262
Renta nazariyasi dastlab fiziokratlar maktabining asoschilari F.Kene va
A.Tyurgolarning ilmiy asarlarida ko’rib chiqilgan. Ular rentaning vujudga kelish
sababini tabiat, yerning qandaydir sirli kuchi, tabiat ehsoni, yerning qo’shimcha
mahsulot yarata olish qobiliyati natijasi orqali izohlaganlar. Ular qishloq xo’jalik
mahsulotlarini yaratishda, jumladan, sof va qo’shimcha mahsulot yaratishda tabiat
rolini ko’rsatishga harakat qilganlar.
Keyinchalik renta nazariyasining asoslari klassik iqtisodchilar U.Petti,
J.Anderson, A.Smit va D.Rikardolar tadqiqotlarida turli darajada takomillashtirilgan.
Jumladan, Anderson differentsial renta to’g’risidagi qarashlarni ilgari surgan, biroq
rentaning tovar qiymatining bir qismi ekanligini tushuntirib berolmagan. Rikardo esa,
fiziokratlardan farqli o’laroq, rentaga mahsulot ijtimoiy va individual qiymatlari
o’rtasidagi farq sifatida qarab, renta nazariyasini qiymatning mehnat nazariyasi,
qiymat qonuni bilan bog’lagan.
Renta nazariyasini rivojlantirishda rus iqtisodchilaridan N.G.CHernishevskiy va
N.I.Ziberlar salmoqli hissa qo’shganlar.
Hozirgi vaqtda Rossiyada «Iqtisodiyot nazariyasi» bo’yicha chop etilgan qator
o’quv qo’llanma va darsliklarda ham yer rentasi munosabatlari keng bayon etilmoqda.
D.D.Moskvin tahriri ostida tayyorlangan darslikda yozilishicha, resurslarning turli-
tumanligi natijasida ulardan foydalanish chog’ida renta daromadlarining turli
ko’rinishlari paydo bo’ladi, jumladan: qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab
chiqarishda vujudga keluvchi yer rentasi; foydali qazilmalarni qazib olish chog’ida
vujudga keluvchi renta; o’rmon resurslaridan foydalanishda hosil bo’luvchi renta;
qurilish uchastkalaridan olinuvchi renta va h.k. Barcha turdagi tabiiy resurslar yer bilan
uzviy bog’liq bo’lganligi sababli ulardan foydalanishda rentaning vujudga kelishi uchun
bir-biriga o’xshash shart-sharoitlar mavjud bo’ladi. Qishloq xo’jalik ekinlaridan
foydalanishning iqtisodiy shart-sharoitlariga nisbatan ishlab chiqilgan renta
munosabatlarini tahlil qilish uslubiyoti rentaning barcha turlariga tegishli bo’ladi,
shunga ko’ra ularni yer rentasiga kiritish to’g’ri bo’ladi. Haydaladigan yer, qurilish
uchastkasi, ruda koni, baliq ovi, o’rmon va boshqalardan to’lanishidan qat’iy nazar,
renta ko’rinishidagi mazkur pul summasi yer rentasi deb ataladi
65
.