II.2. Landshaftshunoslik - kichik hududlar tabiiy geografiyasi
"Landshaft" so‘zi aslida nemischa bo‘lib, ("land" − "yer" va "shaft" − o‘zaro aloqadorlik va bog‘liqlikni aks ettiruvchi suffiks), umumadabiy tilda manzara, joyning ko‘rinishi, degan ma’noni anglatadi.
Landshaft atamasi geografiyaga dastavval deyarli bir vaqtda A.A.Borzov, L.S.Berg, I.M.Krasheninnikov, L.F.Morozovlarning ilmiy ishlari orqali tabiiy geografik kompleks so‘zining sinonimi sifatida kirib keldi. Keyinchalik landshaft tushunchasini chuqurlashtirish va uning ta’rifini mukammallashtirish jarayonida tabiiy geograflar uch guruhga bo‘linib ketishdi.
Birinchi guruh tabiiy geograflarning fikricha, landshaft ham xuddi relyef, iqlim, tuproq, o‘simlik tushunchalari kabi umumiy tushunchadir. Bu holda landshaft atamasi xohlagan ko‘lamdagi tabiiy geografik komplekslarga nisbatan, ularning katta kichikligidan qat’i nazar ishlatilishi mumkin. Bu tushuncha tarafdorlari (F.N.Milkov, D.L.Armand, Y.K.Yefremov, V.I.Prokaev kabilar) fikricha, landshaft bizning ko‘z o‘ngimizda tarixiy shakllangan va uzluksiz rivojlanishda bo‘lgan u yoki bu geografik kompleks qiyofasida namoyon bo‘lgan o‘zaro bog‘liq va aloqador bo‘lgan narsa, hodisalarning yig‘indisidir.
Landshaftga berilgan ushbu ta’rifdan ko‘rinib turibdiki, landshaft ham, tabiiy geografik kompleks ham bir narsadir. Mualliflarning fikriga ko‘ra, tabiiy geografik kompleks so‘zi aniq ifodaga egaligiga qaramay, atama sifatida noqulay. Shuning uchun tabiiy geografik kompleks so‘zining ma’nosini anglatadigan, ammo qisqagina va ishlatishda qulay bo‘lgan landshaft atamasidan foydalangan ma’quldir. Bu holda "landshaft qobig‘i" atamasi "geografik qobiq" atamasining sinonimi sifatida ishlatilmoqda.
Ikkinchi guruh geograflar ta’kidlashicha, landshaft ma’lum bir hududni egallagan, o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan regional birlikdir. Masalan, N.A.Solntsev landshaftni asosiy geografik birlik deb qaraydi va geologik tuzilishi, relyef shakllari, yer osti va usti suvlari, mikroiqlim, tuproq xillari, fito va zoostenozlari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan birikmalari qonuniy va tipik qaytalanib turadigan genetik jihatdan bir butun hududni landshaft deb ataydi.
Landshaftning ta’rifini boshqacharoq va qisqaroq qilib, A.G.Isachenko (1991) quyidagicha ta’riflaydi: "Landshaft – mahalliy ko‘lamda geotizimlarning o‘ziga xos yig‘indisidan iborat bo‘lib, o‘zining zonal va azonal belgilari bo‘yicha bir butun hamda genetik jihatdan yaxlit geotizimdir". Uning fikricha, landshaft o‘zidan kichik geotizimlar yig‘indisidan iborat bo‘lishi bilan bir vaqtda o‘zidan katta va murakkabroq tuzilgan geotizimning bir qismi bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun landshaftlarning hosil bo‘lishini geografik qobiqning rivojlanishi va tabaqalanishining natijasi deb qarash kerak. Undan tashqari landshaft tabiiy geografik komplekslarning taksonomik tizimida shunday bir pog‘onani egallaydiki, u o‘zining azonal va zonal xususiyatlari bo‘yicha bir butundir. Demak, tabiiy geografik rayon rayonlashtirishning eng kichik va asosiy birligidir. A.G.Isachenko fikricha, landshaft va tabiiy geografik rayon ikkalasi bir narsadir. Bu holda landshaft bir konturlidir. Yer yuzasida bir landshaft bir marta uchraydi.
Uchinchi guruh geograflar landshaft tipologik birlikdir, degan tushuncha tarafdorlaridir. Ular landshaftlarning nisbatan bir xilligi tushunchasiga asoslanadilar. Bunda landshaft ma’lum xarakterdagi hudud yoki joy deb qaraladi. Bundan tashqari, landshaft tabiiy komponentlar (geologik tuzilishi, relyef, tuproq, o‘simlik va h.k.) ning dialektik birligi, majmuasi deb hamda nisbatan bir xil bo‘lgan tabiiy geografik kompleks deb qaraladi. Landshaftlar ularning hududiy tarqalishidan qat’i nazar, xususiyatlariga qarab aniqlanadi.
Landshaftga nisbatan bunday qarashning faol targ‘ibotchisi bo‘lgan N.A.Gvozdetskiyning (1973) aytishicha, landshaft − tabiiy geografik kompleksning turi, kichik turi, xilidir. Masalan, geomorfologiyada relyef turi, tuproqshunoslikda tuproq turi, xili tushunchalari qaysi ma’noda ishlatilsa, tabiiy geografiyada ham shunday ma’noda ishlatilishi kerak. Masalan, dasht tuproqlari deyilgandek, dasht landshaftlari deb aytish mumkin. Landshaft tipologik birlik sifatida katta-katta maydonlarni ham yoki kichik joyni ham egallashi mumkin. Bir xildagi yoki bir turdagi landshaft ma’lum hududda qayta-qayta uchrashi, ya’ni ko‘p konturli bo‘lishi mumkin. U yoki bu landshaftning tarqalish areali xuddi u yoki bu tuproq yoki relyef turining tarqalish areali kabi uzuq-yuluq bo‘lishi mumkin. Ana shunday landshaftlarning ma’lum bir yig‘indisi tabiiy geografik rayonlarni tashkil qiladi. N.A.Gvozdetskiy fikricha, tabiiy geografik regional birliklar va landshaft tipologik birliklari ikki xil tizimdagi birliklardir. Ular geografik qobiqning tabiiy geografik tabaqalanishini o‘rganishdagi ikki xil yondashishning natijasidir.
Landshaftlar regional birlik deb qaralganda, ular orasidagi har xillikka ko‘proq e’tibor berilsa, tipologik birlik deb qaralganda, ularning nisbatan bir xilligiga e’tibor beriladi.
Landshaft tushunchasiga nisbatan yuzaga kelgan bu uch xil ko‘z qarashni landshaftshunoslikda hosil bo‘lgan uch yo‘nalish desa ham bo‘ladi.
Landshaftshunoslikka bag‘ishlangan ko‘pgina ilmiy asarlar, darslik va qo‘llanmalarda, asosan, yuqorida bayon etilgan uch xil tushuncha haqida so‘z yuritiladi. Ammo ularning qaysi biri haqiqatga yaqin, qaysi biri to‘g‘ri degan savolga javob berishda mualliflar u yoki bu guruhga qo‘shilib ketadilar. Biz ham ana shu savolga javob izlash jarayonida yirik landshaftshunos olim, Moskva davlat universitetining professori V.A.Nikolaev ilmiy izlanishlarining natijalariga ko‘proq e’tibor berishga harakat qildik. Bu olimning 1979-yilda bosilib chiqqan "Regional landshaftshunoslik muammolari" degan kitobi uning qariyb 20 yildan ortiqroq vaqtni o‘z ichiga olgan ilmiy izlanishlarining samarasidir. Bu izlanishlar asosida V.A.Nikolaevning Qozog‘iston dashtlarida olib borgan landshaftlarni aniqlash, xaritaga tushirish, ta’riflab berish, landshaftlarning tuzilishi, dinamikasi, rivojlanishi, yoshi kabilarni aniqlash hamda landshaftlarni xo‘jalik nuqtayi nazaridan baholash, ularning rivojlanishini oldindan aytib berish kabi masalalarni hal qilish maqsadida to‘plangan juda katta hajmdagi ilmiy ma’lumotlar yotadi.
V.A.Nikolaevning fikricha, landshaftni faqat o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan regional birlik deb qarash ham, yoki uni faqat tipologik birlik deb qarash ham baravariga bir yoqlamalikka olib keladi. Vaholanki, N.A.Gvozdetskiyga o‘xshab, landshaftni tipologik birlik deb tushunish har bir konkret landshaftni tahlil qilishdan kelib chiqishi kerak. Har bir landshaft tabiiy geografik jihatdan o‘ziga xos, ammo bir vaqtning o‘zida u qandaydir bir tipologik umumiylikning bir qismidir. Xuddi shunga o‘xshash fikrni biz N.A.Solntsevning shogirdlari G.N.Annenskaya va boshqalar (1962) ishida ham uchratamiz. Ularning yozishicha, landshaft ham, uning morfologik qismlari ham boshqa har qanday ko‘lamdagi tabiiy geografik komplekslar kabi ham regional, ham tipologik yo‘nalishda o‘rganilishi mumkin. Bu borada A.G.Isachenko (1991) o‘z fikrini quyidagicha bildiradi: "Hodisalarni turlarga ajratish, ularni o‘rganishdagi tipologik yondashish har qanday ilmiy izlanishning, jumladan, landshaft izlanishlarining ham zaruriy shartlaridan biridir. Ammo tur tushunchasiga o‘tgunga qadar ma’lum miqdorda muayyan obyektlarni o‘rganish kerak. Chunki landshaft turi tabiatda obyektiv mavjud bo‘lgan ko‘plab muayyan mavjud landshaftlarni ilmiy umumlashtirish orqaligina aniqlanadi".
Landshaftshunoslik izlanishlarida alohida bilan umumiylikning birligi va qarama-qarshiligini e’tirof etishimiz kerak. Alohida muayyan landshaft haqidagi ma’lumotlarsiz umumlashtirish mumkin emas. Shunday qilib, yer yuzasida obyektiv mavjud bo‘lgan landshaftlarni ma’lum belgilariga qarab umumlashtirish, ya’ni xil, tur, sinf kabilarga birlashtirish mumkin ekan.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga xulosa qilib aytganda, landshaft genetik jihatdan bir butun bo‘lgan geotizimdir. U bir xil geologik tuzilishi, bitta relyef turi, bir xil iqlimi hamda faqat shu landshaftga xos bo‘lgan, dinamik jihatdan bog‘liq bo‘lgan urochishelar yig‘indisidan iboratdir. Landshaft bir jihatdan qaraganda zona, provinsiya, okrug, rayon kabi regional geotizimlarni tashkil qiluvchi eng oddiy geotizimdir. U geografik qobiqning eng oddiy va eng kichik to‘qimasi (birligi) bo‘lsa, ikkinchi jihatdan o‘zidan kichik bo‘lgan urochishe, fatsiya kabi qismlar va oddiy geotizimlar bog‘lamidan hosil bo‘lgan murakkab ko‘p yarusli va dinamik geotizimdir. Landshaft qo‘shni landshaftlar bilan modda va energiya almashinishi orqali doimo o‘zaro ta’sirda bo‘lib turadigan ochiq geotizimdir.
Mavjud landshaftlarning hammasi birgalikda yerning landshaft sferasini hosil qiladi. Landshaft sferasi atamasining geografik adabiyotga kirib kelishi Y.K.Yefemov (1950) nomi bilan bog‘liq bo‘lib, aslida geografik qobiq atamasining sinonimi sifatida ishlatilgandi. Keyinchalik, S.V.Kalesnik (1955, 1970), V.B.Sochava (1956), D.L.Armand (1975), Y.Demek (1977) kabilar ham ushbu atamadan shu mazmunda foydalanganlar.
F.N.Milkov ham o‘zining bir qator asarlarida (1959, 1970, 1990) yerning landshaft sferasi atamasini keng, ammo butunlay boshqa mazmunda ishlatgan. U geografik qobiqda modda va energiya almashinishining jadallik darajasini hisobga olgan holda, yuqoridan pastga tomon, turli sifatlarga ega bo‘lgan to‘rtta qatlamni farqlaydi: 1) yuqorigi − havo qatlami; 2) o‘rta− landshaft qatlami; 3) landshaftlararo suv qatlami; 4) quyi − litosfera qatlami. Ushbu qatlamlardan uchtasi (havo, suv, tog‘ jinslari) nisbatan katta qalinlikka ega bo‘lib, kilometrlab o‘lchanishi mumkin. Landshaft qatlami esa yupqa va bir necha o‘ndan bir necha yuzgacha metrlab o‘lchanadi.
Yerning landshaft sferasi deganda, F.N.Milkov atmofera, gidrosfera va litosferalarning bevosita tutash kelgan qismidagi yupqa qatlamni tushunadi (5-rasm.)
|