bilan birga xalq pedagogikasining eng ilg’or, oliyjanob g’oyalari umumlashadi. Shunday ekan, bu o’z navbatida kelajagimiz bunyodkorlari bo’lmish yosh avlodni badiiy- estetik, ahloqiy va ma’naviy tarbiyasida ta’lim sohasiga qo’yilayotgan ijtimoiy buyurtmani boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Biz qanday jamiyat barpo etmoqchimiz degan masala mustaqilligimizning dastlabki yillaridan eng dolzarb, hayot-mamot masalalaridan biri bo’lib kelmoqda. O’zbekistonning milliy g’oya va mafkurasining tarixiy ildizlari xalqimizning moziy sinovlardan o’tib kelayotgan boy madaniy va ma’naviy merosi, urf-odat, an’analaridan, qo’shiqlari, bayramlari va meroslaridan ozodlik, erkinlik uchun kurash ruhi, ota-bobolarimizning mustaqillik yo’lida ko’rsatgan jasorati, bunyodkorlik ishlari, hamda ularni amalga oshirishda ma’naviy ruh bergan tafakkur tarzida namoyon bo’ladi.
O’tmishdan muayyan voha, o’lkada yashovchi millat, elatlarni o’ziga xos turmush tarzi bilan uyg’un holda musiqa madaniyati ham shakllangan, qaror topgan. Bu o’rinda mahalliy xalqning ijtimoiy- madaniy hayotida muhim o’rin tutuvchi kasb-korlik, marosimlar, bayrmlar, urf-odat, an’analar va ularni o’ziga xos xususuyatlari alohida ahamiyat kasb etgan. Bular o’z o’rnida o’sha hudud, vohada yashovchi xalqning adabiyoti, san’atida o’zini muayyan ifodasini topib, shakllanib kelgan. Ularning muhim belgilari va xususiyatlari barqarorligi va davomiyligi, ommaviyligi, rivojlanishidagi takroriyligi va uzliksizligidadir.
O’zbek xalqining tarix sinovidan o’tgan bayramlari, marosimlari, urf-odatlari kishilarning o’zaro munosabatlaridagi yaxshi fazilatlarini, xalqchil hamda umuminsoniy qadriyatlarini aks ettiruvchi va ular o’z navbatida xalqning milliy musiqa san’atida o’zining badiiy ifodasini topadi.
Biz yashayotgan kishilik tarixi va jamiyatining eng qadimgi maskanlaridan biridir. Afsuski, yaqinlargacha boshqa xalqlar qatori o’zbek xalqining milliy madaniyati ham chuqur va mustahkam ildizlariga ega ekanligi ilmiy asoslanish o’rnida kamsitilib kelindi. O’zbek xalqining musiqa madaniyati o’ziga xos milliy ohanglar, o’ziga xos milliy bezaklar bilan ifodalana boshlanganiga qadar katta tarixiy yo’lni bosib o’tdi. Uning ajoyib an’analari hozirgi kunda ham o’z badiiy va estetik qiymati va qiyofasini saqlab kelmoqda.
,, ... o’zbek xalq musiqasining ma’naviy merosimizda tutgan o’rni behisob buyuk. Bu musiqa ming yillardan beri odamlar ruxini poklab, ularning tafakkurini yuksaltirib kelmoqda. O’zining nozik jozibasi bilan dunyo madaniyatida o’ziga ozuqa berib, umumbashariy qadriyatlarga munosib hissa qo’shmoqda “ 2
Ma’lumki, an’anaviy xalq musiqasi asrlar davomida ikki asosiy yo’nalishda- folklor va kasbiy – ustozona (professional) yo’nalishda rivojlanib kelgan. Musiqa san’atining har ikkala yo’nalishi bir- biriga doimiy ravishda bog’liq holda rivojlanib kelgan.
Folklor og’zaki kasbiy (professional) musiqa uchun ilhom manbai bo’lib xizmat qilgan bo’lsa, o’z navbatida mumtoz va maqom kuy qo’shiqlari asosida yuzlab yalla, lapar va boshqa janrlardagi folklor asarlari yaratilgan.
Musiqiy folklor namunalari asarlari odatda ma’lum bir hududda yoki bir- biriga yaqin hududlarda yashovchi kishilarniung turmush tarzidagi urf-odatlar, marosimlar, mehnat jarayonlari bilan uzviy bog’liq ravishda yuzaga kelgandir. Shuning uchun ular sekin astalik bilan o’ziga xos mahalliy uslublar sifatida shakllangan va hozirda O’zbekiston sarhadida ushbu yo’nalishlarni bir-biriga uzviy bog’liqligi va ommalashganligi sababli 4 ta katta guruhga bog’lab tasnif etiladi. Bular :
Surxondaryo-Qashqadaryo musiqa uslubi.
Buxoro-Samarqand musiqa uslubi.
Xorazm musiqa uslubi.
Farg’ona-Toshkent musiqa uslubi.
Har bir mahalliy uslub o’z xususiyatlari, an’analariga va yetakchi musiqa janrlariga egadir. Bu o’ziga xos xususiyatlar, ijrochilik an’analari mazkur hududlarda yashovchi kishilar hayotining o’ziga xos turmush tarzi, madaniyati, shevasi, kiyinish madaniyati (liboslari), rasm-rusumlari, musiqiy cholg’u sozlari, raqs harakatlari bilan bog’liq bo’lib, ma’lum darajadagi o’ziga xos ko’rinish, qiyofa, harakter kasb etadi.
Har bir an’ana kabi musiqiy an’analar ham uzoq davom etgan madaniy taraqqiyotlarning turli sharoitlardagi mehnat jarayoni,muayyan bir marosim yoki tadbir o’tkazishda, bayramlar to’y-hashamlarda ijro etilib, rivoj topib keladi.
Ushbu jihatlarni batafsil o’rganish natijasida yuqorida ta’kidlab o’tilgan 4 ta mahalliy uslublarni o’xshash va farqli jihatlari, yetakchi janrlari, yo’nalishlari, maktab yaratgan mashhur namoyondalari bilan o’sib kelayotgan yoshlarni ta’limning ilk bo’g’inlaridan boshlab tanishtirib borish musiqa ta’limi oldiga qo’yilgan vazifalar tarkibiga kiradi.
Shu o’rinda mahalliy musiqiy uslublarni mohiyati va mazmuni, ya’ni musiqiy mahalliy uslublar sifatida ta’riflanishiga qisqacha to’xtalib o’tamiz :
Ma’lumki millatimizning eng asosiy o’zligini anglatuvchi ona tilimiz nafaqat so’z va ohang boyligi, ifodaviy xususiyatlari bilan, balki, o’lkamizning turli vohalarida yashovchi yurtdoshlarimizning o’ziga xos ,,sheva” larda gapirishlari, turmush tarzlari esa o’zaro farqli madaniy udumlarni qo’llashlari bilan ham ajralib, ko’zga tashlanib turadi.
Bu xususiyatlar O’zbekistondagi har bir vohaning boshqa sohalarda bo’lgani kabi musiqa san’ati amaliyotida ham o’ziga xos tarzda namoyon bo’ladi. Musiqa san’atining muayyan vohalardagi bunday o’ziga xosligini umumiylikda ifodalanganlagi mahalliy musiqiy uslub deyiladi.
Mahalliy musiqiy uslublarni eng muhim xususiyatlaridan biri ularning har birining o’ziga xos yetakchi janrlari va ijrochilik uslublari, an’analari mavjudligidir. Masalan, Farg’ona vodiysida yallachilik, katta ashula, Surxondaryo- Qashqadaryo, Zarafshon vodiylarida esa dostonchilik, beshqarsak kabi janrlari keng tarqalgan. Mazkur vohalardagi musiqiy ijrochilik aytimlaridan hali sezilarli darajadagi o’ziga xos uslublar borligini ta’kidlash o’rinli deb o’ylaymiz. Masalan, Qashqadaryo- Surxondaryo vohasidagi baxshi- shoirlar doston ijrochiligida qo’shiqlarni bo’g’iq ovozda kuylasalar, Xorazmda baxshi shoirlar ochiq, erkin ovozda ijro qilishadi. Ushbu vohalar baxshi- dostonchilik ijrochiligidagi yana bir yaqqol ko’zga tashlanib turadigan o’ziga xoslik baxshilarni qanday cholg’u sozlarida kuylashlarida ham ko’rinadi.
Samarqand dostonchiligida ko’proq do’mbira, dutor cholg’ulari qo’llanilsa, Xorazmda dutor, doira, tor hatto akkordion jo’rligida ham doston qo’shiqlari kuylanadi. Shu kabi Farg’ona vodiysida mashhur bo’lgan katta ashulalarning (patnisaki ashula deb ham yuritiladi) ijro usullari va ovoz ishlatish yo’llari ham Samarqand va Buxoro vohalarining kuylash uslublaridan ( bu yerda nutqqa xos talaffuzida) ajralib turadi, farq qiladi.
Mahalliy musiqiy uslublardagi yana bir muhim o’ziga xoslik ularning raqs harakatlarida, doira jo’rligidagi ritmik usullarda va raqqosalarning kiyinishlari, ya’ni liboslari bichilishi, taqinchoqlarda ham yaqqol namoyon bo’ladi. Bu xususiyatlarning barchasi har bir hududning til shevasi, tabiiy turmush sharoitlari va madaniy an’analarining o’ziga xosligidan kelib chiqqandir. Biz ta’kidlab o’tgan to’rt mahalliy musiqiy uslub- Surxondaryo- Qashqadaryo, Buxoro-Samarqand, Farg’ona- Toshkent, Xorazm musiqa madaniyatida o’ziga xos ijro uslublarini shakllanishi professional xavaskor san’atkorlar tomonidan yaratilib kelinganligining xosilasidir.
Har bir yo’l va usul O’zbekiston Respublikasi hududidagi xalqlarning milliy musiqiy shevasi, ildizlari bilan chambarchas bog’liq bo’lgani holda, ular ayni vaqtda xaligacha o’zlariga xos ijrochiligini, an’analarini, usullarini saqlab kelmoqda.
Surxondaryo-Qashqadaryo musiqa uslubidagi musiqa asarlari asosan chorvachilik, ko’chmanchilik hayoti bilan bog’liq bo’lgan. Bu hududdagi musiqa san’atida do’mbira ustuvor tasnifini saqlab qolgan. Chanqovuz, cho’pon nayi, qo’biz kabi cholg’ular hozir ham folklor dastalarida ( keying paytlarga zamonaviy estrada qo’shiqchiligida ham qo’llanilmoqda) o’z mavqei va ahamiyatini yo’qotmasdan kelmoqda.
Buxoro- Samarqand folklorida bus al boshqacharoq tarzda namoyon bo’lmoqda. Bu holat janrlar rang-barangligi, san’atning rivojlanish darajasi, (kasbiy professional san’at ko’zda tutilmoqda), o’zida professional (mumtoz va maqom san’ati) san’atning mujassamlashganligi bilan izohlanadi. Bu voha musiqa madaniyatida professional san’atkorlar, hofizlar, bastakorlar ijodi keng rivojlangan bo’lib, bu o’tmishdagi saroy hayoti bilan tavsiflanadi. Bundan tashqari mazkur viloyatlarda tashkil topgan musiqa madaniyati, qo’shiqchilik san’atining ta’siridan ham sezilib turadi va muhim o’rin tutadi. Bu ayniqsa, talaffuzda, musiqani intonatsiya tuzilishlarida ikki tillilikda (bir ashula qo’shiq ikki tilda) ijro eytilishi kabilarda namoyon bo’ladi. Buxoro va Samarqnad musiqasi bilan umumiy xususiyatlari yaqin bo’lgan Xorazm uslubi ham o’z mohiyatiga ko’ra o’ziga xos mavzusini saqlab qola bildi. Xorazm mahalliy uslubida ayni paytda turkman va ozrbayjon musiqasi ohanglari sezilib turadi.
Musiqa ta’limida Xorazm musiqa uslubining o’ziga xos janr, ijrochilik uslubi, an’analarini mazmunini chuqur o’rganish, uning tarbiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali ushbu vohada yashovchi xalqning etnografiyasi, urf-odatlari, tarixi, estetik va ma’naviy tarbiya uslubi, vositalari haqida pedagogik bilimlarni bilib olish mumkin.
Xorazm musiqa uslubi- bu shu vohadagi xalq orasida urf bo’lib, yashab kelgan qo’shiq va laparlar, turli marosimlar, xalq tomoshalari va ularda ijro etiladigan ommaviy raqs kuylari hamda dostonchilik, qo’shiq-ashulachilik , maqom san’ati kabi kasbiy musiqa an’analaridan tashkil topgan san’atdir. O’zbek musiqa san’atining tarkibiy qismi bo’lgan Xorazm musiqasi ayni vaqtda betakror tarovat va jozibaga ega bo’lib, uning faqat shu vohaga xos xususiyatlari mavjud. Bu uslubning o’ziga xosligi uning an’anaviy cholg’ularida ham namoyon bo’ladi. Masalan, bulamon damli puflama cholg’usi bu uslubda keng qo’llaniladi. U boshqa mahalliy uslublar uchun xos emas. Bulamon- tut daraxtidan ishlangan kichik surnay shaklidagi cholg’u bo’lib, unda yakka holda va ko’pchilik sozandachilar (ansambl) tarkibida ijro etish imkoniyati mavjud. Xorazmda Kavkazda milliy cholg’u hisoblangan tor cholg’usi ham keng ommalashgan. XIX asr oxirlaridan boshlab bu yerda ,,Garmon” cholg’usi ham qo’llana boshlangan. Uni mahalliy xalq shevasida ,,soz ” ham deb atashadi. Bulardan tashqari Xorazm musiqa san’ati amaliyotida deyarli barcha o’zbek xalq milliy cholg’ulari- dutor, tanbur, g’ijjak, chang, nay, qo’shnay va boshqalar qo’llanilgani holda do’mbira sozi juda kam uchraydi.
Xorazm musiqa uslubida raqs san’ati keng o’rin olgan. Raqs va umuman o’yin harakatlari bilan bog’liq bo’lgan cholg’u kuylari o’z navbatida, bir necha turlarga bo’linadi. Bularga:
Xalq orasida ommaviy tus olgan ( ya’ni barcha keksayu –yosh ishtirok etishi va raqsga tushishi mumkin bo’lgan raqslar). Mazkur kuylarning kuy asosini ma’lum va mashhur ,, Lazgi ”, ,, Ganji qorabog’ ”, ,, Ufori “ kabi kuylar tashkil etadi. Ushbu kuylar Xorazmga xos cholg’ular yordamida ijro etilishi va barcha qari-yosh, xotin-qizlarni qamrab olgani bilan mashhurdir.
Xorazmda shunday o’yin kuylari borki, bunday kuylar o’z nomi bilan xalq sayllari tomoshalarida barcha katta-kichikni o’yinga to’lib, dilxushlik qilishini bildiradi. Bunday kuylar jumlasiga ,, Yelpizalandi”, ,, Ufori yelpizalandi”, Nog’ora o’yini kabi kuylarni kiritish mumkin.
Qiziqchi va masxarabozlarning o’yin kuylari. Bunday kuylar Xorazmcha shevaga xos nomlar bilan yuritiladi. Bunday kuylar ,, Chag’olloq ”, ,, Az-az ”, ,, Az-azning tezi ”, ,, Xorazmcha ”, ,, Yuz bir ”, ,, Ot eroni “, ,, Surnay yo’li ” kabi nomlar bilan mashhur. Misol:
Xorazm ,, Lazgisi “, ,, Norim-norim “, ,, Qari navo “, ,, Ey mehribonim “ kabi el qalbidan joy olgan raqs kuylari va ashulalari Xorazm uslubida eng ommabop kuylardan sanaladi.
Xorazm folklori, ya’ni musiqa uslubida eng yorqin va tomoshabinbop aytimlardan biri laparlardir. Ma’lumki, lapar ikki yoki undan ortiq ijrochilarni tarafma-taraf bo’lib kuylaydigan qo’shig’idir. Laparni yakka ijrochi raqsga tushib ijro etishi, lapar aytilganda raqqosalar raqs tushishi va lapar aytishuv tarzida bo’lishu mumkin. Laparlar ko’pincha ufor usulida kuylanishi an’anaga aylangan.
Laparlarni harakterli xusiyati ularda naqoratlar bo’lmaydi, ko’proq savol-javob shakliga asoslangan she’riy bandlar qo’llaniladi. ( Masalan, ,, Nima-nima, nima deysiz” lapari).
Shuni ham aytish kerakki, Xorazm musiqa uslubida laparlar nafaqat ikki kishi tomonidan, balki yakkaxon ( asosan ayollar ) tomonidan raqsga tushib aytilishi mumkin. Quyida nota misollari keltirilgan ,, Pardevol “, ,, Oxtaraman “, kabi aytimlar aynan yakkaxon tomonidan kuylanadigan laparlar sirasiga kiradi.
Xorazm uslubida dostonchilik an’analari ham mumim o’rin tutadi. Xorazm dostonchilik maktabi ayrim dostonlarni ko’proq kuylanishi va kuylashdagi ijri uslublari bilan o’ziga xoslik kasb etadi. U boshqa dostonchilik maktablaridan ( Qashqadaryio-Surxondaryo doston aytish an’analari) farq qiladi. Bu farqlar quyidagi ko’rinishlarda namoyon bo’ladi.
Xorazm dostonlari ( ichki ) bo’g’iq ovozda emas, balki, ,, Ochiq ovoz “ uslubida kuychan tarzda aytiladi.
Mahalliy dostonchilik maktablarida do’mbira sozi jo’rnavoz sifatida qo’llanilsa, Xorazm dostonchiligida dutordan yoki tor, doira, bulamondan foydalaniladi. Shuningdek, doston aytishda ijrochilar ansambli ham qatnashishi mumkin. Bunda ustoz baxshi dutor, tor yoki rubobda, qolganlar esa g’ijjak, bulamon ba’zan doira asbobida jo’r bo’lib turishadi.
Xorazm dostonlari repertuarini asosan ,, Oshiq G’arib va Shohsanam “, ,,Go’ro’g’li ”, ,, Kuntug’mish ”, ,, Bozurgon “, ,, Oshiq Oydin “ kabi dostonlar tashkil etadi. Biroq Xorazm dostonchiligida qahramonlik mavzusidagi (Alpomish) namunalari uchramaydi.
Xorazm dostonchiligining yirik namoyondalari safida Axmad baxshi, Bola baxshi, Ro’zimbek Murodov, Qalandar baxshilarni ko’rsatib o’tish mumkin.
Xorazm musiqa uslubi doirasida dostonlarni garmonda (sozda) ijro etish san’ati ham bor. Bunda dostonlar bir butun, yaxlit shaklda emas, balki undan olingan parchalar va termalar aytiladi.
Xorazmda bunday doston ijrochilarini Qurbon sozchi, Qodir sozchi deb atashadi.
Xorazm mahalliy uslubida xalfachilik san’ati yirik bir yo’nalish bo’lib, u dostonchilikning bir tarmog’i bo’lib shakllangan va keng tarqalgan. Xalfachilik san’ati asosan ayollar orasida keng joriy bo’lib kelayotgan san’at bo’lib, unda ko’proq dostonlardan olingan parcha va termalar, shuningdek turli vaziyatlarda kuylash uchun ijod etilgan to’y-marosim qo’shiqlari, lapar va yallalar, qo’shiq- aytimlar ijro etiladi. Xorazm xalfalari Buxoro-Samarqand sozandalari singari asosan xotin-qizlar ishtiroki bilan bog’liq turli yig’in, marosim va bayramlarda kuylashadilar. Bunda halfalar ijodi ikki shaklda- yakka va jamoaviy (ansambl) tarzida namoyon bo’ladi.
Yakka (yakkaxon) xalfalar, odatda, doston qo’shiqlaridan tortib, to’y-hasham qo’shiqlari (masalan ,, Yor-yor”, ,, Kelin salom”, ,, Al muborak “ va boshqalar) ni jo’rnavoz cholg’usiz aytadilar. Shu bilan birga, yakka xalfalar motam marosimlarida ham ishtirok etib, unda ,, Ibrohim Adham “, ,, Bobo Ravshan “, kabi xalq kitoblarini ma’lum ohanglar asosida o’qiydilar. Xorazm vohasida yakkaxon xalfalarning mashhurlari Roziya Matniyoz qizi, Poshsho Saidmamat qizi, Saodat Xudayberganovalarni ko’rsatib o’tish mumkin.
Tarkibida ansambl bo’lgan xalfachilikda esa odatda ustoz-xalfa (ustoz xalfa ashula aytadi, ba’zan o’ziga garmonda jo’r bo’ladi) doirachi va raqqosa o’yinchilarni olib, birga ijro etishadi. Bunday shakldagi xalfalar jumlasiga Bibi Sora, Ojiza, Onajon Safarova, Xonimjon xalfa, Nazira Sobirovalarni ko’rsatish mumkin. Ular xalq dostonlari va to’y tantanalari qo’shiqlari bilan birga lapar, o’zlari va o’zga ijodkorlar yaratgan aytimlarni kuylashadi.
Xorazm ashulachilik san’ati ham ravnaq topgan bo’lib, ular xalq orasida ko’proq ,,go’yanda” nomi bilan mashhur. Ashula janrining muhim xususiyati shundan iboratki, u asosan mumtoz she’riyat na’munalariga asoslanadi. Kuy-ohanglari esa qo’shiq va laparlarga nisbatan keng rivojlangan (mumtoz ashulalarga o’xshash) bo’lib, ovoz ko’lami (diapazoni) ikki oktava ba’zan undan ham ortiq bo’ladi.
Xorazmda ,,Suvora” nomi bilan ma’lum va mashhur ashula turkumlari mavjuddir. ,,Suvora” so’zi for-tojikcha bo’lib, otliq ma’nosini bildiradi. Ustoz hofizlar suvora ashula kuylarini ot tuyog’idan hosil bo’ladigan turli ritmik tuzilmadagi usullar va ularga asoslangan kuylarni ifoda etadi deyishadi.
Suvora asosan mumtoz she’riyatimiz darg’alari Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab, Nodira, Ogahiy, Fuzuliy, Munis, Avaz O’tar, Bedil kabi shoirlar she’r-g’azallari bilan xarakterlanadi. Xorazmda Suvoralarning mashhur ijrochilaridan Xojixon Boltayev, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Komiljon Otaniyozov kabi nomlari alohida hurmat bilan tilga olinadi.
Xorazmda suvora ashula yo’lining ikki asosiy turkumi mashhur:
1. O’n ikki suvoradan iborat savti suvoralar turkumi. Bu turkumdagi har bir suvora rim raqami bilan belgilanadi. Masalan, Savti suvora I, Savti suvora II, Savti suvora III, Savti suvora IV, Savti suvora V. Mazkur turkumdagi barcha suvoralar 6/8 o’lchov vaznidagi doira usullari bilan ijro etiladi.
2. Yirik shakldagi suvoralar turkumi. Bu suvora turkumidagi har bir suvoralarning maxsus nomi bo’lib, Ular: Katta suvora, Chapandozi suvora, Yak parda suvora, Xush parda suvora, Kajang suvora nomlar bilan ataladi. Bu suvoralarda 6/8, 3/4, 3/8 ritm o’lchovlari va ularga muvofiq doira usullari qo’llaniladi. Bulardan tashqari Xorazm musiqa uslubida an’anaviy kasbiy musiqaning maqom san’ati ham alohida o’rin tutadi. Xorazm maqomlari muayyan tizimdagi turkum shaklda XIX asrning birinchi yarmida qaror topgan bo’lib, bu turkum olti yarim maqomdan iborat.
Rost maqomi
Buzruk maqomi
Navo maqomi
Dugoh maqomi
Segoh maqomi
Iroq maqomi
Panjgoh maqomi (bu maqom faqat cholg’u ya’ni, chertim yo’lidan iborat)
Xorazm maqomlari tuzilishi jihatdan Buxoro maqomiga aksariyat o’xshash hamda o’zgacha holatlarni namoyon etadi. Xususan, bu maqomlarning cholg’u-kuy yo’llaridan tashkil topgan bo’limi ,, Shashmaqom”dagi kabi ,,Mushkilot” emas, balki ,,chertim yo’li”, yoki ,,Mansur” nomi bilan yuritiladi. Chertim yo’li takibida bizga Olti maqomdan ma’lum bo’lgan ,,Tarje”, ,,Gardun”, ,,Muxammas”, ,, Saqil” nomli kuylari bo’lgan holda ,,Tasnif ” atamasi uchramaydi, uning o’rniga ,, Tani maqom” iborasi qo’llaniladi. Bundan tashqari chertim yo’li bo’limlarida ,, Peshrav” va ,,Ufar” nomli qismlarning o’rni muhim tus olganki bu ,,Shashmaqom”ga xos emas.
Xorazm maqomlarining cholg’u kuylari ijro etilganda tanbur va doira sozlari muhim o’rin tutadi. Shunday maqom kuylari ham borki, ular asosan dutorda ijro etiladi. Xorazm ,,Qari navo” kuyi bunga misol bo’ladi.
|
| |