Tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yoxud uylar, dala hovli imoratlari, yakka
tartibdagi garajlar va boshqa imoratlar, inshootlar, joylar yuridik shaxsga yoki yakka
tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilganda yer uchastkalari uchun yer solig‘i jismoniy
shaxslardan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash uchun belgilangan
stavkalar bo‘yicha undiriladi.
25.5. Yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar va soliqni byudjetga to‘lash tartibi
Yer solig‘i to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tashkilotlari – o‘z
zimmalariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda foydalanadigan yer uchastkalari uchun;
2) nogironlarning jamoat birlashmalari, «Nuroniy» jamg‘armasi va «O‘zbekiston
chernobilchilari» assotsiatsiyasi mulkida bo‘lgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizini
nogironlar, 1941–1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari tashkil qilgan yuridik shaxslar,
bundan savdo, vositachilik, ta’minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik
275
shaxslar mustasno. Mazkur imtiyozni olish huquqi belgilanayotganda xodimlarning umumiy soniga
shtatda bo‘lgan xodimlar kiritiladi;
3) yangi tashkil etilgan dehqon xo‘jaliklari – davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan
e’tiboran ikki yilga;
4) ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik sub’ektlari – yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan
o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilingan kundan
e’tiboran. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish
tartib-taomili to‘xtatilgan va faoliyat qaytadan boshlangan taqdirda, ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi
hamda soliq summasi imtiyoz qo‘llanilgan butun davr uchun to‘liq miqdorda undiriladi.
Soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga quyidagi yerlar kiradi:
1) bog‘dorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining umumiy foydalanishdagi (kirish
yo‘llari, sug‘orish ariqlari, kollektorlar va umumiy foydalanishdagi boshqa yerlar), jamoa
garajlarining yerlari;
2) muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari, bundan xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan
yerlar mustasno. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari jumlasiga davlat
qo‘riqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining, tabiat bog‘larining, davlat
tabiat yodgorliklarining, buyurtma qo‘riqxonalarining (ovchilik xo‘jaliklarida tashkil etiladigan
buyurtma qo‘riqxonalari bundan mustasno), tabiiy pitomniklarning yer uchastkalari kiradi;
3) sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar (xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan yerlar
bundan mustasno) – tegishli muassasalar va tashkilotlarga belgilangan tartibda doimiy foydalanishga
berilgan, profilaktika va davolash ishlarini tashkil etish uchun qulay tabiiy shifobaxsh omillarga ega
bo‘lgan yer uchastkalari;
4) rekreatsiya ahamiyatiga molik yerlar (xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan yerlar bundan
mustasno) – aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalar
hamda tashkilotlarga berilgan yerlar;
5) tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar (xo‘jalik faoliyati yuritilayotgan yerlar
bundan mustasno) – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan tarixiy-
madaniy qo‘riqxonalar, xotira bog‘lari, sag‘analar, arxeologiya yodgorliklari, tarix va madaniyat
yodgorliklari egallagan yerlar;
6) suv fondi yerlari. Suv fondi yerlari jumlasiga suv havzalari (daryolar, ko‘llar, suv
omborlari va boshqa shu kabilar), gidrotexnika va boshqa suv xo‘jaligi inshootlari egallagan yerlar,
shuningdek suv xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yuridik shaxslarga belgilangan tartibda berilgan suv
havzalari hamda boshqa suv ob’ektlari sohillari bo‘ylab ajratilgan mintaqa yerlari kiradi;
7) elektr uzatish liniyalari, ularning podstantsiyalari va inshootlari egallagan yerlar;
8) umumdavlat aloqa liniyalari (havo va kabelli aloqa liniyalari, tirgakli liniyalar va
radiofikatsiyalar, yer osti kabelli liniyalari, ularni bildiruvchi signalli va harakatsiz belgilar, radiorele
aloqa liniyalari, kabelli telefon kanalizatsiyalari, yer ustidagi va yer ostidagi xizmat
ko‘rsatilmaydigan kuchaytirgich punktlari, taqsimlagich shkaflar, yerga ulash konturi qutilari hamda
boshqa aloqa inshootlari) egallagan yerlar;
9) madaniyat, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash ob’ektlari egallagan yerlar;
10) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari egallagan yerlar;
11) umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, shu jumladan tuproq ko‘tarmasi, sun’iy
inshootlar, liniya-yo‘l binolari, temir yo‘l aloqasi hamda elektr ta’minoti qurilmalari, inshootlar va
yo‘l qurilmalaridan iborat temir yo‘llar stantsiyalari hamda saralash joylari, shuningdek belgilangan
tartibda temir yo‘l transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga doimiy yoki vaqtinchalik
foydalanishga berilgan ihota daraxtzorlari egallagan yerlar;
12) shahar elektr transporti yo‘llari va metropoliten liniyalari, shu jumladan jamoat transporti
bekatlari va metropoliten stantsiyalari hamda ularning inshootlari egallagan yerlar;
13) sport va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish majmualari, onalar va bolalarning dam olish
hamda sog‘lomlashtirish joylari, dam olish uylari hamda o‘quv-mashq bazalari egallagan yerlar;
276
14) aholi punktlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya inshootlari: magistral suv quvurlari,
vodoprovod tarmoqlari, kanalizatsiya kollektorlari va ularning inshootlari, nasos stantsiyalari, suv
olish va tozalash inshootlari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlaridagi kuzatish quduqlari va
dyukerlari, suv bosimi hosil qiladigan minoralar hamda shunga o‘xshash inshootlar egallagan yerlar;
15) magistral neft va gaz quvurlari, shu jumladan kompressor, nasos stantsiyalari, yong‘inga
qarshi va avariyaga qarshi stantsiyalar, truboprovodlarni katodli himoyalash stantsiyalari ularni
tarmoqqa ulash uzellari bilan, truboprovodlarni tozalash qurilmalari hamda shunga o‘xshash
inshootlar egallagan yerlar;
16) magistral issiqlik trassalari, shu jumladan nasos (ko‘paytiruvchi, kamaytiruvchi,
aralashtiruvchi, drenaj) stantsiyalari, issiq suv ta’minotining issiqlikni hisobga olish va nazorat qilish
asboblari, isitkichlari, tsirkulyatsiya nasoslari hamda shunga o‘xshash inshootlar egallagan yerlar;
17) samolyotlarning uchish-qo‘nish maydonlari, yerda boshqarish yo‘lkalari va to‘xtash
joylari, fuqaro aviatsiyasi aeroportlarining radionavigatsiya va elektr-yoritish uskunalari egallagan
yerlar;
18) O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilgan ob’ektlar qurilishi
uchun ajratilgan yerlar, normativ qurilish muddati davrida;
19) konservatsiyaga qo‘yilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining qarorlari qabul qilingan ob’ektlar egallagan yerlar, ularning konservatsiyasi davrida;
20) gidrometeorologiya va gidrogeologiya stantsiyalari hamda postlari egallagan yerlar;
21) yuridik shaxs balansida bo‘lgan va xo‘jalik faoliyatida foydalanilmaydigan fuqaro
muhofazasi hamda safarbarlik ahamiyatiga molik alohida joylashgan ob’ektlar egallagan yerlar;
22) ihota o‘rmon daraxtzorlari egallagan yerlar. Ihota o‘rmon daraxtzorlari jumlasiga
quyidagilar kiradi: o‘rmonlarning daryolar, ko‘llar, suv omborlarining va ovlanadigan qimmatbaho
baliqlarning uvildiriq sochadigan joylarini muhofaza qiladigan boshqa suv ob’ektlarining
sohillaridagi, temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari yoqasidagi taqiqlangan mintaqalar; eroziyaga qarshi
o‘rmonlar; cho‘l va yarim cho‘l mintaqalaridagi o‘rmonlar; shahar daraxtzorlari va o‘rmonzor
bog‘lari; aholi punktlari hamda sanoat markazlari atrofidagi yashil mintaqalar daraxtzorlari; suv
ta’minoti manbalari sanitariya muhofazasi mintaqalarining o‘rmonlari; kurortlarning sanitariya
muhofazasi tegrasidagi o‘rmonlar; alohida qimmatga ega bo‘lgan o‘rmon massivlari; ilmiy yoki
tarixiy ahamiyatga molik o‘rmonlar;
23) qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yangi o‘zlashtirilayotgan yerlar, ularni o‘zlashtirish
ishlari bajariladigan davrda va ular o‘zlashtirilgan vaqtdan e’tiboran besh yil mobaynida;
24) melioratsiya ishlari amalga oshirilayotgan mavjud sug‘oriladigan yerlar, ishlar
boshlanganidan e’tiboran besh yil muddatga;
25) yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar, daraxtlarning
qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat’i nazar, uch yil
muddatga. Kuzda o‘tkazilgan yangi ko‘chatlar uchun beriladigan imtiyoz muddatini hisoblab
chiqarish keyingi yilning 1 yanvaridan e’tiboran boshlanadi, bahorda o‘tkazilgan ko‘chatlar uchun
esa joriy soliq davrining 1 yanvaridan e’tiboran boshlanadi;
26) ilmiy tashkilotlarning qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga molik va o‘rmon fondidagi yerlari,
qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda o‘quv yurtlariga
qarashli tajriba, eksperimental va o‘quv-tajriba xo‘jaliklarining bevosita ilmiy hamda o‘quv
maqsadlari uchun foydalaniladigan yerlari. Ushbu bandga muvofiq ilmiy tajribalar, eksperimental
ishlar, yangi navlarning selektsiyasi o‘tkazilishi uchun hamda mavzulari tasdiqlangan boshqa ilmiy
va o‘quv maqsadlari uchun foydalaniladigan ekinlar hamda daraxtzorlar egallagan yer uchastkalari
soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
Belgilangan maqsadda bevosita foydalanilmayotgan yer uchastkalariga ushbu moddada
belgilangan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Yer solig‘i har bir soliq davrining 1 yanvariga bo‘lgan holatga ko‘ra hisoblab chiqariladi va
yer solig‘ining hisob-kitobi yer uchastkasi joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga hisobot
yilining 15 fevraliga qadar taqdim etiladi.
277
Yer solig‘ini hisoblab chiqarish soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib
chiqqan holda amalga oshiriladi.
Yil mobaynida yuridik shaxslarda yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi, egalik qilish
huquqi, ulardan foydalanish huquqi yoki ijara huquqi vujudga kelganida (bekor qilinganda),
shuningdek ular foydalanayotgan yer maydoni ko‘paygan (kamaygan) yoki yer solig‘i bo‘yicha
imtiyozlar huquqlari bekor qilingan (vujudga kelgan) taqdirda, yuridik shaxslar davlat soliq xizmati
organiga yer solig‘ining aniqlashtirilgan hisob-kitobini yer uchastkasi ajratilgan (olib qo‘yilgan) yoki
imtiyoz huquqlari bekor qilingan (vujudga kelgan) kundan e’tiboran bir oylik muddatdan
kechiktirmay taqdim etishlari shart.
Soliq davri mobaynida qishloq xo‘jaligi ekinlarining umumiy maydonida va tarkibida
o‘zgarishlar yuz bergan yagona yer solig‘ini to‘lashga o‘tmagan qishloq xo‘jaligi korxonalari yer
solig‘ining aniqlashtirilgan hisob-kitobini davlat soliq xizmati organiga joriy yilning 1 dekabriga
qadar taqdim etadi.
Yer solig‘ini to‘lash yuridik shaxslar tomonidan yilning har choragida, yil choragi ikkinchi
oyining 15-kuniga qadar teng ulushlarda amalga oshiriladi.
Yagona yer solig‘i to‘lashga o‘tmagan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yer solig‘ini
to‘lash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
hisobot yilining 1 iyuliga qadar – yillik soliq summasining 20 foizi;
hisobot yilining 1 sentyabriga qadar – yillik soliq summasining 30 foizi;
hisobot yilining 1 dekabriga qadar – soliqning qolgan summasi.
|