Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti
O‘ZBEKISTON TA’LIM TIZIMINING DOLZARB
MUAMMOLARI
Mamlakatimizda kadrlar tayyorlash milliy dasturini bosqichma-bosqich
va muvaffaqiyatli amalga oshirish ko‘p jihatdan o‘qituvchi faoliyati, uning
kasbiy nufuzini oshirish bilan bog‘liqdir. Shunday ekan, sog‘lom va har
tomonlama barkamol avlodni yetishtirish uzluksiz ta’lim tizimida mehnat
qilayotgan pedagogning saviyasiga, tayyorgarligiga va fidoyiligiga, uning
yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalash ishiga bo‘lgan munosabatiga bog‘liqdir.
O‘qituvchi jamiyatning ijtimoiy topshirig‘ini bajaradi, har tomonlama
yetuk mutaxassislarni tayyorlashda o‘qituvchi muayyan ijtimoiy-siyosiy,
pedagogik va shaxsiy talablarga javob berishi lozim. Shunday ekan,
o‘qituvchi mustaqillik g‘oyasiga e’tiqodli, har tomonlama rivojlangan ilmiy
tafakkurga ega, kasbiga tegishli ma’lumoti bor, ya’ni o‘z fanining chuqur
bilimdoni, pedagogik muloqot ustasi, pedagogik-psixologik va uslubiy
bilim hamda malakalarni egallagan bo‘lishi hamda turli pedagogik
vazifalarni tezda yechishi, vaziyatlarni sezishi, o‘rganishi va baholay olishi
kerak. U pedagogik ta’sir ko‘rsatishning eng maqbul usul va vositalarini
tanlay olish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi lozim.
Mustaqil O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan avlodni tarbiyalash nozik,
nihoyatda katta diqqat-e’tiborni talab qiladigan, ichki ziddiyatli jarayondir.
Shunday ekan, o‘qituvchi o‘quvchi yoki talabaning shakllanish jarayonini
zo‘r havas va sinchkovlik bilan kuzatishi lozim. U PJni boshqarar ekan,
pedagogik bilim va mahorat egasi bo‘lishi lozim. Shundagina o‘qituvchi
pedagogik hodisalarning mohiyatini va dialektikasini, pedagogik mehnat
metodi, kasb va texnologiyasini va professional pedagogikani tushunib
yetadi. Pedagogik bilim va mahorat egasi bo‘lgan o‘qituvchi, avvalo,
pedagogika fanining metodologik asoslarini, shaxs rivojlanishining
qonuniyatlari va omillarini, kadrlar tayyorlash milliy dasturining mohiyati,
maqsad va vazifalarini bilishi kerak. Ta’lim tizimida mehnat
7
qilayotgan pedagoglarning ko‘pchiligi ta’lim va tarbiya jarayonida
pedagogik mahoratning zaruriyati va ahamiyatini tobora chuqur anglab
bormoqdalar.
Shu sababli ular o‘z mahoratlarini uzluksiz oshira borishga, hozirgi
kunning yuksak talablariga mos zamonaviy bilim va tajribalarni
o‘zlashtirishga, ijodiy mehnat qilishga intilmoqdalar. Ammo shuni ham
e’tirof etishimiz kerakki, o‘quv yurtlarida ayrim o‘qituvchilar o‘z pedagogik
mahoratlarini oshira borishning ahamiyatini yetarli darajada his
qilmaydilar, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy
dasturi»ning talablarini chuqurroq o‘rganishga qiziqmaydilar, o‘quv
jarayonining ilmiyligiga, zamon talablariga mosligiga, turmush va
amaliyot bilan bog‘lanishiga yuzaki qaraydilar, o‘qitilayotgan o‘quv
fanlarining ilmiy va g‘oyaviy-tarbiyaviy birligini doimo esda tutmaydilar.
Bu esa ular qo‘lida ta’lim olayotgan o‘quvchi va talabalarning bilim darajasi
va saviyasining yetarli bo‘lmasligiga, o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishdan
orqada qolishlariga sabab bo‘lmoqda.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» asosida amalga oshirilayotgan
ta’lim sohasidagi islohotlarning birinchi va ikkinchi bosqichlari vazifalari
muvaffaqiyatli hal qilinib, uchinchi bosqichdagi o‘zgarishlar davom
etmoqda. Bu bosqichda o‘quv-tarbiya ishlarini butunlay yangi asosda tashkil
qilish, yuqori sifat ko‘rsatkichiga erishish talab qilinadi.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» yuksak umumiy madaniyatga va
kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, siyosiy hamda ijtimoiy
hayotda to‘g‘ri yo‘l topa bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqbol vazifalarini
ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirish,
shuningdek, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan,
ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda puxta o‘zlashtirgan, jamiyat,
davlat va oila oldida o‘z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalashni
nazarda tutgan pedagogik g‘oyani ilgari suradi.
Ushbu pedagogik g‘oya ta’lim tizimi oldiga:
- ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan
yangilanish, rivojlangan huquqiy-demokratik davlat qurilishi jarayonlariga
moslash;
- kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy -
iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat,
8
texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda
qayta qurish;
- ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari
va uslublarini ishlab chiqish hamda joriy qilishni hal etish vazifalarini
ko‘ndalang qilib qo‘ydi.
Bugungi kunda jamiyatimizda yangi ijtimoiy munosabatlarning
shakllanishi, ta’limning dunyo ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi,
demokratlashtirish va insonparvarlashtirish jarayonlarining rivojlanishi
ta’lim jarayonida ZPTga yangicha yondashuv zarurligini taqozo etmoqda.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da ZPTni joriy qilish va o‘zlashtirish
zarurligi ko‘p marta takrorlanib, ularni o‘quv muassasalariga olib kirish
zarurati uqtirilgan.
Respublikamizning taniqli olimlari ilmiy asoslangan, mintaqamizning
ijtimoiy-pedagogik sharoitiga moslashgan PTni yaratish va ularni ta’lim-
tarbiya amaliyotida qo‘llashga intilmoqdalar.
«Texnologiya» - yunoncha so‘z bo‘lib, «techne» - mahorat, san’at,
«logos» – tushuncha, o‘rganish, demakdir. PTlarga qiziqish nega shunchalik
darajada kuchaydi, degan mulohaza tug‘ilishi tabiiy. Jamiyatimizga
qanchadan-qancha bilimli va malakali kadrlarni yetishtirib kelgan
pedagogikaning o‘ziga xos uslublari mavjud. Pedagogik jamoatchilikning
aksariyati mana shu yo‘ldan bormoqda, ammo mustaqillik va kelajak sari
intilayotgan jamiyatga bu yo‘l kutilgan samara bilan xizmat qila olmaydi.
Chunki buning zamirida ma’lum sabablar mavjud, ya’ni rivojlangan
mamlakatlar qatoridan o‘rin olish uchun xalq ta’limini jadallashtirish
va samaradorligini oshirish maqsadida ZPTdan foydalanish zarurligi,
fan-texnika taraqqiyotining o‘ta rivojlanganligi natijasida axborotlar
tizimi hajmining tobora ko‘payib borayotganligi, zamonaviy texnika va
texnologiyalarni ta’limga tatbiq etish, ta’lim jarayonini kompyuterlashtirish,
o‘quv-tarbiya jarayonida AT va texnik vositalar (TV)dan foydalanish
kerakligi, talaba va o‘qituvchi faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchi
ta’lim maqsadi va mazmunini puxta bilishi, ta’lim usullari, metodlari va
vositalarini yaxshi egallagan bo‘lishi, talabaning qiziqish va intiluvchanligini
to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltira olishi lozimligi, o‘qituvchi ta’lim jarayonini
yuqori darajada, samarali tashkil etish uchun maqsad va vazifalarni aniq
belgilashi, ta’lim natijasini oldindan qayd etishi, o‘quv predmetlarini to‘liq
9
o‘zlashtirishga erishish uchun zaruriy ta’lim vositalari, shart-sharoitlarini
tayyorlashga erishishi kerakligi, o‘quv jarayoni uchun zarur moddiy-texnik
bazaning yaratilgan bo‘lishligi, ta’lim-tarbiya jarayoni natijalarini xolisona
va obyektiv baholash, talabalarning bilim va malakalarini egallash jarayonini
nazorat qilish va baholashni avtomatlashtirishga erishilganligi, o‘sib
kelayotgan yosh avlodni hayotga mukammal tayyorlash talabi ularga eng
ilg‘or bilim berish usuli hisoblangan obyektiv borliqqa majmuviy yondashuv
tamoyilidan foydalanishni talab qilishi kabi muammolardadir.
Demak, zamonaviy PT yuqorida keltirilgan shartlarning barcha
talablariga javob beradigan ta’limiy tadbir hisoblanadi. Bugungi kunda
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablaridan biri ta’lim jarayonida yangi
pedagogik va ATni qo‘llash, tayyorgarlikning modul tizimidan foydalangan
holda ta’lim oluvchilarni o‘qitishni jadallashtirish sanaladi. Respublikamizda
ta’lim jarayonida pedagogik va ATni qo‘llashga doir keng ko‘lamda ish olib
borilmoqda. Ushbu muammoning ilmiy-nazariy asoslari, har bir PTning
o‘ziga xos jihatlari ishlab chiqilib, yetarli darajada tajribalar to‘plandi. Ta’lim
jarayoniga pedagogik va axborot texnologiyalarni joriy etishda xorijiy
mamlakatlarning tegishli tashkilotlari yaqindan yordam ko‘rsatmoqda.
«PT» so‘z birikmasining asosida «texnologiya», «texnologik jarayon»
tushunchalari yotadi. Ushbu tushunchalar orqali sanoatda tayyor mahsulotni
olish uchun bajariladigan ishlarning ketma-ketligi haqidagi texnik hujjat,
ta’limda esa fan bo‘yicha uslubiy tadbirlar majmuasi tushuniladi.
Bugungi kunda PTni tushunish uchun asosiy yo‘l - aniq belgilangan
maqsadlarga qaratilganlik, ta’lim oluvchi bilan muntazam o‘zaro aloqani
o‘rnatish, PTning falsafiy asosi hisoblangan ta’lim oluvchining xatti-harakati
orqali o‘qitishdir. O‘zaro aloqa PT asosini tashkil qilib, o‘quv jarayonini
to‘liq qamrab olishi kerak.
Bugun har bir sog‘lom fikrlovchi inson yangi asrda o‘zi, yaqinlari,
kasbdoshlari, tengdoshlarining jamiyatdagi o‘rni va salohiyati qanday
bo‘lishini o‘ylashi tabiiy. O‘tgan asrning ahamiyati, qadr-qimmati,
tarixiyligi esa O‘zbekistonning mustaqil davlat maqomiga ega bo‘lganligi
bilan baholanadi. Mustaqil davlat o‘zining asosiy qonuni - Konstitutsiyasi
bilan kafolatlangan bir qancha muhim tarixiy hujjatlariga ega bo‘ldiki, ular
orasida «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» alohida o‘rin tutadi. Undagi
g‘oyalar, avvalo, XXI asrda yashaydigan, ijod qiladigan, Vatan va yurt
10
mustaqilligini mustahkamlovchi insonlarning manfaatini ifodalaydi.
Dasturda e’tirof etilgan kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning
asosiy yo‘nalishlarida ta’lim tizimining yaxlit axborot makonini vujudga
keltirish, ta’lim-tarbiya dasturlarining intellektuallashuvini ta’minlash
va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash kabi muhim vazifalar kun tartibiga
qo‘yildi. O‘tgan asrni sarhisob qilib, yangi yuz yillik va ming yillikning
qanday bo‘lishini tasavvur etar ekanmiz, uning eng muhim xususiyatlaridan
biri sifatida yangi ta’lim dasturlarida nazarda tutilayotgan zamonaviy AT,
ta’limni kompyuterlashtirish va kompyuter tarmoqlari tizimida ta’lim
jarayonini axborot bilan ta’minlashning rivojlanishini nazarda
tutmoq o‘rinlidir. Zero, milliy dasturni ro‘yobga chiqarishga doir
tashkiliy ishlarda e’tirof etilganidek, «Ta’limni axborot bilan ta’minlash
tizimini shakllantirish va rivojlantirish, uni jahon axborot tizimi bilan
bog‘lash, ommaviy axborot vositalarining ta’lim sohasidagi vazifalarini
belgilash» malakali kadrlar tayyorlashning muhim mezonlaridandir. Demak,
yangi asr - informatsiyali texnologiyalar asri bo‘ladi. Bu masalaning bir
tomoni. Masalaning ikkinchi bir muhim jihati shundaki, yangi asr
xalqaro intellektual-iqtisodiy korporatsiyaning yaratilish asri, ya’ni jahon
miqyosidagi aql-zakovatning birlashuvi asri bo‘ladi.
Bugun biz yangi texnologiyalarga sarflanayotgan mablag‘lar qay
darajada o‘zini oqlashini, ularning ta’lim sifatini oshirish va axborot
hamda kommunikatsiya texnologiyalari hamda masofaviy ta’limni
rivojlantirishga qanday ta’sir ko‘rsatishini tasavvur qila olishimiz shart.
Ko‘p hollarda «ta’limning kompyuter texnologiyalari» tushunchasi «AT»
iborasi bilan aralashtirilib yuboriladi. Bu o‘rinda, asosan, an’anaviy
PTdan farqli, kompyuter tarmoqlariga ulangan, dasturlashtirilgan,
xalqaro aloqalarni ham ta’minlashga qodir tizim nazarda tutilmoqda. Bu
holat so‘nggi yillarda jamiyat hayotida kompyuterlarning ahamiyati ortib
borishi, milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida turli xil axborotlarga
nisbatan ehtiyojning kuchayishi bilan izohlanadi. Bugun biz bir narsani
aniq tasavvur qilishimiz kerak. Mavjud holat, axborotlar oqimining
negizlashuvi inson xotirasiga ortiqcha yuk, shaxsning tafakkuri va fikr
yuritishi jarayonlarida keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘lmasmikin? Ongga
yetib kelayotgan axborotlar shaxsning mavjud madaniy-ma’rifiy muhitga
moslashuvi jarayonida qay tarzda aks etishini bilishimiz va shunga mos
tarzda ta’lim-tarbiya muassasalarida o‘quv dasturlari va jihozlariga nisbatan
11
talablarni ishlab chiqishimiz lozim. Shu o‘rinda biz ATni ta’lim jarayoniga
singdirishning afzalliklarini e’tirof etishni xohlardik. Eng avvalo, ta’lim
jarayonida kompyuterlar va axborot-kommunikatsiya vositalarining
qo‘llanilishi, talabalarning ular bilan bemalol ishlay olishlari PJdagi
eng muhim kamchiliklardan hisoblangan subyektivizmni cheklaydi.
Masalan, agar talabaning javobi yoki bevosita o‘zlashtirishini baholash
o‘qituvchining talaba shaxsiga munosabati ta’sirida kechgan bo‘lsa,
mashinalar vositasida beriladigan ma’lumotlar obyektiv xarakterga ega
bo‘ladi. Ikkinchidan, kompyuter orqali talabaga yetkazilayotgan ma’lumotni
zarurat bo‘lganida, qayta - qayta chaqirish va takrorlash imkoniyati ham bor.
Bu narsa ayrim talabalarda, guruh sharoitida ishlaganda kuzatiladigan
iymanish kabi sifatning namoyon bo‘lmasligini ta’minlaydi. Uchinchidan,
har bir professor-o‘qituvchining o‘zigagina xos bo‘lgan tushuntirish
uslubi, metodik yondashuvi mavjud. AKT vositalaridan foydalanish
PJlar ichidagi samarasiz uslubiyotlarga barham beradi. To‘rtinchidan,
yangi axborotlarni uzatish texnologiyalari bilimlarni o‘zida ifoda etib,
unda sxemalar, rasmlar, jadvallar, grafik va diagrammalarga keng o‘rin
beriladi. Bu narsa yoshlarda obrazli xotirani ancha jonlantirib, ularning
eslab qolish qobiliyatini kuchaytirishi mumkin. Beshinchidan, ushbu
axborot vositalaridagi ma’lumotlarni kichik hajmli disketlarga yozib olish
va ulardan zarur o‘rinlarda foydalanish mumkin. Bu ham vaqtni, ham
mablag‘ni tejaydiki, iqtisodiy jihatdan yuzlab tirajlarda chop etilayotgan
kitoblardan arzon bo‘ladi. Eng muhimi, manfaatdor auditoriya xohlagan
ma’lumotini bir xil sifat va tizimda olishi mumkin bo‘ladi. Nihoyat, ular
“axborot asri” deb e’tirof etilayotgan yangi asrda yashab ijod qiluvchi
yoshlarning ongini o‘stiradi, ulardagi texnik vositalardan cho‘chish hissini
yo‘qotadi. Xullas, ta’lim muassasalarining bu narsaga sarflangan mablag‘lari
behuda ketmasligi ehtimoldan xoli emas.
Agar biz har bir yosh qalbida Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, pok
iymon va odamgarchilikni tarbiyalay olsak, ular xalqaro axborot tizimlari
orqali bizning fikrlash tarzimiz, urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimizga
zid bo‘lgan ma’lumotlarni tanqidsiz qabul qilmaydigan, yurtimiz istiqboliga
xizmat etadiganlarinigina saralab olish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Buning
uchun biz yoshlarimizda barqaror mafkuraviy immunitetni tarbiyalashimiz
kerak.
12
Ma’lumki, pedagogikada boshqa ilm sohalaridan olingan ko‘plab
atamalardan foydalaniladi, bu narsa pedagogikani boshqa fanlar bilan
chuqur aloqada ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bunday atamalar texnika
va iqtisodiyot tarmoqlaridan ko‘p miqdorda kirib keladi, chunki ayni shu
sohalar ijtimoiy fikrning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Chunonchi,
bugun o‘qitish jarayonining tejamliligi va maqsadga muvofiqligi hamda
oqilona tashkil etilishi ko‘p jihatdan o‘qituvchi, texnika va texnologiya,
ta’lim iqtisodiyoti, o‘qitishni kompyuterlashtirish va shunga o‘xshashlar
bilan bevosita bog‘lanib qolgan. Adabiyotlarda “Yangi tartib-qoida”,
“Yangilik”, “Innovatsiya” tushunchalarining ma’naviy mazmunini
aniqlashning turlicha talqinlari mavjud. Yangi tartib-qoida, moddiy
ma’noda, ijobiy va ilg‘or yangilikni, bu tushunchani qabul qiladigan va
undan foydalanadigan tashkiliy tizim uchun yangi bo‘lgan g‘oya, faoliyat
yoki moddiy obyektni anglatadi. “Yangi tartib-qoida”, “Innovatsion jarayon”
atamalari aynan o‘xshash, ya’ni bir xil ma’noga ega. Innovatsiyalar ta’lim
amaliyoti paydo bo‘lganidan buyon o‘tgan uzoq davr davomida unga
yangiliklar kiritish, mavjud ta’lim tuzilmasini maqsadga muvofiqlashtirish,
ba’zan juz’iy, ba’zan esa keng ko‘lamli o‘zgartirish, takomillashtirish
va yaxshilash elementlarini joriy etish evaziga sifatni ko‘tarish uchun u
bilan yonma-yon kelmoqda. Yangilik - bu texnik, texnologik ixtiro va
yutuqlardan amaliy foydalanishdir. U pedagogik kategoriya sifatida ta’limga
yangilik kiritishni anglatadi. Yangilik, ko‘pincha, yangi metodlar, usullar,
vositalar, yangi konsepsiyalar, yangi o‘quv dasturlari, tarbiya usullari va
boshqalarni kiritish hamda qo‘llashga xosdir.
Keyingi o‘n yillar ichida yaratilgan, pedagogikaga bag‘ishlangan
adabiyotlarda «PT», «Progressiv PT», «Yangi axborotlar texnologiyasi»
kabi tushunchalar uchrab turadi. Ammo, ularga hozirgi kungacha to‘liq
ta’rif berilmagan. Respublikamizning pedagog olim va amaliyotchilari
ilmiy asoslangan hamda O‘zbekistoning ijtimoiy-pedagogik sharoitiga
moslashgan ta’lim texnologiyalarini yaratish va ularni ta’lim-tarbiya
amaliyotida qo‘llashga intilmoqdalar. Bularning barchasi ta’lim-tarbiya
sohasida islohotlar o‘tkazishni asosiy masala qilib qo‘ydi. Bu masalalarni
yechishda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy
dasturi» har taraflama javob beradi.
13
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi o‘z oldiga bir qator maqsadlarni
qo‘ygan: 1) ta’lim sohasini tubdan isloh qilish; 2) uni o‘tmishdan qolgan
mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish; 3) rivojlangan
demokratik davlatlar darajasida yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga
javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratish va
boshqalar. Ularni ro‘yobga chiqarish quyidagi vazifalarni hal etish bilan
bog‘liq:1) O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga
muvofiq ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari
hamda kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida
ta’lim tizimini yagona o‘quv ishlab chiqarish majmuyi sifatida izchil
rivojlantirishni ta’minlash; 2) ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini
jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan, demokratik-
huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslash; 3) kadrlar tayyorlash tizimi
muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik
faoliyatning tashkiliy va ijtimoiy maqomini ko‘tarish; 4) kadrlar tayyorlash
tizimini hozirgi talablar doirasida qayta qurish; 5) ta’lim oluvchilarni
ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning samarali uslublarini ishlab chiqish va
joriy etish; 6) tizimni attestatsiya va akkreditatsiya qilishning yagona
metodikasini joriy qilish; normativ va moddiy-texnika axborot bazasini
yaratish; 7) ta’lim, fan va ishlab chiqarishning integratsiyasini ta’minlash;
8) tizimga byudjetdan tashqari investitsiyalarni jalb qilish; 9) kadrlar
tayyorlash sohasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Yuqoridagi maqsad va vazifalardan kelib chiqib, yangi ta’lim
modelining tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat etib belgilandi: 1)
|