OTA-ONALAR VA FARZANDLAR OʻRTASIDAGI NIZOLAR
Bunday kelishmovchiliklar uchun zamin boʻlib quyidagilar xizmat qiladi.
1. Dunyoqarashlar orasidagi mavjud farqning hisobga olinmasligi.
2. Yoshlarning boʻsh vaqtini mustaqil tashkil etishi, doʻstlar tanlashdagi mustaqilligi, hissiyot sohasidagi mustaqilligi, modaga, bugungi kun talabiga mos kiyinishi, kasb tanlashdagi mustaqilligi, umr yoʻldoshi tanlashda mustaqillik uchun ota-onalari bilan baʻzan kurash olib borishning xush kelmasligi.
3. Ota-onalar ichkilikka ruju qoʻyishi yoki or-nomusni yigʻishtirib qoʻyib, buzuqchilik qilishi.
4. Ba’zi bolalarni mehnat qilishga oʻrgatilmaganligi va buning oqibatida yengil-yelpi hayot kechirishga oʻrganib qolishi.
5. Ayrim yoshlarning farzandlik burchini unutib qoʻyishi va hokazo.
6. Ota-onalarning psixologik-pedagogik bilim saviyalari yetarli darajada emasligi natijasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar.
Ota-onalar va bolalar munosabatiga oid yuqoridagi kabi kamchiliklar natijasida oiladan halovat yoʻqoladi, oʻrtaga sovuqchilik tushadi. Farzandlik burchini bajarmaslik u yoqda tursin, hatto, ichib kelib, ota-onasiga qoʻl koʻtaradigan farzandlar, ota-onasini sharmanda qilayotgan suyuqoyoq faxshparastlar borligiga nima deysiz?
Ba’zi ota-onalar bolalarda 3,6, 13–14 yoshlarda muqarrar ravishda boʻlib oʻtadigan krizislarni bilmaydilar. Bu yosh bosqichlarida bola ruhiyatida yangi psixologik qoʻshilmalar yuzaga keladi. Bu esa ularning kattalar, jumladan ota-onalar bilan boʻlgan munosabatlarida koʻzga tashlanadi. Buni sezmagan baʻzi ota-onalar “bolam nihoyatda qaysar, quloqsiz boʻlib qoldi”, deb oʻylaydilar va shikoyat qilishga tushadilar. Bunga qarshi oʻzlaricha chora-tadbirlar belgilashlari natijasida ota-ona va bola bir-birlarini tushunolmay qoladilar. Bolaning ota-onadan bezish hollari kuzatiladi.
QAYNONA-KELIN OʻRTASIDAGI NIZOLAR
Oilaga yangi tushgan kelinlarning koʻpchiligi yuzaga keladigan ba’zi qiyinchiliklarni osonlik bilan yengib, kelinlik vazifalarini koʻngildagiday eplab ketadilar, qaynonalarini roʻzgʻor tashvishlaridan xalos qiladilar, tezda ularning mehriga sazovor boʻladilar. Qaynonalar ham bunday kelinni “qizim” deb bagʻrilariga oladilar, bilmaganini oʻrgatadilar, qiynalganida yordam beradilar, hayotiy yoʻl-yoʻriq koʻrsatadilar. Ularga uyroʻzgʻor ishlarida va bolalar tarbiyasida yaqin koʻmakdoshga aylanadilar. Biroq hayotda qaynona-kelin orasida turli toʻqnashuvlar ham sodir boʻlib turadi. Gap qaynona-kelin oʻrtasida borar ekan, shuni aytib oʻtishimiz lozimki, bu masala azalazaldan odamlarning, insoniyatning atoqli namoyandalarining diqqat e’tiborida boʻlib kelgan muammolardan biridir.
Jumladan, XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan sharq mutafakkirlaridan biri Ahmad Donish oʻzining “Navodir ul-vaqoe” ( Nodir voqealar) nomli kitobda qaynona-kelin nizolari haqida yozar ekan shunday deydi: “Qaynona-kelin nizolari bundan oldingi oilalarda ham boʻlgan, hozir ham bor va bundan keyin ham boʻladi. Ular doimo urishaveradilar. Ular nima uchun urishadilar? Chunki ular nima uchun urishishayotganliklarini oʻzlari ham bilmaydilar. Shuning uchun urishadilar”. Demak bu oʻrinda qaynona-kelin nizolari, sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish alohida ahamiyatga molik masala ekanligi koʻrinib turibdi. Bunday kelishmovchiliklarni keltirib chiqaruvchi sabablardan ayrimlarini koʻrib chiqamiz.
1. Ba’zi qizlarda nikohgacha oilaviy hayotga, qaynonaga, qaynona-kelin munosabatlariga nisbatan salbiy tasavvur shakllangan boʻladi. Ayniqsa, yoshlar qaynonani oldindan faqat salbiy qiyofa sifatida tasavvur qiladilar. Keyin esa oila qurib, tasavvuridagi emas, balki hayotdagi qaynona bilan yashay boshlaydilar. Oqibatda ular oʻz tasavvuridagi qaynonaga xos oʻlgan kamchilik va illatlarni hayotdagi qaynonadan axtara boshlaydilar. Borini-ku topishlari aniq, hatto yoʻgʻini ham topishga harakat qiladilar. Chunki tasavvurlari ularni aldaganini tan olishni istamaydilar.
Hayotda kamchiliksiz odam boʻlgan emas, boʻlmaydi ham. Ideal qaynona, ideal kelin ham boʻlishi mumkin emas. Kelinlar oʻzlari tushgan yangi oila aʻzolariga ilk taassurot asosida baho berishga oshiqmasliklari lozim. Aks holda, pashshadan fil yasash ham hech gap emas. Kelinlar ogʻirbosiq, sabr-toqatli boʻlishlari, iloji boricha oʻzlari tushgan xonadon aʻzolarining yaxshi tomonlarini koʻrishga intilishlari, eri shu xonadon a’zosi ekanligini unutmasligi lozim. Ana shunda bu oila tinch-totuv boʻladi. Zotan, kelin bu xonadonga besh kunlik mehmon emas, balki bir umrlik aʻzo boʻlib kelganligini unutmasligi kerak.
2. Qaynona-kelinning dunyoqarashlari va uy-roʻzgʻor tutishlari orasida kelishmovchilik paydo boʻladi va keskinlashadi. Ikki avlodning dunyoqarashi, hayotiy tamoyillari oʻrtasida tafovut boʻlishi tabiiy holdir. Ammo aksariyat hollarda qaynona-kelinlar koʻp jihatdan bir-birining aksi boʻladilar. Ayrim hollarda esa qaynona-kelin andishani yigʻishtirib qoʻyib, har birlari oʻz gaplarini oʻtkazishga harakat qiladilar. Bunday kelishmovchiliklarning oldini olish uchun kattalar yoshlarni kiyinishi, soch turmaklashi, yoqtirgan kuy va ashulalarini tinglashi va shu kabi boshqa masalalarda ularni oʻz holiga qoʻyishlari lozim. Yoshlar ham oʻz navbatida iloji boricha ota-onalarini tushunishga intilishlari, ularni gʻashiga tegadigan nooʻrin qiliq va odatlardan qaynonaga xush kelmaydigan salbiy “hoyu-havaslardan” oʻzlarini tiyishlari kerak.
3. Ba’zi kelinlar kelinlik va onalik vazifalarini bajarishga tayyor boʻlmaydilar.
Shunday kelinlar boʻladiki, ular na ovqat pishirishni, na kir yuvishni, na kattalar bilan muomala qilishni biladilar. Kelin kelinligining birinchi kunidanoq hamma narsani kerakligicha bilishi va katta tajribaga ega boʻlgan qaynonasi darajasida turishi juda qiyin. U darajada bilmasa ham mayli-ya, lekin bilishni istamasa qiyin. Shuning uchun nikohgacha onalar qizlariga osh-ovqat pishirishni, meva-sabzavotlardan qishga sharbat, tuzlama, murabbolar tayyorlashni, uy-joyni saranmjon sarishta tutishni, did bilan mehmon kutishni, tejamkorlikni, oila budjetini iqtisod qilishni, uy anjomlari, jihozlaridan asrabavaylab foydalanishni va shu kabi uy-roʻzgʻor ishlarini oʻrgatishga alohida e’tibor berishlari zarur. Chunki el orasida “qiz birovning xasmi, boshqa oilaga tushishi bor” degan hikmat bor. Shunga qarab qizlarni puxta tayyorlash kerak. Qaynonalar ham kelinlardan hadeb kamchilik va qusur axtarmasdan, uni oʻz farzandiday koʻrib, bilmaganini sabr-toqat bilan oʻrgatib borishi lozim. Kamchiliklarini yuziga solavermasdan, yaxshi tomonlarini gapirib turishlari kerak. Yaxshi soʻz ham, yomon soʻz ham bir ogʻizdan chiqadi. Qaynonalar kelinlarida hosil qilingan koʻnikma va malakalarning oʻz oʻgʻli uchun va kelajakda oʻz nabiralari uchun xizmat qilishini esda tutishlari kerak.
4. Ayrim hollarda qaynona-kelin bolalar tarbiyasi masalasida kelisha olmay qoladilar. Ayrim oilalarda bolalar yo bobo-buvilar yoki ota-onalar tomonidan meʻyoridan ortiqcha erkalatib yuboriladi. Natijada, ota-onalar bilan bobo-buvilar oʻrtasida “bolaga kim tarbiya berishi kerak” degan masalada kelishmovchilik kelib chiqadi. Aslida ular ham, bular ham bolalarni kelajakda yaxshi kishilar boʻlib yetishishini istaydilar, tanlagan yoʻllari esa turlicha, biroq ular bir bitimga kelib olishmasa bola tarbiyasining holiga voy deyavering. Buning uchun ular boladan hali joyda bir murosaga, yakdil qarorga kelib olishlari lozim. Ana shunda bobo-buvilar ham, ota-onalar ham ahillik bilan bola tarbiyasi borasida oʻzaro mos chora-tarbirlarni belgilab olishlari lozim. Bunda bola qanday muhit va shart-sharoitda, davrda oʻsayotganini, mijozi turini hisobga olish zarur.
5. Ba’zan katta xonadonda ovsinlar qaynona iltifotini qozonish yoʻlida bir-birilaridan rashk qilishlari asosida kelishmovchiliklar kelib chiqadi.
Oilada ikki va undan ortiq kelin boʻlsa, qaynona ularning hammasiga bir xilda qaray olmasligi tabiiy holdir. Kelinlardan birontasi qaynonaning didiga yaqinroq, baʻzisi uzoqroq boʻladi. Ayollar oʻta ruhiy sezgirliklari tufayli buni tezda sezadilar. Natijada “oʻgay” kelin bilan qaynona oʻrtasida kelishmovchilik boshlanadi. Bunday holning oldini olish va ovsinlar orasiga sovuqchilik tushirmaslik uchun qaynona oʻz kelinlariga mumkin qadar bir xilda munosabatda boʻlishi (ammo bu yerda har bir kelinnnig muomalasi, munosabatini, qaynonaga boʻlgan mehrini hisobga olish inkor etilmaydi) rashk qilishlariga imkon yaratib qoʻyishdan ehtiyot boʻlishlari kerak. Bu oʻrinda shaxsan kelinlardan ham aql-idrok, mulohazalilik va sabr-toqat talab qilinadi.
6. Baʻzi hollarda qaynona-kelinning yosh xususiyatlarini, qiziqishini, orzu-havaslarini, ishlashi yoki oʻqishini hisobga olmaydi. Qaynonalar orasida umr boʻyi uy bekasi boʻlganlari ham bor. Ular ishlash bilan uy-roʻzgʻor ishlarini barovar olib borishni oʻz boshidan oʻtkazmagan. Ana shunday qaynonalar yoshligida oʻzlarini risoladagiday kelin boʻlganman deb biladilar, Qaynota-qaynonalarini qanday izzat qilganliklarini “ularning soyalariga koʻrpacha solganlarini” (rostmi-yolgʻonmi, baribir) tez-tez eslashni yaxshi koʻradilar va kelinlarining ham “oʻzlariday” boʻlishini istaydilar. Baʻzan esa uni oʻgʻli orqali ochiqdan ochiq talab qiladilar. Bunga kelinlarining imkoni bormi, yoʻqmi, oʻylab ham koʻrmaydilar. Bunday qaynonalar “ehtiyojini” qondirish imkoniyatiga ega boʻlmagan kelinlar ularning gʻazabiga uchraydilar. Kelini haqida boʻlar-boʻlmas gaplarni oʻgʻillarining qulogʻiga quyadilar. “Oʻgʻlimga aytib seni qoʻydirib yubormasam, yurgan ekanman”, deya doʻq-poʻpisa qiladilar. Baʻzi hollarda maqsadlariga erishadilar ham. Bunday qaynonalar oʻgʻillari, nabiralari baxtidan koʻra oʻz huzur-halovatlarini koʻproq oʻylaydilar. Buning oldini olish uchun oʻgʻildan gʻoyat tadbirkorlik talab qilinadi.
7. Ayrim kelinlarning yangi oilaga moslashishi qiyin boʻladi, oqibatda, qaynona-kelin orasida kelishmovchiliklar kelib chiqadi.
Har bir oilaning oʻziga xos muhiti, qonun-qoidalari, an’analari, atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga beradigan baho mezonlari, hatto faqat shu xonadon aʻzolari tushunadigan, shartli ravishda qabul qilingan soʻz, iboralari boʻladi. Yangi tushgan kelin oʻzi bilan oʻz tugʻilib oʻsgan uyining muhitini, odat-koʻnikmalarini ham olib keladi. Shuning uchun ham ayrim hollarda kelin bilan qaynonaning oilaviy muhitlari mos kelmay qoladi.
Ota-onalar iqtisodiy, moddiy, ijtimoiy saviyasi orasidagi tafovut ham aksariyat kelin-kuyov orasidagi munosabatlarni keskinlashuviga taʻsir qilishi mumkin.
Bunda iqtisodiy omil shu bilan ifodalanadiki, kelin yangi tushgan xonadonda qizlik xonadonidagi iqtisodiy moʻl-koʻlchilikni koʻrmasdan, oʻz turmushidan sovishi mumkin. Shuning uchun ham donolar “Qiz bersang oʻzingdan bir pogʻona balandga ber, sening xonadoningda koʻrmaganini yangi xonadonida koʻrib, yangi xonadonga koʻnikishi oson kechadi.
Qiz olsang oʻzingdan bir pogʻona pastdan ol. Shunda kelin oʻz uyida koʻrmagan moʻl-koʻlchilikni sening xonadoningda koʻrib, bu muhitga tez koʻnikadi” deganlar. Madaniy ijtimoiy omil. Kuyov maʻlumotli, madaniyatli oiladan boʻlib, kelin aksincha dehhon, ishchi yoki savdogar oiladan boʻlsa yoki er-xotindan biri shahardan, ikkinchisi qishloqdan boʻlsa bu ijtimoiy-madaniy tafovutlar ham er-xotin oʻrtasidagi ixtiloflarni keltirib chiqarishi mumkin. Kelinkuyovlar ijtimoiy kelib chiqishida ham, iqtisodiy taʻminlanganlikda ham bir-biriga mushtarak boʻlishlari maqsadga muvofiqdir.
Bordi-yu kelin boshqa millatga mansub boʻlsa, uning yangi oilaga moslashishi yanada qiyin boʻladi. Masalan, oʻzbek xalqida kekirish toʻyganlik – shukronalik belgisi hisoblanib kelgan. Rus xalqida esa bu odat oʻta odobsizlik hisoblanadi. Shu sababli yangi oilaga moslashish ham osonlikcha kechavermaydi. Buning ustiga kelin uchun bu oila yangi, ayni paytda “begona”dek tuyuladi. Kelinning yangi oilaga moslashishi uning mijozi turiga ham bogʻliq. Masalan, koʻproq xolerik mijozga mansub boʻlganlar tez moslashadilar. Biroq yengilroq, tezroq va andishasiz kelinlarni yangi oilaga moslashishi qiyinroq kechadi.
Yangi sharoitga oson moslashadigan hamda uni osongina oʻzlashtirishga tayyor boʻlganlar sangvinik mijozdir. Flegmatik mijoz esa vazmin, ogʻir karvon boʻlgani uchun yangi oila sharoitiga sekinlik bilan moslashadi. Bir moslashib olganidan keyin esa uni oʻzgartirishni sira-sira istamaydi, uncha-muncha gap-soʻzga parvo qilmaydi. Melanxolik mijozlar ham shunga yaqin. Ammo sal narsadan ularning ruhi tushib ketadi, boʻlar-boʻlmasga xafa boʻlaveradi. Ruhiy jihatdan esa nihoyatda sezgir boʻlishadi. Har bir mijoz turining yuqorida berilgan qisqacha shartli xarakteristikasini, ularning oʻziga xos xususiyatlarini bilib olgan qaynona-kelinlarning til topishib ketishlari oson koʻchadi. Baʻzi qaynonalar oʻgʻlini kelinidan qizgʻanadi va oqibatda kelini bilan kelisholmasdan qoladi. Bunday nizolar, odatda kamfarzand yoki yolgʻiz oʻgʻil otasiz oilada oʻsgan taqdirda koʻproq uchraydi.
|