78
Insonlarning aksariyat ko’pchiligiga esa voqelikni o’zlarining shaxsan turmush
kechirishlarini ta’minlaydigan darajada yashashlariga yordam beradigan tarzdagi passiv
ong xosdir. Bundan amalda jamiyatning kichik bir qismigina yuksak ongli faollikka ega
bo’lib, qolganlar esa faqat iste’molchilar, jumladan, ma’naviy mahsulot, xususan,
ommaviy axborot iste’molchilari ekanligi kelib chiqadi.
Bu fikrlardan inson psixologiyasi, yoki, kamida, aksariyat ko’pchilik kishilar
psixologiyasi istalgan mazmundagi axborot ta’siriga duchor qilinishi mumkin bo’lgan
ochiq tizimdir, degan muhim xulosa chiqadi. Individning ongi, modomiki u inson
ijtimoiy faoliyatining natijasi, guruhiy izlanishlar va olingan bilimlar mevasi hisoblanar
ekan, tashqi ta’sir uchun ochiq bo’lmasligi hech mumkin emas. Mutlaq ma’noda
olganda, ijtimoiy axborot har doim individ tomonidan qabul qilinadi va unga so’zsiz
ta’sir o’tkazadi. Ommaviy axborot turli darajada ijobiy yoki salbiy bo’ladi. O’z
navbatida, insonning amalda yurish-turishini ko’p jihatdan individ muayyan holatda
qabul qilgan va o’zlashtirgan aniq axborotning mazmuni taqozo qiladi.
Bunday ahvol inson to’g’risidagi faol, o’z xatti-harakatlarini nazorat qila biladigan
ongli mavjudot degan an’anaviy tushunchani o’zgartirib yuboradi. Bundan kelib
chiqadiki, biz ishonch hosil qilganimizdek, ochiq, qabul qiluvchi ongga ega bo’lgan
individlarni ham salbiy, buzg’unchi ommaviy axborot ta’siridan muhofaza qilish kerak
ekan.
Axborot asrida individni va jamiyatni manfiy ma’lumotlardan muhofaza qilish
zaruriyati keskin oshadi va murakkablashadi. Bunday davr ommaviy axborotni nazorat
qilish ishining ahvolini tubdan o’zgartiradi. Axborot texnologiyalarining soni va sifati
jadal oshib borishi ularga egalik qiluvchilarning nafaqat o’z mamlakatlari, balki butun
dunyodagi fuqarolarga ta’sir o’tkazish imkoniyatlarini cheksiz-chegarasiz qilib qo’yadi.
Bugungi kunda ommaviy axborot hadsiz miqdorda ishlab chiqarilib, sayyoramiz
bo’ylab juda katta tezlikda tarqatilmoqda. Biroq bu ishni faqat shunday
texnologiyalarga ega bo’lgan mamlakatlar amalga oshira oladi. Boshqa davlatlar esa bu
borada ularga bevosita bog’liq bo’lib qolishayapti. Shu boisdan inson ongi uchun, uning
muayyan ideallarga tarafdorligi uchun kurash hozirgi zamon geosiyosatining eng
muhim masalasiga aylandi.
Axborotlashgan davrda ommaviy axborot manbalari uchun individlar bilan
to’g’ridan-to’g’ri ish olib borish imkoniyati sezilarli darajada yuksaladi.