19
Hozirgi paytda marjinalizm, monetarizm, keynschilik va boshqa qator
yo’nalishdagi iqtisodiy nazariyalar yig’indisi «Ekonomiks» nomli kitobda
mujassamlashgan bo’lib, u AQSH, Angliya va boshqa qator mamlakatlarda darslik
sifatida o’qitiladi. Rus tilidagi tarjimasi orqali bizga ma’lum bo’lgan P.Samuelson,
R.Makkonnell va L.Bryularning kitoblari uning namunalaridir. Hozirda bu
yo’nalishdagi fan bizda va boshqa qator MDH mamlakatlarida «Iqtisodiyot
nazariyasi» deb atala boshladi.
«Iqtisodiyot nazariyasi» fan sifatida shakllangunga qadar bosib o’tgan yo’l va
unda vujudga kelgan g’oyalar, oqimlar juda murakkab, ko’pincha bir-biriga zid va
qarama-qarshidir. Shu bilan birga aytishimiz kerakki, hech qaysi iqtisodiy
maktabning nazariyalari mutlaq va doimiy haqiqat kursisiga egalik qila olmaydi. Har
bir maktab ma’lum darajada muammolarga bir tomonlama yondashganligini yoki
bo’lmasa ba’zi bir nazariy savollarni yoritishda anglashilmovchilikka yo’l
qo’yganligi bilan ajralib turadi, sababi barcha nazariy oqimlar qaysidir ijtimoiy guruh
manfaatlari nuqtai nazaridan va o’sha davr real holatidan kelib chiqqan. Shunday
bo’lsada, ular bir-birini to’ldiradi, iqtisodiy jarayonlar va hodisalarning ichki
ziddiyatlarini, qonunlarini ma’lum darajada umumlashtirib ifodalaydi. Demak,
jamiyat alohida bir nazariya asiri bo’lib qolmasligi kerak, uning rivojlanishi
umummilliy manfaatlar bilan uyg’un holda yo’naltirilishi zarur.