N. B. Goipova inkluziv ta’lim gospital ped a gogika




Download 3,4 Mb.
Pdf ko'rish
bet12/85
Sana28.09.2024
Hajmi3,4 Mb.
#272809
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   85
Bog'liq
Inklyuziv ta`lim

AQLIY NUQSONLARI BO‘LGAN BOLALAR,ULARDAGI 
NUQSON DARAJALARI, TA’RIFI 
Bolaning intellektual, ya’ni aqliy rivojlanishida turli nuqsonlar 
kuzatilishi mumkin. Ilgari aqli zaif deb nomlanar edi. Oligofreniya 
yunoncha oligos – kam, oz; fren – aql so‘zlaridan olingan bo‘lib, esi 
past, aqli past demakdir. Oligofren bolalar markaziy asab sistema-
sining organik kasalliklari natijasida bilish faoliyati pasayib ketishi 
bilan boshqa alohida yordamga muhtoj bolalardan farq qiladilar. 
Endilikda insonni kamsitmaslik maqsadida oligofren atamasi 
ishlatilmaydi. 


39
Amaliyotda «aqlan zaif», «oligofren», «demensiya» degan 
atamalar ko‘p ishlatiladi. «Aqlan zaiflik» – bu yig‘ma tushuncha 
bo‘lib, aqliy jihatdan qoloqlikning sodir bo‘lgan vaqti, boshidan 
kechirilgan kasallikning xarakteri, patologik o‘zgarishlarning o‘tishi, 
darajasi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni ko‘zda tutadi. 
Aqliy qoloqlikni belgilashda klinik, psixologik va pedagogik 
mezonlarni tafovut qilmoq kerak. Klinik mezon-aqliy qoloqlik va bu 
markaziy asab sistemasining qanday organik kasalliklariga aloqador-
ligini, psixologik mezon-bilish faoliyatining turg‘un buzilganligini; 
pedagogik mezon-o‘zlashtirish qobiliyati past bo‘lib, bolaning dastur 
materiallarini o‘zlashtira olmasligini ifodalaydi. 
Aqliy nuqson bola markaziy asab sistemasining ona qornidaligi 
davrida, tug‘ilish vaqtida va tug‘ilgandan to uch yoshgacha bo‘lgan 
davr ichida shikastlanishi, kasallanishi natijasida kelib chiqadi. 
Agarda, turli sabablarga ko‘ra, aqlan zaiflik bolaning uch yoshidan 
keyingi davrida paydo bo‘lsa, buni endi orttirilgan aqliy zaiflik – 
demensiya deb yuritiladi. Demensiya progressiv, ya’ni tabiatan 
kuchayib boradigan bo‘ladi. Oligofreniyada esa nuqsonning 
kuchayib borishi kuzatilmaydi. Kelib chiqish sabablariga ko‘ra 
oligofreniya tug‘ma hamda orttirilgan bo‘lishi mumkin. 
Rezus faktorning to‘g‘ri kelmasligi, xromosoma kasalliklari, 
fenilketonuriya va shu kabilar tug‘ma oligofreniyaga olib kelishi 
mumkin. 
Masalan, oligofreniyaning Daun sindromi deb ataladigan bir 
turli xromosomalar nisbatining buzilishi 46 ta yoki 23 juft xromo-
soma o‘rniga bitta ortiqcha xromosomaning vujudga kelishi natija-
sida paydo bo‘ladi. Shunisi qiziqki, irsiy hujayralardagi patologik 
o‘zgarishlar Daun sindromi bilan kasallangan barcha oligofren 
bolalarning tashqi ko‘rinishini bir xil qilib qo‘yadi. Ular kam harakat, 
beso‘naqay, ko‘zlari qisiq, burni puchuq, tili katta, lablari qalin, 


40
shalpang quloq, barmoqlari kalta bo‘ladi va hokazo. Millatidan qat’i 
nazar, ular bir ota-onaning bolasiga o‘xshab ketishadi. 
Onaning homiladorlik davrida turli kasalliklar – og‘ir virusli 
gripp, tif, qizilcha bilan kasallanishi, ona organizmidagi turli 
parazitlarning homilaga yuqishi, homilaning shikastlanishi, ota-
onalarning alkogolizmi ham oligofreniyaga sabab bo‘lishi mumkin. 
Fransuz olimlari alkogolizmga giriftor oilalarda tug‘ilgan 57 
nafar bolani uzoq muddat kuzatib borib, ularning 25 nafari 1 yoshga 
to‘lmasdan nobud bo‘lganini, 5 nafari tutqanoq, 5 nafari gidrotse-
faliya (bosh miyada suyuqlik istisnosi) kasalligi bilan og‘riganini, 12 
nafari aqlan zaif bo‘lgani va faqat 10 nafar bola sog‘lom chiqqanini 
aniqlagan. 
Oligofreniya bola uch yoshgacha bo‘lgan davr ichida turli xil 
og‘ir kasalliklar bilan kasallanishi (meningit, meningoensefalit, 
markaziy asab sistemasining shikastlanishi) natijasida ham vujudga 
keladi. 
Mutaxassislar orasida oligofreniya, uning debil, imbetsil, idiot 
darajalari haqida so‘z yuritish mumkin. Biroq bolalar, ota-onalar 
orasida ushbu atamalarni ishlatish mumkin emas. Hozirgi kunda 
xalqaro kasalliklar tasnifida aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan 
bolalar aqliy rivojlanish darajasiga ko‘ra yengil, o‘rta, og‘ir va o‘ta 
og‘ir darajalarga ajratib ko‘rsatilgan. Bola shaxsini kamsitmaslik, uni 
himoyalash maqsadida oligofrenopedagogika fanida ishlatiladigan 
atamalar amaliyotda ishlatilmaydi. 
Aqliy (intellektual) rivojlanishiga ko‘ra oligofreniya uch dara-
jada namoyon bo‘ladi:
1) yengil darajadagi aqli zaiflik;
2) imbetsillik;
3) idiotiya. 


41
Aqli pastlikning eng yengil darajasidagi bolalarning tashqi 
ko‘rinishiga qarab me’yorda rivojlangan tengdoshlaridan ajratib 
bo‘lmaydi. Ular ko‘pincha o‘qishni ommaviy maktabning birinchi 
sinfidan boshlaydilar-u, lekin qisqa muddat ichida ulgurmovchi 
o‘quvchilar orasiga qo‘shilib qoladilar. Umuman, zehn va fahm-
farosatga bog‘liq ishlarda bu bolalar ancha qiynaladi, biroq ular 
sanoat hamda qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishida, maishiy xizmat 
sohasida oddiy turdagi mehnat bilan shug‘ullana oladi. Tarbiyachi va 
o‘qituvchilar yengil darajadagi aqli zaif bolalarni boshqa bolalardan 
ajratib olib, ularni maxsus bog‘cha va maktablarda tarbiyalanishi va 
ta’lim olishini ta’minlashlari yoki integratsiyalashgan ta’limga jalb 
etishlari lozim. 
O‘ta og‘ir darajadagi bolalar o‘zini o‘zi uddalay olmaydi. 
O‘ziga o‘zi xizmat ham qila olmaydi. O‘rta va og‘ir darajadagi 
bolalar o‘ta og‘ir bolalarga qaraganda nisbatan tuzukroq rivojlangan 
bo‘lsa ham, mustaqil hayot kechirolmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 
qoshidagi muassasalarda ularga sodda bilimlar, mehnatning ayrim 
sodda turlari (o‘z-o‘ziga xizmat qilish, ekinlarni par- varish etish, 
kartondan qutichalar yasash va h.k.) o‘rgatiladi. 
Aqliy nuqsonlari bo‘lgan bolalarning o‘rta darajasida ham 
tarbiyachi va o‘qituvchilar o‘quvchilarni sog‘lom tengdoshlari hamda 
o‘xshash tarzdagi boshqa kamchiliklari bor bolalardan ajrata olishlari 
lozim. Lekin aqliy nuqsonning eng yengil darajasini boshqa o‘xshash 
anomaliyalardan va me’yorda rivojlangan bolalardan ajratib olish 
amalda ancha qiyin bo‘ladi. 
Aqliy nuqsoni yengil darajadagi bolalar o‘z sog‘lom 
tengdoshlaridan yoshligidanoq farq qiladi. Ularda, odatda, ixtiyoriy 
shakldagi murakkab harakatlar uncha rivojlanmagan bo‘ladi. Ular 
boshini tutish, o‘tirish, yurishga kechroq o‘rganadi, nutqi kechikib 
rivojlanadi. Bu bolalar atrofdagilarning sodda nutqini tushunadi-yu, 


42
lekin murakkab so‘z va gaplarni, iboralarni fahmlay olmaydilar. Bola 
nutqida qo‘pol, uni tushunib bo‘lmaydigan nuqsonlar kuzatilmasa 
ham, ko‘p tovushlar noto‘g‘ri talaffuz etiladi, bunday bola lug‘ati 
kambag‘al, chegaralangan bo‘ladi. Ular o‘yin faoliyatida ham 
tengdoshlaridan ajralib turadi, o‘yin vaziyatini yetarli darajada 
tushunmaydi; o‘yin vaqtida me’yorda rivojlangan tengdoshlariga 
to‘liq bo‘ysunib, ikkinchi darajali rollarni bajaradi, xolos. 
Bu bolalar uchun bir qator fahm-farosat xarakterlidir. Ularning 
kuzatish, taqqoslash, idrok qilayotgan narsalarning, voqea-hodisalar-
ning muhim tomonlarini ajratib ko‘rsatish, bular o‘rtasidagi eng 
oddiy sabab-natija bog‘lanishlarini fahmlab olish qobiliyatlari rivoj-
lanmay qoladi. Aqliy nuqsoni yengil darajadagining tafakkuri, diq-
qati, sezgi va idroklari, xotirasi, analiz va sintez qilish qobiliyatlari 
ham yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. 
Savod o‘rgatishning dastlabki davridayoq bu bola tovush va 
harflar o‘rtasidagi bog‘lanishlarning farqiga yaxshi bormay harflarni 
eslab qolish, bo‘g‘inlab o‘qish, tez, ravon o‘qish malakalarini 
o‘zlashtirishda qiynaladilar, juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadilar. 
Yengil darajadagi aqli zaif bolalarning bilish faoliyatidagi kam-
chiliklar matematika darslarida, ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi, 
negaki, eng oddiy hisoblash amallari ham abstrakt hisoblashni talab 
etadi. Yengil darajagi aqli zaif bolalar tartib sonlarni o‘zlashtira 
oladilar, lekin qo‘shish va ayirish, teskari sanash, eng oddiy masa-
lalarni, misollarni yechishda juda qiynaladilar. Ular misolning 
mohiyatini, masalaning mazmunini va raqamli ma’lumotlarni 
tushunolmaydilar. 
Asab jarayonlari muvozanati, bilish faoliyatining buzilganligi 
natijasida oligofren xulq-atvorida ham bir qator kamchiliklar 
kuzatiladi. Qo‘zg‘alish va tormozlanish o‘rtasidagi muvozanat 
buzilganligi tufayli ayrim oligofren bolalar haddan tashqari jonsarak, 


43
serharakat, sho‘x bo‘ladilar va tormozlanish jarayoni ustun turgan 
bolalarda esa, aksincha, passivlik, bo‘shanglik, beparvolik, hech 
narsaga qiziqmaslik kuzatiladi va hokazo. 
Oligofren bolalar vaziyatni yetarli darajada anglay olmaydilar, 
xatti-harakatlarni vaziyatga qarab, adekvat o‘zgartira olmaydilar. 
Ularda o‘z-o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan tanqidiy munosabat 
birmuncha sust bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatilgan bir qator kamchilik-
larga qaramay, oligofren bolalar bilan to‘g‘ri tashkil etilgan maxsus 
ta’lim-tarbiya ishlari natijasida defektologlar ularni mustaqil hayotga 
tayyorlash, kasb-hunarga o‘rgatish borasida katta yutuqlarga erish-
moqdalar. Maxsus yordamchi maktablarda ta’lim-tarbiya olib chiq-
qan bolalar hayotda o‘z o‘rnini topib, sanoat hamda qishloq xo‘jalik 
ishlab chiqarishining turli sohalarida, maishiy xizmat sohasida faol 
mehnat qilib yashamoqdalar. Tarbiyachi va o‘qituvchilarning muhim 
vazifasi – oligofren bolalarni boshqa alohida yordamga muhtoj 
bolalardan ajratib, ularni iloji boricha ertaroq tegishli muassasalarda 
ta’lim-tarbiya olishlarini ta’minlab berishdir. 

Download 3,4 Mb.
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   85




Download 3,4 Mb.
Pdf ko'rish

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



N. B. Goipova inkluziv ta’lim gospital ped a gogika

Download 3,4 Mb.
Pdf ko'rish