|
-MAVZU. OILAVIY KONFLEKTLAR. NOTINCH VA NOTOʻLIQ OILANING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
|
bet | 27/74 | Sana | 29.01.2024 | Hajmi | 2,57 Mb. | | #148139 |
Bog'liq ------------ LOTIN Professional ta---limda Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash (1)7-MAVZU. OILAVIY KONFLEKTLAR. NOTINCH VA NOTOʻLIQ OILANING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Oilaviy nizolarning eng xarakterlilaridan biri bu er va xotin oʻrtasidagi nizolardir. Xoʻsh, eng ezgu niyatlar bilan bir-birlarini sevib oila qurgan yoshlar nega oila qurishgandan keyin ularning oʻzaro munosabatlarida nizo-janjallar roʻy beradi? Ular nima uchun urushadilar? Umuman er-xotinlik hayotida nizolarsiz, urush-janjallarsiz ham yashasa boʻladimi? Bu kabi savollarni yana koʻp davom ettirish mumkin. Xalqimizda bir gap bor: oshsiz uy boʻlishi mumkin, lekin nizosiz uy boʻlmaydi. Faqat, nizoning nizodan farqi bor. Bu haqda quyida batafsil toʻxtalib oʻtamiz. Haqiqatdan ham ilk bolalikdanoq koʻplab ertaklar eshitib, keyinchalik oʻzlari ham ularni turli kitoblardan oʻqib oʻsgan yoshlar oʻzlarining boʻlajak oilaviy hayotlarini adekvat tasavvur eta olishlari mushkul. Chunki ertaklarda ham, kinofilmlarda ham qahramonlar bir-birlariga yetishgunlariga qadar ne-ne mashaqqatlarni, zahmatlarni boshlaridan kechirib, bu yoʻlda duch kelgan qora kuchlarni yengib, oxir-oqibatda visolga erishadilar, el-u yurtga “qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy berib, murod-maqsadlariga erishadilar”. Deyarli barcha ertaklar, filmlar, ayniqsa, bizning yoshlarimiz, qizlarimiz sevib tomosha qiladigan hind filmlari, aksariyat hollarda shu tariqa yakunlanadi.
Bunga sizlar ham koʻp martalab guvoh boʻlgansizlar. Bundan tashqari aksariyat muvaffaqiyatli oilalarda tarbiya topgan yigit-qizlar oʻz ota-onasi oilasini, ularning turmush tarzini, bir-birlarga nisbatan boʻlgan oʻzaro munosabatlarini va qator shu kabilarni oʻzlarining boʻlajak oilaviy hayotlari uchun ideal deb olishadi va ular ham oila qurishganlaridan soʻng oʻgʻil bolalar xuddi oʻz otasidek va qizlarimiz oʻz onalaridek “ota”, “ona”, “er”, “xotin” boʻlishni orzu qiladilar. Chunki ular oʻz ota-onalari misolida, bir-birlariga nisbatan salbiy munosabatda boʻluvchi, bir-birlari bilan nizolashib turuvchi er-xotinlarni koʻrmaganlar. Mabodo bunday vaziyatlar va nizolar yuzaga kelib qolgudek boʻlsa ham ularning ota-onalari bu holatni farzandlariga sezdirmaslikka harakat qiladilar. Bundan tashqari ommaviy axborot vositalari orqali namunaviy ahil, baxtli oilalar haqida berib boriladigan materiallarda ham aksariyat hollarda er-xotinlik munosabatlarini bir yoqlama, faqat yaxshi tomondan koʻrsatish an’analari mavjud. Bularning hammasi yoshlarda oilaviy hayot haqida bir yoqlama ijobiy tasavvurlarning shakllanishiga asos boʻladi.
Shunday ertakmonand tasavvurlar, orzular ogʻushida oila qurgan yoshlar, oʻzlarining oilaviy hayotlarida dastlabki muammolarga duch kelishlari bilanoq, ularning oilaviy hayotlari oʻzlari kutganlaridek boʻlmayotganligi, turmush oʻrtogʻini tanlashda “xato qilganligi”, ular oldingi (toʻydan oldingi) holatiga nisbatan maʻlum darajada (albatta) “salbiy” tomonga oʻzgarib qolganligi kabilarni “tushuna” boshlaydilar. Shuningdek, yosh oilada er-xotinlarning oʻzaro munosabatlari rivojlanishining oʻziga xos qonuniyatlari, ayniqsa, yosh oʻzbek oilasida uning etnik, hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yosh kelinva kuyovning yangi ijtimoiy sharoitlarga moslashishi jarayoni bilan bogʻliq qiyinchiliklar er-xotin munosabatlarida nizoli vaziyatlar va nizolarni yuzaga keltirishi mumkin.
Afsuski, bunday jarayonlar deyarli har bir oila uchun muqarrar boʻlgan va aksariyat yoshlar oila qurish arafasida oʻz nikohlaridan kutmagan jarayonlardir. Xoʻsh bu jarayonlar, yaʻni er-xotin nizolari kerakmi? Ular er-xotinning oʻzaro munosabatlariga qay darajada taʻsir etadi? Oʻtmish donishmandaridan biri haqli ravishda er-xotin nizolarini garmdoriga qiyoslagan ekan. Garmdori achchiq, lekin u me’yorda boʻlsa ishtahani ochadi, me’yoridan ortib ketsa, ogʻiz, lab, tilni kuydirishi, noxush hissiyotlarni yuzaga keltirishi mumkin. Nizoli vaziyatlar har qanday oilada u yoki bu darajada yuzaga keladi. Oila qanday boʻlishidan qat’i nazar nizolardan mutlaqo xoli (himoyalangan, kafolatlangan) boʻla olmaydi.
Chunki oiladagi shaxslararo munosabatlar odatda nizosiz boʻlmaydi. Bu nizolar maʻlum darajada er-xotin munosabatlarini rivojlantiruvchi katalizator vazifasini oʻtaydi. Lekin nizoning nizodan farqi bor. Ular kelib chiqishi, tashqi ifodalanishi, takrorlanib turish tezligi (soni) va nihoyat oqibatlariga koʻra bir-birlaridan farqlanadi. Biror-bir maxsus mezon yoʻqki, shunga asosan nizolarning qaytalanishi, kuchi, darajasi va boshqa ma’lumotlari (koʻrsatkichlari)ni aniq belgilab berish (olish) mumkin boʻlsa. Bunda hamma narsa subyektning oʻziga, uning shaxsiy, psixologik xususiyatlariga, yoshiga, jinsiga, uning qoʻyilishiga, nizoning qanday idrok qilinishi va boshqa omillarga bogʻliq boʻladi.
Ma’lumki, bir-birlariga aynan oʻxshash, mos ikki odamning boʻlishi mumkin emas, chunki shaxs va uning individualligi takrorlanmasdir. Shunday ekan ikki va undan ortiq shaxsdan (individ)dan tashkil topgan oila ham ikki, uch karra takrorlanmasdir.
Bir oila uchun meʻyorida boʻlgan shaxslararo munosabatlar tizimi, ikkinchi bir oilaga mutlaqo mos kelmasligi, yoki biron-bir oila uchun u qadar ahamiyatga ega boʻlmagan nizo va uning sababi boshqa oila a’zolarining oʻzaro munosabatlarida jiddiy oqibatlar olib kelishi mumkin va hokazo. Shunday ekan jamiki oilalarga xos boʻlgan nizolar va ularning sabablarini yagona bir oʻlcham yoki xarakteristika bilan koʻrsatib berish masalasi ham mantiqqa toʻgʻri kelmaydigan ishdir. Lekin turli toifadagi oilalar ni oʻrganish, ular a’zolarining oʻzaro munosabatlarini taqqoslash va shu kabilar asosida ayrim nisbiy xulosalarga, mulohazalarga kelish mumkinki, shu nisbiylikdan har bir odam oʻzi uchun nisbatan “tegishli” xulosalar chiqarib olishi lozim boʻladi. Shuning uchun, biz quyida oilaviy munosabatlar, oiladagi nizolar haqida fikr yuritar ekanmiz, ularning barcha oilalarga mutlaq tegishli boʻlishligini (ekanligini) da’vo qilolmaymiz. Quyidagilar ham bizning nisbiy mulohazalarimizdir.
Oilaviy nizolar turlari:
1. Er-xotin oʻrtasidagi.
2. Qynona-kelin oʻrtasidagi.
3. Qaynona-kuyov oʻrtasidagi.
4. Ovsinlar oʻrtasidagi.
5. Ota-onalar va farzandlar oʻrtasidagi.
Oilada yuzaga kelish ehtimoli boʻlgan nizo-janjallarning sabablarini aniqlash va ularning oldini olish masalalarini ijobiy hal qilish uchun birinchi navbatda ularni kimlar oʻrtasida yuz berayotganligini farqlab olish maqsadga muvofiqdir.
Oilaviy nizolarda kimlar ishtirok etayotganiga koʻra ularni quyidagicha asosiy turlarga ajratish mumkin:
er-xotin oʻrtasidagi nizolar;
qaynona-kelin oʻrtasidagi nizolar;
qaynona-kuyov oʻrtasidagi nizolar;
ovsinlar oʻrtasidagi nizolar;
ota-onalar va farzandlar oʻrtasidagi nizolar.
Albatta, bu roʻyxatni yanada davom ettiraverish mumkin, lekin biz hozircha shu yuqorida keltirilganlar bilangina kifoyalanib, oilaviy hayotda roʻy berish ehtimoli nisbatan yuqori boʻlgan nizolarning eng asosiysi boʻlmish er-xotin oʻrtasidagi nizolarning ayrim xususiyatlarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Umuman oilada er-xotin oʻrtasidagi nizolarning yuzaga kelishi va rivojlanishi taxminan quyida keltirilgan sxemadagidek boʻlishi mumkin.
Sxemadan koʻrinib turibdiki, har qanday oilada er-xotinning oʻzaro munosabatlarida nizoli vaziyatlarning yuzaga kelishi muqarrar. Lekin shu nizolarning xarakteri, ularning oqibatlariga koʻra turli oilalar va ulardagi oilaviy munosabatlar bir-birlaridan farqlanadi. Shunday ekan biz dastavval muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz oilalarda roʻy beradigan nizolarni koʻrib chiqaylik. Sxemada koʻrinib turganidek muvaffaqiyatli oilalardagi nizolar biriktiruvchi va muvaffaqiyatsiz oilalardagi nizolar esa ajratuvchi xarakterga ega. Shuning uchun ham psixologik adabiyotlarda nizolar shartli ravishda “konstruktiv” (“biriktiruvchi”) va “destruktiv” (“ajratuvchi”) nizolarga farqlanadi.
Ular, oʻzlarining yuzaga kelishiga asos boʻlgan muammolar, bu muammolarning hal etilishi, kechinishi, ishtirokchilari, oqibatlari va boshqalarning xarakteriga koʻra bir-birlaridan farqlanadi.
Biriktiruvchi nizolarning yuzaga kelishiga asos boʻlgan muammolar va ularning hal qilinishi ham erning, ham xotinning, butun oilaning manfaatlariga qaratilgan boʻladi. Agar ular hal etilsa, buning oqibatida oilaning umumiy manfaatlariga oid muammolar oʻz yechimini topadi. Bunday nizolarga oiladagi
Nizodan keyingi vaziyat tartib, intizom, ozodalik, oila budjetini yuritish, saranjomlik, tejamkorlik, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, bola tarbiyasi va boshqa shu kabi toifadagi nizolar misol boʻla oladi. Ular asosan er-xotin oʻrtasidagina yuzaga keladi, ularning ishtirokchilari ham faqat er-xotinlarning oʻzlarigina hisoblanadilar. Bunday nizolarning muvaffaqiyatli hal etilishida er-xotinlarning bir-birlarini yanada yaqinroq bilib, tushunib, bir-birlarining salbiy va ijobiy xususiyatlarini oʻrganib borish, bir-birlariga moslashish, muammolarni hal etish borasida hamkorlik qilish kabi oilaviy hayot mustahkamligini taʻminlashga xizmat qiluvchi jarayonlar amalga oshadi. Boshqacha qilib aytganda, bunday nizolar “er-xotinnnig urushi – doka roʻmolning qurishi” kabi nizolar toifasiga kiradi. “Doka roʻmolning qurishi” er-xotin oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantiradi.
Ajratuvchi nizolarda ularning yuzaga kelishiga asos boʻlgan muammo va uning yechimi er-xotinlardan birining manfaatiga qaratilgan boʻladi. Bunday nizolarda bir tomon manfaatining hal etilishi koʻpincha, ikkinchi tomon manfaatining boy berilishi hisobiga amalga oshadi. Masalan, erni yoki xotinni shaxsan oʻzi uchun biron nima xarid qilishi, erning yoki xotinning ishi tufayli, oʻzbek oilasi uchun xarakterli boʻlgan nizolardan boʻlmish er yoki xotinning qarindosh-urugʻlari bilan boʻladigan munosabatlar tufayli yuzaga keladigan nizolar shular jumlasiga kiradi. Bunday nizolarning hal qilinishi, yaʻni bir tomon manfaatlarining qondirilishi koʻpchilik holatlarda ikkinchi tomon manfaatlarining boy berilishi hisobiga amalga oshadi. Bunday vaziyatlarda manfaati boy berilgan tomonda norozilik, e’tiroz saqlanib qoladi va bu keyinchalik yana kuchayib navbatdagi nizoni yuzaga kelishiga asos boʻlib xizmat qilishi mumkin. Ajratuvchi nizolarda, nizo hal etilgani bilan, nizoli vaziyat saqlanib qolaveradi.
Shuningdek, ajratuvchi nizolar ularni yuzaga keltirgan sabablar bevosita er-xotinlarning oʻzaro munosabatlari doirasidan tashqaridagi omillarga ham bogʻliq boʻladi. Ularning sababchilari va ishtirokchilari ham baʻzan er-xotindan tashqari uchinchi odam boʻlishi mumkin, ularning hal etilishi ham er-xotinlarning oʻzlarigagina emas, balki shu uchinchi (boshqa) odamga bogʻliq boʻladi. Bularning oqibatida nizolarni yanada kuchayishi, sonining ortishi kuzatiladi Ajratuvchi nizolar, aksariyat hollarda “chegaralanmagan” nizolar boʻlib, oʻz xarakteri, ishtirokchilari, hal etilishi va oqibatlariga koʻra er-xotin munosabatlari doirasidan chetga chiqadi.
Bunday er-xotin nizolariga oilaning boshqa aʻzolari:
qaynona, qaynsingil, ovsinlar va boshqalar ham aralashadi.
Ijtimoiy psixologiyada gap, soʻz, nizo haqidagi ma’lumot bir ogʻizdan chiqib, kishilarning keng tomoniga qarab harakatlana boshlaydi. Uning koʻlami ma’lumot manbayidan uzoqlashib, undan xabardor boʻlgan va unga jalb etilgan ishtirokchilar soni ortib borgan sari kengayib boraveradi.
Er yoki xotin bir-birlari bilan urishib qolganlaridan soʻng bu haqda uchinchi bir odamga gapiradigan boʻlsa, imkon qadar shu nizoda oʻzini aybsiz, haq qilib koʻrsatishga, shu uchinchi odamni uning manfaatlarini himoya qilishiga ogʻdirib olish maqsadida bir yoqlama gapiradi. Bunda subyekt foydalanadigan gap-soʻzlar, ohang, imo-ishora, mimika, urgʻu va boshqalar deyarli barcha verbal va noverbal vositalar roʻy berib oʻtgan hodisa (nizo-janjal)ning asl holatiga qaraganda boʻrttiribroq idrok etilishini ta’minlaydi. Nizo haqida qanchalik koʻp odamga gapirib beraverilgan sayin, u ayanchli tus olgan holda avj olib boraveradi va oqibatda fojiali natijalarga ham olib kelishi mumkin
Shunday ekan, oilaviy hayotda roʻy berishi mumkin boʻlgan nizolarga birdek salbiy jihatdan qarayverish ham, yoki ularni birdek oqlash ham maqsadga muvofiq emas. Yoshlarimiz oilaviy hayotda roʻy beradigan biriktiruvchi nizolarga tayyor boʻlishlari, ularni biriktiruvchilik, er-xotinni bir-birlariga moslashuvlariga, ularning oʻzaro munosabatlarining rivojlanishini taʻminlovchi, ularning har ikkalovining ham, yaʻni “biz”ning manfaatiga qaratilgan nizolarning biriktiruvchanlik imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, ularni salbiy oqibatlarga olib keluvchi nizolarga aylantirib yubormaslikka oʻrganishlari lozim. Albatta ajratuvchi “men” xarakteridagi “chegaralanmagan” nizolarni oldini olish, uning oqibatlaridan voqif boʻlishlari ham maqsadga muvofiq.
Sxemada koʻrinib turganidek er-xotinning oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan konstruktiv nizolar aksariyat hollarda er-xotin oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qarama-qarshiliklarning hal etilishi, ularning oʻrtasida hamkorlikning yuzaga kelishi va oxir-oqibat er-xotin munosabatlarinig mustahkamlanishiga olib boradi.
Ajratuvchi nizolarda yuqorida aytib oʻtganimizdek, bir nizoning hal etilishi (ya’ni er-xotinlardan birining manfaatining qondirilishi) navbatdagi nizoning yuzaga kelishiga asos yaratar ekan, oʻz navbatida bunday “men” xarakteridagi, “chegaralanmagan” nizolar tufayli er-xotin munosabatlarida nizolar “eskolatsiyasi” shakllanib qoladi va oilaviy hayot er-xotin uchun “uzluksiz jang maydoni”ga aylanib qoladi. Bunday nizoli muhit nafaqat shu oiladagi er-xotinning ruhiy olamiga, ularning asabi, sogʻligʻi, ijtimoiy holatigagina emas, balki shu oilalarda dunyoga kelib shunday muhitda tarbiyalanayotgan farzandlarning ruhiy olamiga ham jiddiy taʻsir koʻrsatadi. Bunday oilalarda hukm surgan nizoli vaziyat, doimiy janjallar mehr-oqibatsizlik, oʻz asoratini faqat shu oilalarning oʻzidagina qoldirmay, balki shu oila farzandlari tomonidan tuzilajak keyingi avlod oilalariga ham oʻz asoratini olib oʻtishi mumkin.
Er-xotin munosabatlarida nizolarning rivojlanish yoʻli tasviri berilgan sxemadan koʻrinib turibdiki, yangi yuzaga kelgan oilalarda er-xotin munosabatlarining u yoki bu tarzda rivojlanishi oqibatida shartli ravishda toʻrt xil oilalar shakllanib boradi. Bular:
oʻzaro munosabatlari mustahkamlangan oilalar;
munosabatlari vaqtincha mustahkamlangan oilalar;
yangi nizolar yuzaga kelib va takrorlanib turadigan (nizoli) oilalar;
va nihoyat munosabatlar uzil-kesil buzilib ajralishib ketgan oilalar.
Bularning orasida eng maqbuli – 1-toifa oilalar. Yoshlarimizning har biri shunday mustahkam oila qurishga intilishlari lozim. 2-toifa oilalar munosabatlari vaqtincha mustahkamlangan oilalar. Bunday oilalarda boʻlib oʻtgan nizolardan soʻng er-xotinlar oʻz vaqtida boʻlib oʻtgan nizolar, ziddiyatlardan toʻgʻri xulosa chiqarishib, oʻz xatolarini vaqtida anglab yetib, bir-birlarini tushunishga harakat qilsalar, ularda ham oʻzaro hamkorlik yuzaga kelishi mumkin. Agarda qulay shart-sharoitlar yuzaga kelmasa, er-xotinlar oʻz xatolarini tushunib yetish va ularni tuzatish borasida yetarlicha bilim, tajribaga ega boʻlmasalar, yoki bu xatolarni bartaraf qilishni xohlamasalar, shuningdek, ularning katta yoshdagi qarindosh-urugʻlari, yaqinlari oʻzlarining boy hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda, yoshlarga umumiy yoʻl-yoʻriqlar, maslahatlar bermasalar, va aksincha yosh oila hayotiga nooʻrin aralashgudek boʻlsalar (afsuski bunday holatlar oʻzbek oilalarida tez-tez uchrab turadi), bunday hollarda vaqtinchalik erishilgan zoʻriqishlarning pasayishi keyinchalik yana yangi nizolarning yuzaga kelishi bilan avj olib ketishi mumkin.
Uchinchi toifa oilalar nizodan keyingi vaziyat xarakteriga koʻra: “nizolar qisman hal qilinadigan _ zoʻriqishlarning kuchayishi _ yangi nizoning yuzaga kelishi ular yana qisman hal qilinishi” zanjiridagi oilalar bu toʻrt tur oilalar ichida eng xarakterlisi va jiddiy e’tibor talab qilinadiganidir. Chunki ayrim oilalar (4-toifa) er-xotin munosabatlari yomonligi, nizolar chuqurlashuvi, zoʻriqishlar keskinlashuvi (hatto ayrim hollarda arzimagan narsalar) tufayli buzilib ketishi mumkin. Albatta, ajralish hodisasi bu nikoh oila munosabatlari uchun ayanchli. Ayniqsa, bunday hollarda oilada farzandlar boʻlsa, ular otasiz yoki onasiz qolishadi. Ajralishdan soʻng har ikki tomonning ijtimoiy ahvoli keskinlashadi. Lekin birinchi marotaba oilasi buzilgan odam kelgusi safar oʻz xatolarini tuzatishi, balkim keyinchalik “oʻz tengini topib” baxtli hayot kechirib ketishi ham mumkindir.
Biroq 3-toifa oilalarning oʻzbek etnosi uchun xarakterli yana bir jihati shuki, oʻzbeklarda, shuningdek, tojik, qirgʻiz, qozoqlarda ham oilalarning buzilib ketish hollariga boshqa, yevropa xalqlarida boʻlganiga nisbatan salbiy munosabatlarda boʻlish an’analari kuchli. Ya’ni ajralish jamoatchilik fikriga koʻra qoralanadi. Buning ustiga oʻzbek oilalarida qarindosh-urugʻchilik nikohlari boshqa qardosh millatlar oilalariga qaraganda koʻproq uchraydi. Mabodo bunday oilalarda er-xotin munosabatlari kutilgan tarzda rivojlanmasa, ya’ni ular nizojanjalli, bir-birlarini tushunmaydigan, bir-birlariga mos tushmaydigan, psixologik qovusha olmaydigan boʻlsalar ham “oila buzilmasin”, “qarindosh-urugʻchilik uzilmasin” qabilida ish tutib, qanday qilib boʻlmasin oilalarni saqlab qolishga harakat qilinadi.
Hozirgi vaqtda nikoh-oila munosabatlari zaminida yuzaga keladigan noxush hodisalar, har xil asab buzilishlar kasalliklarning kelib chiqishi, har xil jinoyatlar, qotilliklar, oʻz joniga qasd qilish, xiyonat, bolalar tarbiyasining buzilishi va shu kabi qator koʻngilsizliklarning aksariyati shu 3-toifa oilalariga toʻgʻri keladi. Shuning uchun ham nafaqat yoshlarimiz balki faoliyati bevosita nikoh-oila muammolari bilan bogʻliq boʻlgan mutasaddi xodimlar, mahalla, hokimiyat vakillari, katta yoshdagilar ham hozirgi zamon oilasining ijtimoiy psixologik xusuiyatlari, er-xotin nizolari, oilaviy nizolar psixologiyasi haqida tegishli ma’lumotlarga ega boʻlishlari maqsadga muvofiqdir.
Yoshlarimiz esa er-xotin nizolarini jiddiy, ayanchli oqibatlarga olib keluvchi: ajratuvchi “men” xarakteridagi “chegaralanmagan” turlaridan ogoh boʻlishi, oʻz hayotlarida shu toifa nizolarning yuzaga keltirmaslik, ularning oldini olish va bartaraf etish borasida zarur boʻlgan bilim va maʻlumotlarga ega boʻlishlari lozim.
|
| |