I daraja: tashqi ko‘rsatma ta’siridagi harakat. Bu faoliyat tanishuv
darajasi deb nomlangan. Tanishuv darajasida o‘quvchi- talabaning bilim
olish, eslash qobiliyati oldindan o‘zlashtirilgan materiallar matni bilan
qayta tanishish asosida amalga oshishini tavsiflaydi. Talabada o‘ziga
tanish materiallarni faqat ma’lum vaziyatlarda, ya’ni bu materiallar oldida
turgan taqdirda eslash imkoni bo‘ladi. O‘zlashtirishning birinchi darajasi
obyektlar, hodisalar, jarayonlar to‘g‘risida umumiy tasavvur hosil qilish
bilan chegaralanadi va ularni talabaning bilib olishi noma’lum obyektlar
qatorida kechadi.
II daraja: xotira asosidagi harakat. Bu faoliyatning algoritm darajasi
deb nomlanadi. Algoritm darajasida talabaning qobiliyati materiallarni yoki
uning alohida qismlarini tashqi ko‘rsatmasiz mustaqil ravishda qayta tiklay
olishi bilan tavsiflanadi. Bu talabalar o‘zlashtirish darajasining birmuncha
yuqori pog‘onasi bo‘lib, talabalar o‘z xotirasiga tayangan holda o‘qituvchi
(pedagog) o‘rgatgan yoki adabiyotlardagi mavjud materiallarni ma’lum
algoritm bo‘yicha tushuntirib bera oladi.
III daraja: nostandart vaziyatlardagi mahsuldor harakat. Bu
faoliyatning evristik darajasi deb nomlanadi. Evristik darajada talabaning
aniq masalalarni yechish qobiliyati o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha
materiallarni tanish va notanish vaziyatlarda mustaqil qayta tiklash evaziga
yangi axborotlarni qo‘lga kiritishi bilan xarakterlanadi. Bilimlarni ko‘chirish
ma’lum masalalar sinfi bilan chegaralangan va butun bir o‘quv predmeti
bo‘yicha tarqalmagan bo‘ladi.
IV daraja: faoliyatning yangi qirralarini tadqiq qiluvchi mahsuldor
harakat. Bu faoliyatning ijodiy darajasi deb nomlanadi. Ijodiy darajada
talabaning materiallarni mustaqil o‘rganish va qayta ishlash qobiliyati
mavjud axborotlarni yangi vaziyatlarda keng doiradagi masalalar yechimiga
ko‘chirish bilan tavsiflanadi. Faoliyatning bu darajasi izlanuvchanlik,
ijodkorlik xarakteriga ega bo‘lib, turli vaziyatlarda o‘zlashtirilgan keng
doiradagi bilimlarni qator obyektlarda qo‘llash bilan amalga oshiriladi.
129
Umuman olganda, bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish sifati bo‘yicha
ta’lim maqsadlarining tashxislanuvchanligi o‘zlashtirishning zaruriy
darajalarini aniqlashtirishni talab etar ekan. Demak, birinchi navbatda,
talabalarning bo‘lajak faoliyatiga va mutaxassislik mahoratiga qo‘yilgan
talablar e’tiborga olinadi.
O‘qitish jarayonida o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari
oldidagi davlat va ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshirish, ta’lim tizimini
isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari va tamoyillari, talablarini hisobga olgan
holda o‘qitish qonuniyatlari va prinsiplari aniqlandi. O‘qitish samaradorligini
oshirish maqsadida o‘quv-tarbiya ishlari jarayonida zamonaviy pedagogik
va ATdan samarali foydalanishning ilmiy-metodik asoslari ishlab chiqildi.
Talabalarni zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali,
raqobatbardosh kadrlar qilib tayyorlash maqsadida quyidagilarga e’tibor
qaratiladi:
1. O‘quv-tarbiya jarayoni va pedagogik munosabatlarni inson-
parvarlashtirish va demokratizatsiyalash, hamkorlik pedagogikasiga
asoslanish.
2. O‘quv-tarbiya jarayonida didaktik o‘yin, muammoli, modulli ta’lim,
loyihalash va hamkorlikda o‘qitish texnologiyalaridan foydalanish orqali
talabalarning yakka tartibda va kichik guruhlarda mustaqil va ijodiy ishlarini
tashkil etib, ularni o‘z o‘quv-bilish faoliyatining subyektga aylantirish.
3. Talabalarning mustaqil ishi va tahsilini rejali, bosqichma-bosqich,
evolyusion tarzda tashkil etish.
4. Talabalarning bo‘lajak mutaxassislik faoliyatiga ilmiy-metodik
jihatdan tayyorgarligini tahlil qilish, ularda ko‘nikmalar shakllanishini
hisobga olgan holda har bir talabaga o‘zini o‘zi rivojlantirishning individual
ish rejasini tavsiya etish.
5. Ta’lim jarayonini tashkil etish va boshqarish, talabalarda mustaqil
tahsil olish va mustaqil fikrlashni shakllantirishga imkon beradigan
zamonaviy pedagogik va ATni ongli tanlash va amaliyotda qo‘llash
ko‘nikmalarini egallashiga erishish.
6. Talabalarning bitiruv malakaviy ishlari mavzularini o‘quv-tarbiya
jarayonining dolzarb muammolariga bag‘ishlash orqali izchil va muntazam
ravishda o‘z saviyasini oshirish va faol ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishiga
zamin tayyorlash.
130
Talabalarning ilmiy-metodik tayyorgarligini takomillashtirishda
ularning ilmiy dunyoqarashi va ilmiy nazariy tayyorgarligiga asos
bo‘ladigan ijtimoiy-gumanitar va mutaxassislik fanlarini o‘qitishda kasbiy
yo‘naltirilganlik, umumkasbiy fanlarni o‘qitishda g‘oyaviy yo‘naltirilganlikni
amalga oshirish, kasbiy tayyorgarlikni shakllantiradigan pedagogika, ZPT,
psixologiya kabi o‘quv kurslari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash muhim
ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, ta’lim jarayoni ham maqsadga muvofiq ravishda
boshqariladigan tizim hisoblanadi. Har qanday tizimni maqsadga muvofiq
boshqarish esa, o‘z navbatida, faqat teskari aloqa vositasida amalga
oshiriladi. Ta’lim jarayonida teskari aloqa sifatida talabalarning bilim
darajalarini nazorat qilish va baholash qabul qilingan. Mazkur masala ta’lim
jarayonining ajralmas qismi sifatida o‘zining ko‘p asrlik tarixiga ega bo‘lib,
bu sohada yetarlicha ilmiy-uslubiy tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Ta’lim jarayonining yana bir muhim sohasi borki, bu soha ta’lim
jarayonini boshqarishni yanada takomillashtirish imkonini beradi. Bu
masala har bir yangi o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilimlarning undan
avval o‘zlashtirilgan bilimlar darajasiga bog‘liqligidir. Agar navbatdagi
o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilimlarni undan oldingi o‘zlashtirilgan
bilimlar asosida bashorat etish masalasi ilmiy-uslubiy jihatdan hal etilsa
va amaliyotda qo‘llansa, bu hol, birinchidan, o‘qituvchilar uchun har bir
talabaning navbatdagi bilish faoliyatini boshqarishda katta imkoniyatlar
yaratadi. Ikkinchidan, har bir talaba o‘zini o‘zi nazorat qilish imkoniga ega
bo‘lib, o‘z faolligini oshiradi.
Bugungi kunda mutaxassis tayyorlashda talabalarning turli fanlardan,
shu jumladan, pedagogik va kasbiy uslubiyotlar bo‘yicha bilim, iqtidor va
ko‘nikmalarini shakllantirish jarayonini nazorat qilish muhim o‘rin egallaydi.
To‘g‘ri tashkil etilgan nazorat talabalarning olinayotgan bilimlarini
yanada chuqurlashtirish va eng asosiysi, ularning shaxsiy xususiyatlarini
rivojlantirish uchun turli vositalarni tanlash imkonini beradi. Talabaning
o‘quv faoliyatiga ta’sir etishning ikki qirrasi bor. Birinchisi – pedagog
qo‘llayotgan usul va metodlar bo‘lsa, ikkinchisi pedagogning faqat shaxsiy
xislatlariga bog‘liq bo‘lgan ta’sir etish vositalaridan foydalanishdir.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oliy ta’limning uzluksiz
takomillashishida o‘quv-tarbiya jarayonlarining usul va metodlarini yanada
131
mukammallashtirish va talabalar o‘quv faoliyatini boshqarish masalalari
uzluksiz yechimli muammolar qatoriga kiradi.
Ta’lim jarayonida bilim, iqtidor va ko‘nikmalar shakllanganligini
nazorat qilish muhim o‘rin egallaydi. O‘tkazilgan tajribalarga va o‘quv
adabiyotlarida izohlangan ilg‘or uslublarga asoslanib nazoratning mezoni
va bajaradigan funksiyalarini quyidagicha belgilash mumkin:
1. Nazoratning diagnostik funksiyasi. Nazorat natijasida bilim, iqtidor
va ko‘nikmalarning shakllanganlik darajasi aniqlanadi.
2. Nazoratning talabalarda bilim olishga ishtiyoqini o‘stirish funksiyasi.
Nazorat natijasida talabalarda o‘z bilim, iqtidor va ko‘nikmalarini yanada
takomillashtirish ehtiyoji uyg‘onadi.
3. Nazorat jarayonida talabalarning shaxsiy xususiyatlari shakllantiriladi
va, eng muhimi, rivojlantiriladi. Rivojlanish – aqliy va jismoniy faoliyatning
birligida ko‘proq namoyon bo‘ladi.
4. Nazorat jarayonida talabalar o‘z bilimlarini mustahkamlaydi.
O‘quv materiali yanada chuqur o‘zlashtiriladi, hodisalar o‘rtasida yangi
bog‘lanishlar o‘rnatiladi, shu bilan aqliy faoliyat yanada takomillashadi.
5. Nazoratning tarbiyaviy funksiyasi. Nazorat jarayonida talabalarning
psixologik ijobiy xislatlari shakllanib borishi lozim.
6. Nazoratni baholash funksiyasi. Nazorat natijasida sifat
o‘zgarishlarining me’yori aniqlanadi.
7. Nazorat – ko‘p qirrali murakkab jarayon. Nazorat talabalarda doimo
jonli qiziqish, kuyunish, ayanch, xursandchilik hislarini uyg‘otib, aqliy
faoliyatni faollashtiradi. Yuqorida ko‘rsatilgan funksiyalar bir-biriga uzviy
bog‘langan holda yuz beradi.
To‘g‘ri tashkil qilingan o‘z-o‘zini nazorat esa o‘quv materialini
o‘zlashtirishga ijodiy va tanqidiy yondashish imkonini beradi. Bu, ayniqsa,
yangi predmet o‘rganilayotganida bundan oldingi o‘quv predmetlarida
o‘zlashtirilgan bilimlarning zarurligida ko‘rinadi. Talabalar mustaqil ishlab
o‘zlashtira olmaydigan bilimlarini to‘ldirib borsa yaxshi natijaga erishadi.
Ammo o‘qishga isgtiyoqi yo‘q talabalarning yangi mavzuni o‘zlashtirishi
ancha murakkab kechadi. Shuning uchun ham oliy o‘quv yurtlarida
ishlaydigan pedagoglar yangi predmet va yangi mavzuni boshlashdan oldin
talabalarning yangi dasturni o‘zlashtirishga qanchalik tayyorligini aniqlash
maqsadida dastlabki nazoratni amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.
132
Nazoratning joriy, oraliq, yakuniy kabi 3 ta turi va yozma, og‘zaki va
test sinovlari hamda turli amaliy shakllari mavjud.
Nazoratning turli testlar orqali amalga oshiriladigan shakli ko‘pgina
ustunliklarga ega. Pedagog olimlar I.Y.Tursunov va U.N.Nishonaliyevlarning
ma’lumotlariga qaraganda. testlar orqali quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
- talabalar nazariy va amaliy bilimlarining darajasini obyektiv sharoitda
aniqlash imkonini beradi;
- bir vaqtning o‘zida bir guruh yoki ko‘p sonli talabalar bilimini nazorat
qilish mumkin;
- barcha talabalarga bir xil murakkablikdagi savollar berilib, hammasiga
bir xil sharoit yaratiladi;
- test natijalarini o‘qituvchi tezlikda tekshirishi mumkin;
- turli guruh talabalari bilimini solishtirib qo‘llanayotgan metodning
samaradorligini aniqlash mumkin;
- ta’lim jarayonining kamchiliklarini aniqlash mumkin.
Ko‘pgina oliy o‘quv yurtlarining talabalari fanlarni mustaqil
o‘zlashtirishni kompyuterlar yordamida tashkil qiladi. Kompyuterlar
yordamida tashkil qilishning asosiy manbalaridan biri zamonaviy talablarga
javob beradigan o‘quv-nazorat dasturlari ta’minotini yaratishdan iborat.
Kompyuter zamonaviy texnika vositasi sifatida ular yordamida talabalarning
nazariy bilim asoslari bilan qurollanishiga yordam beradi, o‘quv materialini
faol o‘zlashtirishga, egallangan nazariy bilimlarni amalda tatbiq qila olishga
o‘rgatadi hamda talabalarning o‘zlashtirish darajasini tez va haqqoniy
aniqlashda qulay vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Keyingi yillarda ta’lim-tarbiya jarayonining ko‘pgina elementlarini
kompyuterlashtirish bo‘yicha, ya’ni o‘quv materialini bayon qiluvchi o‘qitish
dasturlari, tasavvur qilish qiyin bo‘lgan jarayonlarni namoyish qiluvchi
dasturlar, talabalar o‘zlashtirish darajalarini har xil usullarda nazorat qiluvchi
dasturlarni amaliyotga tatbiq qilish kabi bir qator ishlar amalga oshirildi.
Ammo ta’lim-tarbiya jaaryonida foydalanish uchun mo‘ljallangan dasturlar
yaratishga va ulardan keng foydalanishga yetarlicha e’tibor berilmayapti.
Ushbu masalalarni hal qilish maqsadida talabalarning mustaqil ravishda bilim
olishi va o‘zlashtirish darajalarini aniqlash kompyuter dasturi yaratilgan
133
bo‘lib, undan foydalanish natijasida talabalar fanlarni mustaqil tarzda
o‘zlashtirishlari bilan birga, o‘z bilim darajasini aniqlashga ham erishishadi.
Dasturdan foydalanish sodda bo‘lib, unda xuddi Windows operatsion
tizimida ishlagandek ishlash imkoniyati mavjud. Dastur ishga tushirilgach,
u bilan ishlash bo‘yicha ko‘rsatma oynasi hosil bo‘ladi. Ko‘rsatma bilan
tanishib bo‘lgach, talabalar tanlagan ko‘rsatmalari bo‘yicha bir necha
oynalar birin-ketin hosil bo‘ladi. Dastur oynalaridan eng asosiylaridan biri
«O‘quv dasturi» bo‘limi bo‘lib, buni tanlash orqali «Mavzuni tanlash»
oynasi hosil qilinadi. Talaba bu oynadan ketma-ket fakultet, kafedra, fan
va mavzu nomlarini tanlashi, so‘ng oynadagi «Mavzuni o‘qish» bo‘limi
ustida «sichqoncha» tugmasini bosishi zarur. Natijada talabadan ismi, sharifi
va guruh raqamini kiritish so‘raladi. Bu ma’lumotlar kiritilgandan so‘ng
«Davom etamiz» ko‘rsatmasi tanlanadi hamda talabadan «Kerakli mavzuni
tanlash» va «Mavzu bo‘yicha test sinovi» bo‘limlaridan birini tanlashni talab
qiluvchi navbatdagi oyna hosil bo‘ladi. Talabalar xohishiga ko‘ra ushbu
bo‘limlardan birini tanlashi mumkin.
Dasturda talabaning mavzuni o‘zlashtirish darajasini hisobga
olishda reyting tizimi e’tiborga olingan bo‘lib, agar talaba 55% dan ortiq
o‘zlashtirishga erishsa, boshqa fanni (yoki mavzuni) tanlashi va o‘z
bilim darjasini aniqlashi yoki mavzuni qayta o‘rganishga va o‘z bilim
darajasini aniqlashga erishishi mumkin. Talabalarning mavzuni mustaqil
o‘zlashtirganlik darajasini tahlil qilish uchun «Mavzuni tanlash» oynasidagi
«Ma’lumotlar ombori» bo‘limi tanlanadi. Natijada «Tekshiruv oynasi» hosil
bo‘ladi va kerakli parolni kiritish so‘raladi. Kerakli parol kiritilgandan so‘ng,
«Tekshiruv» oynasidagi «Yangi parol kiritish», «Parolni tasdiqlash», «Bazani
tozalash», «Omborga kirish», «Hisobotlar» va «Chiqish» kabi bo‘limlar
ishchi holatda bo‘ladi. Oynaning «Hisobotlar» bo‘limi orqali dasturdan
mustaqil shug‘ullangan talabalar haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin.
Bu dasturning qulaylik tomoni shundaki, fan bo‘yicha tayyorlanadigan
didaktik materiallar (nazariy ma’lumotlar va test savollari) Word dasturida
tayyorlangan bo‘lsa, uni o‘qish imkoniyatiga ega. Ushbu dasturdan
ixtiyoriy fanlarni mustaqil ravishda o‘zlashtirishda foydalanish mumkin.
Buning uchun fanlar bo‘yicha tayyorlangan didaktik materiallar ushbu
dastur bazasiga kiritilsa va dasturga bog‘lansa, mashg‘ulot sifati yanada
134
yaxshilanadi, talabalar kompyuter orqali mustaqil tarzda bilim olishga
erishadi.
Xorijda olib borilayotgan tadqiqotlarda talabalar faoliyatini
shakllantiradigan reproduktiv – esda qolganlarni tiklashga oid
o‘zlashtirishdan tashqariga olib chiqishga harakat bo‘lyapti. Amerikalik
ruhshunoslar – R.Gane va L.Briggslar (1979) aniq o‘quv maqsadlariga
erishishga yo‘naltirilgan va, shu bilan birga, mahsuldor tafakkur darajalariga
erishishga rag‘batlantiruvchi unsurlarni o‘z ichiga olgan quyidagi dars
qurilmasini tuzishni taklif qilishgan, dars o‘tishning bu usuli xususiy o‘quv
maqsadlariga erishishga hamda fikrlash (tafakkur)ning mahsuldor darajasini
rag‘batlantirishga qaratilgan:
- talabalar diqqat-e’tiborini bir joyga jamlash;
- talabalarni dars maqsadlaridan xabardor qilish;
- zaruriy bilim va mahoratlarini yodda saqlab qolish ko‘nikmalarini
egallash zarurligini uqtirish;
- ma’lum aks-sado qabilida, ya’ni qiziqish uyg‘otadigan va ularni
harakat qilishga undaydigan o‘quv materialini taqdim qilish;
- talabalarning o‘quv materialidan ta’sirlanib qiladigan aks-sado
qabilidagi javoblarini yuzaga keltirish;
- fikrlash faoliyatiga ta’sir qilish, olingan bilimlar va mahoratning
mustahkam bo‘lishiga erishish;
- talabalar faoliyatini rag‘batlantirish.
Ingliz olimi A.Romishevskiy PT metodining quyidagi variantini tavsiya
etadi:
1. Talabalarni zarur bilimlardan xabardor qilish.
2. Esda qolganlarni tiklashga doir mahoratni shakllantirish.
3. Talaba bajaradigan ish-harakatni yaxlit holda va qismlari bo‘yicha
namoyish etish.
4. Malaka hosil qilishni soddalashtirish (berilgan vazifani bo‘laklarga
bo‘lib bajartirish).
5. Talaba berilgan vazifani mustaqil bajarayotganidan xabardor bo‘lib,
uni rag‘batlantirib borish.
6. Mahsuldor, izlanuvchan davrga o‘tish.
7. Turli xil muammoli vaziyatlarni tashkil etish va yangi hamda o‘ziga
xos masalalarni yechish.
135
8. Talabalar o‘z faoliyatini tahlil qilishlari, o‘qituvchi (pedagog) ham,
o‘z navbatida, ularning vazifani qanday bajarganliklarini guruhda muhokama
qilishi lozim.
Amerikalik ruhshunos olim F.S.Keller oliy o‘quv yurtlari uchun PTning
individuallashtirilgan o‘qitish tizimini taklif qildi.
F.S.Keller rejasining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
- o‘quv materialining mazmunini to‘liq o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan,
avvalgi bo‘limga qo‘yilgan talablarni o‘zlashtirishni o‘z ichiga oluvchi
usulni keyingi bo‘limga o‘tishning bevosita sharti deb qaralishi:
- talabalar har qaysisining o‘z o‘zlashtirish sur’atiga mos ravishda
alohida-alohida ishlashlari;
- va’z-ma’ruzalardan faqat motiv hosil qilish va talabalarni umumiy
yo‘naltirish maqsadlaridagina foydalanish;
- chop etilgan o‘quv axborotlarini bayon qilish uchun nashr etilgan
o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanish;
- o‘quv materialining qanday o‘zlashtirilganligini aniqlashda
yordamchi-assistent (aspirant, a’lochi talaba)lar kuchidan foydalanish.
Har bir o‘qitilayotgan fan (har qaysi o‘rgatilayotgan bo‘lim yoki bob
yuzasi)dan talaba ma’lum yo‘l-yo‘riq oladi. Bunda bo‘lim yoki bobning
maqsadlari ko‘rsatilishi, o‘quv ishlarining ma’lum turlari tavsiya qilinishi,
talaba o‘zini-o‘zi tekshirishi va nazorat savollarining ro‘yxati keltirilishi
kerak. Talabalarga o‘quv faoliyatining turlari va ishlash tartibini erkin tanlash
imkoni beriladi. O‘zlashtirilgan bob, bo‘lim bo‘yicha imtihondan avval har
bir talabani yordamchi assistent o‘qituvchi ishlab chiqqan aniq talab va
mezonlarga mos holda (materialning to‘liq yoki noto‘liq o‘zlashtirilganligiga
qarab «o‘tdi», «o‘tmadi» shaklida sinovdan o‘tkaziladi) baholanadi.
Qoniqarsiz baho olishganida yordamchi tavsiyasiga ko‘ra talabalarga
qo‘shimcha materialni o‘zlashtirilishi yuzasidan tavsiyalar beriladi. Sinovdan
o‘tish keyingi bo‘limni o‘rganish uchun o‘ziga xos ruxsatnoma bo‘lib xizmat
qiladi. Ma’ruzalar soni ko‘p bo‘lmaydi (bir semestrda 6 tagacha), ularga
qatnashish majburiy emas.
F.S.Kellerning rejasi AQSH oliy o‘quv yurtlarida keng tarqalgan
bo‘lib, u yerda ham tabiiy-ilmiy hamda gumanitar-ijtimoiy fanlar o‘qitishda
qo‘llaniladi. 70-80-yillarning o‘rtalarida o‘tkazilgan pedagogik tajribalar
136
F.S.Keller rejasini o‘qitishning an’anaviy turlariga qiyoslaganda o‘qituvchi
(pedagog) tomonidan o‘quv yurtlariga qo‘yilgan o‘quv vazifalarini amalga
oshirishda yuqori samarador ekanligini tasdiqladi.
V.Guzeyev Rossiya Federatsiyasida asosiy tarkibiy qismlari umuman
olganda quyidagilar hisoblanuvchi integral PTni ishlab chiqdi va uning
asosiy qismlari, umumlashgan holda quyidagilardan iborat:
1. O‘qitishning har bir ixtisos-mutaxassisligi uchun tashxisli va
o‘ylanganlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan maqsadlarning ko‘p darajali
tizimlari rejalashtirilgan o‘qitishning natijalari ko‘rinishida taqdim etiladi.
2. Ta’lim jarayonining yirik tuzilmasi darslar bloki bilan eng kichik
birliklar sifatida birlashtirilib, ta’lim mazmunining katta birligini tashkil
etadi.
3. Guruhlar tarkibi va faoliyatida aniq qurilgan dinamika –rivojlanish
sur’ati bilan guruhli o‘rgatish jarayonining muvaffaqiyatli monitoringi
asosida har bir qadami avvalgilarning natijasiga bog‘liq ravishda
loyihalashtiriladi.
4. Ta’lim jarayonini boshqarish va o‘qitish jarayoni kompyuterlar
yordamida amalga oshiriladi.
Yuqorida keltirilganlar ta’limga texnologik yondashuvning shakl va
variantlari xilma-xilligidan dalolat beradi. Rossiya Federatsiyasida shu
masalaga aloqador bir qator ilmiy-metodik va davriy nashrlar, jumladan,
«Школьные технологии» nomli yangi pedagogik jurnal ham chiqarilmoqda.
Bularning barchasi zamonaviy PTning imkoniyatlari, qudrati qanchalar
ahamiyatli ekanligidan dalolat beradi. Bu sohadagi xorijiy tajriba bilan
tanishuv O‘zbekiston pedagoglari uchun o‘qitishga yangicha yondashish,
PT sohasidagi chet el tajribalarini o‘rganish, milliy-madaniy an’analarimiz
va ta’lim-tarbiya sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni teran anglash hamda
ularni o‘zlashtirish va keyinchalik ulardan amaliyot yoki ishlab chiqarishda
foydalanish uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi.
O‘quv-tarbiya jarayonida ZPTdan o‘z o‘rnida foydalanish talabalarning
bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini orttiradi, bilish faoliyatini faollashtiradi,
o‘quv-tarbiya jarayonining samaradorligi yuqori darajada bo‘lishiga imkon
yaratadi.
|