|
AJRALISH VA UNING OQIBATLARI
|
bet | 30/74 | Sana | 29.01.2024 | Hajmi | 2,57 Mb. | | #148139 |
Bog'liq ------------ LOTIN Professional ta---limda Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash (1)AJRALISH VA UNING OQIBATLARI
Gap nikoh-oila munosabatlari haqida borar ekan, shubhasiz, jiddiy muhokama qilinadigan masalalar qatorida nikoh-oila munosabatlarining buzilishi, er-xotinlarning ajralish muammosi turadi. Nima uchun oilalar buziladi? Ajralish oʻzi nima? Ajralish bu yaxshimi yoki yomonmi? Oilalarning ajralishiga yoʻl qoʻyish kerakmi?
Ajralish muammosi hozirgi zamon insoniyat jamiyatining eng muhim ijtimoiy muammolaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun chet ellarda ham, Oʻzbekistonda ham ajralish muammosini oʻrganishga keng ilmiy jamoatchilik eʻtibori qaratilib kelinmoqda. Bu muammoni turli soha mutaxassislari: yuristlar, demograflar, iqtisodchilar, sotsiologlar, psixologlar va boshqa fan sohalari mutaxassislari oʻrganmoqdalar. Ularning eʻtibori bu hodisa sabablari, omillari, motivlarini oʻrganish, ularni bartaraf etish, ajralishlarning salbiy asoratlarini kamaytirish masalalariga qaratilgan. Chunki oilalarning buzilishi tufayli nafaqat shu ajralishgan er-xotin va ularning farzandlari, balki jamiyat ham koʻp zarar koʻradi. Ajralishlar koʻplab noxush hodisalar: notoʻliq oilalar sonining ortishi, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida qonunbuzarlikning koʻpayishi, pedagogik nazoratsiz qolgan bolalar sonining ortishi, yolgʻizlik, sobiq er-xotinlar va qarindoshlarning oʻzaro munosabatlarining yomonlashuvi kabilarning yuzaga kelishiga sabab boʻlishi mumkin.
Bu oʻrinda, haqli ravishda, agar ajralishlar shu qadar salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradigan boʻlsa, uni rasmiy ravishda taqiqlab qoʻysa boʻlmaydimi? – degan savol yuzaga kelishi mumkin. Albatta mumkin, masalan, dunyoning ayrim davlatlarida, jumladan, Italiya, Niderlandiyada yaqin-yaqin zamonlargacha ajralish huquqiy jihatdan nihoyatda murakkab jarayon edi. Biroq bu usul ham oila mustahkamligini taʻminlashda kutilgan natijalarni bermaydi. Balki ajralishni taqiqlash, ajralish erkinligini bermaslik, oʻz navbatida nikoh yoshining oʻsishini, oila qurmaslik, nikohgacha va nikohdan tashqaridagi jinsiy aloqa, psixologik nosogʻlom oilalar miqdorining ortishi nikoh-oila
munosabatlari zamirida yuzaga keladigan jinoyatlar, qotillik, xiyonat kabilarning ortishiga olib keladi. Albatta, bularning ham shaxs, inson ruhiyati, oilada bola tarbiyasi, qolaversa jamiyat uchun zarari oldingilardan kam emas. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda ajralish erkinligi deyarli barcha davlatlar nikoh-oila qonunchiligida qayd etilgan. Bu oʻrinda muhimi ajralishni taqiqlash va unga rasmiy ravishda xalaqit qilish emas, balki ajralishlarning oldini olish, unga olib keladigan sabablar va omillarni bartaraf etishdir. Shunday qilib ajralish fojiami yoki fojiadan qutulishmi? Ayrimlar agar oilada farzandlar boʻlmasa bu fojiadan qutulishdir, er-xotinlarning oʻzaro munosabatlari maqsadga muvofiq ravishda shakllanmayotgan boʻlsa, ularda oʻzaro tushunish, oʻzaro hurmat, bir-birlariga nisbatan emotsional yaqinlik, mehr-oqibat boʻlmasa, oila oʻz vazifalarini bajarmayotgan boʻlsa, bunday juftlar ajralib ketgani maʻqul deb hisoblaydilar.
Ajralishlarning oʻziga xos ijtimoiy-psixologik va etnopsixologik xususiyatlari mavjuddir. Bu xususiyatlar oilalarning buzilishiga olib keladigan sabablar, ularning amalga oshish jarayoni, oqibatlari, ajralishgacha va undan keyingi davrlardagi er-xotinlarning ahvoli kabilarda ifodalanadi. Shunday xususiyatlardan biri ajralish niyatini bildirib rasmiy tashkilotlarga murojaat qiluvchi ajralish tashabbuskori kim ekanligida namoyon boʻladi. Sharq oilalarida, ayniqsa oʻzbek va qishloq oilalarida ajralish tashabbuskori koʻproq erkaklar boʻladilar va aksincha, Yevropa xalqlari oilalarida, yosh oilalarda va urbanizatsiyalashuv darajasi yuqori boʻlgan shahar oilalarida ajralish tashabbuskori koʻproq ayollar boʻladi.
Biz Sizga ajralishlarning sabab-oqibatlari haqida fikr-mulohazalarimizni bildirishdan oldin oʻzbek oilalarida ajralishlarning oʻziga xos xarakteri, yaʻni boshqa (ayniqsa, chet mamlakatlaridan) millatlardan farq qiluvchi jihatlariga toʻxtalib oʻtishni lozim topdik. Bu quyidagi obyektiv omillarga bogʻliq boʻlishi mumkin: birinchidan, qishloq joylarda ajrashgan ayol erkakka nisbatan jamoatchilik tomonidan koʻproq tanqidiy muhokama qilinadi. Ikkinchidan, qishloq joylarda ajralishgandan soʻng ayollarning ahvoli erkaklarga nisbatan yomonlashadi, negaki oʻzbek millatidagi oʻziga xos urf-odatlar oʻzbek ayolining uy-joylarni eriga qoldirib, oʻz ota-onasinikiga (uning akaukalari oʻz oilasi, xotini, bolalari bilan yashayotgan va ajrashgan ayol uchun ahvolni yanada jiddiylashtiruvchi joyga) borib yashashga majbur boʻladilar. Uchinchidan, qishloq ayollarida ajralishgandan soʻng qayta oila qurish imkoni nihoyatda kamdir. Mana shu obyektiv sabablarni hisobga olgan holda qishloq joylardagi oʻzbek ayollari muammoli (er-xotin orasidagi munosabatlar nihoyatda ziddiyatli, nizoli, ular orasidagi mehr-oqibat yetarli ifodalanmagan oila) nikohga ham koʻnikib yashayveradilar. Baʻzi ayollar, aslida eri bilan birga yashamayotgan boʻlsalarda (hatto yillab), erlaridan “oʻch olish” maqsadida, uning boshqaga uylanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun rasmiy ravishda, sud orqali ajrashishga koʻnmaydilar. Qishloq joylardagi ajralishgan erkaklar ayollarga nisbatan birmuncha imtiyozli vaziyatda boʻladilar: ular ajralishgandan soʻng oʻz yaqinlari tomonidan koʻproq qoʻllab-quvvatlanadi. Bolasi yoʻq boʻlgan holatda esa ajralishgan erkak uchun turmushga chiqmagan ayolga uylanish sezilarli darajada muammo tugʻdirmaydi.
Bundan tashqari u ajralishdan soʻng oldingi sharoitda – oʻz (ota-onasining) uyida qoladi va navbatdagi yangi oila qurish imkoniga ega boʻladi. Shuning uchun qishloq joylarda ajralishlarning tashabbuskorlari koʻproq erkaklar boʻladilar.
Agar ajralish “ozodlik” deb hisoblanadigan boʻlsa, unda hozirgi zamon nikoh-oila qonunchiligiga koʻra bu “ozodlik” “kimga qanchaga tushadi?” Shahar joylarda istiqomat qiladigan Yevropa xalqlariga mansub boʻlgan yosh oilalarda bu quyidagi formula tarzida boʻlishi mumkin. Ayollar uchun: Ajralish = ozodlik + bola + aliment _ uy + yolgʻiz onalarga beriladigan imtiyozlar + yangi oila qurish muammosi. Erkaklar uchun: Ajralish = ozodlik _ bola __aliment _ uy + yangi oila qurishimkoniyati.
Agar ajralishlarning ayol va erkakka koʻrsatadigan asosiy taʻsirlarini sanaydigan boʻlsak, ular quyidagicha boʻladi: Jamiyat uchun – notoʻliq oilalar soni koʻpayadi, oilalararo yoki qarindoshlararo adovat yuzaga keladi, bir jinsning ikkinchi jinsga nisbatan nafrati paydo boʻladi, fohishabozlik ortadi, teritanosil kasalliklarning ortishi kuzatiladi, shaxsning ijtimoiy faolligi susayadi.
Erkak uchun – yolgʻizlik hissining ortishi, giyohvandlik va ichkilikbozlikka berilish, turli kasalliklar. Ayollar uchun – yolgʻizlikni his qilishning ortishi, qayta oila qurish imkoniyatining cheklanganligi, nevrozlar, stresslar, turli xastaliklar, oʻz joniga qasd qilish. Yuqoridagilar bilan birga, oʻzbek oilalar ajralishganda oʻzgacha xususiyatlar ham kuzatiladi. Psixolog olim Faxriddin
Roʻziqulov ajralishning asoratlari mavzusida oʻtkazgan maxsus tadqiqot natijalariga koʻra aksariyat holda ajralish qurboni ayol boʻladi. Yaʻni ajralish erkaklarga nisbatan ayollarni kelgusi
oilaviy baxtiga, bolalarning tarbiyasiga, oila budjetiga, ayolning salomatligiga, oʻz ota-onasi bilan boʻlgan ota-ona va farzand munosabatlariga, ajralishgan ayolning ruhiyatiga kuchli salbiy taʻsir koʻrsatadi. Shu bilan birga ayol uchun katta hayotiy muammolarini – qayta oila qurish va yolgizlik muammosini keltirib chiqaradi. Bu qishloq va shahar ayollarida deyarli bir xil ifodalanadi. Ammo shaharlik ayollar shahar turmush tarzida jinsiy xulq jihatdan birmuncha erkin boʻlganlari hamda oʻz kasb faoliyatlari bilan faol shugʻullanganlari tufayli qishloq ayollariga nisbatan yolgʻizlikdan kamroq jabr koʻradilar. Notoʻliq oiladagi bolalar tarbiyasi. Notoʻliq oila haqida gapirilganda shuni alohida taʻkidlab oʻtish joizki, notoʻliq oilalar ham turlicha yuzaga keladi. Oilalar er-xotinlardan birining vafot etganligi tufayli yoki ularning ajralishi tufayli notoʻliq
boʻlib qolishi mumkin. Albatta, oilada ota yoki onaning vafot etishi bu ulkan fojia, avvalo, bu fojia hech kimning boshiga tushmasin, lekin bunday oilalarda marhumning ruhi hurmati, unga nisbatan, uning shaʻniga ijobiy munosabatlar saqlanib qoladi.
Biroq er-xotinning ajralishi sababli yuzaga kelgan notoʻliq oilalarda “tirik yetim” bolalar qoladi. Birinchidan, “tirik yetimlik” jamoatchilik oʻrtasida, ayniqsa, bolalar jamoalarida (bogʻchada, maktabda, tengdoshlar davrasida) nisabatan kuchliroq qoralanadi. Ikkinchidan, bunday oilalarda ota yoki ona tomonidan, ularning yaqinlari tomonidan sobiq turmush oʻrtogʻi shaʻniga, uning shaxsiyatiga salbiy boʻyoqlar beruvchi munosabatlar shakllanadi. Sobiq er-xotinlar tomonidan bir-birlarini qoralovchi fikr-mulohazalar koʻproq bildiriladi. Bular, albatta, bu toifa notoʻliq oilalardagi oʻzaro munosabatlarning shakllanishida qator noxushliklarni yuzaga kelishiga asos boʻladi. Ajralish faqatgina ajralgan er-xotinlar emas, balki ajralish oqibatida otasiz yashayotgan farzandlarga ham salbiy taʻsir koʻrsatar ekan. Ayniqsa, ajralish natijasida otasiz oʻsayotgan qiz bolaning his-tuygʻulariga, otasiga boʻlgan mehriga, qiz bolada shakllanadigan ota obraziga va otasiz oʻsayotgan qizning ruhiyatiga kuchli salbiy taʻsir qiladi. Bu esa nafaqat qiz bolaning bolalik davrida balki kelgusida oʻzi mustaqil oila qurganda ham oʻz asoratini ifodalashi mumkin. Koʻp tadqiqot natijalarining koʻrsatishicha va rivoyatlarda ifodalanishicha hamda F. Roʻziqulov tadqiqotlarida ilmiy jihatdan oʻz tasdigʻini topganligi asosida oʻz otasiga mehr va hurmati yetarli ravishda shakllanmagan qiz kelajakda oila qurganda turmush oʻrtogʻiga ham hurmatini yetarli ravishda ifodalay olmaydi.
Mazkur tadqiqot natijalariga koʻra ajralishgan oiladagi va otasiz oʻsayotgan oʻgʻil bolaning oʻqishiga va tarbiyasiga salbiy taʻsir etishi kuchli boʻlar ekan. Shu bilan birga ajralish kelin-kuyovlarning ota-onalarini ruhiyatiga, salomatligiga, qudalar orasidagi munosabatiga, qarindoshlar va jamoa orasidagi obroʻsi va oila budjetiga salbiy taʻsir qiladi. Oʻziga xos xususiyatlaridan biri kuyov tomonga nisbatan koʻpgina mezonlar boʻyicha kelin tomon, yaʻni kelinning ota-onalari ruhan koʻproq jabrlanar ekan.
Ma’lumki, oʻzbek oilalarida ajralishlar miqdori boshqa millatlar, masalan rus oilalarinikiga qaraganda ikki marta kam. Lekin har bir ajralishgan oilaga toʻgʻri keladigan “tirik yetim” bolalar soni oʻzbek oilalarida 2-2,5-martaga koʻp. Shu bilan birga, “ajralish madaniyati”ni quyi saviyada ekanligi va oʻziga xos milliy xususiyatlari bilan ifodalanishi oʻzbek oilalarida koʻproq salbiy oqibatlarga olib keladi. Shunga koʻra ajralishlarning salbiy asoratlari oʻzbek oilalarida boshqa millatlar oilalaridagiga nisbatan kuchliroq ifodalanadi.
Shuning uchun ham hozirgi vaqtda ajralish muammosini ilmiy asosda oʻrganish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Bu oʻrinda ajralish omillari va sabablarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Chunki aksariyat hollarda mahallalarda nikohni bekor qilish borasida oʻtkaziladigan sud ishlarida ajralmoqchi boʻlgan oilani buzilishining asl sababini aniqlab, nikohni bekor qilish ishlarida oddiy xatolarga yoʻl qoʻyilmoqda.
|
| |