413
xizmatlari eksportidan tushumning ahamiyatli qismi, masalan, 20-25% dan oshib
ketsa, bu holat mamlakatning kredit bo’yicha reytingini pasaytirib yuboradi. Natijada,
chetdan yangi qarz mablag’larini jalb etish mushkullashadi. Shunga ko’ra, davlatlar
muntazam ravishda tashqi qarzni tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshirib
boradilar. Bular qatoriga mamlakat oltin-valyuta zaxirasi hisobidan qarzlarni to’lab
borish; kreditorlarning qarz to’lov muddatlarini o’zgartirishlari, ayrim hollarda
ularning ma’lum qismidan voz kechishlariga erishish; qarzlarni mamlakatdagi
ko’chmas mulklar, qimmatli qog’ozlar, kapitalda ishtirok etish va boshqa huquqlarni
sotish hisobiga to’lash; xalqaro banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlardan yordam
olish va h.k.
O’zbekistonda tashqi qarzni me’yor darajasida ushlab turish borasida qat’iy
chora-tadbirlar amalga oshirilib, buning ifodasini Prezidentimizning quyidagi
so’zlaridan ham ko’rish mumkin: «2009 yilning 1 yanvarigacha O’zbekistonning jami
tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 13,3 foizini tashkil etishini va bu ko’rsatkich,
xalqaro mezonlar bo’yicha, «Har jihatdan maqbul holat» deb hisoblanishini ta’kidlash
joiz»
109
.
Demak, davlat o’z faoliyatini moliyaviy resurslar bilan ta’minlashda ssuda
kapitallarining ham milliy bozoridan, ham tashqi bozoridan qarz olishi mumkin.
Xalqaro kreditning tez o’sishi kapitalning mamlakatlararo migratsiyasi, mamlakat
va mintaqalar iqtisodiy o’zaro bog’liqligi chuqurlashuvining muqarrar natijasi
hisoblanadi. Xalqaro kredit moliyaviy resurslarni ham xususiy sektorning ehtiyojlarini
qondirish, ham davlat budjeti taqchilligini qoplash uchun jalb qilish imkoniyatini
sezilarli kengaytiradi. Shu bilan birga tashqi qarzlarning o’sishi bir qator boshqa
muammolarni keltirib chiqaradi. Bu o’rinda eng asosiy muammo milliy
iqtisodiyotning kreditor va debitor mamlakatlar iqtisodiyotiga bog’liqligining
kuchayib borishi hisoblanib, bu jarayonni mamlakatdagi ichki moliyaviy dastaklar
bilan nazorat qilish imkoniyati bo’lmay qoladi.