10-mavzu. TADBIRKORLIK FAOLIYATI VA UNING SHAKLLARI. TADBIRKORLIK
KAPITALI VA UNING AYLANISHI
Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda tadbirkorlik
qobiliyati iqtisodiy resurs
hisoblanib, inson omilining tarkibiy qismini tashkil etadi. Tadbirkorlik faoliyatining mohiyati,
maqsadi va bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida amal qiladigan shakllarini batafsil bayon etish,
tadbirkorlik kapitalining mazmunini va uning harakat shakllarini tahlil qilish, kapital harakatida
vujudga keladigan jarayonlar va uning namoyon bo‘lishini, shuningdek,
kapitalning aylanish
tezligi va undan foydalanish samaradorligini oshirish masalalarini yoritish ushbu mavzuning
asosiy vazifasi bo‘lib hisoblanadi.
10.1. Tadbirkorlik faoliyati mazmuni, uning vazifalari va
rivojlanish shart-sharoitlari.
Tadbirkorlik-bu mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ijodkorlik,
yangilik
yaratish asosida yondashish bilan bog‘liq faoliyatdir. Biznes esa unga nisbatan keng tushuncha
bo‘lib, umuman foyda olish nuqtai-nazaridan yuritiluvchi faoliyatdir.
K.Makkonnell va S.Bryu tadbirkorlik asosida uzluksiz shartlar va talablar yotuvchi muhim
faoliyat turi sifatida qaraydilar. Birinchidan, tadbirkor tovar va xizmatlar ishlab chiqarish
jarayonida ishlab chiqarish omillarini birlashtiradi va «katalizator» vazifasini bajaradi.
Ikkinchidan, biznesni yuritish jarayonida u qarorlar qabul qilishdek
qiyin bir vazifani
zimmasiga oladi. Uchinchidan, tadbirkor-tashkilotchi shaxs bo‘lib, yangi ishlab chiqarish
texnologiyalarini
joriy qilib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga intiladi. To‘rtinchidan,
tadbirkor bu tahlikaga boruvchi insondir. U nafaqat o‘z mol-mulki, vaqti, mehnati bilan, balki
o‘z sheriklari, hissadorlari qo‘shgan mablag‘lar bilan ham tahlikaga boradi [5].
Tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risida yuqorida keltirilgan turli xil fikrlar va yondashuvlarni
umumlashtirgan holda, qisqa qilib quyidagicha ta’rif berish mumkin. Tadbirkorlik faoliyati-shakli
va sohasidan qat’iy nazar foyda olish va undan samarali foydalanish maqsadiga qaratilgan
iqtisodiy faoliyatdir.
Tadbirkorlikning
rivojlanishi, o‘z navbatida, bir qator sharoitlarning mavjud bo‘lishini
taqozo etib, ular asosida umuman tovar ishlab chiqarishning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy shart-
sharoitlari yotadi.
Birinchidan, tadbirkor xo‘jalik yuritishda
uning biron turini tanlash, ishlab chiqarish
jarayonini amalga oshirish, uni o‘zgarishlarga moslashtirish, manbalarni tanlash, resurs topish,
mahsulot sotish, ularga baho belgilash, foydani tasarruf qilish va shu kabilar bo‘yicha ma’lum
xuquq va erkinliklar mavjud bo‘lishini taqozo etadi.
Ikkinchidan, tadbirkor ishlab chiqarish vositalariga, ishlab chiqarilgan mahsulot va olingan
daromadga mulkchilik xuquqiga ega bo‘lishi kerak. Tadbirkorlik faoliyati mulkdorning o‘zi
tomonidan ham, uning mol-mulki asosida ish yurituvchi sub’yekt tomonidan ham amalga
oshirilishi mumkin.
Uchinchidan, xo‘jalik yuritish yo‘lini erkin tanlash, daromadni investitsiyalash imkoniyati
va shu kabilarni real ta’minlaydigan ma’lum iqtisodiy muhit
va ijtimoiy siyosiy sharoit
yaratishi zarur.
To‘rtinchidan, tadbirkorlik mulkchilik va o‘zlashtirish turli-tuman shakllari va turlarining
mavjudligini taqozo qiladi. O‘z navbatida mulkchilik va o‘zlashtirish sohalaridagi turli-
tumanlilikning o‘zi ob’yektiv hodisa bo‘lib, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi oqibati
sifatida maydonga chiqadi.
Beshinchidan, yetarli moliyaviy manbalarga, yaxshi ma’lumot va malakali tayyorgarlikka
ega bo‘lish, umumiy tijorat qonunchiligi, soliq bo‘yicha imtiyozlar, tadbirkorlik muhiti va uni
rivojlantirishda jamiyat manfaatdorligining mavjud bo‘lishi tadbirkorlikni
rivojlantirishning
navbatdagi shart-sharoitlari hisoblanadi.
Yuqorida ko‘rib chiqilgan barcha shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan davlatlarda tadbirkorlik
yaxshi rivojlanadi, aks holda faoliyatning bu turi xufyona iqtisodiyot sohasiga o‘tib ketishi
ehtimoli ham yuqori bo‘ladi.