Inversiya
ham xromosoma mutatsiyasining bir xili. U sodir bo’lgan taqdirda
xromosomadagi genlar soni ortmaydi hamda kamaymaydi, lekin ayrim qismi o’z
o’rnini 180° ga o’zgartiradi. Inversiya ikki xil bo’ladi. 180° ga o’zgargan
xromosomaning bir qismida sentromera bo’ladi, ikkinchi qismida esa sentromera
bo’lmaydi. Inversiyaning birinchi xilini peritsentrik inversiya, ikkinchi xili
paratsentrik inversiya deyiladi.
Translokatsiya
deganda ikkita nogomologik xromosomalarning o’zaro ayrim
bo’laklari bilan o’rin almashishi tushuniladi. Translokatsiya hayvon hujayralarida
ham o’simlik hujayralarida ham kuzatiladi. Nogomologik xromosomalari
translokatsiyaga uchragan organizmlarda nasl qoldirish kamroq bo’ladi.
Gomozigota retsiprok translokatsiyaga uchragan xromosomalarda genlarning
birikish guruhi o’zgaradi. Dastlab xromosomaga birikmagan genlar endilikda
xromosomaga birikkan bo’ladi yoki aksincha hodisa ro’y beradi.
Transpozitsiya.
Ko’chib yuruvchi genetik elementlar organizmlar
evolyutsiyasida muhim o’rin tutadigan birliklar bo’lib, ular xromosomalarning bir
joydan ikkinchi joyga ko’chib yuruvchi fragmentlaridir. Bunday genetik elementlar
o’tgan asrning 40-yillarida AQSh olimasi
B.Mak Klintok
tomonidan kashf
qilingan va bu ishi uchun olima 1984-yil Xalqaro Nobel mukofoti bilan
taqdirlangan. Ko’chib yuruvchi elementlarning uch xili mavjud. Ular bir-biridan
tuzilishi, ko’chib yurish tipi va viruslarga o’xshash yoki o’xshashmasligi bilan
farqlanadi. Shulardan birinchisi transpozonlar bo’lib, ular DNK ning bir joydan
ajralib chiqib, ikkinchi joyga borib o’rnashadi. Bunda DNK miqdor jihatdan
o’zgarmaydi. Buning aksicha, ikkinchi tip ko’chib yuruvchi genetik elementlar,
retrotranspozonlar - DNK ning bir bo’lagi bo’lib, ular tuzilishi jihatidan RNK-
tutuvchi viruslarni eslatadi. Bunday elementlar o’zlaridan teskari transkriptaza
yordamida DNK holidagi o’z nusxasini sintezlab, bu nusxalarni DNK ning boshqa
joyga ko’chib o’tishini (insertsiyalanishini) ta'minlaydi. Ko’chish davomida
retrotranspozonlarni eski nusxasi o’z joyida qoladi va faqat ularning nusxasigina
ko’chiriladi. Natijada DNK miqdor jihatdan ko’payadi. Uchinchi turdagi ko’chib
yuruvchi genetik elementlar - retropozonlar deb atalib, ko’chish mexanizmi
bo’yicha yuqoridagi retrotranspozonlarga o’xshaydi, ya’ni ularni nusxalari
sintezlanib, boshqa joyga ko’chadi. Biroq asosiy farq ular tuzilishi jihatidan
viruslarga mutlaqo o’xshamaydi va nusxa ko’chirish uchun o’zlarida teskari
transkriptaza fermentiga ega emas. Bu uch turdagi ko’chib yuruvchi genetik
elementlar organizmlar genomining ko’p miqdorini tashkil qiladi. O’simliklar
genomining qariyb 50% transpozon, retrotranspozon va retropozonlardan tashkil
topgan. Masalan, makkajuxori so’tasida donlarni antotsian (qizil) pigmentlarni
paydo bo’lib yo’qolishi antotsian rangni beruvchi genni ichidagi transpozonni
ko’chishi bilan izohlanadi. Bunda sariq rangli dondan transpozonni chiqib ketishi
antotsian rang beruvchi gen tiklanishiga olib keladi.
Aniqlanishicha transpozonlar va retrotranspozonlar bu genetik elementlarni
ko’chib yurishini belgilovchi transpoaza fermenti yoki nusxa ko’chiruvchi teskari
transkriptaza fermenti genlarini o’zida tutadi va ko’chishga o’tish uchun samarali
bo’lgan yopishqoq uchlarga ega. Biroq bunday birliklarni fenotipik namoyon
bo’lishi, ular biror funktsional genlarni ichiga ko’chib o’tganda yaqqol ko’rinadi.
“Sakrovchi” genetik elementlar keyinchalik ko’pchilik eukariot va prokariot
organizmlarda ham aniqlandi. Hanuzgacha mazkur genetik elementlar organizm
uchun foydali funksiyaga egami degan masala hal etilmagan. Ba'zi olimlar
“sakrovchi” genetik elementlar “xudbin gen” bo’lib, faqat o’z-o’zini ko’paytirish
funksiyasini bajaradi, organizm uchun hech qanday foyda keltirmaydi degan fikrni
quvvatlaydilar. Bunga qarama-qarshi o’laroq “sakrovchi” genetik elementlar
xromosomada har xil mutatsiyalarni hosil etish qobiliyatiga ega bo’lib,
xromosomalarning ichki tuzilishini o’zgarishiga olib keladi, degan mulohazalar
ham bor.
|