O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi toshkent moliya instituti




Download 0,86 Mb.
Pdf ko'rish
bet38/48
Sana03.12.2023
Hajmi0,86 Mb.
#110554
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   48
Bog'liq
Pedagogik texnologiyalar Omonov

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, 
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganch ila.
Alisher Navoiy
O‘QITUVChINING ShAXSIY VA KASBIY XUSUSIYATLARI
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi raqobatbardosh kadrlar tayyorlovchi 
pedagogga qo‘yiladigan zamon talablari majmuyini belgilaydi.
Bir-biriga bog‘liq bo‘lgan talablarning majmuyi, pedagogning 
umumlashtirilgan modelini tashkil etadi. Umumlashgan modelga muvofiq 
o‘qituvchiga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
– ta’lim berish mahorati;
– tarbiyalay olish mahorati;
– o‘quv-tarbiya jarayonida inson omilini ta’minlovchi shaxsiy 
fazilatlari;
– ta’lim oluvchilarning bilimlarini xolisona baholay olish va nazorat 
qila olish mahorati va h.k.
Umumlashtirilgan modelning doirasidagi malakaviy zamon 
talablari pedagog «qiyofa»sini ifodalaydi.
O‘zbekiston Respublikasi aholisi uchun ta’lim darajasini oshiruvchi 
omillardan biri bo‘lib ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga jadal 
sur’atlar bilan kirib borish jarayoni hisoblanadi. Bu, birinchi navbatda, 


144
bozor munosabatlarining rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib, u jarayon bilim 
darajasiga, iqtisodiyot va ekologiya (atrof-muhit), kompyuter texnikasi va 
ilmiy qimmatga ega texnologiyalar ustuvor bo‘lgan va xalq xo‘jaligining 
rivojlangan tarmoqlariga, ta’lim tizimining takomillashuvi va kadrlar 
tayyorlashga bog‘liq bo‘ladi.
Kadrlarning yangi avlodini tayyorlash muammosining samarali 
yechimi, birinchi navbatda, hozirgi kun talablariga javob bera oladigan 
psixologiya, pedagogika, iqtisodiyot, ekologik madaniyat, huquqshunoslik 
va shunga o‘xshash boshqa fanlarning bilim asoslarini chuqur biladigan, 
professional malaka va har tomonlama puxta bilimga ega bo‘lgan 
o‘qituvchi kadrlarning tayyorlanishi bilan bog‘liqdir. 
Olib borilgan kuzatishlar va AQSH, Germaniya, Yaponiya, Fransiya va 
boshqa sanoati hamda intellektual salohiyati rivojlangan mamlakatlarning 
tajribasi shuni ko‘rsatib turibdiki, yuqori malakali va raqobatbardosh 
kadrlar tayyorlash, asosan, quyidagilarga bog‘liq:
- ta’lim, fan va ishlab chiqarishning o‘zaro samarali aloqadorligi;
- ta’lim muassasalari va professional ta’lim dasturlari turlarining 
(tiplarining) xilma-xilligi, ularda fan va texnikaning eng oxirgi yutuqlari, 
iqtisodiyot va texnologiyalarning eng yuqori andozalari va ko‘rinishlari 
qay darajada aks ettirilganligi;
- professional ta’lim tizimini ustuvor va foyda keltiruvchi iqtisodiy 
tarmoqqa aylantirish;
- ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-metodik adabiyotlar bilan 
ta’minlash va ularning moddiy-texnik asosini yaratish hamda ularning 
moliyaviy ko‘rsatkichlarini mustahkamlash;
- professional ta’lim tizimiga eng yuqori malakali o‘qituvchilarni va 
mutaxassislarni jalb etish;
- o‘quv jarayonini informatsiyalash va kompyuterlashtirish;
- kadrlarni tayyorlashning sifat bahosini va obyektiv nazorat tizimini 
qo‘llash;
- shaxsning rivojlanish darajasi, xulqi, qobiliyat va intellektini 
baholash hamda kasbiy mahorati muammolariga bag‘ishlangan psixologik-
pedagogik izlanishlarni bajarish;
- o‘qituvchilarni yuqori darajada moddiy rag‘batlantirish va ularni 
ijtimoiy himoyalab turish.


145
Bugungi kun mutaxassisi har tomonlama rivojlangan yuqori darajadagi 
intellektga ega bo‘lgan, fan asoslarini chuqur o‘rgangan bilimdon, zukko, 
dono, fidoyi, ma’rifatli va ma’naviyatli inson bo‘lishi kerak. U 
o‘z mutaxassisligi, masalan, iqtisodchilikdan tashqari, xorijiy tillardan birini 
bilishi hamda AKT dan foydalana olishi shart.
Zamonaviy pedagog yuqori madaniyatli, xalqimiz tarixini chuqur 
biladigan va uning kelajagi uchun jon kuydiradigan insonparvar va 
oliyjanob kishi bo‘lishi kerak.
Uzluksiz ta’lim tizimini amalga oshirish jarayonida yosh avlodni 
ko‘ngildagidek o‘qitish va tarbiyalash haqida gap borar ekan, bunday 
g‘oyat murakkab va ko‘p qirrali vazifani faqat yuksak malaka va 
pedagogik mahoratga ega bo‘lgan o‘qituvchi kadrlar bilangina amalga 
oshirish mumkinligini ta’kidlash lozim.
Shunday ekan, o‘qituvchilik – katta san’atdir. Bu san’atga u yoki bu 
pedagog osongina, o‘z-o‘zidan erisha olmaydi. Shuning uchun, o‘qituvchilik 
kasbiga, ya’ni sog‘lom avlod uchun chinakam murabbiy bo‘lishga havasi, 
ishtiyoqi zo‘r, zamon talablarini tez va chuqur tushunadigan, o‘zining ilmiy, 
ijtimoiy-siyosiy saviyasini, pedagogik mahoratini izchillik bilan amalga 
oshirib boruvchi, mustaqillik g‘oyasi va mafkurasi bilan puxta qurollangan, 
haqiqiy vatanparvar va mehnatsevar kishilargina erisha oladilar.
Pedagogik mahorat tug‘ma is’tedod yoki nasldan-naslga o‘tuvchi 
xususiyat emas, balki uning negizida izlanish va ijodiy mehnat yotadi. 
Shuning uchun ham pedagogik mahorat hamma o‘qituvchilar uchun 
standart, ya’ni bir qolipdagi ish usuli emas, balki u har bir o‘qituvchining 
o‘z ustida ishlashi, ijodiy mehnati jarayonida tashkil topadi va rivojlanadi.
Bu jarayonda ilg‘or o‘qituvchining pedagogik mahorati va tajribalarini 
boshqa o‘qituvchi o‘rganishi, undan ijodiy foydalanishi va o‘z faoliyatini 
ilg‘or tajribalar bilan boyitishi zarur. O‘qituvchining pedagogik mahorati, 
asosan, sinfda, auditoriya mashg‘ulotlarida yaqqol ko‘rinadi. Chunki 
o‘quv mashg‘ulotlari o‘zining mazmun va mohiyatiga ko‘ra o‘qituvchining 
o‘quv yurtidagi asosiy ishidir. Shuning uchun u ilmiy-g‘oyaviy jihatdan 
yetuk va ommabop bo‘lishi, turmush bilan, o‘quvchi yoki talabalarning 
tayyorgarlik darajasi bilan uzviy aloqador bo‘lishi zarur. Ta’lim jarayonida 
o‘qituvchi bilan o‘quvchi yoki talabalar o‘rtasida o‘zaro jonli til muloqoti, 
fikr almashuv munosabatlari, samimiy hurmat va asosiy maqsadga 


146
erishishda yaqin hamkorlik lozim. Mazmuni sayoz, amaliy tajribadan, 
turmushdan ajralib qolgan, umumiy so‘z va quruq nasihatgo‘ylikdan iborat 
bo‘lgan, rasmiyat uchun yuzaki o‘tkaziladigan dars (ma’ruza) va boshqa 
o‘quv mashg‘ulotlari talabalarni qiziqtirmaydi, ularni ilmiy, g‘oyaviy 
jihatdan yetarli oziqlantirmaydi. Shu sababli, o‘quv mashg‘ulotlarini 
shunday tashkil qilish kerakki, ularning ta’sirida talabalarda shu fanga 
nisbatan turli qarashlar, ilmiy tafakkur va e’tiqodlar vujudga kelishi va 
shakllanishi kerak.
Ta’lim va tarbiya jarayoni ta’sirchanligining yanada yuksak bo‘lishi 
o‘qituvchining ilmiy salohiyatiga, yoshlar oldidagi obro‘siga, shaxsiy 
sifatlariga, ilmiy iste’dodiga, ta’lim sohasidagi tajriba va mahorati hamda 
o‘quvchi yoki talabalar bilan o‘rnatilgan do‘stona munosabatiga bog‘liqdir.
Zamon talablari professor-o‘qituvchilarning o‘zlarida mavjud bo‘lgan 
bilim va saviya bilan cheklanib qolmasdan, xorijiy mamlakatlar tajribasini 
qunt va sabot bilan o‘rganib, mag‘zini chaqib, undan keyin o‘z talabalariga 
saboq berishlari zarurligini taqozo etadi.
Pedagogik faoliyat samarasi o‘qituvchining pedagogik qobiliyati 
qay darajada shakllanganligiga ham bog‘liqdir. Qobiliyat – faoliyat 
jarayonida paydo bo‘ladi va rivojlanadi, deb ta’kidlanadi. Jumladan, bilish 
qobiliyati, tushuntira olish qobiliyati, nutq qobiliyati, obro‘ orttira olish 
qobiliyati, muomala qila bilish qobiliyati kabilar.
Pedagogik qobiliyat va mahorat o‘qituvchida osonlik bilan 
shakllanmaydi. Bu kasbni tanlagan kishi o‘z maqsadiga erishish uchun 
uzluksiz o‘qishi, o‘rganishi va izlanishi, ijodiy mehnat qilishi, o‘z yurti 
va dunyodagi real voqelikni tez anglashi va o‘z mehnatining mamlakat 
uchun qanchalik zarurligini chuqur his qilishi zarur.
O‘qituvchining pedagogik mahorati haqida fikr yuritar ekanmiz, uning 
ongligiga, milliy g‘oya va mafkuraga sodiqligiga, bilish va fikr doiralarining 
kengligiga, o‘z vazifasiga munosabatiga e’tibor berish kerak. Ayniqsa, 
pedagogik mahorat bobida o‘qituvchining fikr doirasi keng bo‘lishi 
zarurligini alohida hisobga olish lozim. Chunki kishida bilim va fikr 
mukammal bo‘lmasa, u kamolotga erisha olmaydi. Darhaqiqat, kishi u yoki 
bu masalani, albatta, fikr orqali hal etadi. Shuning uchun, pedagogik mahorat 
sohibi bo‘lishga intilgan kishi, shubhasiz, o‘z bilimini doimo kengaytirishi, 
o‘zining o‘quvchi yoki talabaga ma’naviy-axloqiy ta’sir etuvchi g‘oya va 


147
fikrlarini yangilab borishi zarur. Buning uchun u ko‘p o‘qishi va o‘rganishi 
lozim. O‘qituvchining pedagogik mahoratiga baho berishda uning 
ta’limni qay darajada tashkil qila bilishi muhim ahamiyatga ega.
Uzluksiz ta’lim tizimida dars va boshqa turdagi barcha o‘quv 
mashg‘ulotlarini mukammal tashkil qilish – o‘qituvchining birinchi 
navbatdagi vazifasidir. Yuqori saviyada o‘tkazilgan
mashg‘ulotlar yoshlar 
ongida uzoq saqlanadi, ularda imon-e’tiqod va mafkuraning shakllanishiga 
ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, o‘qituvchining ilmiy saviyasi uning 
o‘z burchiga munosabati, yoshlarga murabbiylik ishtiyoqi, pedagogik 
mahorati va, eng avvalo, sifatli dars bera olishida ko‘rinadi. Fan 
o‘qituvchisining faoliyatiga beriladigan baho darajasini ham dars va 
boshqa turdagi mashg‘ulotlarning sifati belgilaydi.
Dars berish san’atini mukammal egallagan o‘qituvchi uyushtirgan 
o‘quv mashg‘uloti chuqur bilim berish vositasi bo‘lishi bilan birga mustaqil 
O‘zbekistonning ravnaqi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, xalqimizning aql-
zakovati va mehnatining nimalarga qodirligi, jamiyatning munosib fuqarosi 
va sodiq quruvchisi bo‘lish uchun nimalar qilish zarurligini ko‘rsatuvchi 
ko‘zgu bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, birinchi navbatda, yoshlarimiz o‘z 
murabbiylari darsidan har jihatdan mamnun bo‘lsin. Ularda romantik orzular 
uyg‘onsin, tafakkuri rivojlansin, amaliy faoliyat, ijodiy qobiliyat, o‘qish-
o‘rganish va mehnatga havas kuchaysin. Ular o‘quv mashg‘ulotidan so‘ng 
olgan baholari bilan emas, balki bilim va malaka hosil qilganliklarini, 
ma’naviy oziq olganliklarini his qilsin. Ta’limning mazmundor, qiziqarli 
va tushunarli bo‘lishi ustoz bilan shogirdlarning qalbini va ruhini bir-
biriga mustahkam bog‘laydi, ular o‘rtasidagi samimiy hurmat va o‘zaro 
ishonchni mustahkamlaydi. Buning uchun o‘qituvchi, avvalo, o‘z fanini 
va uni o‘qitishning metod, usul va vositalarini mukammal o‘zlashtirib 
olishi, o‘qituvchi-murabbiyga xos madaniyatning yuqoriligiga erishishi, 
o‘z shogirdlariga hurmat va muhabbat ifoda eta olishi, ularni hayotga 
qiziqtirishi, ularning ruhiy holatlarni bilishi va tushunishi, bosiqlik bilan 
o‘z his-tuyg‘ularini boshqara olishi, tashqi ko‘rinishi va kiyinish madaniyati 
bo‘yicha ibrat ko‘rsatishi, nutq madaniyatining yuqoriligi va ijtimoiy 
faolligi, ayniqsa, omma o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy-madaniy 
ishlarning targ‘ibotchisi bo‘lishi lozim.


148
Shundagina mamlakatimizning kelajagi bo‘lgan o‘quvchi yoshlarimiz 
o‘z murabbiylarining nomini zo‘r ehtirom, chuqur minnatdorchilik bilan 
tilga oladi. Buning uchun har bir o‘qituvchi O‘zbekiston Respublikasining 
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida ko‘rsatilganidek, o‘z fanlari bo‘yicha 
tegishli ma’lumot egasi, yuksak kasbiy tayyorgarlik va yuqori axloqiy 
fazilatlar sohibi bo‘lishi kerak. 
“Agarki, dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning 
ichida eng sharaflisi – o‘qituvchilik va murabbiylikdir”,-degani edi 
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov. G‘azal mulkining 
sultoni, ikki daryo bo‘yidagi zahmatkash xalqini yakqalam qilgan A.Navoiy 
ranj bilan bir harf o‘rgatgan ustozlar xizmatini yuz ganj bilan ado etib 
bo‘lmasligini yozgan va hayotda o‘z ustozi mavlono Lutfiyga bo‘lgan 
ehtiromida uning amaliy isbotini namoyon etgan. Shu boisdan, azal-
azaldan bu kasb juda e’zozli hisoblangan. Ta’lim-tarbiya jarayonlaridagi 
muvaffaqiyat ularning faol ishtirokchisi – o‘qituvchi shaxsiga ko‘p jihatdan 
bog‘liq. 
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish 
va respublika ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar muvaffaqiyatini 
ta’minlash ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi-
tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining ma’naviy qiyofasi hamda ularning 
kasbiy mahoratlariga ham bog‘liq.
Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda murakkab va qiyin faoliyat jarayoni 
bo‘lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk kishilari jalb 
etilgan. Xususan, qadimgi Gretsiya va Rim tarixidan yaxshi bilamizki, 
miloddan avvalgi davrlarda ham yosh avlod tarbiyasi o‘zining ma’naviy 
qiyofasi va aqliy qobiliyati bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida yuksak xurmat-
ehtiromga sazovor bo‘lgan kishilar, donishmandlar zimmasiga ishonib 
topshirilgan. Ushbu holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilishi va 
mazmuni nafaqat shaxs kamolotini, balki jamiyat taraqqiyotini ta’minlashda 
muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.
O‘zbekiston Resupblikasida ham o‘qituvchi kadrlarning ma’naviy 
qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar 
qo‘yilmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom 
Karimovning quyidagi fikri ibratlidir: «Tarbiyachining o‘ziga zamonaviy 
bilim berish, ularning ma’lumotini, malakasini oshirish kabi paysalga 


149
solib bo‘lmaydigan dolzarb masalaga duch kelmoqdamiz. ...O‘qituvchi 
bolalarimizga zamonaviy bilim bersin deb talab qilamiz, ammo zamonaviy 
bilim berish uchun, avvalo murabbiyning o‘zi ana shunday bilimga ega 
bo‘lishi kerak.
...maktablardagi jarayonlarda o‘qituvchi hukmron. U boladan faqat o‘zi 
tushuntirayotgan narsani tushunib olishni talab qiladi. Prinsip ham tayyor: 
“Mening aytganim aytgan, deganim degan”. 
O‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlaridagi majburiy itoatkorlik 
o‘rnini ongli intizom egallashi juda qiyin kechayapti. O‘qituvchining 
bosh vazifasi o‘quvchilarda mustaqil fikr yuritish ko‘nikmalarini hosil 
qilishdan iboratligini, ko‘pincha, yaxshi tushunamiz, lekin afsuski, amalda, 
tajribamizda unga rioya qilmaymiz”.
Yuqorida qayd etilgan fikrlardan bugungi kun o‘qituvchisi shaxsiga 
nisbatan qo‘yilayotgan talablar mazmuni anglashiladi. Zamonaviy o‘qituvchi 
qanday bo‘lishi lozim?
O‘qituvchi maxsus pedagogik, psixologik va mutaxassislik ma’lumoti 
va metodik tayyorgarlikka, shuningdek, yuksak axloqiy fazilatlarga ega 
shaxs sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasi 
7-bandiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud hukmiga 
asosan ma’n etilgan shaxslarning ta’lim muassasalarida faoliyat olib 
borishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. 
Zamonaviy o‘qituvchi shaxsida quyidagi fazilatlar namoyon bo‘lishi 
lozim:
1. O‘qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, 
olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi hamda 
bu borada o‘quvchilarga to‘g‘ri, asosli ma’lumotlarni berib borishi lozim. 
2. Zamonaviy o‘qituvchi ilm-fan, texnika va texnologiya yangiliklari 
va yutuqlaridan xabardor bo‘lishi talab etiladi. 
3. O‘qituvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur va puxta bilimga ega 
bo‘lishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi va izlanishi lozim. 
4. O‘qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini chuqur 
bilishi, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarning psixologik xususiyatlarini 
inobatga olgan holda faoliyat tashkil etishi kerak. 
5. O‘qituvchi ta’lim-tarbiya jarayonida eng samarali shakl, metod va 
boshqalardan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur. 


150
6. O‘qituvchi ijodkor, tashabbuskor va tashkilotchilik qobiliyatlariga 
ega bo‘lishi shart.
7. O‘qituvchi yuksak darajadagi pedagogik mahoratga, chunonchi, 
kommunikativlik layoqatiga ega bo‘lishi, pedagogik texnika, nutq, yuz, 
qo‘l-oyoq va gavda harakatlari (mimika, jest, pantomimika) qonuniyatlarini 
chuqur o‘zlashtirib olishga erishishi lozim. 
8. O‘qituvchi yuksak nutq madaniyatiga ega bo‘lishi va uning nutqi bir 
qator sifat va xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak.
9. O‘qituvchi kiyinish madaniyatiga (ozoda va bejirim kiyinish, 
ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarning diqqatini ko‘p jalb etuvchi turli 
xil bezaklar (qimmatbaho taqinchoqlar va yorqin rangli pardoz-andoz 
vositalari)dan ortiqcha va o‘rinsiz foydalanmaslik, fasl, yosh, gavda tuzilishi, 
yuz qiyofasi, hatto soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishga 
odatlanish kabilar) ega bo‘lishi zarur.
10. O‘qituvchi shaxsiy hayotda pok, atrofdagilarga o‘rnak bo‘la olishi 
lozim.
O‘qituvchi shaxsining mazkur talablarni o‘zida aks ettira olgan ichki va 
tashqi qiyofasi uning o‘quvchilar va hamkasblari hamda ota-onalar o‘rtasida 
obro‘-e’tibor qozonishini ta’minlaydi. 
Uzluksiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning 
ikki muhim ko‘rsatkichi – sifat va samaradorlik aynan o‘qituvchining 
salohiyati va kasbiy mahoratiga uzviy aloqador. Uning kasbiy talabnomasi 
(professiogrammasi) kun sayin kuchaymoqda. 
“Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevoridir”, – degan 
shior kun tartibiga o‘rnili kiritilgan mustaqillik yillarida bu masalaning 
yechimi o‘qituvchi va tarbiyachi shaxsiga yanada mustahkam aloqador bo‘lib 
qoldi. Boisi, o‘qituvchi tajriba va malakasining uyg‘unligi muvaffaqiyatlar 
garovi ekanligi sir emas. O‘qituvchining ijodkor va tashabbuskor bo‘lishi 
lozimligini mazkur darslik epigrafidagi buyuk nemis pedagogining fikri ham 
tasdiqlaydi.
Ta’lim tizimini insonparvarlashtirish (gumanizatsiyalash) muammosi 
kun tartibiga qo‘yilgan bugungi kunda o‘qituvchi shaxsining insonparvarlik 
jihati oldingi o‘ringa chiqdi. 
O‘qituvchining shaxsiy fazilatlari: axloqiy barkamollik, saxovatpeshalik, 
mehribonlik, talabchanlik, ma’naviy poklik, qanoatlilik, rostgo‘ylik, 


151
sadoqatlilik, pokizalik, ziyraklik, andishalilik, vazminlik, sabr-bardoshlilik, 
muloyimlik va b.
O‘qituvchining kasbiy fazilatlari: o‘z sohasining puxta bilimdoni 
bo‘lish, hunar sirlarini turli usulda o‘rgata olish, hayotiy tajribalari asosida 
tarbiyalovchilik, shogirdlar ehtiyojlari va yutuq-kamchiliklarini idrok eta 
oluvchanlik, nutq madaniyatiga ega bo‘lish, shaxsiy namuna bo‘la olishlik 
kabilar. 
Shogirdlik odobi bo‘yicha quyidagicha mezonlar qayd qilinadi: “Agar 
sendan shogirdlik odobi nechta, deb so‘rasalar, yettita degin. Bular: 1) o‘z 
ishiga yaxshi munosabatda bo‘lish, ya’ni o‘z kasbini sevish; 2) o‘z ishiga 
e’tiqod qo‘yish va unga ishonish; 3) ustoz oldida xokisor bo‘lish, o‘z nojo‘ya 
odatlarini tark etish; 4) ko‘rish (nojoiz) lozim bo‘lmagan hamma narsalardan 
nigohini olib qochish; 5) eshitish mumkin bo‘lmagan barcha narsalarga 
quloq solmaslik; 6) barcha noloyiq ishlardan qo‘l tortish; 7) ustoziga qarshi 
bo‘lgan kishilar bilan muomala qilmaslik». Ana shu kesimlarda o‘qituvchi 
va o‘rganuvchi o‘rtasidagi dialektik munosabat to‘laqonli amalga oshiriladi. 
O‘qituvchidan birinchi navbatda quyidagilar talab qilinadi: 
1. Jismoniy va aqliy salomatlik.
2. Yuksak axloqiy va insoniy fazilatlar.
3. Har tomonlama kuchli va keng qamrovli bilim.
4. Metodik mukammallik va sayqallangan kasbiy mahorat.
5. Nutq madaniyati, notiqlik san’ati va imlo savodxonligi. 
6. Muttasil o‘z ustida ishlash va malakasini oshirish va b.
Odatda, ko‘pchilik o‘qituvchilar shaxsni o‘rgatish va tarbiyalashdagi 
vazifasini o‘z o‘quv predmeti doirasida o‘quvchini tegishli bilim va ko‘nikma 
hamda malakalar bilan qurollantirish, ularda tahlil qilish, umumlashtirish va 
qiyoslash sifatlarini shakllantirishda ko‘radilar. Vaholanki, o‘qituvchining 
mehnati va uning pedagogik faoliyati keng qamrovlidir. U o‘qitishning uchta 
muhim ijtimoiy funksiyasi – ta’lim berish, tarbiyalash va shaxsni yuksaltirish 
bilan bog‘liq vazifalarini bajarishga mas’uldir. Biroq oliy pedagogika 
o‘quv yurtlaridagi mashg‘ulotlar o‘qituvchining amalga oshiradigan 
ilmiy-pedagogik faoliyati bilan yetarli darajada bog‘lanmagan. Bu fikrni 
quyidagilar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, bo‘lajak o‘qituvchilarni ijodkorlik faoliyatiga tayyorlashni 
ko‘zda tutib, o‘quv rejasiga kiritilgan mashg‘ulotlar aksariyatining mazmuni 


152
aynan o‘qituvchi shaxsini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Ushbu vaziyat 
o‘qituvchining malakali mutaxassis sifatida shakllantirilishida ijobiy ta’sirga 
ega bo‘lsada, uning kasbiy-pedagogik faoliyatida bevosita qo‘llay oladigan 
ijodkorlik faoliyatiga tayyorlash metodlarini egallashiga xizmat qilmaydi;
Ikkinchidan, bo‘lajak o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatga tayyorlashda 
ijodkorlik tushunchasi ma’lum bir cheklangan ma’noda, odatda, texnik 
ijodkorlikni amalga oshirish va boshqarishga tayyorlash ma’nosida talqin 
qilinadi. Kadrlar tayyorlash milliy modelini ro‘yobga chiqarish jarayonida 
shakllantiriladigan shaxsda esa nafaqat texnik yoki badiiy ijodkorlik bilan 
bog‘liq, balki yanada chuqurroq bilimlarni talab qiluvchi tadqiqotchilik 
ijodkorligini shakllantirish lozim bo‘ladi. 

Download 0,86 Mb.
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   48




Download 0,86 Mb.
Pdf ko'rish

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi toshkent moliya instituti

Download 0,86 Mb.
Pdf ko'rish