II-BOB. KОMPОZITSIYANING QONUN VA QOIDALARI
2.1. Kompozitsiyaning asosiy qonunlari
Kompozitsiyaning asosan to`rtta qonuni mavjud: yaxlitlik qonuni, tipiklashtirish qonuni, qarama-qarshi munosabatlar (kontrast) qonuni, kompozitsiyaning barcha vositalarining fikriy mazmuniga bog`liqligi qonuni.
Yaxlitlik qonuni
Kompozitsiyaning birinchi qonuni asarning yaxlitligi qonuni hisoblanadi. Badiiy asarning qonunan qurilgan yaxlitligini kompozitsiya aniqlab beradi. Kompozitsiyaning barcha unsurlari rassomning mantiqiy o`y-fikrlarini birlashtirgan holda joylashadi. Biz buyumni yoki asarni kuzatar ekanmiz, avvalo uning umumiy ko`rinishiga e’tibor beramiz va bo`laklarni bir-biriga taqqoslaymiz. Demak, asarning bir butunligi (yaxlitligi) kompozitsiyani tashkil etadigan barcha qismlarining o`zaro bog`liqligidir. Unsurlarning uyg`unligi o`zida kompozitsiyaning xususiyatlarini mujassamlashtiradi.
Yaxlitlik tushunchasi kompozitsiya unsurlarining bir-biriga bevosita bo`ysunishi kabi tushunchalar bilan bog`liqdir.
Bu qonun badiiy tasvirning hamma turlarining asosiy qonuni hisoblanadi. Yaxlitlik qonunini qo`llamasdan turib chizish ham, naturadan ishlash ham mumkin emas . Shakl ham, rang ham o`z-o`zicha paydo bo`lmaydi, balki ular butunlik bilan munosabatda, butunning qismi sifatida ko`rinadi.
Kartinada chuqur o`ylanmagan konstruktiv fikr bo`lmasa, bo`laklar xuddi yopishtirib ishlanganday bo`ladi. Bunday holatda biz faqat alohida figuralarning o`zinigina eslab qolamiz. Asarda butunlik bo`lmaydi.
Rassomlar kompozitsiyaning konstruktiv- fikriy tuzilishini topish uchun turli usullardan foydalanishadi.
Ba’zi rassomlar kompozitsiyani tartib bilan o`ylab topadi, ba’zilari esa oldin tasavvuriga nima kelsa o`shani tartibsiz chizib tashlaydi, keyin esa undan yo`l kursatuvchi konstruktiv fikr qidiradi.
Mukammal kompozitsiyani yaratish rassom uchun murakkab yo`l hisoblanadi. Shuning uchun ham mukammal yaratilgan kompozitsiyadagi bitta detalni olsak ham uning yaxlitligiga zarar yetadi. Bunday kompozitsiyaning barcha unsurlarining aloqasi aniq va mazmundor bo`lganligidan unga qo`shimchalar kiritib va o`zgartirib bo`lmaydi.
Kompozitsiyaning barcha unsurlarining o`zaro aloqasi faqatgina mantiqan emas , balki uyg`unlik yaratuvchi emotsional estetik sifatlarga ega.
Kompozitsiyaning yaxlitligi, aloqasi va bir-biriga bog`liqligi muammosi kompozitsiya elementlarining takrorlanmasligi, turli-tumanligi vazifasi bilan uzilmas aloqadadir. Kompozitsiyada hech narsa takrorlanmasligi kerak. Uning kattaligi, dog`i, intervallari, tipi, jesti ya’ni harakat belgisi ham takrorlanmasligi kerak. Ularning hammasi bir butun dog` yoki siluetga birlashishi o`zbek rassomlari Abdulhak Abdullayev, Malik Nabiyev portretlari, rus rassomlaridan M.Grekov, Surikov va Repin asarlarini olishimiz mumkin. Ko`pgina rassomlar o`zlarining ko`p figurali asarlarini yaratib, ko`p detallarini takrorlanmasligiga erishishgan.
Tipiklashtirish qonuni (hayotiylik qonuni)
Kompozitsiyadagi tipiklashtirish qonuni uchta asosiy belgilari bilan xarakterlanadi.
Birinchi belgi - kompozitsiyadagi berilayotgan voqea va xarakterlarning tipikligi. Bu qonunning asosida xarakter orqali tipikligi berilgan badiiy asar yaratishdir. Bunga misol qilib A.K. Savrasovning "Qora qarg`alar uchib keldi"(21-rasm), I.I. Levitanning "Qaynzor"(22-rasm) kabi asarlarini olish mumkin. Bu asarlar juda mazmundor, qiziqarli, go`zal bo`lishi bilan birga, rus tabiatining tipik obrazini ochib beradi.
Tipiklashtirish qonunining ikkinchi belgisi san’at asarida harakatni berish, vaqtni ko`rsatib bera olishdir.
San’atning tomosha qilinuvchi, sintetik turlaridan (teatr, kinematograf) farqli ravishda tasviriy san’at syujetning rivojlanishidagi faqat bitta momentni. Hodisani o`zgarmas holatda tasvirlab beradi. Shuning uchun ham biz tasviriy san’atda harakatni berish to`g`risida gapirganimizda, harakatni his qilishni nazarda tutamiz.
21-rasm. A.K. Savrasov "Qora qarg`alar uchib keldi"
22-rasm. I.I. Levitanning "Qaynzor"
Asarda harakatni aniq tasvirlash uchun tasvirlanayotgan voqeani kulminatsion nuqtasini topish, ya’ni oldingi harakatning belgilarini va keyingi bo`lajak voqealarni his qilish va tasvirlash lozim. Asarda qonunning bu belgilarini bera olmaslik kompozitsiyaning qotib qolishiga olib keladi. Bunda hattoki dinamik holatda tursa ham harakatni faqat tashqi ko`rinishi tasvirlanadi.
Mana shuning uchun ham rassom hayotni harakatda, yangining tuzilishi jarayonida qura olishi juda muhim. Ko`p figurali kompozitsiyaga nisbatan, bir figurali kompozitsiyada harakatni berish juda qiyin.
Repinning "Kutmagan edilar"(23-rasm) nomli asarida bir necha figura qatnashadi. Bu asarni tomosha qilgan kishi faqat tasvirlangan vaqtni emas, balki surgundan qaytgan kishi kirmasidan oldin ular nima ish qilib va qanday holatda o`tirganini ham tasavvur qila oladi. Uning paydo bo`lishi holati hozirgi holat sifatida his qilinadi. Chunki tasvirdagi boshqa barcha personajlar holatida oldingi harakat izlari saqlanib qolgan. Unda qari ona kresloni surgan holatda o`g`liga intilgani, xotini esa royal chalishdan to`htab, o`girilib qarab turgani tasvirlangan.
Keyingi harakat esa tasvirlanmagan bo`lsa ham quvnoq shovqin-suronni, savol-javobni va quvonch ko`z yoshlarini his qilish mumkin. Bu asarda voqeaning kulminatsion nuqtasi aniq ko`rinib turibdi. Unda vaqt va harakat juda muvaffaqiyatli berilgani uchun ham asar juda hayotiy chiqqan.
Rassom Yu.I. Pimenov o`zining "Yangi Moskva va Kechagi ko`chadagi to`y" nomli asarlarida ham zamonaviy shaharni harakatda bera olish. Uni ko`rgan tomoshabin voqealar xuddi ko`z oldida bo`lib turgandek his qilinadi.
Tipiklashtirish qonunining uchinchi belgisi uning yangiligidir.
Realistik san’at hayotni faqat haqiqiy holatda tasvirlash bilan birga, rassomning oddiy kundalik hayotdan zavqlanishini, uni estetik his qilishni ham ko`rsatib bera oladi.
Tasvirlanayotgan materialni estetik jihatdan o`zlashtirish - san’atning spetsifik xususiyatlaridan biridir. Bu estetik qarashlarsiz u o`ziga-o`zi qarshi chiqadi. Demak badiiy obraz o`zida estetik sifatlarni namoyon qilishi va kompozitsion yechimda yangilik yaratishi zarur. Haqiqatan ham biz Mikelandjelo, Titsian, Rembrandt. A.A.Deyneka, A.A.Plastov, o`zbek rassomlaridan R.Ahmedov, O`.Tansiqboyev asarlarida biz dunyoni juda go`zal holatda ko`ramiz va his qilamiz.
23-rasm. I.Repin "Kutmagan edilar"
Qarama-qarshi munosabatlar (kontrast) qonuni
Kompozitsiyaning yana bir asosiy qonunlaridan biri bu qarama-qarshi munosabatlar (kontrast) qonunidir. Qarama-qarshi munosabatlar kompozitsiyaning ta’sirchan kuchini ko`rsatib beradi. Kompozitsiyada qarama-qarshi munosabatlarning ahamiyatini rassomlar qadimdan bilishgan, Leonardo da Vinchi o`zining "Rangtasvir haqidagi traktatlar" nomli asarida uzunlik kontrasti (uzun va past, semiz va ariq), xarakter, faktura, materiallar kontrasti to`g`risida yozib qoldirgan.
Mikelendjelo o`z asarlarida hajm va yassilik kontrastlariga e’tibor bergan. U o`z asarlarida hajmli figuralarning ko`rinishini ozg`in figuralar yoki yassilik orqali bo`rttirib ko`rsatgan.
Inson o`z atrofidagi predmetlarni eng avvalo ularning siluetiga qarab ajrata olamiz. Bu esa tasviriy san’atda juda katta ahamiyatga ega. Predmetning shaklini inson undagi yorug` va soya kontrastiga qarab qabul qila oladi. Chunki yorug`-soyaning yo`qligi, yassilikni, hajmsizlikni keltirib chiqaradi.
Masalan, portret san’atida rassomlar qadimdan tonlar kontrastidan foydalanishgan.
Ular o`z asarlarida to`q rangli fonda yorqin figurani tasvirlashgan. XIX asrga kelib esa rassomlar portretda yorqin on qo`llay boshlashgan. V.A.Serovning "Shaftoli ushlagan qiz"(24-rasm) nomli asarida yorqin fonda qizning yuzi yengil siluetda tasvirlangan.
Rangtasvir asari issiq va sovuq ranglar kontrasti asosida quriladi. Rang kuchi uning yoniga qo`yilgan kontrast ranglar (qo`shimcha ranglar) orqali beriladi. Bular qizil-yashil, ko`k-zarg`aldoq - yashil, ko`k-zarg`aldoq, oq qora va hokazo bo`lishi mumkin.
Kompozitsiyada uzunlik kontrastlari (katta va kichik) va syujet tuzilishidagi kontrastlar (holat, psixologik) katta rol o`ynaydi.
Monumental asarlar ham kontrastlar asosida quriladi. Bu yerda uzunlik kontrasti katta ahamiyatga ega. Masalan, monumentalist - haykaltaroshlar mayda shakllarni yirik monumentlar oyog`i ostiga qo`yishadi.
Kompozitsiyada ideyani tasvirlash va syujetni qurilishida psixologik va holat kontrastlarini qo`llanilishi haqida Ye.A. Kibrik shunday deydi: "Kompozitsiyaning syujetini kurishda holatlarni qarama-qarshi qo`yish muhim ahamiyatga ega. Masalan, dehqon yoki turma" vagonida hibsga o`tirgan mahbusga perronda uchib yurgan ozod kabutarlar kontrast bo`la oladi. Kir, yirtiq-yamoq kiyimlardagi ishchi bilan yaxshi kiyingan fabrikant ham kontrastni bera oladi.
Shunday qilib kompozitsiyada kontrastlar universal rol o`ynaydi. Ular kompozitsiyada ideyaning konstruktiv xarakteridan boshlab, syujet qurilishiga katta ta’sir qiladi.
24-rasm. V.A.Serov "Shaftoli ushlagan qiz"
Kompozitsiyadagi barcha qonun va vositalarning uning fikriy g`oyaviy mazmuniga bog`liqligi qonuni
Bu qonunga asosan rassom yaxlit, ta’sirchan, fikriy-g`oyaviy jihatdan juda mazmundor san’at asari yaratadi. Chunki kompozitsiyaning tuzilishi barcha qismlari va detallari bilan formalistik - o`lik sxemaga emas, balki uning fikriy mazmuniga asoslanishi kerak.
San’at asari ustida ishlar ekan rassom uning kompoziyatsiyasi orqali o`zini tasvirlaydi, unga ma’naviy va estetik jihatdan baho beradi. Bu holatlar rassomning eng yuqori fikri va g`oyasi bo`lishi mumkin. Shunday qilib, rassom o`zining fikri va g`oyasini kompozitsiya orqali bera olsa bu badiiy asarga aylanadi. Aks holda bu ob’ektiv real borliqni fotografik ko`chirish yoki mazmun va mohiyatdan holi bo`lgan tasvirga aylanadi.
Bu qonun hajmlar munosabatini (soni va sifati), rang, yorug`lik, ton va shakl, shuningdek ritm va plastikasini berishi, harakat yoki nisbiy tinchlik holatini, simmetriya va assimmetriyasini hisobga olishni talab qiladi.
U kartina o`lchamiga barcha shakllarning nisbiy o`lchamini, kompozitsiyaning syujet markazini boshqa qismlariga nisbatini aniqlashtirishni talab qiladi. Asarda yaxlitlik taassuroti hosil bo`lishi uchun qismlar va elementlarning o`lchamlari nisbatlarning garmonik uyg`unligini keltirib chiqarishi lozim. Bu vazifalar rassomning fikriy-g`oyaviy mazmuniga mos holda yechilishi zarur. Shunday asarlar qatoriga M.B. Grekovning "Tachanka" asarini kiritishimiz mumkin.
Bu qonuning mazmun va mohiyatidan ko`rinib turibdiki asar yaratuvchi rassom kuchli aqlga, qaynoq yurakka va chuqur fikr bildirishga qodir inson bo`lishi lozim. Shuning uchun ham rassom uchun katta dunyoqarashga ega bo`lishi juda zarur.
Xulosa qilib shuni aytib o`tish lozimki, yuqoridagi qonunlarga rassom faqat o`z munosabatini bildirsa, tomoshabinga tushunarli bo`lgan asar yaratishi mumkin emas. Chunki tasviriy san’atning asosiy vazifalaridan biri bu insonlar orasidagi muomala vositasi bo`lib xizmat qilishdan iboratdir.
Yuqorida keltirib o`tilgan qonunlar abstraktsionizm va naturalizmga juda begonadir.
Nazariya amaliyotini kerakli bilimlar bilan qurollantiradi, aniqroq qilib aytganda asrlar davomida rassomlar tomonidan to`plagan boy materialni sistemali ravishda san’atga qaytaradi. San’at nazariyasi, rassomning yoshlik davridan boshlab shakllangan dunyoqarashi kabi juda katta ahamiyatga ega.
2.2. Kompozitsiyaning qoidalari, priyomlari va vositalari
Kompozitsiyaning badiiy ahamiyat va nazariyaning rivojlangan qonun-qoidalari va vositalari mavjud. Quyida asar yaratish jarayonida musavvirga yordam beruvchi asosiy qoidalari va vositalar haqida kengroq to`xtalib o`tmoqchimiz.
Albatta insonning o`zida hech qanday ijodiy qobiliyat yoki qiziqish bo`lmasa uni hech qanday qonun, qoidalar va vositalar bilan to`ldirib bo`lmaydi. Qobiliyatli rassomlar to`g`ri kompozitsion yechimni o`zining hissiyot va sezgisi orqali topadi, lekin bu qobiliyatni rivojlantirish uchun nazariyani ko`proq o`rganib, uni amaliyotda qo`llab ko`proq mehnat qilish lozim.
Kompozitsiya yuqorida aytib o`tganimizdek aniq qonunlar asosida quriladi. Uning qoidalari, priyomlari va vositalari esa butun ish jarayonida qo`llaniladi. Ular badiiy asarning yaxlitligi va ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi. Rassomning fikri taassurotini yoritib beruvchi badiiy vositalarning qo`llanilishi va original kompozitsion yechimni topish kompozitsiyaning tasviriy asosi hisoblanadi.
Kompozitsiyaning qoidalarini quyidagilarga ajratish mumkin: harakat (dinamika)ni berish, tinchlik (statika, oltin kesim 1/3).
Kompozitsiyaning priyomlariga ritm, simmetriya va assimmetriya, muvozanat va syujetli - kompozitsion markazni aniqlash kiradi.
Kompozitsiyaning vositalari quyidagilardan iborat: format, masofa, kompozitsion markaz, ritm, kontrast. Yorug`-soya, rang, dekorativlik, dinamika va statika simmetriya va assimmetriya, ochiqlik va yopiqlik, yaxlitlik va hokazo. Shunday qilib, kompozitsiya vositalari, bu kompozitsiyani yaratishda zarur bo`lgan barcha narsalar, shu bilan birga ularning qatoriga kompozitsiyaning qoidalari va priyomlarini ham kiritamiz. Ular turli tuman. Biz bu yerda eng asosiylari to`g`risidagina ma’lumotlarni berdik.
Ritm
Hammaga ma’lumki, ritm - bu tabiatning universal xususiyatidir. Masalan, kun va tun, yil fasllari siklik ravishda o`zgarib turadi, hayvonlar, o`simliklar va materiallarning rivojlanish jarayoni aniq ketma-ketlikka ega. Lekin hayot va san’atdagi ritm bir hil emas. San’atda ritm va ritmlik aktsentlarda uzilish, notenglik, noaniqlik bo`lishi mumkin.
Musiqadagi kabi tasviriy san’atda ham ritmlar faol, uzuk-yuluq, tekis, xotirjam, sekinlashgan ritmga ajratiladi.
Ritm - bu qandaydir elementlarni ma’lum bir ketma-ketlikda joylashishidir.
Rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, dekorativ san’atda ritm kompozitsiyaning muhim tasviriy vositasi sifatida qatnashadi. U faqat tasvirni ko`rishdagina qatnashib qolmay, balki asarga aniq emotsionallik bahsh etadi.
Ritm chiziqlar, dog`lar, yorug`lik va soya, rang orqali berilishi mumkin. Kompozitsiyada bir-hil elementlar takrorlanib keladi, masalan odamlar qomati, ularning qo`li yoki oyog`i va hakozo.
Natijada ritm hajmlar kontrasti asosida quriladi.
Ritmlar dekorativ - amaliy san’atda muhim rol o`ynaydi. Turli-tuman bezaklardagi ko`plab kompozitsiyalar elementlarining aniq ritmik ketma-ketligida qurilgan.
Ritm tekislikda harakatni bera oluvchi vositalardan biridir. Nimaga ritm harakatni ko`rsata oladi?
Bu bizning ko`ruv organizmining xususiyati bilan bog`liq. Bizning nigohimiz bitta tasviriy elementdan o`ziga o`hshash boshqa elementga tushar ekan, o`zi ham harakatda qatnashadi. Masalan. Biz suv to`lqiniga qarar ekanmiz, nigohimiz bitta to`lqindan ikkinchisiga o`tadi va ularning harakati illyuziyasi hosil bo`ladi.
Tasviriy san’at musiqa va adabiyotdan farqli ravishda fazoviy san’at guruhiga kiradi, vaqt va masofada harakatning rivojlanishi uning asosi hisoblanadi. Tabiiyki biz harakatni tekislikda berish haqida gapirganda, albatta uning illyuziyasini ko`zda tutamiz. Rassomlar kartinada ob’ektlar harakati illyuziyasini yaratish, uning xarakteri to`g`risida juda ko`p vosita va priyomlarni bilishadi.
Quyida biz ulardan bir nechtasini ko`rib chiqamiz.
Harakatni bilish qoidasi. Quyidagi sharoitlarda ob’ektlar kartinada xuddi harakatlanayotgandek ko`rinadi:
-
Agar kartinada harakat yo`nalishi bo`yicha bitta yoki bir nechta dioganal chiziqlardan foydalanilsa;
-
Agar harakatlanayotgan ob’ekt oldida bo`sh masofa qoldirsak;
-
Agar harakatni xarakterni juda aniq ochib beruvchi kerakli kulminatsiya tanlansa.
Bundan tashqari harakatni faqat bir momentini emas, balki uning harakatlarini bosqichma-bosqich bersak ham tasvir harakatlanayotganga o`hshab ko`rinadi. Masalan, qadimgi Misr releflarida har bir figura aniq bir holatda qotib qolgan, lekin kompozitsiyani aylana holatida tomosha qilsak harakat ketma-ketligini ko`rishimiz mumkin. Bunda tasvir harakatlanayotganga o`hshab ko`rinadi.
Asarni yaxlit holda tomosha qilsakgina harakatni sezishimiz mumkin, harakatning bo`lak momentlarida u sezilmaydi. Harakatlanayotgan ob’ektning oldidagi ochiq masofa harakatni fikran davom ettirish imkoniyati tugdiradi. Aks holda ob’ekt qogoz sathining chekkalariga juda yaqin qilib tasvirlansa, xuddi harakat to`htab qolgandek tuyuladi.
Shuningdek harakatni rasmdagi chiziqlarning yo`nalishi orqali ham berish mumkin. Masalan, barcha chiziqlar qog`oz sathining chuqurligiga yo`nalgan. Bunda qahramonni eng kuchga to`lgan vaqtini tasvirlasak harakatning ta’sirchanligi ortadi. Shu bilan birga harakat hissini ob’ektning silliq bo`yalgan foni noaniq konturlari ham berishi mumkin. Fondagi qo`llagan vertikal va gorizontal chiziqlar harakatni to`htatib qo`yadi. Harakat yo`nalishini o`zgarishi esa harakatni tezlashtiradi yoki sekinlashtiradi.
Statikani berish qoidasi
Quyidagi sharoitlarda kompozitsiya statik hisoblanadi.
-
Agar kartinada diagonal yo`nalishlar yo`q bo`lsa;
-
Agar ob’ektlar tinch (statik) pozada tasvirlangan bo`lsa, harakatning kulminatsiyasi bo`lmaydi;
-
Agar kompozitsiya simmetrik, muvozanatda yoki oddiy geometrik sxemalar (uchburchak, aylana, oval, kvadrat, to`g`ri to`rtburchak) asosida qurilgan bo`lsa.
Tinchlik hissi san’atning asarida yoki boshqa sharoitlarda paydo bo`lishi mumkin. Masalan, K.Korovinning "Qishda" kartinasida diagonal yo`nalishlarning ko`pligiga qaramay, changi qo`shilgan ot tinch turibdi, undagi harakat quyidagi sabablarga ko`ra sezilmaydi: kartinaning kompozitsion va geometrik markazi bir-biriga mos, kompozitsiya muvozanatda va otning oldidagi ochiq sathda daraxt tasvirlangan.
Syujetli - kompozitsion markazni aniqlash
Rassom kompozitsiya yaratar ekan, kartinada eng asosiysi nima bo`lishini va bu asosiy syujetni ya’ni "mazmun markazi" deb ataluvchi syujetli - kompozitsion markazni qanday ajratib ko`rsatish to`g`risida o`ylashi lozim.
Albatta syujetda hamma narsa bir hil muhim va ikkinchi darajada turuvchi qismlar asosiy syujetga bo`ysunadi. Kompozitsiyaning markazi asosiy harakat bilan unda qatnashuvchi asosiy shaxslarni o`ziga bog`laydi. Asardagi kompozitsion markaz o`ziga diqqatni jalb etishi lozim. Markaz rang, yorug`lik, tasvirni yiriklashtirish, kontrast va boshqa vositalari bilan ajaratiladi.
Kompozitsiya markazi faqat rangtasvir asarlaridagina emas, balki grafika, haykaltaroshlik, dekorativ san’at, me’morchilikda ham ajratiladi. Masalan, Uyg`onish davri rassomlari kompozitsiya markazi xolstning markazida turishini hoxlashgan. Bosh qahramonni holstning markazida tasvirlash orqali rassomlar uning syujet uchun muhim rol Uyg`onishni ta’kidlamoqchi bo`lishgan.
Rassomlar kompozitsiya markazini xolstning hoxlagan joyiga qo`yib kartina yaratish uslublarining ko`pgina variantlarini ishlab chiqishgan. Bu priyom V.Surikovning "Boyar xotin Morozova"(4-rasm) kartinasida harakat, voqealarning dinamikasi, voqealarning tez rivojlanishini berishda muvaffaqiyatli qo`llanilgan.
Rembrandtning "Oq padarning qaytishi"(25-rasm) nomli asarida asosiy fikrni aniq ochib berish maqsadida asosiy qahramonlar markazdan chetga surib ishlashgan. Unda uyning bo`sagasida dunyoni darbador kezib kelgan ota va o`g`ilning uchrashuvi tasvirlangan. Darbador o`g`ilning ko`rinishiga qarab uning og`ir yo`l bosib kelganini bilish mumkin. Chuqurlik birinchi plandan boshlab rang va yorug`lik kontrastlarini kamaytirish hisobiga ochib berilgan.
Ko`zi ko`r bo`lgan ota kechirganini belgisi sifatida o`g`lining yelkasiga qo`lini qo`yib turibdi. Bu harakat orqali yillar orqali to`plagan qayg`u-alamni, donolikni ko`rish mumkin. Rembrandt kompozitsiyasidagi asosiy markazni yorug`lik bilan ajratib ko`rsatilgan. Kartinaning kompozitsion markazi juda chetda joylashgan. Rassom kompozitsiyadagi muvozanatni o`ng tomonda turgan katta o`g`ilni tasvirlash orqali bergan. Kompozitsiyadagi asosiy markazning berilishi "Oltin kesm" qoidasiga to`g`ri keladi. Qadimdan rassomlar taassurotni kuchaytirish uchun qo`llashgan.
25-rasm. Rembrandt "Oq padarning qaytishi"
Kompozitsiyada oltin kesim qoidasi
Kompozitsiyadan markazni ko`rsatish uchun tasvirning muhim elementi oltin kesim nisbatiga to`g`ri keladigan holda ya’ni 1/3 nisbatda joylashtiriladi. Agarda uygunlikka erishish uchun tasvirlanayotgan ob’ektlarning nisbiy munosabatlari oltin kesim qoidasi asosida qurilishi lozim.
Ikkita va undan ko`proq kompozitsion markazlar berilgan kartinalar orqali bir hil vaqtda bo`lib o`tayotgan bir necha voqealarni ko`rsatish mumkin.
Asardagi asosiy voqeani ochib berish uchun bir necha vositalardan ham foydalanish mumkin. Masalan, "Izolyatsiya" priyomidan asosiy tasvirni boshqa predmetlardan ajratib tasvirlashlar asosiy o`lcham va rangni ajratib tasvirlash qo`llaniladi.
Eng asosiysi kartinadagi syujetli kompozitsion markazda asarning asosiy mazmun va g`oyasini berish muhim hisoblanadi.
Kompozitsiyada simmetriya va assimmetriya
Turli davr rassomlari kartinani simmetrik qurish uslubidan foydalanganlar. Qadimgi mozaikalar kompozitsiyasi simmetrik qilib qurilgan. Uyg`onish davri rangtasvirchilari ham o`z kompozitsiyalarini simmetriya qonuni asosida qurishgan. Bunday qurish tinchlik, ulug`vorlik, turg`unlik, tantanavorlik taassurotini berishda yordam beradi. Simmetrik kompozitsiyada odamlar va predmetlar kartinaning markaziy o`qiga nisbatan bir-biriga yonma-yon qo`yib joylashtiriladi.
San’atdagi simmetriya hayotdagi simmetrik shakllarni ko`rsatuvchi real voqealikka asoslanadi. Masalan, inson qomati, kapalak, qor shakli simmetrik qurilgan. Simmetrik kompozitsiyalar statik (turg`un) bo`lib, chap va o`ng tomonlar bir hil og`irlikda bo`ladi.
Assimmetrik kompozitsiyada esa ob’ektlar asarning syujeti va mavzusiga qarab turli - tuman bo`lishi va chap va o`ng tomonlari esa muvozanatda bo`lmaydi.
Kompozitsiyada muvozanatni berish
Simmetrik kompozitsiyaning barcha qismlari bir hil muvozanatda, assimmetrik kompozitsiya muvozanatda va muvozanatsiz bo`lishi mumkin.
Kompozitsiyadagi katta yorqin dog`, kichik to`q rangli dog` bilan muvozanatda bo`ladi.
Kompozitsiyada muvozanat og`irligi, toni va rangiga ko`ra beriladi. Muvozanat figuralarning o`ziga va ular orasidagi masofalarga ham tegishli bo`ladi.
Maxsus mashqlar kompozitsiyadagi muvozanatni sezish hissini rivojlantiradi. Katta va kichik o`lchamlarni, yorqinlik va to`qlikni, turli-tuman siluetlar va rang dog`larini muvozanatga keltirishni o`rganish juda muhim. Shu yerda halinchak uchganda muvozanatni topish tajribasini eslash juda foydali bo`ladi. Unda halinchakni bir tomoniga kattaroq bolani o`tirg`izib, narigi tomoniga ikkita kichkina bolani qo`yib muvozanatni saqlash mumkin. Kompozitsiyadagi og`irlik bilan ham xuddi shunday eksperiment o`tkazish mumkin.
Bunday tenglashtirish kartinaning turli qismlarini o`lchamlari, toni va rangiga ko`ra muvozanatga keltirishga yordam beradi. Bu esa kompozitsiyada muvozanat va uyg`unlikka erishishga yordam beradi.
Assimmetrik kompozitsiyada fikriy-hayoliy markaz kartinaning chekkasiga yaqin bo`lsa muvozanat umuman bo`lmaydi. Agar kartinaning oynadagi aksiga qarasak taassurotimiz umuman o`zgarib kеtadi. Bu xususiyatni kompozitsiyada muvozanatni izlash jarayonida e’tiborga olish lozim.
Kompozitsiyadagi qonunlar, qoidalar va vositalar rassomlarning ko`p asrlik boy ijodiy tajribasiga asoslangan, lekin kompozitsiya texnikasi bir joyda to`htab qolmay keyingi rassomlarning ijodiy adabiyoti bilan muntazam rivojlanib bormoqda. Kompozitsiyaning qandaydir qonun va qoidalari klassika darajasiga ko`tarilgan bo`lishi mumkin, lekin yangidan-yangi qoidalar ham paydo bo`ladi, lekin hayot san’at oldiga yangidan-yangi vazifalar qo`ymoqda.
|