Takrorlash uchun savollar
1.
Axborot ta’siri va axborot xuruji. Axborot-psixologik urush tushunchasining
murakkabligi.
2.
Rivojlangan axborot texnologiyalariga ega mamlakatalar tomonidan o’z
madaniyati va qadriyatlarini dunyo bo’ylab tarqatish harakatlari: strategik vazifalar
va amaliyot.
3.
Axborot quroli haqida tushuncha. Axborot qurolining tavsifi.
4.
Neyrolingvistik dasturlash muammosi.
5.
Axborot quroli yordamida ta’sir ko’rsatish usullari.
1
Цыганов В. Медиа-терроризм: терроризм и средства массовой информации. – К.: Ника-Центр, 2004. – Б. 18.
63
6.
Yolg’on targ’ibot va buzg’unchi ta’sir usullari.
7.
Ommaviy axborot vositalari axborot urushi quroli sifatida.
8.
Yangiliklar – axborot urushi vositasi.
Seminar uchun savollar
1.
Axborot-psixologik ta’sir, tahdid, xavf va urush tushunchalari, ularga tavsif.
2.
Axborot qurolining noan’anaviyligi, ko’rinishlari, ta’siri va oqibatlari.
3.
Neyrolingvistik dasturlash zamonaviy ta’sir usuli sifatida.
4.
Ommaviy axborot vositalari yordamida axborot urushini olib borish
xususiyatlari.
5-bob. DAVLAT, JAMIYAT VA SHAXSNING AXBOROT-PSIXOLOGIK
XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHNING ASOSIY YO’NALISHLARI
1.
Axborot-psixologik ta’sir, uning xavfsizlik tug’diruchi sub’ektlari va
omillari
Inson va jamiyat hayoti faqat tabiat qo’ynida emas, ayni paytda odamlarning
o’zlari yaratgan sun’iy muhitda ham kechadi. Bu muhit esa texnika va
texnologiyalardan tashkil topgan texnosfera va axborot muhitini o’z ichiga oladi. O’z
navbatida, texnosfera ham, axborot muhiti ham bir qator qonuniyatlar asosida rivojlanib
boradi.
Kishilik jamiyatining paydo bo’lishi ayni paytda axborot muhitining vujudga
kelganligini ham anglatar edi. Jamiyat taraqqiyoti va axborot muhitining rivoji bir-
biriga bog’lik ravishda davom etdi. XX asr boshlarida, ayniqsa, uning so’nggi choragida
axborot muhitining ravnaqi shiddatli tus oldi. Bunday jadal sur’at axborot
texnologiyalarida yuz bergan inqilobiy o’zgarishlar bilan bog’liq bo’ldi. Kompyuter
texnologiyalarining vujudga kelishi va rivojlanishi jamiyatda aylanib yurgan axborot
hajmining keskin o’sishiga olib keldi. Taassuf bilan ta’kidlash joizki, axborot hajmining
o’sishi uning tarkibidagi ijobiy, taraqqiyotga xizmat qiladigan axborotlar bilan bir
katorda rivojlanishga g’ov bo’ladigan, odamlarning ongi va dunyoqarashiga buzg’unchi
ta’sir o’tkazadigan axborotlar hajmi kengayishiga ham olib keldi.
Jamiyat taraqqiyotining ilk bosqichlaridayok vayronkor g’oyalar, mafkuraviy
xurujlardan himoyalanish ehtiyoji paydo bo’ldi. Biroq XX asrning so’nggi choragi va
XXI asr boshlarida bunday g’oya va axborotlarning har bir shaxs va umuman, insoniyat
hayoti uchun xavfi keskin ortgani bois ulardan himoyalanish zaruriyati ham ustuvor
ahamiyat kasb eta boshladi.
Buzg’unchi axborotlarning manbalari turlicha. Lekin ular orasida alohida shaxslar
va guruhlar tomonidan o’zlarining g’arazli maqsadlariga erishish niyatida voqelikning
buzib ko’rsatilishi asosiy o’rinni egallaydi. Bunday axborotlardan himoya tizimini
yaratishda mana shu holatni hisobga olish zarur bo’ladi.
Hozirgi kunda jamiyat hayotining iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va harbiy sohalari
singari axborot sohasi ham birinchi darajali ahamiyatini tobora namoyon qilib
bormoqda. Bunday holat quyidagi sabablar bilan bog’liq: birinchidan, kompyuter
texnologiyalari vujudga kelgach, axborotning qimmati keskin oshdi va u jamiyatning
muhim iqtisodiy resursiga aylandi. Bir qator mamlakatlarda o’tkazilgan tadqiqotlar
aholining axborotga bo’lgan ehtiyoji jiddiy tarzda yuksalib borayotganini ko’rsatmoqda.
Bunday ehtiyojga mutanosib tarzda axborot tovarlarini ishlab chiqish va axborot
xizmatlarini taklif etish ham keskin ortib borayotir. Yangicha axborot mahsulotlari,
yangi axborot xizmatlari, axborot sohalari, yangi-yangi ixtisosliklar va ish o’rinlari
64
vujudga kelmoqda. Buning oqibatida, axborot yaratish va tarqatish, uni yangilash va
tatbiq etish sur’atlari boshqa sohalarga nisbatan ildamroq rivojlanayapti.
Axborot bozori (kompyuterlar, telekommunikatsiyalar, dasturiy mahsulotlar,
axborot xizmatlari ko’rsatish bozori) borgan sari iqtisodiyotda tobora salmoqli o’rinni
egallamoqda. 2005 yilda mana shu bozordagi oldi-sotdilar hajmi uch trillion AQSh
dollaridan ortib ketdi. Bu bozorning rivojlanish sur’ati tovar ishlab chiqarish va xizmat
ko’rsatishning boshqa har qanday turi bozoridan ko’ra shiddatliroqdir.
Ikkinchidan, axborot real ijtimoiy resursga aylanmoqda. U insonning tinimsiz
o’zgarib borayotgan ijtimoiy sharoitga moslashuvida, jamiyatda vujudga kelayotgan
yangi-yangi tahdidlarga javob berishda borgan sari muhim rol o’ynayapti. Hozirgi
davrda insonlar uzluksiz ravishda yangidan-yangi narsa-hodisalarga ro’baro’ kelmoqda.
Bunday sharoitga va o’zgarishlarga moslashish bobida faqatgina axborot yordam berishi
mumkin.
Uchinchidan,
jamiyat
hayotining
turli
sohalariga
zamonaviy
axborot
texnologiyalarining joriy etilishi jamiyat, shuningdek har bir fuqaro xavfsizligini
axborot infratuzilmasi faoliyatining ishonchililigiga bog’lab qo’ydi. Ana shu
infratuzilma faoliyatiga g’ayriqonuniy tarzda aralashish, bu tuzilmada yuz berishi
mumkin bo’lgan halokatlar qanday dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini
tasavvur qilish qiyin emas.
Alohida shaxslar, ijtimoiy guruh va birlashmalar axborot-psixologik xavfsizligini
ularning irodasi va hohishiga zid ravishda psixik holati va xususiyatlariga ta’sir
o’tkazish, ularning xulq-atvorini, erkini cheklash va modifiktsiya qilish sifatida
tushunish muloqot, kommunikatsiya, axborotning o’zaro ta’sirini, shuningdek hozirgi
jamiyatdagi turli ijtimoiy-psixologik jarayonlar va hodisalarni anglashga yangicha
yondashuv zaruriyatini keltirib chiqardi.
Ming yilliklar ayrilishida jamiyatda muomalada bo’lgan axborot hajmining o’sishi
shiddatli tus oldi. Shunga mos ravishda ommaviy axborot vositalari ham miqdoriy va
sifat o’zgarishlariga duch keldi. Axborot hajmining keskin o’sishi odamlar kamolotiga,
ularning birgalikdagi faoliyati takomillashuviga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Ko’pgina ijobiy
hodisalarda bo’lgani singari bu hodisaning ham salbiy jihatlari mavjud. Odamlar
axborot almashinuvisiz hayot kechirishlari juda mushkul. Biroq o’sha ayirboshlashning
shunday salbiy jihatlari ham mavjudki, ular jamiyat va shaxs rivojini jiddiy xavf ostiga
qo’yadi. O’zbekistonda o’tkazilayotgan tub iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar odamlarning
turmushi yaxshilanishi, demokratiya sari ildam siljish uchun zamin yaratdi. Shu bilan
birga, mamlakatda bozor munosabatlarining qaror topa borishi odamlar o’rtasida
musobaqalashuv, raqobat va ijtimoiy munosabatlarda etakchilik uchun kurash omilini
ham keltirib chiqardi. Bunday bahslashuvning stixiyali tarzda jadallashib borishi ba’zi
ko’ngilsiz hodisalarga ham olib keldi.
O’zaro bellashuv kayfiyatining avj olishi faqat iqtisodiy sohada emas, ijtimoiy
hayotda ham ba’zi noxushliklarni namoyon etayotir. Masalan, odamlar endi bilim olish,
kasb egallash, ishlab chiqarish sohalarida yuqori ko’rsatkichlarga erishish borasida
emas, oilaviy tadbirlarni, hatto motam marosimlarini ko’proq dabdababozlik bilan
o’tkazishda bir-birlaridan o’zish mayllariga berildilar. Oqibatda, ba’zi motam
marosimlari marhumlar xotirasi va hurmati uchun emas, tiriklar boyligini, amalini ko’z-
ko’z qilish uchun o’tkaziladigan tadbirlarga aylanib qoldi. Bu holatni ham axborot
almashinuvi kuchayishining salbiy oqibatlaridan biri sifatida baholanishi mumkin.
65
Zamonaviy aloqa va axborotni qayta ishlash vositalarining tez sur’atlar bilan
rivojlanishi insoniyat turmush tarzining o’zgarishiga, milliy axborot va
telekommunikatsiya tizimlarining yagona axborot infratuzilmasiga birlashuviga olib
keldi. Bu yangi infratuzilma sayyoramizdagi insonlarning qaerda turishi va istiqomat
qilishidan qat’i nazar, real vaqt sharoitida o’zaro muloqot qilishlari uchun imkon
yaratib, jamiyat taraqqiyotiga kuchli turtki berdi. Aytish mumkinki, insoniyat hozirgi
kunda yangi jahon axborot hamjamiyatini tuzish bo’sag’asida turibdi. Afsus bilan qayd
etish mumkinki, axborotlashuvning ana shunday ijobiy jihatlari bilan bir qatorda salbiy
tomonlari ham ko’rinish bermoqda. Ulkan axborot makonida ijobiy ma’nodagi axborot
tizimlari bilan yonma-yon inson ruhiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi, uning ongini emirishga
yo’naltirilgan axborotlar ham aylanib yuribdi.
Hozirgi zamon axborot texnologiyalarining ijtimoiy hayotning turli jabhalariga:
iqtisodiyot, transport, aloqa tizimiga, madaniyat, qishloq xo’jaligi, ilm-fan sohasiga
tatbiq qilinishi butun jamiyatni va har bir shaxsni ana shu axborot infratuzilmasining
faoliyat tarziga bog’lab qo’ydi. Aloqa, aviatsiya, transport va energetika singari
sohalarda axborot-telekommunikatsiya tizimlarining ishdan chiqishi qanday dahshatli
oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Shu nuqtai nazardan
qaraganda, insoniyat o’zi yaratgan axborot texnologiyalarining va ulardan xavfsiz
foydalanishning muayyan darajada garoviga aylanib qoldi, deyish xato bo’lmaydi.
O’zbekistonning axborot-psixologik xavfsizligini ta’minlashda shaxs, jamiyat
va davlat xavfsizligini belgilovchi asosiy huquqiy hujjat O’zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi ekanligini nazarda tutish zarur. Mazkur masala bo’yicha darslikning
birinchi bobida qayd etilgan va shaxs, jamiyat hamda davlat xavfsizligiga bag’ishlangan
“Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi 2002 yilning 12 dekabrida
qabul qilingan 439-II sonli O’zbekiston Respublikasi Qonunining 13, 14 va 15-
moddalardan tashqari ushbu holat boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ham o’z aksini
topgan. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20, 24, 29, 31, 43, 57 va
67 moddalarida shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga tegishla fikrlar bor. Jumladan,
Konstitutsiyaning 20-moddasida so’z fuqarolar o’z huquq va erkinliklarini amalga
oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari
va erkinliklariga putur etkazmasliklari shartligi haqida yuritiladi. 29-moddada esa har
kim fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o’zi istagan axborotni
izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi
qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir,
deb qayd etilgan. Shu bilan birga aytilganki, fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat
davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo’lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi
mumkin.
31-modda esa vijdon erkinligiga bag’ishlangan. Moddada keltirilganidek,
hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish
yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan
singdirishga yo’l qo’yilmaydi. Davlat va fuqaroliar munosabatlari 43-moddada
tartiblashtirilgan. Bu erda yozilganidek, davlat fuqarolarning Konstitutsiya va
qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.
Shuningdek, ushbu masala yuzasidan 2007 yil 15 yanvar kuni qabul qilingan
“Ommaviy axborot vositalari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining yangi
tahririda ham bir qator moddalar bor. Masalan, Qonunning 5-moddasida ommaviy
axborot vositalarining erkinligi kafolatlangan, 7-moddasida esa “O’zbekiston
66
Respublikasida ommaviy axborot vositalarini tsenzura qilishga yo’l qo’yilmaydi”, deb
qayd etilgan. 1997 yilning 24 aprelida qabul qilingan “Axborot olish kafolatlari va
erkinligi to’g’risida”gi 400-I sonli O’zbekiston Respublikasi Qonunining barcha
moddalarida axborot olishni ta’minlash kafolatlari keltirilgan. Masalan, Qonunning 3-
moddasi “Axborot olish kafolatlari” deb nomlangan va unda shunday deyilgan: “Har bir
fuqaroning axborot olish huquqi kafolatlanadi. Har kimning axborotni izlash, olish,
tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi”. 4-modda
esa “Axborot olish erkinligining asosiy printsiplari haqida. Unda “Axborot olish
erkinligining asosiy printsiplari axborotning oshkoraligi, hamma olishi mumkinligi,
ochiqligi va haqqoniyligidan iboratdir” deb aks ettirilgan.
Konstitutsiyamiz “har kim fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi hukuqiga, har kim
o’zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega” ekanligini alohida
ta’kidlaydi (29-modda). Shu bilan birga bu huquqlarga muayyan cheklovlar ham
belgilangan bo’lib, ular amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va
qonunda belgilangan boshqa holatlar bilan bog’liq: “Fikr yuritish va uni ifodalash
erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo’lgan taqdirdagina qonun bilan
cheklanishi mumkin”. Aslini olganda, Konstitutsiyada belgilangan bu cheklovlar
jamiyat va shaxsning axborot-psixologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Insonning atrofdagi voqelikni adekvat idrok etish qobiliyati, dunyodagi o’z o’rnini
anglashi, shunga muvofiq tarzda muayyan e’tiqodlarga ega bo’lishi, shu e’tiqodlar
asosida qarorlar qabul qilish erkinligi alohida shaxsning axborot-psixologik
xavfsizligini ta’minlash ob’ekti hisoblanadi. Shaxs xavfsizligiga tahdid tug’diradigan
holatlar bildirmasdan va shaxs roziligisiz uning ongiga yoki beixtiyoriy-ostki ongiga
ta’sir o’tkazish usullari va vositalari bo’lishi mumkin. Bunday tahdidlar chet odamlar
tomonidan maqsadga yo’naltirilgan tarzda shaxsning psixikasi tuzilmalariga, ostki
ongiga ta’sir o’tkazish (masalan, “25-kadr”) tarzida amalga oshiriladi. Bunday ta’sir
uning psixik reaktsiyalari va xulq-atvori o’zgarishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, shaxslar xavfsizligiga mamlakatda yashirin faoliyat
yuritayotgan “Hizbut-tahrir”, “Akromiylar”, “Tavba”, “Quyosh ota” singari diniy
sekta va mazhablar tahdid tug’diradi. Bu sektalardagi yashirin rasm-rusumlar,
marosimlar shaxs ustanovkalariga va xulq-atvor stereotiplariga jiddiy ta’sir o’tkazish
orqali uning, ayni paytda, jamiyatning ham xavfsizligiga tahdid tug’diradi.
Bu mazhab va sektalarning faoliyati qanchalik “samarador” bo’lganini ko’rsatuvchi
ba’zi misollarga murojaat qilaylik. “Hizbut-tahrir”chilar mamlakatimizda o’nlab va
yuzlab fuqarolarni o’zlarining g’ayriqonuniy faoliyatlariga jalb etdilar. Ular ta’siriga
tushgan fuqarolarning asosiy ko’pchiligi (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, 80 foizdan ortig’i)
yoshlardan iborat. Faqat aqlga, ongga murojaat qilishni shior qilib olganliklarining
o’ziyoq bu harakat naqadar xavfli ekanligidan dalolatdir. Xususan, “Akromiylar”
harakatining qay darajada “samarali” bo’lganini 2005 yilda yuz bergan Andijon
voqealari yaqqol ko’rsatadi. Bu reaktsion diniy oqimning g’ayriqonuniy faoliyati
nafaqat Andijon shahri va viloyati osoyishtaligini buzdi, balki butun mamlakat
miqyosida ma’lum bir notinchliklar keltirib chiqardi, o’nlab odamlarning hayotdan ko’z
yumishiga sabab bo’ldi.
Mamlakat ichkarisida g’ayriqonuniy faoliyat yuritadigan guruhlar, sektalar va
tashqaridan
muayyan
maqsadga
yo’naltirilgan axborot-psixologik tajovuzlar
jamiyatning axborot-psixologik xavfsizligiga tahdid tug’diradigan manbalar bo’lishi
mumkin. Bunda jamiyatda shakllangan ijtimoiy ong asosan ikki qismdan – konservativ
67
va dinamik qismlardan iborat ekanligini nazarda tutish lozim. Konservativ qism
fuqarolarning (ijtimoiy guruhlar va sinflar, millatlar, xalqlar, elatlar, umuman, mamlakat
aholisining) mushtarak manfaatlaridan tashkil topadi. Bu qism, shuningdek, o’sha
ijtimoiy guruhlar va xalqlar tomonidan e’tirof etiladigan madaniy, ma’naviy va axloqiy
qadriyatlarni, mavjud odob-axloq me’yorlarini ham qamrab oladi.
Mana shu tarkibiy qismga tahdid asosan unga yot bo’lgan manfaatlar, qadriyatlar
va xulq-atvor ko’rinishlarini kuch yordamida, lekin yashirin ravishda olib kirishdan
iborat bo’lishi mumkin. Bunday tazyiqlar oqibatida millat yoki guruhning ma’naviy-
axloqiy salomatligiga shikast etishi, mavjud ijtimoiy munosabatlar buzilishi va
emirilishi hech gap emas.
Ijtimoiy ongning dinamik qismi esa ijtimoiy jihatdan muhim bo’lgan axborotning
konservativ qismda aks etishi va u yuzaga keltiradigan jo’shqin his-tuyg’ular bilan
bog’liq.
Ijtimoiy ongning dinamik qismiga nisbatan tahdid tug’diradigan hodisalarni buzib
ko’rsatish axborot yordamida manipulyatsiyalar kilish shaklida namoyon bo’lishi
mumkin. Bunday tahdidlar oqibatida ijtimoiy ong atrof-voqelikni adekvat idrok eta
olmay qolishidan yuz beradigan bunday o’zgarishlar ijtimoiy apatiya, loqaydlik,
nigilizm, yoki bo’lmasa, tashqi dunyoga agressiv munosabat shaklida namoyon bo’ladi.
|