259
chiqarishni amalga oshirishda asosiy kapital ham qatnashadi. Qishloq xo’jaligi
korxonalarida aylanma kapital quyidagilardan tashkil topadi: yosh va boquvdagi
hayvonlar, yem-xashak, urug’lik fondlari, kimyoviy o’g’itlar, xizmat muddati bir
yildan kam bo’lgan turli xil ishlab chiqarish vositalari – inventarlar, yoqilg’i va
moylash materiallari hamda shu kabilar. Ishlab chiqarish jarayoni qishloq xo’jaligida
aylanma kapitalning ko’pgina qismi hali tugallanmagan ishlab chiqarish shaklida
bo’ladi. Qishloq xo’jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish
va ularni sotish jarayonida
kapital boshqa tarmoqlardagidek doiraviy aylanib turadi, ya’ni pul shaklidan ishlab
chiqarish shakliga, undan tovar shakliga o’tib, yana pul shakliga qaytib keladi. Shuni
ham ta’kidlash kerakki, qishloq xo’jaligida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning miqdori
yerning hosildorligi, uning sifatiga bevosita bog’liq bo’ladi. Yerning tabiiy, biologik,
iqtisodiy va texnikaviy sharoitlarini yaxshilash ham qishloq xo’jaligida mavjud
bo’lgan kapitalning doiraviy aylanishiga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun bu
omillardan to’laroq foydalanish har bir xo’jalikning muhim vazifasidir. Tabiiy omillar
qishloq xo’jalik mahsulotining bevosita ko’payishiga ta’sir etsa ham, mahsulotning
qiymatini oshirmaydi, ya’ni qiymat yarata olmaydi. Ishlab chiqarish tabiiy sharoitlar
bilan bog’liq bo’lganligi uchun ham bu yerda ish davri va umumiy ishlab chiqarish
vaqti o’rtasidagi muddat sanoatga nisbatan birmuncha uzoqroq bo’ladi. Masalan,
qishloq xo’jaligida turli ekinlarni ekib bo’lingandan to hosil yig’ishtirib olinguncha
ishlab chiqarish vaqti davom etadi. Ish davri esa shu vaqt ichida qishloq xo’jalik
ekinlari mehnat ta’sirida bo’lgan kunlar hisoblanadi.
Qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish jarayoni mavsumiyligi bilan xususiyatlidir.
Bu hol qishloq xo’jaligida mavjud bo’lgan mehnat vositalaridan, ya’ni kombayn, turli
ekish asboblari va shu kabilardan foydalanish vaqtiga bevosita ta’sir o’tkazadi.
Boshqacha qilib aytganda, bu mehnat vositalaridan yilning ma’lum muddatlaridagina
foydalaniladi, qolgan vaqtda esa ular bekor turadi. Masalan,
seyalkadan ekish
davomida foydalanilsa, g’alla o’rish kombaynlari, paxta terish mashinalari esa yiliga
20-30 kun yig’im-terim paytida ishlatiladi, xolos. Shuning uchun ham qishloq
xo’jaligida mehnatning kapital va energiya bilan qurollanish darajasi moddiy ishlab
chiqarishning boshqa tarmoqlariga nisbatan yuqori bo’lishini taqozo qiladi, lekin bu
yerda asosiy va aylanma kapital harakati sustroq. Bulardan tashqari qishloq xo’jaligi
ishlab chiqarishi va mehnat jarayonlarining mavsumiyligi sababli yil davomida
aylanma mablag’larning sarfi bir me’yorda bo’lmaydi.
Qish va yoz mavsumlarida
xarajat qilinadigan aylanma mablag’lar tarkibida birmuncha tafovutlar mavjud.
Masalan, qish mavsumida aylanma mablag’larning ko’pgina qismi (urug’lik, yem-
xashak, turli ozuqalar) ishlab chiqarish ehtiyot qismi shaklida turadi, yoz faslida esa
tugallanmagan ishlab chiqarish, texnikaning butlash qismlari, neft mahsulotlari va shu
kabilarning hissasi ortib boradi. Qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini tashkil qilishda
yuqorida sanab o’tilgan xususiyatlarni hisobga olib, ishni tashkil qilish uning
samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga egadir. Bizning mamlakatimizda
aholining nisbatan zichligi va qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlarning cheklanganligini
hisobga olib, yerga xususiy mulkchilik joriy qilinmadi, unga davlat mulki saqlanib
260
qoldi. Lekin, bozor iqtisodiyoti
talablaridan kelib chiqib, oqilona agrar islohotlar
amalga oshirilmoqda va bu jarayon chuqurlashtirilmoqda.
O’zbekistonda amalga oshirilgan agrar islohotlarning diqqat markazida qishloq
xo’jaligidagi yerni haqiqiy egasiga berish masalasi turadi. Shunga ko’ra, bu borada
olib borilgan chora-tadbirlar natijasida «eng muhimi, qishloqda haqiqiy mulkdor – yer
egasi paydo bo’ldi, uning mehnatga munosabati, o’z ishining natijalaridan
manfaatdorligi butunlay o’zgarmoqda. Keyingi yillarda qishloq xo’jaligi ekinlaridan,
birinchi navbatda, paxta va g’alladan
eng yuqori hosil olingani, sohada ishlab
chiqarish hajmi keskin ko’paygani dehqonchiligimizdagi tub sifat o’zgarishlarining
samarasidir desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz. O’tgan yili paxta xomashyosi
yetishtirish 3 million 650 ming tonnadan, yalpi g’alla hosili esa 6 million 250 ming
tonnadan oshib ketgani buning yaqqol tasdig’idir»
63
.
2008 yilda ham qishloq xo’jaligi tarmog’ida muhim ijobiy natijalar qo’lga
kiritilib, o’tgan yilga nisbatan 4,5 foiz o’sishga erishildi. 3 million 410 ming tonna
paxta xomashyosi tayyorlandi, 6 million 330 ming tonna g’alla, shu jumladan, 6
million 145 ming tonna bug’doy etishtirildi
64
. Aksariyat qishloq xo’jaligi
mahsuloti
turlarini ishlab chiqarish bo’yicha o’sishga erishildi (13.1-jadval).
Jadvaldan ko’rinadiki,
2008 yilda qishloq xo’jaligi mahsulotlari tarkibida
kartoshka (117,7%),
poliz mahsulotlari (116,8%), sabzavotlar (111,7%) yetishtirish
nisbatan ahamiyatli darajada o’sgan bo’lsa, faqat uzum o’tgan yilga taqqoslaganda
89,9% darajasida yetishtirilgan.
O’zbekistonda yer davlat mulki hamda umummilliy boylik bo’lganligi sababli
yerga bo’lgan mulkchilik, yerga egalik qilish va yerdan foydalanish masalalari alohida
ajratib tahlil qilinishi lozim.