9530-«Foizlar ko‘rinishidagi daromadlar» schyotida uzoq va qisqa muddatli investitsiyalar
bo‘yicha hisoblangan foizlar aks ettiriladi. Foizlar hisoblanganida quyidagicha provodka beriladi:
D-t 4830-«Olinadigan foizlar»
K-t 9530-«Foizlar ko‘rinishidagi daromadlar».
9540-«Kurs farqlaridan olingan daromadlar» schyotida valyuta schyotlari, shuningdek xorijiy
valyuta muomalalari bo‘yicha ijobiy kurs farqlaridan olingan daromadlar aks ettiriladi.
9550-«Moliyalanadigan lizingdan daromadlar» schyotida mulkni uzoq muddatli ijaraga
berishdan olingan daromad aks ettiriladi.
Moliyalanadigan lizing bo‘yicha joriy yilda olinadigan daromad summasiga quyidagicha
provodka beriladi:
D-t 6230-«Muddati uzaytirilgan daromad» - joriy qismi
K-t 9550-«Moliyalanadigan lizingdan daromadlar»
Moliyaviy lizing bo‘yicha asosiy vositalarni ijaraga berishdan olingan daromad summasiga
quyidagicha provodka beriladi:
D-t 7290-«Boshqa muddati uzaytirilgan majburiyatlar»
K-t 9550-«Moliyalanadigan lizingdan daromadlar».
Uzoq va qisqa muddatli investitsiyalar bo‘yicha qimmatli qog‘ozlarning nominal qiymatidan
ortiq baholangan farq summasiga quyidagicha provodka beriladi:
D-t 0610, 5810
K-t 9560-«Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa daromadlar».
9590-schyotda moliyaviy faoliyatning boshqa turlaridan olingan foyda aks ettiriladi.
Hisobot davri yakunida 9510, 9520, 9530, 9540, 9550, 9560, 9590-schyotlarning kredit
oborotidagi summalar yakuniy moliyaviy natijaga o‘tkaziladi.
Moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlarga quyidagilar kiradi:
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan hisob stavkalari darajasida va
ulardan ortiqcha olingan qisqa muddatli hamda uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha, shu jumladan
to‘lov muddati o‘tgan va uzaytirilgan ssudalar bo‘yicha to‘lovlar;
- mulkni uzoq muddatli ijaraga olish (lizing) bo‘yicha foizlarni to‘lash xarajatlar;
- chet el valyutasi bilan muomalalar bo‘yicha salbiy kurs tafovutlaridan zararlar;
- sarflangan (qimmatli qog‘ozlarga, sho‘‘ba korxonalarga va hokazolarga) mablag‘larni qayta
baholashdan ko‘rilgan zararlar;
- o‘z qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va tarqatish bilan bog‘liq xarajatlar;
- moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa xarajatlar, shu jumladan salbiy diskont.
Moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlarni hisobda aks ettirish uchun quyidagi schyotlar
ochilgan:
9610-«Foizlar ko‘rinishidagi xarajatlar»
9620-«Kurs farqlaridan zararlar»
9630-«Qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va tarqatish bo‘yicha xarajatlar»
9690-«Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa xarajatlar».
Ushbu schyotlar tranzit bo‘lib, aktiv schyot xarakteriga ega. Ularning debet oborotlari sodir
bo‘lgan moliyaviy xarajatlarni, kredit oboroti esa ularning hisobdan chiqarilishini ko‘rsatadi.
Moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar hisobi «Asosiy xo‘jalik faoliyatidan olinadigan
daromadlar» nomli 2-son BHMS, «Lizing hisobi» nomli 6-son BHMS, «Moliyaviy investitsiyalar
hisobi» nomli 12-son BHMSlar bilan tartibga solinadi.