JAMIYAT – YAXLIT TIZIM SIFATIDA
Reja:
1. Jamiyat tushunchasi va mazmuni
2. Jamiyatning tarixiy shakllari mohiyati va xususiyatlari
3.Jamiyat hayoti sohalari va ko‘ptomonlamaligi
4. Ijtimoiy tizim strukturasi va funksional institutlari
Tayanch tushunchalar
Jamiyat, ijtimoiy tizim, ijtimoiy organizm, ehtiyoj, ijtimoiy munosabat, ijtimoiy norma, muloqot, jamiyat tipi, ijtimoiy struktura, ijtimoiy institut, ijtimoiy soxa, siyosiy soxa, iqtisodiy soxa, ma’naviy soxa, ibtidoiy jamiyat, quldorlik, feodalizm, kapitalizm, kommunizm, an’anaviy jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyat, ochiq jamiyat, yopiq jamiyat.
Jamiyat tushunchasi va mazmuni. Jamiyat nimadan iborat degan masala ko‘p asrlardan beri faylasuflarni qiynab kelmoqda. Dastlab javob aniq ko‘rinib turgandek tuyuladi: jamiyat - bu odamlarning majmuasi. Biroq bu javob, olimlarni anchadan buyon qoniqtirmay qo‘ygan. Axir, uyni oladigan bo‘lsak, bu shunchaki g‘ishtlarning yig‘indisi emas-ku. Bunda nima hammadan muhimroq? Tarqoq elementlarni bir butun qilib birlashtiruvchi bog‘lanishlar va o‘zaro ta’sirlar muhimdir.
Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi bilan bog‘liq voqeliklar taraqqiyotimizni belgilab olish jarayonida davlat tuzilmalari va institutlari bilan birgalikda jamiyatni ham isloh qilish, rivojlantirish, uning unsurlarini va institutlarini takomillashtirish zarurligini bizning oldimizga talab qilib qo‘ydi. Bu holat esa o‘z-o‘zidan mazkur jarayonlarni tartibga solish, boshqarish yuzasidan huquqiy asoslarni yaratish va ushbu tizimni takomillashtirishni talab qilardi.
SHu nuqtai-nazardan ham avvalo “jamiyat” deganimizda nima tushuniladi, uning o‘ziga xos tomonlarini, institutlari, rivojlanishi, munosabatlarning takomillashuvi masalalariga oydinlik kiritish nihoyatda zarur.
JAMIYAT (arabcha - umumiy) – tabiatning bir qismi, borliqning alohida shaklini ifodalaydigan falsafiy tushuncha; odamlar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o‘rtasida amal qiladigan ko‘plab munosabatlar majmuasi, jamiyat o‘zida moddiylik va ma’naviylikni, ob’ektivlik va sub’ektivlikni, tabiiylik va ijtimoiylikni mujassamlashtiradi. Insoniyatning ulug‘ mutafakkirlari doimiy o‘zgarish va rivojlanishda bo‘lgan jamiyatning tub mohiyatini bilishga, insonning jamiyatdagi o‘rni va rolini belgilashga, taraqqiyot mantig‘ini anglashga harakat qilganlar. Turli tarixiy davrlarda jamiyat mohiyati mifologik, diniy ta’limotlar orqali izohlangan. Jamiyat mohiyatini ilmiy-falsafiy bilish, jamiyatning yaxlit ilmiy manzarasini yaratish insoniyat ma’naviy taraqqiyotining buyuk yutug‘i bo‘ldi. Ilmiy bilimlar va falsafiy tafakkurning rivojlanishi bilan jamiyat mohiyatini ilmiy asosda o‘rganish imkoniyati vujudga kelgan. Gegelning fikricha, jamiyat falsafa orqali o‘zligini anglaydi. Markaziy Osiyodan etishib chiqqan Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino singari ulug‘ mutafakkirlar jamiyatning paydo bo‘lishi, mohiyati va istiqbollari to‘g‘risida ilg‘or ilmiy qarashlarni ilgari surdilar. Forobiyning ideal (fozil) jamiyatni barpo etish to‘g‘risidagi g‘oyalari ijtimoiy falsafa rivojida muhim o‘rin tutadi. Ibn Sino jamiyatning paydo bo‘lishi kishilarning birdamlikka bo‘lgan tabiiy ehtiyojidan kelib chiqqanligini, ijtimoiy tengsizlik, tabiiy holat, mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi jamiyat taraqqiyotining asosi ekanligini ko‘rsatdi. Beruniy birinchi bo‘lib sivilizatsiyalarning paydo bo‘lishida tabiiy-geografik omilning hal qiluvchi rol o‘ynaganligini asoslashga harakat qildi, jamiyat hayotida oila, til va madaniyatning ahamiyatini ko‘rsatdi. Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ijtimoiy-falsafiy ta’limotlari keyinchalik Yevropalik olimlar tomonidan ijodiy rivojlantirildi. X1X asr o‘rtalariga kelib jamiyatni ilmiy asosda tadqiq etish, etilgan ijtimoiy muammolarni oqilona hal etishda fan yutuqlaridan foydalanish, jamiyat istiqbolini oldindan ko‘rish hayotiy zaruriyatga aylandi. G‘arbiy Yevropaning G.Spenser, E.Dyurkgeym, Gegel, M.Veber, V.Pareto singari nazariyotchi faylasuflari jamiyatni tabiiy-tarixiy jarayon, murakkab ijtimoiy tizim sifatida tadqiq etdilar va jahon ijtimoiy falsafasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shdilar.
Har bir o‘zgargan tarixiy davrda jamiyat mohiyatini yangicha idrok etish, yangicha yondashish zaruriyati paydo bo‘ladi. Turli tarixiy davrda yaratilgan jamiyat to‘g‘risidagi falsafiy ta’limotlarda davr pyhi, jamiyatning ma’naviy salohiyati o‘z aksini topadi. Ijtimoiy nazariya va ta’limotlar hamisha jamiyat duch kelgan murakkab muammolarni hal etish zaruriyatidan paydo bo‘ladi. Jamiyat ilg‘or falsafiy ta’limotlar tufayli olg‘a tomon rivojlanishi bilan hozirgacha amal qilib kelgan ta’limotlar o‘rniga ilg‘orroq ta’limotlarni yaratish hayotiy ehtiyojga aylanadi. Jamiyat g‘oyat murakkab ijtimoiy organizmdir. U odamlar o‘rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, siyosiy, iktisodiy, huquqiy, mafkuraviy va h.k. munosabatlarning, tarixan tarkib topgan oila, din, davlat, axloq va sh.k. ijtimoiy institutlarning majmuasidir. Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish ham, ulardan birini muhim, boshqasini nomuhim deb hisoblash ham birday xatodir. Jamiyat hayotining ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq. Ularni boshqarish va takomillashtirishda davlat, jamiyat tashkilotlari va kishilarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari muhim rol uynaydi. Har bir tarixiy davrda jamiyatning ma’naviy-intellektual salohiyati, siyosiy va huquqiy madaniyatiga muvofiq ravishda siyosiy boshqarish usuli shakllanadi va amal qiladi. Demokratik jamiyat iqtisodiy bozor munosabatlari vositasida boshqariladi, davlat siyosati iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishga yordam beradi. Ijtimoiy raqobat, manfaatdorlik iqtisodiy rivojlanishning muhim qonuniyati sifatida amal qiladi. Demokratik davlat jamiyat ma’naviy hayotini takomillashtirish, jamiyatning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ilm-fanni taraqqiy ettirish haqida ko‘proq, g‘amxo‘rlik qiladi. Davlat jamiyat ma’naviyatining homiysi sifatida ta’lim-tarbiya sohasida tub islohotlarni amalga oshiradi. YUksak ma’naviyat taraqqiyotining asosi. Jamiyat tarkibini turli sinflar, sotsial qatlamlar va guruhlar tashkil etadi. Jamiyat ijtimoiy tarkibining xilma-xilligi mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi, mulkchilik turli shakllarining mavjudligi bilan bog‘liqdir. Demokratik jamiyatda mulkdorlar sinfi demokratik davlatning siyosiy va ijtimoiy tayanchi, iqtisodiy farovonlikni ta’minlovchi kuch hisoblanadi. Demokratik jamiyatning shakllanishi va taraqqiyotini ma’rifatli-huquqiy davlatsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ijtimoiy farovonlik va ijtimoiy totuvlik komil inson shaxsini shakllantirishga, fuqarolik jamiyat asoslarini yaratishga, huquqiy bilim va madaniyatni rivojlantirishga bog‘liqdir. Bozor munosabatlari sharoitida iqtisodiy hayotni erkinlashtirish muqarrar ravishda siyosiy hayotni erkinlashtirishni taqozo etadi. Fuqarolik jamiyati barpo etish, demokratik institutlarni rivojlantirish, komil inson shaxsini shakllantirish demokratik jamiyat taraqqiyotining bosh maqsadidir.
Jamiyat tushunchasi, uning zaruriy shart-sharoitlari, rivojlanishi imkoniyatlari, unga tegishli xususiyatlar, institutlari yuzasidan qadimdan ko‘plab olimlar o‘z qarashlarini bayon qilish birga, mazkur qarashlarni rivojlantirganlar, fikrlarni boyitganlar. Umuman jamiyat deganda avvalo “Insonlarning barcha o‘zaro harakatlari uslublari va bir-biridan har tomonlama bog‘liqligi ifodalanadigan birlashmalarining yig‘indisi”58 tushunilishi ham mamlakatimiz olimlari tomonidan e’tirof etiladi.
SHuningdek, ko‘plab jamiyatshunoslar N.Lumanning “jamiyat” so‘zi bilan hech qanday bir ma’noli tasavvurlar bog‘liq emas” kabi fikrini qo‘llab-quvvatlaydilar59. Hamda amerikalik sotsiolog olim N.Smelzerning “Olimlar “jamiyat” tushunchasining mohiyatini nihoyatda qiyinchilik bilan tushuntirib beradilar” singari fikri ham nihoyatda muhim60.
“Jamiyat unda yashayotgan va faoliyat qilayotgan individlar majmuasidir. Jamiyatning asosini unda yashayotgan shaxslarning mavjudlik majmuasi belgilaydi” – degan fikrni bildiradi taniqli olim Bahodir Karim Iminov61.
SHuni aniq aytish mumkinki, ijtimoiy aloqalarning mohiyatini aniqlash va tushuntirib berish – ijtimoiy falsafaning asosiy vazifa-sidir. Aflotunning fikricha, jamiyat odamlarning ehtiyojidan paydo bo‘ladi. Arastu uni “tabiatning hosilasi”, o‘rta asr falsafasi - Alloh yaratgan degan fikrni olg‘a suradi. Forobiy jamiyatning paydo bo‘lishini teleologiya - oldindan belgilangan maqsadga muvofiq nuqtai nazardan tushuntiradi - jamiyat odamlarning komillikka erishishi uchun zarur, deb hisoblaydi.
Jamiyat tushunchasini tahlil etishda bir qancha ta’rif va yondashuvlarni uchratish mumkin. Masalan, jamiyat – bu, kishilar orasidagi ijtimoiy munosabatlarning tarixiy taraqqiyoti natijasida vujudga kelgan ijtimoiy borliqdir.
YAna bir ta’rifga ko‘ra, jamiyat - bu o‘z hayotiy zarur ehtiyojlarini qondirishda o‘zaro aloqador bo‘lgan kishilarning birgalikda yashashini muayyan tizimidir.
Boshqa bir ta’rifga ko‘ra, jamiyat – bu, aql-idrokka ega bo‘lgan kishilar o‘rtasidagi moddiy va ma’naviy munosabatlar va tabiat bilan o‘zaro bog‘lanishlarga asoslangan murakkab dinamik sistemadir. SHuningdek jamiyat tushunchasiga quyidagi yondoshuvlarni kuzatish mumkin: jamiyat kishilar orasidagi shunday o‘zaro ijtimoiy munosabatlar mahsuli, o‘zaro aloqadorlik bo‘lib, bu ijtimoiylikning natijasi hisoblanadi (M.Veber); jamiyat – bu, kishilar o‘rtasidagi shunday munosabatlar sistemasiki, uning birlashtiruvchi asosi qadriyat va normalar hisoblanadi (T.Parsons).
Nemis faylasufi Maks Veber (1864-1920) fikricha, jamiyat insonlarning o‘zaro ta’siridan, ya’ni ijtimoiy xatti-harakatlardan tashkil topgan tizim bo‘lib, boshqa odamlarning xatti-harakatiga qarshi javob tariqasida yo‘naltirilgandir. M.Veber jamiyat rivojining asosini ijtimoiy faoliyatda, deb hisoblaydi.
Amerika sotsiologi va ijtimoiy falsafa bo‘yicha mutaxassis - faylasuf Tolkott Parsons (1902-1979) fikricha, jamiyat qadriyatlar va me’yorlar bilan bog‘langan odamlarning munosabatiga asolangan tizimdir. Inson shularga asoslanib o‘z ijtimoiy faoliyatini amalga oshiradi. T.Parsonsni ma’lum ma’noda M.Veberning g‘oyaviy merosxo‘ri deyish mumkin.
Fransuz faylasufi va sotsiologi Emil Dyurkgeym (1858 -1917)ning fikricha, “jamiyat - bu individlarning oddiy yig‘indisidan iborat bo‘lmay, maxsus xususiyatlarga ega bo‘lgan, ularning birlashmasidan tashkil topgan tizim bo‘lib, reallikni o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan “sui generis” aks ettiradi”.
Taniqli faylasuf P.A.Sorokin (1889-1968) jamiyatga individlar va ijtimoiy guruhlarning o‘z ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyati bilan belgilanadigan, bir-biri va jamiyat bilan o‘zaro munosabatlari natijasida vujudga keladigan integral yaxlitlik sifatida ta’rif beradi. Uning fikricha, “jamiyat mavjud bo‘lishi uchun hech bo‘lmasa ikki kishi bo‘lishi va ular bir-birlari bilan o‘zaro ta’sir bog‘lanishida bog‘langan bo‘lishi kerak. Bu eng oddiy jamiyatning ko‘rinishidir...”.
P.A.Sorokin jamiyatni gorizontal, vertikal yo‘nalishlarda va fluktuatsiya (tebranish) tarzida murakkab harakatda bo‘lgan ijtimoiy-madaniy tizimlarning rang-barangligini tan olish nuqtai nazaridan tavsiflagan.
Hozirgi davrning taniqli faylasuflari R.Aron, D.Bell, P.Blau, E.Giddens, R.Darendorf, G.Zimmel, F. Znanetskiy, T.Kun, K.Levi-Stross, K. Manngeym, R. Merton, X.Ortega-i-Gasset, K.Popper, P.A. Sorokin, E.Fromm, K.YAspers va boshqalar jamiyat to‘g‘risidagi o‘ziga xos fikrlarini bildirganlar. Ko‘pchilik mutafakkirlar jamiyatning mohiyati bir yoki bir nechta asosiy prinsip orqali tushuntiradilar. Masalan, O.SHpannda bu prinsip – birbutunlik, O.Tofflerda - plyuralizm, U.Rostouda - bosqichma-bosqichlik, K.Popperda - ochiqlik, R.Mertonda - universallik. Lekin masalaga jiddiy qarovchi faylasuflar hatto o‘zlarining prinsiplarini ham mutlaqlashtirmaydilar. Masalan, K.Popper ochiqlik prinsipi to‘g‘risida shunday deb yozadi: “Ochiq jamiyatlar... hali mukammallikdan yiroqda..., balki avlodlarimiz bir necha yuz yillardan so‘ng axloqiy jihatdan bizdan ancha o‘tib ketsalar kerak. Bularning barchasi ro‘y berishi mumkin, deb hisoblasam-da, shunga qaramay, yana qaytaraman: hozirgi davrda biz yashab turgan ochiq jamiyatlar - qachonlardir mavjud bo‘lgan jamiyatlarning eng yaxshisi, eng erkin va adolatlisi, o‘z-o‘zini tanqid qiluvchi va islohotlarni eng tez qabul qiluvchilardir”62.
“Jamiyat” tushunchasi ko‘p ma’noda qo‘llaniladi. Tarix fanlarida “ibtidoiy jamiyat”, “o‘rta asrlar jamiyati”, “amerika jamiyati” kabi insoniyat yoki konkret mamlakat tarixiy taraqqiyotining muayyan bosqichi ma’nosida ham qo‘llaniladi63.
“Jamiyat” tushunchasini bir ma’noda ta’rif qilinganda bir qancha nazariy, metodologik va etimologik murakkabliklarga duch kelinadi. Birinchidan, bu tushuncha hajmi va mazmuni jihatdan juda keng. Ikkinchidan, bu tushuncha mavhum, ya’ni falsafiy kategoriyadir. Uchinchidan, bu tushuncha dinamik, ya’ni rivojlanuvchandir. To‘rtinchidan, jamiyat faqat falsafa fanining predmeti bo‘lmasdan, hamma ijtimoiy fanlar majmuining predmetidir. Beshinchidan, “jamiyat” atamasi turli ma’nolarda ishlatilishi mumkin.
Taniqli rossiyalik tadqiqotchi E.V.Tadevosyan o‘zining jamiyatga berilgan ta’rifida uning barqarorlik, bir butunlik, o‘zini-o‘zi boshqarish, o‘ziga to‘qlik, o‘zini-o‘zi rivojlantirish, odamlarning ma’lum aloqadorligi va o‘zaro ta’sirda bo‘lishi, muayyan ijtimoiy me’yorlar va qadriyatlarning mavjudligi kabi xususiyatlarni ajratib ko‘rsatdi.
“Jamiyat” tushunchasi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ma’nolardan tashqari yana: a) biologik tizimlarning eng rivojlangan bosqichi; b) konkret aniq sotsium; v) ijtimoiy aloqalar va o‘zaro ta’sirlar shakli va b. Jamiyat to‘g‘risida gap ketganda, u keng, falsafiy nuqtai nazardan tushuniladi. Eng keng ma’noda, jamiyat - bu odamlar birlashuvining hamma shakllari va ularning o‘zaro aloqalari va o‘zaro ta’sirlarining hamma usullari majmuidir.
Demak, “jamiyat” tushunchasi quyidagi ma’nolarni qamrab olgan:
1. Jamiyat tushunchasida nafaqat hozir yashab turgan kishilarning faoliyatlari, balki ularning o‘tmishi hamda kelajak avlodlar hayoti, ya’ni insoniyat tarixining ilk boshlanishidan tortib, uning kelajagigacha, barcha jihatlari aks etadi.
2. Bu tushunchada muayyan xildagi jamiyatlarning o‘ziga xos jihatlari ham ifodasini topadi. Masalan, “antik davr jamiyati”, “Yevropa jamiyati”, “osiyocha jamiyat” va hokazolar.
3. Mazkur tushunchada bir-biriga bevosita bog‘lanmagan holda mavjud bo‘lgan jamiyatlar ham ifodalanadiki, bunda ularning makon va vaqt bilan aloqador jihatlari e’tiborga olinadi. Bularga misol tariqasida qadimgi saklar, O‘rta Osiyo jamiyatlari, YAqin SHarqdagi arab jamiyatlari yoki G‘arbiy Yevropadagi jamiyatlar va boshqalarni olish mumkin.
Hozirgi ko‘rinishda jamiyat takror ishlab chiqarish, o‘zini o‘zi boshqarish va o‘zini o‘zi tashkil tashkil qilish ichki mexanizmlariga ega bo‘lgan tarixan muayyan, yaxlit va barqaror tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Jamiyat – bu, insonlarning shunday birlashmasiki, uning yaxlitligi ijtimoiy ishlab chiqarish, ya’ni insonlarning umuman ishlab chiqarish, o‘z hayotini quvvatlash va takror ishlab chiqarishga qaratilgan birgalikdagi faoliyati bilan ta’minlanadi64.
Jamiyat ijtimoiy tizim sifatida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
• hayotiy ne’matlarni ishlab chiqarish;
• ishlab chiqarishni tizimlashtirish;
• takror ishlab chiqarish va insonni ijtimoiylashtirish;
• mehnat natijalarini taqsimlash;
• davlatning boshqaruv faoliyatini qonunga muvofiqligini ta’minlash;
• siyosiy tizimlarni strukturalash;
• mafkuralarni shakllantirish;
• madaniyatlar va ma’naviy qadriyatlarning tarixiy davomiyligini ta’minlash.
Jamiyatning mazmun-mohiyati va kelib chiqish sabablari hamda omillariga doir bir qator qarashlar va konsepsiyalar yuzaga kelgan. Jamiyatning kelib chiqishiga oid teologik, idealistik, materialistik konsepsiyalari ham bu masalani o‘z holicha to‘liq tushuntirib bera olganlaricha yo‘q. SHunday bo‘lsada bu konsepsiyalar birgalikda uning mohiyatiga kirib borish imkonini beradi.
Jamiyatning kelib chiqishiga oid markscha materialistik nazariyada mehnat, mehnat qurollari, so‘ngra burro nutq inson jamiyatini yuzaga kelishida bosh omil sifatida ko‘rsatiladi. Psixoanaliz asoschisi Z.Freyd esa inson vijdonini uning kelib chiqish manbai siftida e’tirof etadi. Y.Xeyzinga o‘yin va o‘yin faoliyatiga inson va jamiyatni shakllantiruvchi asosiy tamoyil sifatida qaraydi65. E.Kassirer (1875-1945) ilgari surgan fikrga ko‘ra, turli ramz va timsollar ko‘rinishida yuzaga kelgan madaniyat jamiyatning yuzaga kelishiga zamin hozirlagan. Uning fikriga ko‘ra, qadimgi odamlar tabiat kuchlari oldidagi ojizligi va unda yashab qolishi uchun tabiatga eng ko‘p darajada moslashgan hayvonlarning fe’l-atvorlarini kuzatib, ularga taqlid qilish orqali yashab qolish imkoniga ega bo‘lganlar. Avval taqlidga asoslangan fe’l-atvor ramziy belgilarni, so‘ng esa nutqning vujudga kelishiga asos bo‘lgan. Aynan nutqning yuzaga kelishi odamlar o‘rtasidagi muloqotning yuzaga kelishiga, tajribalarning avloddan-avlodga o‘tishiga sabab bo‘lgan.
To‘plangan tajribani belgilar tizimida qayd etish va avloddan-avlodga o‘tkazish qobiliyatining shakllanishi hayvonlar to‘dasi kishilik hamjamiyatiga aylanishining muhim omili bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin. Bunday qobiliyatga hayvonlarning biron-bir turi ega emas. Namoyish etish, o‘rnak ko‘rsatish, taqiqlar va cheklashlar tizimi muloqotning nafaqat noverbal, balki asta-sekin shakllangan verbal vositalarida ham o‘z ifodasini topgan. Muloqot mehnat ko‘nikmalarini mustahkamlash, ovqat topish va unga ishlov berishni tartibga keltirish, o‘z kollektiv harakatlarini muvofiqlashtirish imkonini bergan. Etnografik ma’lumotlar tajribani avloddan-avlodga o‘tkazish va jamoa faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish shakli sifatida o‘yin ulkan ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi.
Ma’lum taqiqlar orasida ovqatga doir xulq-atvor bilan bog‘liq taqiqlar, shuningdek seksual cheklashlar, avvalo yaqin qarindoshlar jinsiy aloqaga kirishishi – insestning taqiqlanishi ayniqsa ajralib turadi. Ular insoniyat kelajagi uchun olamshumul ahamiyat kasb etgan. Zero tartibsiz jinsiy aloqalar naslning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan. Aslida, olingan tajriba yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohning taqiqlanishiga sabab bo‘lgan. Bu nikoh aloqalari tizimini tartibga solish, ularni qat’iy qayd etish, ayollar, qizlar, singillar ayirboshlashni, so‘ngra bu bilan o‘xshashlik bo‘yicha – oziq-ovqat, buyumlar, so‘z-belgilar ayirboshlashni yo‘lga qo‘yish imkonini bergan. Mazkur jarayonlar odamlar o‘rtasida muloqot, munosabatlar va xulq-atvor me’yorlari o‘rnatilishi va ularga rioya etish zarurligi anglab etilishiga turtki bo‘lgan. Me’yorlarning mustahkamlanishiga mifologik va ilk diniy tasavvurlar hamda taqiqlar tizimi ko‘maklashgan. Jamoadan tashqarida yashab qolish imkoniyati mavjud emasligini anglagan jamoaning har bir a’zosi unda o‘rnatilgan kundalik xulq-atvor me’yorlariga rioya qilgan. SHunday qilib, jamiyat ishlab chiqarish va ko‘payish ehtiyojlari bilan belgilangan odatlar, me’yorlar va qadriyatlar bilan tartibga solinadigan odamlarning birgalikdagi faoliyati va ularning o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi sifatida vujudga kelgan. Me’yorlar inson hayot faoliyatining barcha sohalariga nisbatan tatbiq etiladi, hamda madaniyat va sivilizatsiya vujudga kelishiga zamin hozirlaydi. Jamiyatda qanday o‘zgarishlar yuz bermasin, u odamzot bilan birga vujudga kelgan mazkur muhim tarkibiy elementlarni saqlab qoladi.
Jamiyat fenomenini tushunish uchun odamning ijtimoiy “atom” sifatidagi ziddiyatlarini tushuntirish zarur va undan keyin odamlarni yagona yaxlitlik bo‘lgan, ijtimoiy “organizm”ga birlashtiradigan qonuniyat xarakteriga aniqlik kiritish zarur. Haqiqatda ushbu aloqalarni va qonuniyatlarni tushuntirishning uch asosiy yondlashuvlari ajratib ko‘rsatiladi.
Birinchisi naturalistik yondashuv sifatida belgilanishi mumkin. Ushbu yondashuvning mohiyati shundaki, insoniyat jamiyati tabiatning, hayvonot dunyosining va nihoyat Kosmos qonuniyatlarining tabiiy davomi sifatida qaraladi. Ushbu pozitsiyadan jamiyat qurilishi turlari va tarixning borishi quyosh faolligi va kosmik nurlanishning ritmlari, jo‘g‘rofiy va tabiiy-klimatik muhitning, insonning tabiiy mavjudot, uning genetik, irqiy va jinsiy xususiyatlari bilan aniqlanadi. Jamiyat o‘ziga xos tabiiy epifenomen, uning oliy, biroq eng “omadli” bo‘lmagan va barqaror tuzilmasi sifatida shakllanadi. Tabiatning ushbu “eksperimenti” insonning aniq nomukammalligi va nomukammal global muammolarning og‘irligi sharoitida insoniyatning o‘z-o‘zini halok qilishiga olib kelishi mumkin. Ushbu yo‘nalish doirasida jamiyat o‘z mavjud bo‘lishining shaklini o‘zgartirishi, Kosmosga “ketishi” va u erda o‘z evolyusiyasining yangi tarmog‘ini boshlashi mumkinligi tahmin qilinadi.
Jamiyatning yuzaga kelishi borasida naturalistik yondashuv doirasidagi kosmologik konsepsiya ham mavjud, Uning taniqli vakili L.N.Gumilevning fikriga ko‘ra, koinotdan sayyoramizga keladigan tashqi ta’sirlar erda “passionarlik turtki”ni hosil qilgan. Bunda Quyosh asosiy manba bo‘lgan. Unda ro‘y beradigan chaqnashlar erga ta’sir ko‘rsatgan, odam miyasida favqulodda o‘zgarishlarni keltirib chiqargan. Buning natijasi sifatida ong rivojlangan va bu kishilik jamiyatining yuzaga kelishida muhim rol o‘ynagan.
Boshqa bir yondashuv “idealistik” deb nomlanishi mumkin. Bu erda odamlarni birlashtiradigan yaxlitlik aloqalarining mohiyati u yoki bu g‘oyalar, e’tiqodlar, afsonalar kompleksida ko‘riladi. Tarix yakdillik birgina davlat dini sifatida o‘rnatiladigan e’tiqod yordami bilan ta’minlanadigan ko‘plab teokratik davlatlarni ko‘rgan. Ko‘plab totalitar rejimlar jamiyat qurilishining skeleti vazifasini o‘taydigan yagona davlat mafkurasiga asoslanganlar. Ushbu g‘oyalarning targ‘ibotchisi, jarchisi sifatida odatda diniy etakchilar yoki millat va xalqning “dohiylari” chiqqanlar hamda u yoki bu tarixiy jarayonlar, o‘zgarishlar (urushlar, islohotlar va hokazo) mazkur mafkuraviy va diniy tizimga tayangan ushbu shaxsning irodasiga bog‘liq bo‘lgan.
Jamiyat qurilishini tushuntirining uchinchi yondaщuvi ma’lum bir tabiiy sharoitlarda va u yoki bu e’tiqodning, biroq o‘z-o‘ziga erkin va aniqlaydigan xarakterga ega bo‘lgan insonlararo aloqalar va munosabatlarning falsafiy tahlili bilan bog‘liq. Bu yondashuvga binoan, jamiyat yagona, jamiyat butunlay moslashmaydigan qismlarga ega bo‘lgan holda tuzilmalarga ajratilgan ma’lum bir tizim sifatida shakllanadi. Ushbu yondashuvda inson o‘zini jamiyatda egallab turgan o‘rnidan va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokidan mustaqil holda erkin amalga oshiradi. Insonlarning munosabatlari shartnoma yoki ma’lum bir kelishuvlar bilan emas, balki tarixiy taraqqiyotning ob’ektiv qonuniyatlari hisobga olinadigan, jamiyat a’zolarining kelishuvi (konsensus) bilan aniqlanadi.
Umuman tarixiy taraqqiyot davomida odamlar har doim jamiyatning vujudga kelish sabablari, uning rivojlanish yo‘nalishlarini tushunishga va tushuntirishga intilganlar. Dastlab bunday tushunchalar afsonalar shaklida, xudolar va qahramonlar nasihatlarida, inson taqdirini aniqlab beradigan xatti-harakatlarda (masalan, Gomerning “Iliada”, “Odisseya”sida, milliy xususiyatlarimiz asosidagi “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlarida) bayon qilib berilgan.
Jamiyat haqidagi falsafiy ta’limotlar Qadimgi Dunyoda, qachonki dastlabki marta jamiyatda o‘z qonuniyatlariga ega bo‘lgan, mavjudlikning maxsus shakli sifatida jamiyatga nisbatan qarashlarni asoslab berishga dastlabki xati-harakatlar amalga oshirilganda vujudga kelgan. Masalan, Aristotel jamiyatni o‘z ijtimoiy instinktlarini qondirish uchun birlashgan individlarning insoniy jamoasi sifatida baholagan. ¡rta asrlarda ijtimoiy hayotni falsafiy tushuntirish diniy asosda tushuntirilgan. Avreliy Avgustin va Foma Akvinskiylar insoniyat jamiyatini o‘ziga xos turning mavjudligi va Xudo tomonidan belgilab beriladigan va uning irodasiga bog‘liq holda rivojlanadigan ma’noga ega bo‘lgan inson hayot faoliyatining shakli sifatida tushunganlar.
YAngi Davrga kelib jamiyat odamlar o‘rtasida kelishuvga asoslangan holda tabiiy yo‘l bilan yuzaga keladi va rivojlanadi degan g‘oyalar tarqala boshladi. SHartnoma nazariyasining vakillari (T.Gobbs, D.Lokk, J.J.Russo) har bir odam tug‘ilganidan boshlaboq “tabiiy huquqlarga” ega bo‘ladi degan g‘oyalarni asoslab berdilar.
Fuqarolik jamiyati konsepsiyasini nemis faylasufi G.Gegel bir muncha batafsil tarzda, uni odamlarning ehtiyojlari kelishuvi, mehnat taqsimoti, o‘zaro tartibni saqlashda bir-birini qo‘llab-quvvatlashini aniqlagan holda ishlab chiqdi.
XIX asrlarda falsafa bilan bir qatorda jamiyat haqida yana bir fan – sotsiologiya vujudga keldi. Ushbu tushuncha esa fransuz faylasufi O.Kont tomonidan kiritildi. Ushbu fanning o‘rganish predmeti, O.Kontning fikriga binoan, insoniyatning ma’naviy va ahloqiy rivojlanishini hal qiluvchi omil ijtimoiy taraqqiyot hisoblanadi.
Ijtimoiy muammolarni ishlab chiqishning ma’lum bosqichi bo‘lib marksizm nazariyasi maydonga chiqdi. Unga muvofiq, jamiyat rivojlanishi tabiiy-tarixiy jarayon sifatida shakllanadi. Uning fikricha, insoniyat jamiyati o‘z rivojlanishida besh ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyani: ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorlik tuzumi, feodal tizim, kapitalistik tizim va kommunistik tizimni bosib o‘tadi. Marks nazariyasiga nisbatan shunday fikrlar bildiriladiki, unda rang-barang tarixiy jarayonlarning birinchi darajasiga iqtisodiy omillar, insoniy, ijtimoiy-ma’naviy elementlarning ta’siri esa ikkinchi darajaga tushirilgan.
XIX asrning oxirlarida “hayot falsafasi” tushunchasi ommaviy tus oldi. Uning vakili F.Nitsshe barcha qadriyatlarni individualizm, intellektual va ahloqiy aristokratizm pozitsiyasidan qayta baholashni targ‘ib qila boshladi. O.SHpengler tarixga yagona yaxlitlik sifatida emas, har biri alohida xalqlarning madaniyati tarixini namoyish qiladigan yopiq sikllar sifatida qaragan. O.SHpenglerning fikricha, Yevropa jamiyati intihoga etish yo‘liga kirib bo‘ldi.
XX asrning boshlariga kelib esa ijtimoiy harakat muammolarini tadqiq qilgan mashhur faylasuf M.Veberning asarlari keng tarqala boshladi. Ijtimoiy tuzilishning imkoniyati mavjud turlari, totalitarizmga va demokratiyaga qarshilik ko‘rsatish, insonning u oldinda yashashi mumkin bo‘lgan bo‘lgan jamiyatni tanlash mas’uliyati tahlili bo‘yicha K.Popper keng tadqiqotlar olib borgan.
XX asrning ikkinchi yarmida ijtimoiy hayotni falsafiy tushunish texnologik xarakterdagi konsepsiyalar bilan to‘ldirib borildi. R.Aron, D.Bell, U.Rostou, Z.Bjezinskiy, A.Tofflerlar jamiyatda ro‘y beradigan bir qator nazariyalarni, texnika va texnologiyalar sohasidagi o‘zgarishlarni ilgari surdilar. Ular jamiyat taraqqiyotining uchta asosiy bosqichini ajratdilar. Bular yuqorida keltirib o‘tganimiz: sanoatlashuvgacha (agrar), industrial (sanoat taraqqiyoti), postindustrial (yuqori texnologiyali, har bir insonning individual ehtiyojlariga yo‘naltirilgan) jamiyatlardir.
XX asrning boshlaridan ijtimoiy reallikni tabiiy fanlar: geografiya, biologiya, psixologiya, kibernetika, keyingi vaqtlarda esa sinergetika ham (G.Spenser, M.Kovalevskiy, Z.Freyd, J.Piaje, I.Prigojin) yordamida tushuntirishga harakat qiladigan ko‘plab urinishlar amalga oshirildi. Ushbu tendensiyaning o‘zi tabiiy fanlarning ijtimoiy nazariya bilan yaqinlashuvi pozitsiyasidan yaqqol namoyon bo‘ldi.
SHunday qilib, falsafiy fikrlar tarixi bir tomondan, ijtimoiy munosabatlar sohasida ilmiy anglashning o‘sib borayotgan kuchi, boshqa tomondan rivojlanayotgan ijtimoiy tizimning o‘sib kelayotgan murakkabliklarini namoyon qiladi. Bunday ziddiyatdan chiqishning esa jamiyat mavjud bo‘lishining va rivojlanishining umumiy qonuniyatlari anglanishi mumkin.
Jamiyatning barcha tarkibiy qismlari o‘rtasida barqaror aloqalarning mavjudligi, ularning yakdilligi hech qachon faylasuflarda shubha o‘yg‘otmagan. SHunday bo‘lsada, jamiyatning yaxlitligi, butunligi xarakteriga nisbatan turli yondashuvlar mavjud bo‘lgan va mavjud bo‘lib qolmoqda. Falsafa tarixida jamiyatning “atomli” nazariyasi, “ijtimoiy guruhlar” nazariyasi, ijtimoiy institutlar va tashkilotlar nazariyasi, jamiyatning “jamiyat organizm kabi” nazariyasi singarilar ma’lum. Bugungi kunda ko‘plab faylasuflar jamiyatning tizim sifatidagi nazariyasidan foydalanadilar. Ushbu tizim alohida sifatlarga ega, ya’ni:
integrallik (tizim yaxlitlik sifatida, o‘zining elementlaridan yuqori);
funksionallik (har bir elementning roli uning tizim ichidagi o‘rniga bog‘liq);
tuzilmaviylik (tizim elementlari aloqalarining va munosabatlarining nisbatan barqarorligi);
tashqi muhit bilan o‘zaro bog‘liqligi (har qanday tizim bir muncha kattaroq tizimning elementi hisoblanadi va bir tomondan ushbu katta tizimning impulslariga bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan, o‘zi ham tashqi muhitga ta’sir ko‘rsatadi).
Ushbu barcha belgilarga insoniyat jamiyati mos keladi.
Jamiyat ko‘p darajali jamiyat bo‘lib, asosiy darajalari quyidagicha namoyish qilinishi mumkin. Birinchi daraja – bu ijtimoiy o‘zaro munosabatlar strukturasini belgilab beradigan ijtimoiy rol.
Ikkinchi daraja – ushbu ijtimoiy rollar taqsimlangan turli ijtimoiy guruhlar va institutlar.
Uchinchi daraja – ko‘plab avlodlar tajribalari tomonidan tajribadan o‘tkazilgan, inson faoliyati namunalarini ko‘rsatadigan me’o‘rlarni qo‘llab-quvvatlaydigan va ishlab chiqadigan madaniyat.
To‘rtinchi daraja - huquqiy aktlar bilan tartibga solinadigan va ijtimoiy tizim ichida aloqalarni mustahkamlaydigan siyosiy tizim.
Jamiyat - o‘z-o‘zini ishlab chiqadigan, o‘z-o‘zini tashkil qiladigan, o‘z-o‘zini tartibga soladigan doimiy harakatdagi tizim bo‘lib, doimiy o‘zgarishlar jarayonida bo‘ladi.
Jamiyat rivojlanishining asosiy manbai har doim ham yuzaga kelgan bashoratlar doirasida har doim ham tartibga solinmaydigan insonlar hulq-atvorida aks etadigan ijodiy energiya hisoblanadi. Bunday energiya innovatsion deb ataladi. Ushbu energiya ichki o‘z-o‘zini tartibga solish va nazorat mexanizmlari tufayli amalga oshiriladigan jamiyat tizimlarida madani va institutsional o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Jamiyat rivoji odatda bir muncha murakkab tizim elementlarini yaratishga qaratilgan. Jamiyat rivojlanishining sur’ati hayot jarayonlari tezlashuvi va ularning sekinlashuv davrlarining navbat almashinuvi, jamoat tuzilmalarining vaqti-vaqti bilan inqirozi va eski ahvoliga qaytishi bilan bog‘liq.
Albatta, har bir alohida shaxs ma’lum bir jamiyatda va ma’lum bir tarixiy davrda tug‘iladi. U yuzaga kelgan, hisobga olmaslikning imkoni yo‘q bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar tizimiga tushib qoladi. Biroq, u ushbu tizimda o‘z o‘rnini va rolini belgilab olishi lozim bo‘ladi.
Hokimiyat jamiyatning ob’ektiv qonuniyati sifatida uning taqdiri azali hisoblanmaydi. SHu munosabat bilan V. Koxanovskiy, V. YAkovlev, L. Jarov va T.Matyashlarning ta’kidlashlaricha “butun tarix - bu insoniyatning ijtimoiy munosabatlarda erkinlik va insonparvarlik sari harakatidir”. Bugun insoniyat jamiyat va shaxs, xalqlar, millatlar va davlatlar o‘rtasidagi hamohang munosabatlarni o‘rnatishning imkoni yo‘qligi bilan bog‘liq axloqiy-madaniy inqirozni boshdan kechirmoqda.
|