KOXLEAR IMPLANTATSIYANING IJTIMOIY IMKONIYATLARI
JDPI Maxsus pedagogika kafedrasi o’qituvchisi G.X.Temurova
Annotasiya:Ko‘p kanalli implantant eshitishning chastotali selektivligini,
ya’ni akkustik signaldagi bir vaqtda mavjud bo‘lgan chastotalarini ajrata olish
qobiliyatini tiklashi mumkin. Eshitish apparatlari eshitishning chastotali
selektivligini prinsip jihatidan tiklay olmaydi.Implantni qo‘llash akkustik qayta
aloqaga yo‘l qo‘ymaydi (ko‘pincha ovoz kuchaytiruvchi apparat bilan eshitganda
xonaning tovush qaytaruvchi ta’siri insonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi). Shunga
muvofiq so‘zlashuv nutqidagi o‘ta past tovushlarni sezish imkoniyatini
ta’minlaydi.
Kalit so’zlar:
Koxlear implantatsiya,protez,emotsiya,ovoz kuchaytiruvchi
apparat,eshitish chastotasi,kommunikatsiya.
Tovush o‘tkazish natijasida eshitishni yo‘qotish yoki eshitish qobiliyatining
qisman zararlanishi individual eshitish apparatlari yordamida kompensatsiya
qilinishi mumkin.
Amaliyotda munozarali savollar ko‘p uchrashi kuzatildi ya’ni, ovoz
kuchaytiruvchi apparat yaxshimi? yoki Koxlear implantatsiyami? ushbu savolning
amaliy yechimi sifatida quyidagi tibbiy, pedagogik, surdotexnik xulosalarimizni
sanab o‘tamiz:
1. Ko‘p kanalli implantant eshitishning chastotali selektivligini, ya’ni
akkustik signaldagi bir vaqtda mavjud bo‘lgan chastotalarini ajrata olish
qobiliyatini tiklashi mumkin. Eshitish apparatlari eshitishning chastotali
selektivligini prinsip jihatidan tiklay olmaydi.
2. Implantni qo‘llash akkustik qayta aloqaga yo‘l qo‘ymaydi (ko‘pincha
ovoz kuchaytiruvchi apparat bilan eshitganda xonaning tovush qaytaruvchi ta’siri
insonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi). Shunga muvofiq so‘zlashuv nutqidagi o‘ta past
tovushlarni sezish imkoniyatini ta’minlaydi.
Yuqorida sanab o‘tilgan Koxlear implantatsiyaning qulayliklaridan tashqari
ayrim kamchiliklari ham mavjuddir:
1. Koxlear implantatsiyadan so‘ng nutqni eshitish sezgilarining yaxshilanish
natijalarining variativligi (turli tumanligi). Shu kunga qadar implantatsiya
qilinganlarning nutqni sezishlarini prognoz qilish uchun bir qator omillar
aniqlanishiga qaramay, buning aniq prognozi keltirilgani yo‘q.
2. Implantdan foydalanuvchi kishilarda jamlangan tovushlarni sezishda
qiyinchilik tug‘iladi, masalan musiqiy tovushlar. Bundan tashqari, mikrofon
ma’lum masofadagi tovushlarni qabul qilishi mumkin, lekin katta masofalardan
turib eshitish imkoniyati mavjud emas. Hozirgi kundagi elektron
texnologiyalarning taraqqiy etishi bu kamchilikni bartaraf etishi ham mumkin.
Koxlear implantatsiyani qo‘llashga dastlabki ko‘rsatma sensonevral
karlikning eng yuqori darajasi hisoblanadi. Keyingi Koxlear implantatsiya uchun
tanlov me’yori – oddiy eshitish apparati bilan eshitishni protezlash samaradorligiga
e’tibor qaratiladi. Agar inson oddiy eshitish apparatidan foydalanib 30-40%
so‘zlarni anglab olayotgan bo‘lsa, Koxlear implantantga tavsiya etish yaxshi
natijalarga olib kelishi mumkin. Agar kasalda javoblar 5% dan kam bo‘lmasa va
qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmasa uni implantatsiya qilishga ishonch bilan
tavsiya etish mumkin.
Jarrohlikdan so‘ng, bolada yuz berishi mumkin bo‘lgan asoratlarni
pedagoglar va ota – onalar bilishlari lozim ular quyidagilar:
- jarohatning asoratli holatlari;
- yuz nervining shikastlanishi;
- quloq orqasi sohasida sezishning yo‘qolishi va rigidlik;
- ta’m sezish va muvozanatning buzilishi;
- quloqdagi shovqinning sezilarli darajada ortishi;
Shuni aytish lozimki, Koxlear implantning samara bermasligi kamdan kam
holalarda kuzatilgan. Biroq, implantning nutqni anglashni sezilarli darajada
yaxshilamasligi ehtimoldan holi emas. Elektr stimulyatsiyaning davomiyligi
haligacha aniqlanmagan.
Jarrohlikdan so‘ng birinchi yil bolada butun hayoti davomida zarur
bo‘ladigan jismoniy va psixik xususiyatlarning shakllanishi va rivojlanishida
muhim ahamiyatga ega davr hisoblanadi. Bu davrni tadqiqotchilar bolalarning eng
tezkor rivojlanish davri deb hisoblaydilar.
Ma’lumki, me’yorda tug‘ilgan va rivojlanayotgan bolaning go‘daklik
davrida sensor tizimlar, ya’ni ko‘rish, eshitish, taktil sezgilar intensiv holda
rivojlanadi. Bu davrining ijtimoiy vaziyati kattalar va bolalarning ajralmas holda
birgalikdagi faoliyati bilan tavsiflanadi. Bunda kattalar ko‘ruv va eshituv
sezgilarining qo‘zg‘atuvchisi sifatida bolaga ta’sir qiladilar. Go‘daklik davri va ilk
yosh davrlari bola rivojlanishidagi xavfli davr hisoblanadi, aynan shu davrda miya
atrof-muhitdagi nutq tovushlari kabi stimullarni his etish va foydalanishga yuqori
darajada sezgir bo‘ladi. Bu eshitish funksiyasi shuni anglatadiki, tovushlar
miyaning rivojlanish bosqichida nutqni imitatsiya qilish, nutq faolligi, qaytarma
akkustik aloqa va so‘z, iboralarning ma’no mazmunini anglash uchun zarur
bo‘ladi. Fonemalarning differensiatsiyalashgan eshitish tuyg‘usi ularni to‘g‘ri
talaffuz etilishidagi zarur shart – sharoiti sifatida xizmat qiladi. 5 – 6 yoshli bola
o‘z talaffuzini rivojlantira borib, nutq rivojlanishining barcha tomonlarini
to‘laligicha egallab olishga qodir. Ya’ni, so‘zning fonetik, ritmik tuzilishi,
iboralarni ohanglar bilan variativ bezash, turli xil kommunikativ maqsadlar
asosidagi ifodali nutqni to‘liq egallash, keyingi kattaroq yosh davrlarida
emotsional holatlarning nozik tomonlarini ham o‘rganib oladilar.
Ilk nutqiy harakatlarning paydo bo‘lishi uchun miya po‘stloqlarining
ishlashi bilan paydo bo‘luvchi ma’lum bir kognitiv zahira mavjud bo‘lishi kerak.
Ona ovozini, va boshqa tovushlarni eshitganda mo‘ljal olishning paydo bo‘lishi,
so‘zlovchining yuzini ko‘rishi, yorqin rangdagi o‘yinchoqlarga qiziqib qarashi va
boshqalar bolaning umumiy rivojlanishi uchun muhim omillardan hisoblanadi. 1,5
oylik bolada muloqotning birinchi noverbal reaksiyalari paydo bo‘ladi: onaning
yuzini ko‘rishi bilan va ovozini eshitishi bilan jilmayish kabi. 3 oylik davrga kelib,
bolaning kulgusi ota-onalar kulgisi bilan sinxronlashadi.
Vizual muloqot, emotsional o‘zaro ta’siri eshitish, eshitish diqqatini jalb
etish va ushlab turish, eshitish segisi va nutq sezgisini belgilab beruvchi verbal
muloqotni aniqlab beradi. Ye. N. Vinarskayaning ta’kidlashicha: “Bola hayotining
9-10- oyiga kelib, bolada kattalar nutqini tushunish shakllanadi, 18-20- oylikda
bo‘g‘inlab ayta oladigan 1-oddiy so‘zlarni anglaydi”.
Kar bolalarda eshitishning buzilishi psixik rivojlanishning sensor tomonini
kamaytiradi. Bundan tashqari hissiy sohadagi, fazoviy tasavvurlar, predmetli-
amaliy faoliyatdagi ikkilamchi buzilishlar paydo qiladi. Ilk yosh davrlarida
eshitishni yo‘qotgan bolalar ona tilini mustaqil egallash imkoniga ega
bo‘lmaydilar. Sog‘lom bolalarda esa bu imkoniyat taqlid darajasida mavjud
bo‘ladi.
E.V. Mironovaning fikricha: “Normal eshituvchi bolada qandaydir sabablar
bilan eshitishning buzilishi atrofdagilarning unga qaratilgan nutqini qabul qilish
imkoniyatinigina emas, balki uning shaxsiy nutqi sifatiga ham salbiy ta’sir
ko‘rsatadi. Bular: intonatsiya qashshoqlashadi, so‘zlarni talaffuz qilish tempi
o‘zgaradi, lug‘at qisqaradi, tovushlarni talaffuz qilishda nuqson – ularni oxirigacha
talaffuz qilmaslik, tushurib qoldirish kabilar hosil bo‘ladi. Natijada og‘zaki
kommunikatsiya ikki tomonlama buziladi”.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar muammolari bilan shug‘ullanuvchi
olimlar eshitishida og‘ir patologiyalar mavjud bo‘lgan bolalar eshitish
apparatlaridan foydlanganlarida past chastotali tovushlarni yaxshiroq eshitadilar,
deb hisoblaydilar. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, implantatsiya qilingan bolalar
nutq protsessorining 1-marotaba ulanishi bilanoq tovushlarning keng spektorini,
shuningdek, yuqori chastotali tovushlarni qabul qila boshlaydilar. Shu tarzda biz
aminmizki, nutqni egallashning boshqa imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Koxlear implantant orqali uzatiladigan akkustik va nutq signallari tabiiy
tovushlardan farq qiladi. Shunga qaramay barcha toifadagi mijozlar (tug‘ma kar
yoki orttirilgan karlik) da yangi tovush obraziga moslashish ma’lum muddatni o‘z
ichiga oladi.
Ilk yosh davrlarida Koxlear implantatsiya qilingan bolalar kompleks
ko‘mak berilganida shaxsiy eshitish-nutqiy malakalarini rivojlantirishlari, bunda
me’yorda eshituvchi tengdoshlariga yaqinlashtirilgan holda, yuqori darajadagi
psixofizik rivojlanish darajasiga ega bo‘lishlari kuzatiladi.
O‘zbekistonda
Koxlear
implantatsiya
amaliyotining
ilk
davrida
mutahassislarning bolalar bilan yakka tarzda ishlashi ustuvorlik qilgan. Ya’ni
mutahassislar Koxlear implantantli bola bilan jarohlikkacha va jarrohlikdan keyin
maqsadli mashg‘ulotlar olib borganlar. Dastlabki davrda pedagoglarning
mashg‘ulotlar mazmunini nonutqiy va nutqiy tovushlarni yeshitib farlashga
o‘rgatuvchi topshiriqlar asosida ishlab chiqdilar. So‘ngra respublika miqyosida
Toshkent RIPIAT markazida ilmiy – amaliy seminar tashkil etilishi natijasida
mashg‘ulotlar mazmunini yaratishning yaxlit pedagogik tizimi amaliyotga joriy
etildi. Ushbu tizim mazmuni quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
1. Nonutqiy tovushlarni eshitib, farqlashga o‘rgatish.
2. Nutqiy tovushlarni eshitib, farqlashga o‘rgatish.
3. Jumla va matnlarni eshitib, farqlashga o‘rgatish.
Koxlear implantli bolalar bilan pedagogik ishlash bo‘yicha Rossiya
amaliyoti yetakchilik qiladi. Rossiyalikolim O. Zontova Koxlear implantli bolalar
bilan ishlashning bir qator metodikalarini amaliyotga joriy etgan.Ushbu
metodikalarning o‘ziga hosligi shundaki, Koxlear implantli bolalar nutqiy muhitda
o‘ziga qulay bo‘lgan muloqot turini tanlashga imkoniyat beriladi. Hususan, bu
yondashuv nutq shakllanib bo‘lgandan so‘ng yoki maxsus ta’lim muassasalarida
taxsil olayotgan davrda Koxlear implantant o‘rnatilgan bolalarga nisbatan
qo‘llanilgan.
Sanab o‘tilgan tadqiqotlarda eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni Koxlear
implantatsiyaga tayyorlash, jarroxlikkacha va undan keyingi surdopedagogik
ta’sirning metodik tomonlari, o‘ziga hos ta’lim shakllari hamda maxsus didaktik
vositalarning qo‘llanilishi yuzasidan metodik tavsiyalar amaliyotga joriy etilgan.
Ma’lumki, Koxlear implantli bolalar intelektual rivojlanishda sog‘lom bolalar kabi
imkoniyatlarga egadirlar. Shuning uchun Yevropaning yetakchi davlatlari, hususan
Rossiya amaliyotida samarali qo‘llanilayotgan Koxlear implantli bolalarning
umumta’lim jarayonida ta’lim olishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan qarashlar
O‘zbekistonda ham asos sifatida hisoblanilmoqda. Ya’ni Koxlear implantli
bolalar umumta’lim maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda maktablarga jalb
etilishi talabi ustuvorlik qiladi.
Koxlear implantli bolalar bilan jarrohlikdan keyingi pedagogik ishlarning
maqsadi, imkoniyatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishlari tahlilidan
quyidagilarni aniqladik:
-amaliyotda koxlearimplantli bolalarning faqatgina eshitishi va talaffuzi
ustida ishlashga ustuvorlik berilmoqda;
-bolalarning sog‘lom insonlar orasida moslashishi uchun zarur ko‘nikma va
malakalarni rivojlantirishga yetarlcha e’tibor berilmayapti;
-bolalarni mustaqil faoliyatga tayyorlashning metodik ish tizimi ishlab
chiqilmagan.
Adabiyotlarning tahlili hamda o‘rganilgan tajribalarning mazmunida
maktabgacha yoshdagi Koxlear implantli bolalarni mustaqil faoliyatga tayyorlash,
ularda o‘z o‘zini namoyon qilishga bo‘lgan intilishni tarkib toptirish bo‘yicha ilmiy
izlanishlar olib borilmagan. Ushbu masala muammoga doir ilmiy tadqiqotlar
mazmuni hamda turli loyihalar jarayonida qisman o‘rganilgan bo‘lsada,
surdopedagogik hamda logopedik amaliyotga maqsadli tavsiyalar joriy etilmagan.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning eshitishini tiklash va ularda
mustaqil faoliyat ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishning ijtimoiy ahamiyatga
egaligini asoslash maqsadida sog‘lom va Koxlear implantli bolalarning
mustaqilligini qiyosiy o‘rganishga ehtiyoj tug‘ildi. Koxlear implantli bolalarda
mustaqil faoliyat ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish uchun olib boriladigan
maxsus metodik ishlarning dolzarbligini asoslab beruvchi nazariy ma’lumotlarni
tahlil qildik. Ushbu nazariy ma’lumotlarning tahlili va ular asosida Koxlear
implantli bolalarda mustaqillikni rivojlantirishning pedagogik-psixologik
imkoniyatlari keyingi paragrafda keltirildi.
Past eshituvchi kishining o‘rta qulog‘ini operatsiya qilganda, shilliq
o‘ramasiga ta’minot blokiga ulangan elektrod tasodifan tegib ketadi va mijoz
o‘zining qulog‘ini avvalgidan ko‘ra yaxshiroq eshitayotganini his qiladi.
Shifokorlar bu hodisani sinchiklab o‘rgana boshladilar, shu tarzda eshitishida
nuqsoni bo‘lgan kishlarning nutqni his qilishlarini yaxshilash imkonini beruvchi
yangi yo‘nalish paydo bo‘ldi. Bu muammo bilan ko‘proq Melburn shahridagi
Avstraliya tibbiyot markazi shifokorlari alohida shug‘ullana boshladilar va bu
markazdagi 10 kanalli elektrodni biriktirish bo‘yicha 1-operatsiya 1978 yilda
o‘tkazildi. 1982 yildan boshlab 22 kanalli elektrodlar bilan operatsiyalar o‘tkazila
boshlandi. 1985 yilga kelib shunga o‘xshash operatsiyalar AQSh, Yaponiya va
Yevropa davlatlarida, jumladan Germaniyada o‘tkazila boshlandi.
Rossiyada bunday operatsiya 1-marta 1982 yilda, keyinchalik 1990 yildan
boshlab Rossiya Federatsiyasi SSV audilogiya va eshitishni protezlashtirish
ilmiy markazi shifokorlari G. A. Tavartkiladze rahbarligida va Germaniyaning
“Cocchlear” firmasi mutaxassislari bilan birgalikda 22 kanalli Nucleus elektrodini
biriktirish bo‘yicha 1-operatsiyani o‘tkazadilar. Shu davrdan boshlab markazda
bunday operatsiyalar bir yilda bir necha martalab o‘tkaziladi.
1995 yilda markaz shifokorlari tomonidan “Koxlear ipmlantatsiya bo‘yicha
ko‘rsatmalar” tavsiyanomasi ishlab chiqildi va nashr ettirildi. Hozirgi davrda
bolalar va kattalarda bunday operatsiyalarni o‘tkazayotgan muassasalar Moskva va
Sankt-Peterburg shaharlarida ham ko‘plab topiladi.
Sensonevral karlik ichki quloqning, ya’ni tolali to‘qimalarning zararlanishi
bilan kechadi. Biroq sensor to‘qimalarning ko‘pgina qismi zararlanishiga qaramay,
ko‘pgina bunday kasallarda eshitish nervining tolalari saqlangan bo‘ladi. Bu tolalar
elektr toki bilan bevosita harakatga keltirilganda miyaga eshitish sezgilarini paydo
bo‘lishini ta’minlovchi signal berishi mumkin. Koxlear implantatsiya prinsipi
aynan shu jarayonga asoslangan bo‘lib, bu esa o‘z navbatida sun’iy ichki quloq
demakdir.
Bugungi kunda еr yuzida bir necha o‘n minglab kishilar biriktirilgan
Koxlear protezlardan foydalanadilar. Shunday qilib, borgan sari total karlik va
sensonevral eshitmaslikning yuqori darajasidagi kishilar uchun Koxlear
implantant eshitish protezining real vositasi bo‘lib bormoqda. Eng ko‘p
tarqalgan koxlearimplantant sistemalaridan biri bu- “Cocchlear” firmasi tomonidan
tarqatilayotgan 22 kanalli Nucleus Koxlear implantanti hisoblanadi. Bu tizimdan
AQSh, Avstraliya va Yevropa davlatlarida 2 yoshdan katta bolalar va kattalar
uchun foydalanishga ruxsat berilgan. Bir elektrodli va to‘rt elektrodli
moslamalardan farqli holda Nucleus Koxlear implantanti ichki quloqqa
joylashtiriladigan 22 elektroddan iborat. Eshitish nervi tolalarining har bir elektrod
tomonidan stimulyatsiya qilinishi turli tonal sezgilarning paydo bo‘lishiga sabab
bo‘ladi, shu tarzda atrofdagi tovushlar va nuqtni eshitishning qiyoslab
bo‘lmaydigan darajasini keltirib chiqaradi. 1991 yilda potensial jihatdan katta
imkoniyatlarga ega Clarion nomli yangi implantantning klinik sinovi tugallandi.
Ammo hozirgi kunda ham Nucleus Koxlear implantanti eng ko‘p foydalaniladigan
sistema sifatida tan olinadi.
22 kanalli Koxlear implantant eshitish apparatiga o‘xshash oddiy
kuchaytiruvchi moslama emas. Bu bir necha qismlardan iborat ko‘p funksiyali
tizim (sistema) bo‘lib, har bir qism qat’iy belgilangan vazifani bajaradi. Tizim
tashqi komponentlar (yo‘naltirilgan mikrofon-uzatgich va nutq protsessori) va
implantatsiyalangan komponent (qabul qiluvchi stimulyator va 22 kanalli
elektrodli qator)lardan iborat. Tizimning ishlashini har qanday akkustik signal
korpusga biriktirilgan quloq orqasi eshitish apparatiga o‘xshash mikrofon orqali
qabul qilinib, amalga oshirish mumkin. Mikrofondan akkustik signal nutq
protsessoriga jo‘natiladi. U qulay va kichik hajmda bo‘lib (kattaligi 94x62x19mm,
og‘irligi 100 gramm atrofida), mijozning cho‘ntagi yoki kamarida joylashtirilishi
mumkin. Nutq protsessori akkustik signalni spesifik parametrlar (o‘ziga xos
o‘lchamlar)ga bo‘lib, qayta ishlaydi va eshitish nervining stimulyatsiyasi uchun
zaruriy parametr (o‘lcham) larga keltiradi. Bu parametrlar miyaning akkustik
signalni yaxshiroq anglashi, shuningdek, nutqni tushunish uchun shakllantiriladi.
Eshitish nervini stimulyatsiya qilish uchun tayyorlangan elektr signal
radiochastotali signalga (2,5 MGs) kodlashtiriladi va boshning yanoq suyaklari
sohasida bevosita joylashgan qabul qiluvchi g‘altak sochli tolasi bo‘lgan qismi
terisida joylashgan uzatuvchi g‘altak orqali radiochastotali signal shaklida
uzatiladi. Bu qabul qiluvchi stimulyatorning bir qismi hisoblanadi. Qabul qiluvchi
stimulyator biologik inert silikon qoplamadan iborat bo‘lib, xirurgik yo‘l bilan
maxsus yaratilgan maydonchaga (diametri 22 mm atrofida) - yanoq suyagining
bevosita quloq orqasidagi teri ostiga joylashtiriladi. U o‘z ichiga maxsus
mikrosxema, shuningdek, radiochastotali signalni elektr signaliga kodlashtirish
uchun zarur bo‘lgan boshqa ayrim komponentlarni olgan. Bundan tashqari, qabul
qiluvchi stimulyator platinali qabul qiluvchi g‘altak va magnitdan iborat.
Tashqaridagi g‘altak ham magnitli bo‘ladi. Ikkala magnitning o‘zaro ta’siri
natijasida uzatuvchi g‘altak bosh yuza qismida turadi, bu bevosita qabul qiluvchi
g‘altakning ostida bo‘ladi, ular o‘rtasidagi masofa minimal (6-9mm) bo‘ladi. Bu
esa signalning teri orqali o‘tishiga optimal sharoitlarni ta’minlaydi. Qabul qiluvchi
stimulyator orqali olingan signal kodlashtiriladi va 22 kanalli elektrod zanjiriga
uning ma’lum qismlarini tanlov asosida faollashtirib uzatiladi. Ma’lum vaqtda
elektrod zanjirning aynan qaysi qismi faollashtirilishi prosessor orqali
aniqlashtiriladi. U esa avval aytilganidek, berilayotgan akkustik signalning
parametrlari (o‘lcham) dan kelib chiqib kodlashtiriladi. Har bir elektrod zanjir
boshida 0,6mm dan 0,4 mmgacha diametrli platina halqadan iborat bo‘ladi. Har
bir elektrod halqa qabul qiluvchi stimulyator bilan platinali iridik o‘tkazgichga
birlashtirilgan ajratib turuvchi qoplamadan iborat. Shu tarzda har bir elektrod
boshqalarining yordamisiz faollashtirilishi mumkin. Elektrod zanjirni xirurgik yo‘l
bilan (ulitka) chig’anoqqa implantatsiya qilinadi. U bevosita 25 mm chuqurlikdagi
yumaloq sahnadagi oraliq orqali nog‘ora pog‘onasiga kiritiladi. Kiritilgan
elektrodlar spiralsimon gangliyaning (bu neyronlarning markaziy o‘simtalari
eshitish nervining afferent tolalarini tashkil qiladi) bimaydonli neyronlari periferik
hosilalarini (dendritlarini) stimullashtirish uchun bevosita bazilyar membrana
yaqinida joylashtiriladi.
Turli kishilarda eshitish nervining elektr stimulyatsiyasi natijasida turlicha
(his) sezgilar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, bir kishida turli kanallarni
stimulyatsiya qilishda yoki bir kanalni turli kishilarda stimulyatsiya qilishda
stimulyatsiya qiluvchi tokning turlicha kuchlaridan foydalanish zarur. Bundan
tashqari, aynan bir kishining turli kanallarning stimulyatsiya qilinishida ovozning
turli tonlarini individual ajratish qobiliyati mavjud. Shu maqsadda nutq
protsessorida nozik sozlama ko‘zda tutilgan bo‘lib, mijozning elektr stimulni qabul
qilishiga qarab individual holatda sozlanadi. Nucleus nutq protsessori audiolog
tomonidan maxsus diagnostika qiluvchi va dasturlovchi kompyuter yordamida
dasturlashtiriladi. Bunda ovoz balandligining individual darajalarining sub’ektiv
his qilinishiga qarab har bir kanal ovoz diapazonining belgilangan balandligiga
aniq sozlanadi. Bundan tashqari turli kanallarda ovoz balandligining darajasi
tenglashtiriladi. Bunday nozik sozlash natijasida barcha kanallarda (ular soni 22 ta
bo‘lib, bu elektrodlar miqdoriga teng) birinma ketin “karta” (xarita) deb
nomlanuvchi dastur yaratiladi. Bu xarita nutq protsessorida yozib olinadi,
saqlanadi va foydalaniladi. Bu xarita akkustik ma’lumotlar adekvat eshitish
sezgilarini chaqirishi uchun qanday elektr stimulyatsiya o‘lchamlariga aylantirilishi
kerakligini aniqlaydi. Elektrodlarni 1-bora sozlash operatsiyadan so‘ng taxminan 2
haftalarda amalga oshiriladi. Vaqt o‘tishi bilan odatda, eshitish nervi tolalarida
stimulyatsiya bo‘lishida o‘zgarishlar bo‘ladi. Shuning uchun nutq protsessori
elektr stimullarni his qilishning o‘zgarishiga muvofiq qayta sozlangan bo‘lishi
kerak. Va bunda, albatta “xarita” yangi sozlamaga qarab qaytadan yangilanadi.
|