|
Kurs ishi natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati
|
bet | 5/11 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 385,89 Kb. | | #230789 |
Bog'liq 4 sinflarda olmosh so\'z turkumini o\'rganish metodikasi (2)Kurs ishi natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Kurs ishining ilmiy ahamiyati ta’lim bosqichlari ona tili ta’limida nafaqat olmosh so‘z turkumini balki morfologiya bo‘limini o‘rganish holatini aniqlashda hamda uni o‘qitishning nisbatan qulayroq shakl va usullarini tavsiya etishda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, kurs ishining xulosalari va tahlil materiallari olmoshni o‘qitish masalalariga oydinlik kiritadi, uni o‘rganishda va ta’lim bosqichlarida qo‘llashda manba bo‘la oladi. Ta’lim bosqichlari ona tili ta’limida olmosh so‘z turkumini o‘qitishda ishlab chiqilgan mashqlar tizimi amaliy material bo‘lib xizmat qiladi.
Kurs ishning tuzilishi va hajmi. Kurs ishi ikkita bob, oltita reja, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I Bob. Olmosh haqida umumiy ma’lumot
1.1 O‘zbek tilshunosligida olmosh so‘z turkumining o‘rganilishi
O‘zbek tili birliklarini (jumladan, barcha so‘z turkumlariga oid lug’aviy birliklarni) fonetik, fonologik, morfologik, leksik, semantik, stilistik, pragmatik jihatdan o‘rganish keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Binobarin, bu borada hal etilishi va chuqur o‘rganilishi lozim bo‘lgan muammolar anchagina. Bugungi kunda bo‘layotgan jamiyatdagi o‘zgarishlar, taraqqiyot tilimizda ham o‘z aksini topmoqda. Tilning muhim elementi hisoblanadigan so‘zning lingvistik tabiati, shakl va ma’no xususiyatlari, uning nutqiy jarayonda tutgan o‘rni qadimdan tadqiqotchilarning diqqatini tortib kelmoqda. So‘zlarning inson, narsa-hodisa, belgi-xususiyat, harakat-holat singarilarni ifodalashdagi o‘ziga xos jihatlarini belgilash maqsadida ularni muayyan guruhlar va turkumlarga ajratgan holda tahlil etish borasida tilshunoslar yakdildirlar.
O’zbek tili leksik-grammatik tizimida alohida xususiyatlarga ega bo‘lgan olmoshlar ham so‘z turkumlari orasida mustaqil guruh sifatida e’tirof etib kelinmoqdaki, bu e’tirof ma’lum nazariya asoslarga ega. So‘z turkumlarining, jumladan olmoshlarning o‘zbek tilshunosligida o‘rganilishi haqida S.Ashirboyevning “O‘zbek tili grammatik qurilishining o‘rganilish tarixidan (1875-1917 yillardagi rus turkologlari asarlari asosida)” mavzusida yozilgan nomzodlik dissertasiyasi va J. Eltazarovning “So‘z turkumlari haqida lingvistik nazariyalar” nomli monografiyasida ma’lumotlar batafsil berilgan2.
Ularda qayd etilishicha, XIX asrning 70-yillaridan boshlab chor Rossiyasi O‘rta Osiyoni o‘ziga bo‘ysundirgan va yangi mustamlakani boshqarish uchun yerlik aholining tilini o‘rganishi lozim bo’lgan. Shu maqsadda M.Terentyev, A.V.Starchevskiy, V.Nalivkin, S.A.Lapin, I.A.Belyayev, L.Afanasyev, N.Budzinskiy, N.Ostroumov kabilar sart (o‘zbek) tilini o‘rganishga oid qo‘llanmalar yozishgan. O‘tgan asrning 30-yillaridan boshlab o‘zbek olimlari ham grammatikaga oid asarlar yarata boshladilar. Q.Ramazon va X.Qayumiy, X.Qayumiy va S.Dolimov, O.Usmon va B.Azizovlar ham muallifliklarida yaratilgan qo‘llanma va darsliklar shular jumlasidandir. Bu asarlarda olmoshlar haqida ayrim ma’lumotlar berilgan.
F.Kamol tahriri ostida nashr etilgan «Hozirgi zamon o‘zbek tili» (1957), M. Mirzayev, S. Usmonov, I. Rasulovlarning “O‘zbek tili” (1962), mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili. I tom” (1966), “O‘zbek tili grammatikasi”ning akademik nashri (1975), “XV-XIX asrlar o‘zbek tili morfologiyasi” (1990)da ham olmoshlar mustaqil so‘z turkumlar sifatida alohida o‘rganilgan. Bu adabiyotlar ro‘yxatini “XII-XIV asrlar turkiy adabiy yodgorliklar tili” (1986), Sh.Shoabdurahmonov va boshqalarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (1980), M.Asqarova va X.Abdurahmonovlarning “O‘zbek tili grammatikasining praktikumi” (1981), U.Tursunov va boshqalarning ‘Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (1992), A.Mengliyevning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (2004), M.Qurbonovaning “Hozirgi zamon o‘zbek tili” (2002), Sh.Rahmatullayevning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (2006) singari asarlari hisobiga davom ettirish mumkin. Olmoshlar masalasi yoritilgan ilmiy manbalarni 3 guruhga ajratib qarash maqsadga muvofiq:
1. Olmosh tarixiy nuqtai nazardan yoritilgan asarlar. O‘zbek tili tarixiy morfologiyasining ismlar silsilasida qaraladigan olmoshlar qadimiy turkumlardan bo‘lib, ularning shakllanishi va taraqqiyoti G‘.Abdurahmonov va Sh.Shukurovning “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi”, J.Hamdamovning “O‘zbek tili tarixi. II qism. Tarixiy morfologiya. Birinchi bo‘lim” kabi asarlarda, H.Ne’matovning ayrim ishlarida tadqiqot obyekti bo’lgan hamda o‘zining tegishli ilmiy-nazariy bahosini olgan.
O‘zbek tilshunosligida olmoshlar tadqiqiga bag‘ishlangan sezilarli ishlardan biri Yusupovning kuzatishlari bo‘lib hisoblanadi. Olimning “Eski o‘zbek adabiy tilida olmoshlar (XV-XVI asrlar)” deb nomlangan monografiyasida Alisher Navoiy va uning zamondoshlari asarlarida, XV-XVI asrlarda yuzaga kelgan yozma yodgorliklarda o‘z ifodasini topgan olmoshlarning barcha turlari aniqlangan va tavsiflangan. Eski o‘zbek tili va hozirgi o‘zbek adabiy tilida qo‘llanilgan va qo‘llanilayotgan olmoshlarning asosiy leksikgrammatik hamda semantik farqlari, o‘ziga xos xususiyatlari ishonchli dalillar asosida ko‘rsatib berilgan. Muallif olmoshlar xususidagi u yoki bu fikrni tasdiqlash maqsadida XIXII asrlarda yaratilgan yozma yodgorliklar hamda hozirgi o‘zbek tili va uning shevalaridan to‘plangan materiallardan qiyosiy foydalangan.
Rus va turkiy tilshunosliklar hamda o‘zbek tilshunosligida olmoshlarni o‘rganishga bag‘ishlangan qator ishlar B.Yusupovning monografiyasida tahlil qilingan va ularning ayrimlariga munosabat bildirilgan. Tadqiqotga berilgan ilovalar ham ilmiy jihatdan ahamiyatlidir. Ilovalardan ma’lum bo‘lishicha, XV-XVI asrlar eski o‘zbek tilida ifodasini topgan 64 ta olmosh (men, sen, ul, u, nimarsa, kimsa va boshqalar), qayd etilgan davrda qo‘llangan 48 ta olmoshning asli turkiy ekanligi, 9 ta arab tilidan o‘zlashtirilgan (jam’i, koffa, biajmaihim va boshqalar), 7 ta fors-tojik tillaridan olingan (hamin, hamon, tobakay va boshqalar). Ilovalardan XV-XVI asrlarda qo‘llangan olmoshlarning hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi shakllarining qiyosiy jadvali ham joy olgan. U. Sanaqulovning doktorlik dissertasiyasida olmoshlar evolyusiyasi xususida ham so‘z yuritilgan. Unda To‘nyuquq, Kultegin, Oltin yoruq kabi yozma yodgorliklar tilida qo‘llangan ban (men), na, kanty (kandy), o‘z, qamug‘- qamuq (hamma, barcha), alqu (hamma), anaqaya (ana-mana), sa-si (sen), yshyl, oshal, shyl, ysh, oshny, ashny, na-ns, nschyk, mlyk, nstsk, nsgu, nssha, qay, qach, qan, qanda, qayan singari olmoshlar tahlil qilingan. Ilovadagi 12-jadvalda VII-X asrlarda, 13-jadvalda XI-XIV asrlarning yodgorliklari tilida qo‘llangan olmoshlar sanab o‘tilgan.
2. Hozirgi o‘zbek tilidagi olmoshlar maxsus tadqiq qilingan yoki olmoshlar masalasi ham tilga olingan asarlar. Mazkur so‘z turkumi monografik yo‘nalishda ham o‘rganilgan. Masalan, X.Komilovaning ‘‘O‘zbek tilida son va olmosh’’ asari va I.Suyarovning ‘‘Hozirgi o‘zbek adabiy tilida olmosh’’ mavzuyidagi nomzodlik dissertasiyasi bu boradagi yirik tadqiqotlardan bo‘lib hisoblanadi. Ushbu ishlarda olmoshlarning lingvistik tabiati, ayniqsa, grammatik xususiyatlari to‘g‘risida atroflicha mulohazalar yuritilgan, stilistik xususiyatlariga ham qisman to‘xtalib o‘tilgan. O‘zbek tili olmoshlari haqidagi ilk maxsus tadqiqot X.Komilova qalamiga mansub. Uning ‘‘O‘zbek tilida son va olmosh’’deb atalgan ishida olmoshlarning umumiy tavsifidan so‘ng, ularning turlari haqida so’z yuritilgan va ular 6 ta deb ko‘rsatilgan. Olmoshlarning monografik tadqiqi I. Suyarovning yuqorida tilga olingan tadqiqotida maxsus amalga oshirilgan. Mazkur dissertasiya bevosita olmoshlarning leksik-grammatik xususiyatlarini tahlil etishga bag‘ishlangan. Ammo I.Suyarovning bir mulohazasi aniqlik talab qiladi. Muallif olmoshlarning bir turi ayrim tilshunoslar (Q. Ramazon va X.Qayumiy, A.K.Borovkov, M.Mirzayev, S.Usmonov, S.Ibrohimov, A.Rasulov va boshqalar) tomonidan kishilik olmoshlari va boshqalari tomonidan (X.Komilova) shaxs olmoshlari deb nomlanganligini uqtirib, shunday xulosaga keladi: shaxs olmoshlari termini bu turdagi olmoshlarning xususiyatlariga har jihatdan mos keladi. Bu turdagi olmoshning shaxs olmoshi yoki kishilik olmoshi deb atalishi masalaning mohiyatini o‘zgartirmaydi. Shu bois, ko‘pchilikning fikrini va mustaqillikdan keyingi yangi Davlat ta’lim standartlari asosida yaratilgan barcha turdagi o‘quv adabiyotlaridagi nomlanishni inobatga olib, kishilik olmoshlari terminini qo‘llash maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. O‘zbek tilshunosligida olmoshlarning o‘rganilishi va uning so‘z turkumlari tizimida tutgan o‘rni, tarixiy shakllari, olmoshlarning o‘ziga xos xususiyatlari, tabiati, badiiy matnlarda uchrashi ayrim maqolalarda ham o‘z ifodasini topgan. M.Asqarova, S.Ibrohimov, G‘.Karimov, S.Muhamedov, M.Temirova, B.Ubaydullayev, U.Sharipova, Q.Mahmudov, H.Hojiyeva, D.Hakimova kabi tilshunoslarning maqolalari shular jumlasidandir3.
3. Olmoshlarning ayrim turlarining stilistik xususiyatlari yuzasidan fikr bildirilgan yoki ma’lum darajada yoritilgan asarlar. Bu ishlar sirasiga R.Qo‘ng‘urov S.Karimov, B.Isabekov, T.Akramov va N.Fozilovalarning maqolalari kiradi. Jumladan, R.Qo‘ng‘urovning «Olmosh stilistikasiga doir ayrim mulohazalar» nomli maqolasida kishilik, ko‘rsatish, so‘roq, belgilash, gumon olmoshlarining uslubiy xususiyatlari, ularning asosiy ma’nolari bilan bir qatorda qo‘shimcha ma’nolar kasb etishi, bunday holat esa badiiy-estetik vazifani bajarishga xizmat qilishi ko‘rsatib berilgan. O.Yusupovaning “O‘zbek tilida olmoshlarning funksional-stilistik xususiyatlari” nomli dissertasiyasi o‘zbek tilshunosligida olmoshlarning tutgan o‘rni ularning funksional-stilistik xususiyatlarini tahlil etgan. M.Hamroyevning “Hozirgi o‘zbek tilidagi ko‘rsatish olmoshlarining funksional - semantik xususiyatlari” nomli monografiyasi hozirgi o‘zbek tilidagi ko‘rsatish olmoshlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda olmoshning bu turi yangicha nuqtai nazar bilan talqin qilingan. Ma’lum bo‘ldiki, o‘zbek tilshunosligida mustaqil so‘z turkumlaridan sanaladigan olmoshlar yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Ularda olmoshning turlari aniqlangan, ma’noviy xususiyatlari yuzasidan kuzatishlar olib borilgan, mazkur so‘z turkumini yaxlit hodisa sifatida tadqiq etish yo‘llari ko‘rsatib berilgan. Keyingi yillar adabiyotlarda maqola va monagrafiyalarda olmoshlarning leksik- semantik, grammatik xususiyatlari, imkoniyatlari kengroq ochilib, turli atamalar bilan ham (“ichi bosh so‘zlar, ishora so‘zlar”) atalib kelinadi. Masalan, R.Sayfullayev, A.Mingliyev va boshqalar tomonidan chiqqan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kitobida quyidagi fikrlar keltirilmoqda. “Ma’lumki, so‘zlar ma’noviy belgisiga ko‘ra uch turga bo‘linadi” a) Mustaqil ma’noli so‘z (fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid); b) Bo‘sh-ishora ma’noli so‘z (olmosh); c) Yordamchi ma’noli so‘z (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama, ko‘makchi fe’llar).
“Ishoraviylik” ramzi bilan ataluvchi olmosh boshqa leksemalardan ajralib turadi. O‘zbek tilshunosligida olmoshning doirasi va vazifasi zo‘rma-zo‘rakilik bilan ancha chegaralanib “ot, sifat, son o‘rnida qo‘llanuvchi so‘z” sifatida o‘ta tor tushunilgan. Vaholanki, bu bilan olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki fe’l, ravish, taqlid, undov, gap va hatto matnni almashtira olish, ularga ishora etish xususiyatlari hisobga olinmagan4.
|
| |