120
O‘quv materialining sxemalar va shartli belgilardan iborat bo‘lgan
tayanch signallar konspektlaridan foydalanish asnosida turli va o‘ziga xos
usullar va metodik vositalar ham ishlatiladi.
«Vakolatli ta’lim» texnologiyasi. Ushbu texnologiya 1995-yilda
AQSHda “Ayollar yetakchiligi” deb nomlangan treninglardan boshlangan
bo‘lib, ta’limning xalqaro texnologiyasi sifatida 1997-yildan boshlab
Ukrainada shakllandi va keyinchalik Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston,
Qirg‘iziston, Litva, Moldova, Tojikiston hamda O‘zbekistonga tarqaldi.
2002-yilda Afg‘oniston, Birma va Indoneziyada
tegishli treninglar tashkil
etildi. Hozirgi paytda dunyoning turli mamlakatlarida bu texnologiyaning
shakllanish va joriy ettirilish jarayonlari davom etmoqda.
Ta’limning ushbu texnologiyasini
ayni kunlarda mutaxassislar
quyidagicha ta’riflaydilar: “Vakolatli ta’lim – genderlik adolati va
zo‘ravonliklarsiz munosabatlar asosida tashkil etiladigan o‘quv
jarayoni
bo‘lib, u bevosita tajriba orqali ta’lim olish yo‘li bilan guruhning o‘z-o‘zini
tashkil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyatlarini beradi”.
Vakolatlash pedagogikasi ta’lim dasturlarining boshqa turlari bilan
ta’limga nisbatan umumiy yondashuvlarga ega. O‘zaro
faoliyatda ular bir-
birini boyitadi va kuchaytiradi.
Vakolatlash ta’limini joriy etishning quyidagi tartibi eng maqbul
hisoblanadi:
– tasdiqlangan va rasmiylashtirilgan o‘quv reja (ayrim o‘quv fani,
integrativ kurslar yoki ularning tarkibiy mavzulari);
– rasmiylashtirilgan o‘quv reja (ta’lim muassasasi
tomonidan tashkil
etilgan va rasmiy reja bilan bog‘langan darsdan tashqari ishlar – ularning
sinfdan va maktabdan tashqari turlari farq qilinadi);
– norasmiy o‘quv reja (kutilmagan yoki favqulodda mashg‘ulotlar
tashkil qilish va ularni ta’lim amaliyotiga alohida reja yordamida joriy etish).
“Vakolatli ta’lim” texnologiyasiga muvofiq mashg‘ulotlar
alohida
tayyorgarlikdan o‘tgan o‘qituvchi-trenerlar tomonidan tashkil etiladigan va
o‘tkaziladigan treninglar tarzida amalga oshiriladi. Maxsus tayyorgarlikdan
o‘tgan va ma’lum yo‘nalishda ta’lim berish (rahbarlik qilish)
hamda
mashqlar bajarish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi mutasaddi shaxsni trener
deyiladi. (“Trening” haqida ilovaga qaralsin).