O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti




Download 0,62 Mb.
bet15/18
Sana27.06.2021
Hajmi0,62 Mb.
#15201
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18
5-rasm. Yerning landshaft sferasi (F.N.Milkov, 1970)

Uningcha, geografik qobiqning markaziy qismida shakllangan bu qatlamda quyosh energiyasi yerdagi boshqa energiyalarga aylanadi va organik hayotning rivojlanishi uchun eng qulay sharoit shakllanadi. Organik hayotning mavjudligi geografik qobiqning katta qismiga xos, ammo uning jo‘shqin avj olgan qismi, ya’ni geografik qobiqning biologik fokusi – yerning landshaft sferasida mujassam bo‘lgan (1970, 18 b).

Shunday qilib, F.N.Milkovning sa’y-harakati bilan geografik adabiyotga yerning yana bir tabiiy sferasi haqidagi tushuncha kirib keldi.

Umuman olganda, yerning ko‘p sferalilik xususiyati qadimdan tabiatshunos olimlarning (masalan, Aristotel, Dekart, Leybnits, Gumbolt, Zyuss va b.) e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan.

Yer haqidagi fanlarning, shu jumladan, geografiyaning keyingi rivojiga kuchli turtki bo‘lgan yerning ko‘p sferalilik nazariyasi avstriyalik geolog olim Eduard Zyuss (1851-1914) tomonidan yaratilgandi. U keltirgan tavsiflarda yerning ichki qobig‘i − barisfera tashqi tosh qobiq − litosfera bilan va u o‘z navbatida gidrosfera va atmosfera bilan qoplanganligi, litosferaning o‘zi esa yer po‘sti va uning ustidagi cho‘kindi jinslar qatlami – stratisferadan iboratligi aytib o‘tilgandi.

Hozirgi kunga kelib, nomlari yaxshi tanish bo‘lgan atmosfera, gidrosfera, litosfera, biosfera kabi sferalar va geografik qobiqdan tashqari, ularning tarkibida yana o‘ttizga yaqin turli sferalar ajratilganligi ma’lum. Yerning yadrosidan boshlab atmosferaning yuqori chegarasi tomon konsentrik joylashgan, ko‘p tavsifli bu sferalarning ayrimlari moddaning u yoki bu agregat holatdagi (gaz, suyuq, qattiq) ko‘rinishi bilan tavsiflansa, ayrimlari fizikaviy, kimyoviy yoki termodinamik xususiyatlari bilan farqlanadi.

Ko‘p komponentli va ko‘p omilli biosfera yoki geografik qobiq esa moddaning barcha holatlarining birgalikdagi majmui bilan tavsiflanadi. Bu holat geografik qobiqning (biosferaning ham) tadqiqot obyekti sifatidagi o‘ziga xosligini, murakkabligini va ichki turli-tumanligini keltirib chiqaradi.

Geografik qobiq yoki biosferadagi bunday murakkablik va ichki turli-tumanlik, ayniqsa, yerning gipsometrik yuzasiga eng yaqin bo‘lgan qatlamlarda eng yuqori darajada bo‘lib, undan yuqori tomonga ham, quyi tomonga ham (2-rasmda aks ettirilgandek) kamayib boradi. Shuningdek, landshaft hosil qiluvchi omillar va jarayonlarning asosiy qismi ham shu qatlamlarda faol bo‘lib, ularning jadalligi ham shu yo‘nalishda susayib boradi. Buning asosiy sabablaridan biri shundaki, turli tabiiy jismlar (havo, suv, tog‘ jinslari, o‘simlik va hayvonot) geografik qobiqning aynan shu qatlamlarida bir-biri bilan to‘qnashadi, birining moddasi ikkinchisining tarkibiga kirib boradi, o‘zaro ta’siri va aloqadorligi kuchliroq bo‘ladi. Tabiatda modda va energiya almashinishining jadalroq kechishini ta’minlovchi muhim komponentlardan bo‘lgan o‘simlik, hayvon va mikroorganizmlar ham shu qatlamlarda makon topgan. Masalan, fransuz tabiatshunosi Jan Batist Lamark (1744-1829) fanda birinchilardan bo‘lib, yerning tashqi qobig‘ini hosil qilgan barcha ko‘rinishdagi murakkab mineral moddalar faqat hayvon va o‘simliklarning mahsulidir, degan xulosaga kelgandi.

Mashhur nemis tabiatshunosi, qomusiy olim Aleksandr fon Gumbolt (1763-1859) esa yer yuzasida hayotning nihoyatda keng tarqalganligi va uning jonsiz tabiat bilan chambarchas bog‘liqligi g‘oyasini ilgari surib, yerning "hayot qobig‘i" atamasini ishlatgan edi.

Mazkur g‘oyalarni keyinchalik, E.Zyuss rivojlantirib, quruqliklar yuzasida mavjud bo‘lgan hayot qatlamini "biosfera" deb atashni lozim topdi. Ushbu tushuncha bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan biosfera haqidagi ta’limot esa taniqli geokimyo olimi V.I.Vernadskiy (1863-1945) nomi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Bu ta’limot olimning Lamark, Gumbolt, Zyuss va Dokuchaevlarning g‘oyalariga ijodiy yondashgan holda, tabiiy fanlar doirasida amalga oshirgan ajoyib ilmiy umumlashtirishlari natijasi edi.

V.I.Vernadskiy yer yuzasidagi o‘simlik va hayvonot olamini sayyoramizning jonli moddasi sifatida talqin qilar ekan, 25-30 km qalinlikdagi biosferaning hamma qismida ham oragnizmlarning birdek taqsimlanmaganligiga va ularning asosiy qismi yer yuzasiga yaqin qatlamlarda mujassam ekanligiga e’tibor berganligi hamda "hayot zichlashgan qatlam" yoki "hayot plyonkasi" mavjudligini e’tirof etganligi ahamiyatlidir. Uning tavsiflashi bo‘yicha "hayot plyonkasi"ning quruqliklardagi qalinligi unchalik katta emas, yuqori chegarasi o‘rmonzorlarda yer yuzasidan bir necha o‘n metr yuqoridan, dala va dashtlarda bir necha metr, ekvatorial o‘rmonlarda esa 40-50 m balanddan o‘tadi. Quyi chegara esa tuproq ona jinsining yuqori qismi ostidan o‘tib, 1-5 metrdan oshmaydi (1960, 96-97 b).

Yerning gipsometrik yuzasi bilan bog‘liq bo‘lgan bunday o‘ziga xos qatlamlarni boshqa bir qator tabiatshunoslik fanlari namoyondalari ham alohida tavsiflashga urinib ko‘rganlar. Ular ham bu qatlamlarni o‘z tadqiqotlari obyekti sifatida qarashga, turlicha nom bilan atashga, turli nuqtayi nazardan o‘rganishga va turlicha yondashishga harakat qilganlar. Jumladan, V.V.Dokuchaev o‘zining "Russkiy chernozem" klassik (mumtoz) asarida (1883) "Kuchlar, jismlar va hodisalar o‘rtasidagi, jonsiz va jonli tabiat o‘rtasidagi abadiy va hamisha qonuniy aloqalar"ga asosiy e’tibor qaratib, yer yuzasining o‘zida hosil bo‘lgan, o‘ziga xos tabiiy jism – tuproqni kashf etganligi yaxshi ma’lum. Binobarin, tuproq ham jonli va jonsiz tabiatning o‘zaro ta’siri natijasida shakllanib, yerning alohida qobig‘i – pedosferani hosil qiladi.

Yer yuzasi tabiatining shakllanishida o‘simlik olamini faol hisoblagan tadqiqotchilar esa yerning fitosferasi mavjudligini ta’kidlashga harakat qilganlar (masalan, V.S.Govoruxin, 1949; V.B.Sochava, 1961). Bu masalaga biroz kengroq qaragan va o‘simlik qoplamini relyef, tuproq, iqlim kabi boshqa omillar bilan uzluksiz bog‘liqligini inobatga olganlar esa ushbu qobiqni "fitogeosfera" deb (E.M.Lavrenko, 1949), "Yerning biogeostenotik qoplami" deb (B.N.Sukachev, 1964) yoki "biogeosfera" (N.V.Dilis, 1969, 1978) deb nomlashni lozim topganlar.

Ushbu sahifalarning mavzusi bo‘lgan yerning landshaft sferasi ham, quyi va yuqori chegaralaridagi farqlarni hisobga olmaganda, o‘z tavsiflariga ko‘ra biogeosferaga yaqin. Chunki landshaft sferasining o‘rtalik qismi aynan shu biogeosferani qamragan bo‘lib, unga troposferaning yer yuzasiga yaqin, nisbatan zichroq va energiyaga boyroq bo‘lgan eng quyi qismlari tuproq va uning ostidagi ona jins qoplami, o‘simlik qoplami, hayvonot va mikroorganizmlar kiritilgandi. Bu holda biogeosferaning chegaralari va qalinligi V.I.Vernadskiy aytgan "hayot plyonkasi" ko‘rsatkichlariga mos keladi.

Yer landshaft sferasi tushunchasining muallifi F.N.Milkovning o‘zi ham "Yer landshaft sferasi" geografik qobiqning biologik fokusiga to‘g‘ri kelishini va bu biologik fokusni V.I.Vernadskiy "hayot plyonkasi" deb nomlaganini e’tirof etgandi (V.N.Milkov, 1970, 19 b). Bu yerdagi organik (o‘simlik, hayvonot va mikroorganizmlar) hamda noorganik (havo, suv, tog‘ jinslari) moddiy jismlar biosfera uchun ham, landshaft sferasi uchun ham tarkibiy qism – komponent hisoblanadi. Unda ham, bunda ham komponentlarning bog‘liqligi va aloqadorligi, o‘zaro ta’sirlari modda va energiya almashinishiga asoslangandir. Bu jarayon landshaft sferasi dinamikasining ham asosi hisoblanadi. Shuningdek, biosferaning ichki tuzilishi jihatidan bir butun bo‘lgan eng kichik strukturaviy qismi biogeosenoz landshaft sferasining eng kichik birligi – fatsiyaga mos kelishi ham tadqiqotchilar tomonidan (masalan, N.A.Solntsev, 1962; V.B.Sochava, 1978) e’tirof etilgan.

Mazkur ikki sfera tavsiflarida uchraydigan o‘xshashliklar bilan bir vaqtda tafovutlar ham mavjud. Ulardan eng asosiysi yuqori va quyi chegaralar bilan bog‘liq bo‘lgan qalinligidagi farqlardir. Ushbu masalada fikr bildirganlarning aksariyati yerning landshaft sferasi biogeosferaga nisbatan birmuncha qalinroq ekanligini bildiradilar.

V.N.Milkov (1991) keltirgan tavsiflarga ko‘ra yerning landshaft sferasi tuproq, o‘simlik va hayvonotdan tashqari havoning yer yuzasiga yaqin bo‘lgan 30-40 metrlik qismi hamda yerning nurash po‘stini qamrab, 30-50 metrdan 200-250 metrgacha qalinlikka ega.

Geografik qobiqning aynan shu, bir necha o‘n metrlik "markaziy" qatlami geografik jihatdan alohida e’tiborga loyiq ekanligini landshaftshunos olim A.A.Krauklis (1979) ham ta’kidlagan. U moddaning asosiy qismi to‘plangan, jonsiz va jonli moddalar o‘rtasidagi eng muhim o‘zaro aloqadorliklar va ta’sirlar bo‘lib turadigan bu qatlamni fatsiyalar yoki "toplar" sferasi deb ataydi. A.A.Krauklis fikriga ko‘ra bir vaqtlar A.A.Grigorev aytgan tabiiy geografik jarayonning manbalari ana shu toplar sferasida joylashgandir.

Ma’lumki, eng kichik tabiiy geografik hududiy birlikni nomlashda nemis geograflari (Neef, Xaaze va b.) "top" atamasini qo‘llaganlar. Bu atamadan o‘z vaqtida L.G.Ramenskiy (1938), M.A.Pervuxinlar (1938) ham foydalanishgan.

Tabiiy geograf A.M.Ryabchikov (1963) esa 60 km qalinlikdagi geografik qobiqning barcha komponentlari bevosita bir-biri bilan tutashadigan, nisbatan yupqa, ammo juda faol qismida landshaft hosil qiluvchi qatlam mavjudligini tan olgan holda, uning qalinligi 150 metrdan oshmasligini ta’kidlagan edi.

Landshaftning faqat yuqori chegarasi haqida so‘z yuritgan A.Y.Reteyum (1966), uni yer yuzasidan 0,8-2,0 km balandan o‘tadi deb, V.B.Sochava (1974) esa landshaftlarning qalinligi 1,5-2,0 km dan oshmaydi, deb hisoblaganlar.

Bu masalaga geokimyo nuqtayi nazaridan qaragan M.A.Glazovskaya (1988) landshaft sferasining quyi chegarasini litosferaning ustki qismida, eroziya bazisi, ya’ni erkin suv almashinish zonasining qalinligi bilan belgilab, tekisliklarda dastlabki o‘n metrlar bilan, tog‘larda esa yuz metrlar bilan o‘lchanadi, deb hisoblaydi. Yuqori chegarani esa aniq emasligini ta’kidlab, bevosita o‘simliklar ustidagi havo massalari bilan belgilaydi. Shuningdek, geokimyo olimlaridan A.I.Perelman va N.S.Kasimov (1999) ham elementar landshaftlarning yuqori chegarasini mazkur yoki qo‘shni landshaftdan ko‘tarilgan changlar organizmlar zonasi bilan, quyi chegarani esa yer osti suvlari qatlamining etagidan o‘tishini yozadilar.

Landshaftlarning yuqori va quyi chegaralari masalasida tadqiqotchilar o‘rtasida hamfikrlik yo‘qligi yuqorida aytilganlardan yaqqol sezilib turibdi. Buning bir necha obyektiv sabablari bor.

Bular: birinchidan, chegaralarning qanday o‘tishini isbotlovchi aniq miqdor ko‘rsatkichlari yetishmaydi; ikkinchidan, landshaft sferasining tavsiflarida keltirilgan ayrim tushunchalarning o‘zi miqdoriy aniqlikni talab qiladi (masalan, geografik qobiqning biologik fokusi, havoning yer yuzasiga yaqin qismi, atmosfera, litosfera, gidrosferalarning bir-biri bilan o‘zaro faol ta’sirda bo‘ladigan zonasi kabi); uchinchidan, landshaftlararo chegaralar ham asosan yer yuzasidagina aniq bo‘lib, undan ikki tomonga – yuqori va quyi tomonlarga uzoqlashgan sari bu aniqlik kamayib borib, oxir-oqibat sezilmay qoladi. Shuning uchun bu marralar ham aniqlikni talab qiladi. Yuqoridagi ta’kidlarni inobatga olib, keltirilgan chegaralarni va landshaft sferasining qalinligi haqidagi ko‘rsatkichlarni ozmi-ko‘pmi shartli deb qabul qilish lozim bo‘ladi. Harqalay, yerning landshaft sferasi geografik qobiqning yer yuzasiga yaqin bo‘lgan komponentlari bir-biri bilan bevosita tutashgan, o‘zaro kirishgan va faol ta’sirda bo‘ladigan hamda landshaft hosil qiluvchi omillar va jarayonlarning eng yuqori darajada namoyon bo‘ladigan markaziy qatlamlarini o‘z ichiga olishini e’tirof etish lozim. Bu holda landshaft sferasining quyi chegarasini tog‘ jinslarining ekzogen kuchlar ta’sirida o‘zgargan va qalinligi 250 m gacha boradigan qatlam, ya’ni nurash po‘stining etagidan o‘tkazish ma’qul ko‘rinadi.

Landshaft sferasining yuqori chegarasini esa havoning yer yuzasiga "ishqalanish" qatlamining ustidan o‘tkazish mumkin. Bunday havo qatlamining qalinligi 1000-1500 m atrofida deb ko‘rsatilgan (S.P.Xromov, 1983). Aynan shu havo qatlamining modda va energiya bilan ta’minlanib turishida landshaftning hissasi sezilarli bo‘ladi. Bu holda landshaft sferasining qalinligi 1250-1750 m atrofida bo‘ladi va A.Y.Reteyum va V.B.Sochava keltirgan ko‘rsatkichlarga yaqin keladi.

Shunday qilib, yer landshaft sferasining yuqorida aytilgan xususiyatlariga asoslanib, F.N.Milkov (1970): "Tabiiy geografiyaning predmeti geografik qobiq bo‘lsa, landshaftshunoslikning predmeti − yerning landshaft sferasidir", − degan metodologik xulosaga keladi. Bunday xulosaga geografik adabiyotda e’tiroz bo‘lmadi. Aksincha, uni quvvatlovchilar bo‘ldi. Masalan, N.A.Gvozdetskiy (1979) tabiiy geografiyaning predmeti haqida so‘z yuritar ekan, Y.K.Yefemov (1959) va S.V.Kalesnik (1970) kabi landshaft sferasi atamasini geografik qobiqning sinonimi sifatida qo‘llagandan ko‘ra, F.N.Milkov tavsiya etgandek ishlatish to‘g‘riroq bo‘lar edi, deb hisoblagandi.

Taniqli tabiiy geograf A.A.Makunina (1975) esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri: "Regional tabiiy geografiya alohida fan sifatida regional ko‘lamdagi tabiiy geografik kompleklarni o‘rganadi, landshaftshunoslik esa landshaft sferasi haqidagi fandir", – deb yozgandi.

V.A.Nikolaev (2006) ham shunga hamohang holda: "Landshaft tadqiqotlari avvallari o‘ylanganidek (masalan, N.A.Solntsev, 1962) landshaft va uni tashkil qiluvchi morfologik birliklar doirasida cheklanib qolmay, balki ularning qiziqishi mahalliy landshaft strukturalarini ham, regional va planetar strukturalarni ham birdek qamraydi", – degan fikrni bildiradi. Shu bilan birga, u landshaft qobig‘ini quruqlikda pastdan tog‘ jinslarining gipergen o‘zgarishlar jarayonlari kirib borgan zona bilan chegaralash qabul qilinganligini, yuqori chegara esa havoning yer yuzasiga yaqin bo‘lgan va landshaftdan kirib keladigan modda va energiya bilan to‘yingan qatlamlarini o‘z ichiga olishini yozadi. V.A.Nikolaev fikriga ko‘ra havoning bu qatlamida suv bug‘lari, qattiq va suyuq moddalar, aerozollarning katta qismi, aerobiosfera tirik organizmlarning asosiy massasi, shu jumladan, aeroplankton mujassamdir. Bu qatlamga yer yuzasining uzun to‘lqinli (infraqizil) nurlari faol ta’sir ko‘rsatadi. Natijada troposferaning bir necha yuz metrlik quyi qismi landshaft tomonidan "quvvatlanib" turiladi.

Landshaftlar ham barcha katta-kichik geotizimlar kabi agregat holati nisbatan bir xil bo‘lgan moddiy qismlar − komponentlardan tashkil topgandir. "Komponent" atamasi lotincha "componens" so‘zidan olingan bo‘lib, "tarkibiy qism" degan ma’noni anglatadi.

Umuman olganda, geografik adabiyotda komponent tushunchasi anchagina erkin talqin qilingan. Ba’zan tabiiy komponentlarga qum, tuproq, muz, yashil barglar, suv yuzasi kabilar kiritilsa, ba’zan esa inson tomonidan bunyod etilgan texnik inshootlar, shaharlar, ekin maydonlari ham komponent hisoblanadi. Masalan, D.L.Armand (1975) agregat tarkibi bir xil bo‘lgan qismlarni, hayot bor-yo‘qligini hisobga olgan holda tabiat komponentlari deb hisoblaydi. U tabiat komponentlariga turli gazlar, suyuqliklar, tog‘ jinslari, o‘simlik, qor va muz, hatto texnik inshootlarni ham kiritadi. F.N.Milkov (1990) landshaftning komponentlariga tog‘ jinslari, yer osti va usti suvlari, havo, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosini kiritadi. I.M.Zabelin fikricha esa (1978) tog‘ jinslari, suv, havo, tuproq, o‘simlik va hayvonotdan tashqari bakteriyalar, zamburug‘lar va hatto quyosh radiatsiyasi ham landshaftning komponenti sanalishi kerak. A.A.Grigorev (1966), S.V.Kalesnik (1970), A.A.Krauklis (1979) kabilar komponent deganda, yerning moddiy tarkibi nisbatan bir xil bo‘lgan alohida sferalarini tushunadilar. K.I. Grenchuk va boshqalar (1984) asosiy komponentlar (tog‘ jinslari, havo, suv, o‘simlik, hayvonlarni) va ikkilamchi yoki hosila komponentlar (tuproq, muz, muzloq tog‘ jinslari)ni ajratadilar.

V.I.Prokaev (1967) tabiiy komponent deganda, alohida moddiy tizimlar va ularga xos bo‘lgan shakllar va holatlarni tushunadi. Bu shakl va holatlar ushbu moddiy tizimlarning boshqa moddiy tizimlar bilan quyosh radiatsiyasi orqali yoki yerning ichki energiyasi, yoki ularning ikkovi ta’siri sharoitida hosil bo‘ladi. Muallif komponentlarga tog‘ jinslari (ularning moddiy tarkibi va yotqizilish sharoitlari), relyef (yoki geologik tog‘ jinslari va relyef), hududning ob-havo va iqlimini belgilab beruvchi havo massalari va ularga xos bo‘lgan gidrotermik holatlar (boshqacha qilib aytganda, iqlim), suvlar, tuproqlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi kabilarni kiritadi. Uningcha, har bir komponent moddiy tarkibi bilan uning turlicha namoyon bo‘lishining bir butunligi, ya’ni mazmun bilan shaklning bir butunligidir.

A.V.Pavlov (1984) va E.Neef (1974) larning fikriga ko‘ra litosfera, gidrosfera, atmosfera, biosferalar geografik qobiqning komponentlaridir. Tog‘ jinslari, tuproq, suv, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosi esa landshaftning komponentlaridir.

Shunga o‘xshash ta’rifni biz "Oxrana landshaftov" (1982) nomli izohli lug‘atda ham ko‘ramiz. Unda landshaftning komponentiga geografik qobiqning litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalarning (landshaft chegarasidagi) qismlari kiradi, deb ko‘rsatilgan. Landshaftning komponentlari bir-biri bilan o‘zaro aloqada bo‘lib, birining o‘zgarishi qolganlarining ham o‘zgarishiga olib keladi. Lug‘at mualliflari komponentlarni ikkiga: tabiiy va antropogen komponentlarga bo‘lishgan. Birinchisiga tog‘ jinslari, havo, yer osti va usti suvlari, tuproq, o‘simlik, hayvonot dunyosini kiritsalar, ikkinchisiga turli inshootlar, qishloq xo‘jaligi maydonlari kabilarni kiritadilar.

Yuqorida keltirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, landshaftning komponentlari deganda, asosan, uning tarkibiy qismlari, ya’ni tog‘ jinslari, havo, suvlar, o‘simlik va hayvonoti tushuniladi. Ularning komponent ekanligini deyarli barcha mualliflar e’tirof etadilar. Ammo ba’zi ilmiy asarlarda iqlim, relyef, tuproq kabilarni ham komponentlar qatoriga qo‘shib yuborish hollari uchraydi. Bular landshaftlarning hosil bo‘lishi va mavjudligida qanchalik muhim bo‘lmasin, baribir komponent hisoblanmasligi kerak. Chunki relyef tog‘ jinslarining xususiyati bo‘lsa, iqlim havoning xususiyatidir. Ular landshaft hosil qiluvchi omillardandir, aniqrog‘i, ularning har biri ma’lum omillar majmuidan iboratdir.

Landshaftlarning tuproqlari esa iqlim va relyefga bog‘liq holda tog‘ jinslarining havo, suv va organik hayot ta’sirida o‘zgarishidan yuzaga kelgan hamda moddiy tarkibi tog‘ jinslari tarkibidan farqli bo‘lgan murakkab tabiiy hosiladir. Tuproq qatlami landshaft hosil bo‘lishi nuqtayi nazaridan komponent yoki omil sifatida emas, balki landshaftlarning markaziy, muhim bir strukturaviy qismi sifatida qaralmog‘i ahamiyatlidir. Landshaftning tuprog‘i tuproq osti geologik qatlamlaridan o‘zining tarkibi, tuzilishi va boshqa bir qator xususiyatlari bo‘yicha keskin farq qiladi. U turli xil kristal va kolloidlar shaklidagi minerallardan, tog‘ jinslari bo‘laklaridan, suvli eritmalar, gazlar va organik moddalardan tarkib topgan o‘ziga xos bir tizimdir. Aynan ana shu tuproq qatlamida komponentlarni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi modda va energiya oqimlari to‘qnashadi va o‘zaro faol ta’sirda bo‘ladi.

Landshaftning havo komponenti atmosferaning yer yuzasiga yaqin bo‘lgan eng quyi qatlamlarini o‘z ichiga oladi va zichlik, bosim, harorat bo‘yicha yuqori qatlamlardan farq qiladi. Atmosfera massasining 85 foizdan ortig‘i ana shu landshaftlar havosiga to‘g‘ri keladi.

Havo landshaftning eng harakatchan va tez aralashuvchan komponentlaridan biridir. Unda landshaftning iqlimi shakllanadi. Harorat va namlik o‘zgarishlari, yog‘in-sochin hosil bo‘lishi, shamollar va ayrim sinoptik jarayonlar ana shu havo qatlamida ro‘y beradi. Bundan tashqari, landshaftda va uning turli komponentlarida ro‘y beradigan barcha fizikaviy, kimyoviy va biologik jarayonlarda havoning ishtiroki bor. Havo landshaftdagi va landshaftlararo modda, energiya harakatlari va o‘zgarishlarida ishtirok etib, faol vosita hisoblanadi.

Landshaftning suv komponenti ham havo komponenti kabi harakatchan va aralashuvchandir. Suv ham havo kabi boshqa komponentlar (tog‘ jinslari, havo, o‘simlik va hayvonot) tarkibiga kirib borgan. Shu bilan birga u nafaqat komponentlararo, balki landshaftlararo ham modda va energiya almashinish jarayonida faol tashuvchi vosita hamdir. Shuning uchun suvning komponent sifatidagi yoki o‘ziga xos modda sifatidagi tavsifidan ko‘ra uning omil sifatidagi, ya’ni oqim hosil qilib ish bajaruvchi sifatidagi tavsifi ahamiyatliroqdir. Suvning oqim hosil qilishi tabiiy geografik tizimlarga, shu jumladan, landshaftlarga xos bo‘lgan uchta yirik jarayon: nurash jarayoni, organik dunyoning rivojlanish jarayoni hamda tuproq hosil bo‘lish jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Landshaftning havosi ham, suvlari ham undagi jonli komponentlarning mavjudligi va o‘z maxsus faoliyatini bajarishi uchun zaruriy shart-sharoitlardandir. Bu komponentlardan, ayniqsa, o‘simlik qoplami tizim tashkil qiluvchi muhim komponent hisoblanadi. U landshaftning tashqi qiyofasini aks ettirishi bilan bir vaqtda landshaftning relyefi, iqlimi va tuproq xususiyatlarini shakllanishida, hayvonot turlari va ularning geografik tarqalishida hal qiluvchi ahamiyatga egadir.

Landshaftning o‘simliklari landshaftda ro‘y beradigan ko‘plab kimyoviy, fizikaviy va biologik jarayonlarning asosi hisoblangan birlamchi organik moddani shakllantiruvchisidir. O‘simliklarning o‘sishi, modda va energiyani qabul qilishi, o‘zida jamlashi va ajratib chiqarishi jarayonida landshaftning boshqa komponentlariga ta’sir qilib, ularning tarkibi va xususiyatlarini o‘zgartiradi. Havoning harakati, namligi, harorati, gaz tarkibi va boshqa xususiyatlariga tegishli bo‘lgan miqdor ko‘rsatkichlari ko‘pincha o‘simlik qoplamining tavsiflariga bog‘liq bo‘ladi.

O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishidagi fiziologik jarayonlar va ularning landshaft hosil bo‘lishi, mavjudligidagi ishtiroki ham ahamiyatlidir. Masalan, faqat birgina fotosintez jarayonining o‘zida o‘simliklar havodagi karbonat angidridni o‘zlashtiradi, havoga kislorod chiqaradi, quyosh nurlari energiyasi yordamida tuproqdan suv va turli mineral moddalar oladi. Ulardan esa organik birikmalar hosil qiladi. Havo-o‘simlik-tuproq orasida ro‘y beradigan o‘ziga xos modda va energiya almashinish jarayoni landshaftning qaysi tabiat zonasida va qanday relyef sharoitida joylashganligiga bog‘liq holda turli jadallikka ega bo‘ladi.

U yoki bu hududning landshaftlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy ishlarning aksariyatida landshaftning hayvonot komponentiga nihoyatda kam e’tibor berilganligini guvohi bo‘lamiz. Odatda, bunday ishlarda landshaftda uchraydigan hayvonlarning nomlari sanab o‘tiladi, xolos. Landshaftlar hayvonotini tabiiy geografik tahlil qilish masalalari mutlaqo ishlanmagan desa bo‘ladi. Ayniqsa, landshaftning ichki va tashqi o‘zaro ta’sir va aloqadorliklarini o‘rganishda hayvonot dunyosining rolini aniqlash qanchalik muhim bo‘lmasin, tadqiqotchilarning e’tiboridan chetda qolavergan. Bu borada balki ekologiya, biogeostenologiya fanlari ishlab chiqqan metodlardan unumliroq foydalanish ko‘zlagan natijalarni berar. Chunki landshaftlarda bo‘ladigan modda va energiya almashinish jarayonida (ya’ni, landshaft metabolizmida) tirik organizmlarning roli o‘simliklarning rolidan kam bo‘lmasa kerak.

Landshaftning hayvonot komponenti undagi o‘simlik hosil qilgan birlamchi organik moddani o‘zgartiruvchi hamda landshaftning morfologik qismlariaro va landshaftlararo modda va energiya tashuvchidir. Uning tuproq hosil bo‘lishi, tuproq unumdorligini shakllanishi, o‘simliklarning urug‘ va mevalarini tarqalishi kabi bir qator jarayonlarda ishtiroki va ahamiyati kattadir. Bu jarayonlarda qaysi hayvon turi qanday ishtirok etishini bilishda ularning tabiatdagi hayotiy faoliyatiga qarab guruhlarga ajratib olish yaxshi natija berishi mumkin. Sababi bunday guruhlardagi organizmlarning soni, oziqlanish usullari, o‘sishi va ko‘payish tezligi, hayot tarzi va h.k. turlichadir. Masalan, o‘simlik bilan oziqlanadigan hayvonlar va fitofaglar jonsiz organik modda bilan oziqlanadigan saprofaglarga qaraganda boshqacharoq xarakterga ega bo‘lgan ishlarni bajaradi. Shuningdek, tuproq tarkibida yashaydigan organizmlar bilan yer yuzasida yashaydigan organizmlar ham landshaftda turli xil va turli miqyosdagi faoliyatga egadir.

Binobarin, landshaftdagi har bir organizm shu landshaft muhitiga aynan moslashgan bo‘ladi. Agar organizmning yashash sharoitida biron bir o‘zgarish ro‘y bersa, bu shu organizmning o‘zgargan sharoitga moslashishga yo‘naltirilgan o‘zgarishlariga olib keladi va o‘z navbatida o‘simlik va hayvonot komponenti o‘zini o‘zi rivojlantirish holatiga ega bo‘lganligi uchun ma’lum miqdorda atrof-muhitga ham ta’sir etib turadi. Shuning uchun ham landshaftlardagi tog‘ jinslari va relyef, iqlim va suvlarning xususiyatlariga qarab tuproq, o‘simlik va hayvonot haqida umumiy tasavvur hosil qilish mumkin bo‘ladi.

Landshaftlarning tashkil topishi va rivojlanishida sanab o‘tilgan komponentlarning qaysi biri yetakchi, qaysi biri ikkinchi darajali ahamiyatga ega degan savolning javobi ham munozaralidir. Tabiiy geograflar o‘rtasida birlamchi va ikkilamchi, yetakchi va yetakchi bo‘lmagan, kuchli yoki kuchsiz komponentlarni aniqlashga urinish bor. Masalan, N.A.Solntsev (1960) tuzgan komponentlar tizimida geomatik komponentlar (geologik tog‘ jinslari va relyef) kuchli yoki yetakchi, gidroiqlimiy komponentlar (suv, havo) esa ikkilamchi darajali, biotik komponentlar (o‘simlik va hayvonot) uchlamchi darajali yoki kuchsiz hisoblanadi.




Download 0,62 Mb.
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18




Download 0,62 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti

Download 0,62 Mb.