263
sabablarining ochib berilishi hisoblanadi. Bunday holat vujudga kelishining
sabablaridan biri samarali xo’jalik yuritish uchun yaroqli bo’lgan yerlarning
cheklanganligi va qayta tiklab bo’lmasligida o’z ifodasini topadi. Ikkinchi sababi –
yerga yoki boshqa tabiiy resurslarga mulkchilik ob’ekti yoki xo’jalik yuritish ob’ekti
sifatidagi monopoliyaning mavjudligi hisoblanadi. Uchinchi sababi esa, ko’p
mamlakatlarda qishloq xo’jaligidagi kapital uzviy (organik) tuzilishi, ya’ni doimiy va
o’zgaruvchi kapital o’rtasidagi nisbatning pastligi hisoblanadi.
Yer uchastkalarining unumdorligi va joylashgan joyidagi farqlar natijasida
vujudga keladigan qo’shimcha daromad (qiymat)ning bir qismi renta shaklini
oladi hamda u differentsial renta deb ataladi.
Qishloq xo’jaligida eng muhim ishlab chiqarish vositasi – yerning miqdori va
sifatini tabiatning o’zi cheklab qo’ygan, uni inson ko’paytirishga qodir emas.
Shuning uchun qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini faqat yaxshi va o’rtacha
unumdor yer uchastkalarida tashkil etish bilan cheklanish mumkin emas. Qishloq
xo’jaligi mahsulotlariga talab ko’p bo’lganligi uchun yomon, kam unumli yerlarda
ham ishlab chiqarishni tashkil etish zarurdir. Agar ishlab chiqarilgan mahsulot to’lovga
qodir talab bilan ta’minlangan bo’lsa, yerning mahsuldorligi yoki joylashuvi jihatidan
yomon sharoit qishloq xo’jalik tovarlariga narx shakllanishini tartibga soluvchi
ijtimoiy normal sharoit hisoblanadi. Natijada o’rtacha yoki yaxshi yerlarda xo’jalik
yurituvchi ishlab chiqaruvchilar ustama qo’shimcha mahsulot va binobarin qo’shimcha
foyda oladilar.
Demak, differentsial renta hosil bo’lishining tabiiy sharti miqdori cheklangan
yerning sifati (unumdorligi) dagi farqlardir, uning ijtimoiy-iqtisodiy sababi esa
foydalaniladigan yerlarda iqtisodiy jihatdan alohidalashgan tarzda mustaqil xo’jalik
yuritishdir.
Differentsial renta o’zining kelib chiqish sharoitlarga qarab differentsial renta I va
differentsial renta II ga bo’linadi.