|
AJRALISHLARGA SABAB BOʻLUVCHI OMILLAR
|
bet | 31/74 | Sana | 29.01.2024 | Hajmi | 2,57 Mb. | | #148139 |
Bog'liq ------------ LOTIN Professional ta---limda Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash (1)AJRALISHLARGA SABAB BOʻLUVCHI OMILLAR
Koʻpincha ajrashayotganlardan ajralish sababini soʻralsa, ular qandaydir hamma uchun standart boʻlib qolgan sabablarni koʻrsatishga harakat qilishadi. Masalan, “xarakterimiz mos tushmadi”, “oʻzga shaxsning aralashuvi”, “qoʻpollik”, “moddiy qiyinchilik”, “ichkilikbozlikka berilish”, “yashash sharoitining noqulayligi”, “ota-onalarning nooʻrin aralashuvi” va h. k. Agar tahlil qilib koʻradigan boʻlsak, vaziyatga qarab, bunday koʻrsatkichlar baʻzilarda sabab, baʻzilar uchun esa bahona vazifasini oʻtaydi. Shuni alohida taʻkidlash lozimki, oiladagi maʻnaviyruhiy iqlim qanchalik mustahkam va er-xotinlar bir-birini qanchalik yaxshi tushunsalar bu “sabablar” (bahonalar) oilaning inqiroziga asosiy sabab boʻla olmaydi. Yoshlar (er-xotin) oʻrtasidagi munosabat qanchalik noxush boʻlsa bu bahonalar shunchalik kuchli va salbiy taʻsir koʻrsatadi va bu holatlar ajralishlarning sababi boʻlib qolishi mumkin. Oʻzbek oilalarida: “turmush oʻrtogʻining qoʻpolligi”, “turmush oʻrtogʻiga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlish”, “turmush oʻrtogʻining ota-onasi va boshqa qarindoshlarining aralashuvi”, “turmush oʻrtoqlardan birining oilani umumiy masalalariga befarq qarashi” kabilar koʻproq sabab boʻlsa, Yevropa xalqlari oilalari uchun esa ajralish sabablari sifatida aksariyat hollarda, ichkilikbozlikka berilish, er-xotin xiyonati, xarakterlarning mos kelmasligi kabilar qayd etiladi.
Ajralishlarning sabablarini aniqlash maqsadida oʻtkazilgan tadqiqotlarning koʻrsatishicha, oʻzbek oilalarida ajralishlarning motivlari sifatida koʻrsatilgan taʻsirlardan asosiylari, yuqorida qayd etilganidek, “turmush oʻrtogʻining qoʻpolligi”, “ota-onalar va boshqa qarindoshlarning aralashuvi”, “bir-biriga nisbatan befarqlik”, “er-xotindan birining oilaviy masalalarga nisbatan befarqligi” kabilar ajralish sabablari sifatida koʻrsatilgan. Shunday qilib, ajralish muammosi hozirgi paytda jamiyatning eng dolzarb muammolaridan biri boʻlib qolmoqda.
Oilalarni ajralishlarining mavjudligi bizning respublikamizda ham keng jamoatchilik diqqatini oʻziga qaratib, bu muammoning yechimini topish uchun kerakli choralarni koʻrishga daʻvat etmoqda. Chunki yuqorida qayd etilganidek, ajralishlar natijasida millionlab odamlar – eng avvalo, farzandlar, ayollar, qolaversa erkaklar va hatto ajralishganlarning yaqinlari ham “maʻnaviy jarohat” oladilar.
Bularning barchasi oʻzbek oilasida ajralish masalasiga jiddiyroq eʻtibor berish lozimligini va uning oldini olish, salbiy asoratlarni kamaytirish chora-tadbirlarini ilmiy asoslangan holda ishlab chiqish zarurligini koʻrsatadi. Yuqoridagilardan qanday xulosa chiqarmogʻimiz va shaxsiy hayotimizda nimalarga amal qilmogʻimiz, nimalarga eʻtibor bermogʻimiz lozim?
1. Turmush oʻrtoq tanlashda shoshilmang va adashmang. “Nikoh oldi omillari” va oʻzga mavzulardan tegishli xulosa chiqarib ish koʻring.
2. Hayot taqozosi bilan va tajribali kishilar maslahatlariga koʻra ajralishingiz muqarrar boʻlsa, vaqtni choʻzib oʻtirmang va farzand koʻrishdan saqlaning.
3. Ajralish, Sizga, turmush oʻrtogʻingizga, ota-onalaringizga, (agar boʻlsa) farzandlaringizga imkoni boricha salbiy taʻsir qilmasligi choralarini koʻring.
Sizning ajralishingiz qarindoshlar orasiga sovuqchilik tushurmasligi, ular orasidagi munosabatlarning buzilishiga olib kelmasligi zarur.
4. Ajralishgan turmush oʻrtogʻingiz bilan ijobiy munosabatni saqlab qolinishini taʻminlang. Bu avvalo Sizning farzandlaringiz, ota-onangiz, qolaversa shaxsan oʻzingizning manfaatingiz ekanligini unutmang.
Er-xotin ajralishi bolalari otasiz yoki onasiz oʻsishiga, ota va onadan ajralishiga olib kelmasligi kerak.
5. Ajralib ketgan eringiz yoki xotiningiz haqida farzandlaringizga salbiy maʻlumotlar berib, u haqda salbiy tasavvur shakllantirishdan saqlaning, chunki bunday tasavvurning shakllanishi bolangizning kelgusi hayotiga, shaxsiy oila munosabatlariga, qaynona-kelin munosabatlariga va farzand – ota-ona munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi.
6. Ajralish eng soʻnggi chora! U faqat Sizning emas, balki yaqinlaringiz taqdiriga ham salbiy ta’sir koʻrsatishini unutmang. Shu sababli bu yuzasidan asossiz yengil qarorlar chiqarishdan saqlaning. Bu borada katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan yaxshi kishilar bilan maslahatlashing.
Imkoniyatingizdan kelib chiqib shu soha mutaxassisi boʻlgan psixolog bilan maslahatlashing.
Kim bilan maslahatlashishdan qatʻi nazar qarorni har tomonlama oʻylagan holda oʻzingiz chiqaring va qaror masʻliyatini oʻz boʻyningizga oling.
|
| |