265
ta’minlash uzluksiz o’smoqda. Qishloq xo’jaligini intensiv rivojlantirish uchun
ajratilgan kapital mablag’lar ham ortmoqda.
Agar hamma joyda bir xil xarajat qilinib, hosildorlik bir xil oshirilsa edi, unda
hech qanday differentsial renta II bo’lmas edi. Gap shundaki, yer birligiga sarflangan
bu xarajatlar turli hududlarda, viloyatlarda, xo’jaliklarda turlicha darajada amalga
oshiriladi va natijada hosildorlik ham turlicha oshadi.
Qishloq xo’jalik mahsulotining ijtimoiy qiymati bilan yakka tartibdagi qiymati
o’rtasidagi tafovut xo’jaliklarning ustama qo’shimcha mahsulotini tashkil qiladi.
Ya’ni, differentsial rentaning har ikkala ko’rinishini (renta I va II ni) o’z ichiga oladi.
Differentsial renta I va II mahsulotning muayyan ijtimoiy qiymati bilan hudud
bo’yicha yoki alohida olingan xo’jalikning individual qiymati o’rtasidagi tafovutdan
iboratdir. Shu hosil qilingan daromadlar davlat bilan xo’jalik o’rtasida taqsimlanadi.
Uning davlatga to’langan qismi yer rentasi ko’rinishini oladi (chunki bizda yer davlat
mulkidir).
Differentsial renta I yuqorida qarab chiqilganidek, xo’jaliklar faoliyatiga bog’liq
bo’lmagan tabiiy sharoitda vujudga keladi. Shuning uchun ham qishloq xo’jaligi
korxonalarida hosil qilingan bu xildagi renta yer davlat mulki bo’lganligi sababli
uning manfaatlari yo’lida sarf qilish maqsadida markazlashtirilgan davlat fondida
(budjetida) to’planishi lozim. Bu hol o’rta va yaxshi unumli yerda joylashgan
xo’jaliklarning iqtisodiy manfaatdorligiga putur yetkazmaydi, balki boshqa xo’jaliklar
bilan
ozmi-ko’pmi
iqtisodiy sharoitlarni tenglashtirish imkonini beradi.
Markazlashtirilgan davlat fondiga o’tgan bu mablag’lar (differentsial renta I)ni
mamlakat oldida turgan vazifalarni bajarish, xususan yangi yerlarni o’zlashtirish va
yer unumdorligini yuksaltirish bilan bog’liq bo’lgan tadbirlarni amalga oshirish uchun
yo’naltirilishi mumkin bo’ladi.
Differentsial renta II yerdan intensiv foydalanish, ya’ni uning iqtisodiy
unumdorligini oshirish bilan bog’liq bo’lganligi uchun ham bu xildagi rentaning
asosiy qismi xo’jaliklarning o’zlarida qoldirilishi mantiqan to’g’ri bo’ladi. Uning faqat
bir qismi davlat fondiga jalb qilinishi mumkin, chunki davlat ma’lum darajada bu
rentani hosil qilishda o’z hissasini qo’shadi, ya’ni transport yo’llari qurilishiga,
irrigatsiya-melioratsiya ishlarini amalga oshirish uchun kapital mablag’lar sarflaydi,
texnikalar, kadrlar, mineral o’g’itlar yetkazib beradi. Shunday qilib, differentsial renta
I va differentsial renta II yer egasi bo’lgan davlat bilan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar
o’rtasida taqsimlanadi.