“Xormisan, yo gulmisan,
Tojdormisan, yo qulmisan,
Cho‘g‘zmisan, yo bulbulmisan,
Nolon o‘zing, xushxon o‘zing”.
Erkin Vohidov – O‘zbekiston xalq shoiri,
O‘zbekiston Qahramoni
O‘QITUVChINING NUTQ MADANIYATI
O‘qituvchining nutq madaniyati, notiqlik san’ati va o‘z fikrini og‘zaki
va yozma tarzda ifodalay olishi haqida mulohaza yuritishdan oldin til va
nutq xususida ayrim ma’lumotlarni eslatish lozim.
Nutq madaniyati jamiyat hayoti va madaniyatining o‘ta muhim ajralmas
tarkibiy qismi, muayyan voqeligi, ko‘rinishi sifatida alohida ahamiyatga ega. U
fikr almashish, muomala, so‘zlash kabi kundalik, doimiy, zaruriy jarayonlarni
o‘z ichiga oladi, ularni «boshqaradi», ular orqali voqelikka aylanadi, ta’sir qilish
quvvatiga ega bo‘ladi.
Til va nutq o‘zaro dialektik bog‘liq ijtimoiy-tarixiy, ijtimoiy-psixik hodisalar
bo‘lib, til aloqa quroli sifatida, nutq esa aloqa usuli sifatida mavjuddir.
Nutq - bu til deb ataluvchi, ijtimoiy-individual noyob quroldan
foydalanish jarayoni, til birliklari, imkoniyatlarining obyektiv borliq,
153
tafakkur hamda vaziyat bilan o‘zaro zaruriy, doimiy munosabatda
namoyon bo‘lishi. Nutq – bu rasmiy tildir. U keng ma’noda so‘zlardan,
so‘z birikmalari va gaplardan tashkil topadi.
Madaniy gapirishga intilish tushunchasi barcha xalqlarda
qadimdan mavjud. Bu tushuncha muayyan lingvistik me’yorlar, etik
va estetik talablar bilan aloqador bo‘lgan tushuncha. Demak, nutq
madaniyati tushunchasi har bir xalq tili va millat ma’naviyatini belgilovchi
(ko‘rsatuvchi) etik va estetik kategoriya, hodisa.
Nutq madaniyati faqatgina adabiy tilni ongli va maqsadga muvofiq
me’yorlashga (uni qayta ishlash va boyitishga) qaratilgan harakatlargina
emas, balki millatning umumiy madaniyatini ko‘tarish, odamlarda
ma’lum «til didi»ni tarbiyalashga xizmat qiluvchi faoliyat hamdir.
Nutq madaniyati termini tilshunoslikda uch xil hodisani ifoda etadi:
1) madaniy nutqning, ya’ni nutqiy hodisaning nomi;
2) madaniy nutq tushunchasi bilan bog‘liq va nutq madaniyati deb
yuritiluvchi ilmiy muammoning nomi;
3) nutq madaniyati muammolarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi
sohaning, tilshunoslik fani bo‘limining nomi.
Keltirilgan uchta hodisaning har biri o‘zining murakkab ko‘rinishlariga
va qirralariga ega, ularni bir-biri bilan qorishtirmaslik lozim.
Shunday qilib, nutq madaniyatiga berilgan eng muhim ta’riflar
quyidagilardir:
1. Nutq madaniyati – adabiy til rivojining o‘ziga xos
xususiyatlaridan biridir (Praga lingvistik maktabi).
2. Nutq madaniyati (til madaniyati) – bu adabiy til me’yorlarining
shakllanishi va silliqlanishiga yordamlashishdan iborat bo‘lgan faoliyat,
ya’ni til rivojiga ongli aralashuv (Praga lingvistik maktabi).
3. Nutq madaniyati – tilni, uning qonun-qoidalarini ongli idrok qilish,
aniq, ravshan, ifodali nutq tuza olish mahorati (A.Gurevich va b.).
4. Nutq madaniyati – kishilarning o‘zaro to‘liq va teran fikrlashishi,
tilning barcha imkoniyat va vositalarini puxta egallashidan iboratdir
(B.N.Golovin va b.).
5. Nutq madaniyati – faqat to‘g‘ri nutqgina emas, balki uquvlilik hamda
nutqiy chechanlik hamdir (G.O.Vinokur va b.).
154
6. Nutq madaniyati – til vositalaridan o‘rinli foydalangan holda
maqsadga muvofiq so‘zlash va yoza olish san’ati (A.I.Yefimov).
7. Nutq madaniyati – bu, avvalo, fikrlash madaniyatidir. (D.E.Rozental
va b.).
8. Milliy o‘ziga xosligi bilan ham ajralib turuvchi nutq – madaniy
nutqdir (M.Agafonova).
Xulosa shuki, nutq madaniyati – tilni, aloqa va aralashuv qurolini
ishlatishga bo‘lgan munosabatdir. Til vakillarida bu noyob qurolning
imkoniyatlariga munosabat, uni ishlatishdagi boshqa omillar: tafakkur, ong,
borliq, turli vaziyat va holatlar, maqsadga bo‘lgan munosabat qanchalik
yuqori saviyada bo‘lsa, nutq madaniyati ham shunchalik yuqori saviyada
bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, unda nutq madaniyati ham past saviyada bo‘lishi
muqarrar.
Nutq madaniyati to‘g‘risida gap borar ekan, tabiiyki, nutqda
so‘zlarning o‘rinli va o‘rinsiz ishlatilishi to‘g‘risida ham bahs boradi.
Qo‘llangan til birligini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deyilganda, albatta,
ma’lum bir o‘lchov (mezon)ga asoslanish kerak bo‘ladi. Mana shu
o‘lchov(mezon) tilshunoslikda adabiy til me’yori deb yuritiladi.
Har bir lahjaning, so‘zlashuv tilining, adabiy tilning o‘z me’yorlari
bo‘lganidek, nutqning alohida ko‘rinishlari bo‘lgan argolar, jargonlar
ham o‘z me’yoriga ega. Xususiy me’yorlar quyidagicha ko‘rsatiladi:
1. Dialektal me’yor. 2. So‘zlashuv nutqi me’yori. 3. Argolar, jargonlar
me’yori. 4. Adabiy til me’yori (adabiy me’yor).
O‘zbek adabiy tili me’yorlari ilmiy asarlarda quyidagicha tasnif
qilinadi:
1. Leksik - semantik me’yor.
2. Talaffuz - (orfoepik) me’yor.
3. Yzuv (grafika) me’yori.
4. Fonetik me’yor.
5. Aksentologik (urg‘uni to‘g‘ri qo‘llash) me’yor.
6. Grammatik (morfologik va sintaktik) me’yor.
7. So‘z yasalish me’yorlari.
8. Imloviy me’yor.
9. Uslubiy me’yor.
10. Punktuatsion me’yor.
155
Adabiy me’yorning og‘zaki va yozma ko‘rinishlari mavjud
bo‘lib, og‘zaki adabiy me’yorning rivojlanishiga xalq qiziqchilari,
askiyachilari, latifago‘y xalq shoir-baxshilari katta hissa qo‘shsalar,
yozma adabiy me’yorning shakllanishida belgilangan yozuv shakli
asosida yozib qoldiriladigan yozma adabiyotning xizmati cheksizdir.
Umuman olganda, adabiy til me’yorini o‘rganish yangi hodisa emas.
Til me’yori va adabiy me’yor muammo sifatida nutq madaniyati
ilmiy soha deb tan olingunga qadar ham o‘rganib kelingan. Adabiy til
me’yori, uning shakllanish, rivojlanish, stabillashuv qonuniyatlari – nutq
madaniyati sohasining tekshirish obyekti hisoblanadi.
Nutq madaniyati sohasining adabiy til me’yoriga yondashuvi
quyidagi xususiyatlari bilan grammatik munosabatdan farq qiladi:
a) nutq madaniyati adabiy til me’yoridagi o‘zgarib, buzilib turuvchi
nutqiy nuqsonlarni yuzaga keltiruvchi xususiyatlarni topishi va ularni
tuzatishga intilishi lozim;
b) nutq madaniyati adabiy til me’yorini doimiy rivojlanib, o‘zgarib
turuvchi hodisa sifatida tekshirishi va adabiy til me’yori sistemasidagi
yangi holatlarni, o‘zgarayotgan, o‘zgargan holatlarni, shuningdek, «o‘lgan»,
iste’moldan chiqqan holatlarni hisobga olishi kerak.
v) nutq madaniyati adabiy til me’yori sistemasidagi qarama-qarshi
holatlarni belgilashi hamda tilning barcha yaruslari bo‘yicha tekshirishi
lozim.
Ma’lumki, tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi jamiyat taraqqiyoti
bilan uzviy bog‘liqdir. U jamiyat taraqqiyoti, mehnat faoliyati jarayonida
yuzaga keladigan, faqat jamiyatda, odamlar orasida mavjud bo‘ladigan
ijtimoiy hodisadir. Jamiyat rivojlangan sari til ham shakllanib boradi.
Demak, shu tilda so‘zlashuvchi millatning ma’naviyati yuksalib, nutqiy
malakasi ortib boradi. Aks holda, til tanazzulga yuz tutadi. Bu esa nutqiy
malakaning so‘nishiga, ma’naviyatning qashshoqlanishiga olib keladi.
Jamiyatda yashayotgan har bir shaxs alohida nutq egasi sanaladi.
O‘qituvchi ham bundan mustasno emas. Lekin ularning hammasi uchun
umumiy bo‘lgan nutqiy qurol shu jamiyatning yagona tili hisoblanadi.
Inson nutq faoliyatida adabiy til madaniyati qoidalarini mukammal
bilgani holda, ayniqsa, badiiy adabiyotlarni, gazeta va jurnallarni o‘qishi,
radio va televideniyeni kuzatib borishi, umuman, ommaviy axborot
156
vositalarining ma’lumotlari orqali hamda tinimsiz mustaqil shug‘ullanishi
natijasida nutqiy malakaga ega bo‘ladi.
Adabiy til madaniyatini chuqur egallagan insongina kasbiy nutq
madaniyatiga ega bo‘ladi. Adabiy til madaniyatini egallashda tilga bo‘lgan
e’tibor, unga chinakam muhabbat va hurmat muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘qituvchi adabiy tilda gapirishi lozim. Adabiy til va uning me’yorlarini
shunchaki qiziqish yoki u bilan nomigagina shug‘ullanish orqali egallab
bo‘lmaydi.
Insonning nutq faoliyati uch ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: so‘zlash,
mutolaa qilish va eshitish. So‘zlash deyilganda, so‘zlovchining ma’lumot,
maslahat berishi, buyurishi, o‘ziga noma’lum bo‘lgan narsalar haqida
so‘rashi tushuniladi. So‘zlaganda so‘zlovchining bilimi, madaniyati, axloqi,
odobi yuzaga chiqadi. So‘zlashning monologik va dialogik ko‘rinishlari
mavjud.
Mutolaa qilish – o‘quvchining yozma nutq orqali asar muallifi,
obrazlari bilan muloqotidir. Mutolaa tufayli yozma nutqda aks etgan
voqea – hodisadan xabardor bo‘ladi.
Nutq – so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan shakllantirilgan
matnning muayyan ko‘rinishi ifodasi bo‘lib, u faqatgina lisoniy hodisa
sanalmasdan, balki ham ruhiyat, ham nafosat hodisasi hisoblanadi.
Shuning uchun ham yaxshi nutq deyilganda, aytilmoqchi bo‘lgan
maqsadning tinglovchi yoki kitobxonga to‘liq va aniq yetib borishi,
ularga ma’lum ta’sir o‘tkazishi nazarda tutiladi. Shunga ko‘ra, nutq oldiga
muayyan talablar qo‘yiladi. Bu talablar nutqning kommunikativ sifatlari
bo‘lib, unda nutqning mantiqan to‘g‘ri, fikran aniq, tuzilishiga ko‘ra
chiroyli va yo‘nalishiga ko‘ra maqsadga muvofiq bo‘lishi nazarda tutiladi.
Nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, tozaligi, mantiqiyligi, ta’sirchanligi va
maqsadga muvofiqligi unga qo‘yiladigan eng muhim talablardir.
Nutqning to‘g‘riligi uning eng muhim aloqaviy fazilati. Chunki nutq
to‘g‘ri bo‘lmasa, uning boshqa kommunikativ sifatlari, ya’ni mantiqiyligi,
aniqligi, maqsadga muvofiqligiga ham putur yetadi.
Nutq to‘g‘ri bo‘lishi uchun, asosan, ikki me’yorga - urg‘u va
grammatik me’yorga qat’iy amal qilish talab etiladi. O‘qituvchi og‘zaki
nutqining bu ikki muhim komponenti uning notiqlik mahoratini belgilovchi
bosh mezonlar darajasiga ko‘tarilishi tabiiydir. Atamalar va terminlar,
157
tushuncha va iboralar ifodasida urg‘uni to‘g‘ri qo‘llamaslik o‘qituvchi
nutqidagi eng katta kamchilik sanaladi.
Grammatik me’yorga rioya qilish deganda, gap tuzish qoidalaridan
to‘g‘ri foydalanish, o‘zak va qo‘shimchalarni qo‘shishda xatoga yo‘l
qo‘ymaslik, kelishik qo‘shimchalarini o‘z o‘rnida qo‘llash, ega va
kesimning mosligi, ikkinchi darajali bo‘laklarning ularga bog‘lanish
qonuniyatlari tushuniladi.
Aniqlik nutqning aloqaviy sifatlaridan biri bo‘lib, u obyektiv borliq
bilan nutq mazmunining mosligi sifatida yuzaga chiqadi.
Aniq nutq yaratish so‘zlovchidan quyidagilarni talab etadi:
a) tilning sinonimik imkoniyatlarini bilish va sinonimik qatorlardan
kerakligini ajratib, nutqda qo‘llash;
b) nutqda ishlatiladigan so‘zning anglatgan ma’nolarini har tomonlama
bilish;
d) so‘zning ko‘p ma’noligiga jiddiy e’tibor berish, ko‘p ma’noli
so‘z nutqda qo‘llanganda, uning qaysi ma’no qirrasi ko‘zda tutilayotganini
aniq tasavvur qilish, fikrning yuzaga chiqishida bu so‘zning boshqa ma’no
qirralari monelik qilish-qilmasligini ko‘z oldiga keltirish;
e) omonimlarning xususiyatlarini bilish, chunki ularni bilmaslik
aniqlikning buzilishiga olib keladi;
f) paronimlarni bilish, ulardagi tovush yaqinliklariga e’tibor berish;
g) tor muhitda ishlatiladigan, chetdan kirgan, kasb-hunarga oid,
arxaik, eskirgan, shevaga oid so‘zlarning ma’nolarini yaxshi anglagan
holda nutqqa kiritish.
Nutqning tozaligi deganda, eng avvalo, uning adabiy til me’yoriga
muvofiq kelish-kelmasligi tushuniladi.
Nutqimizning sofligiga, asosan, quyidagilar ta’sir qiladi:
1. Mahalliy dialekt va shevalarga xos so‘z, ibora, shuningdek,
grammatik shakllar, so‘z va so‘z birikmalarining talaffuzi, urg‘usi.
2. O‘rinsiz qo‘llangan chet so‘z va so‘z birikmalari.
3. Jargonlar.
4. Vulgarizmlar.
5. Nutqda ortiqcha takrorlanadigan «parazit» so‘zlar.
6. Kanselyarizmlar.
7. Varvarizmlar.
158
Sanab o‘tilganlardan o‘rinsiz foydalanish kundalik nutqni ham, badiiy
nutqni ham xiralashtiradi. Har bir o‘qituvchi o‘z nutqining adabiy
me’yorlar darajasida bo‘lishi uchun harakat qilishi lozim. O‘z shevasiga
xos bo‘lgan til vositalarini nutqqa o‘rinsiz olib kirish ham nutqni buzadi.
Ammo dialektizm va varvarizmlar badiiy asar tilida ma’lum badiiy –
estetik vazifani bajarishi, muallifning ma’lum g‘oyasini, niyatini amalga
oshirishga xizmat qilishi ham mumkin.
Nutqda o‘rinsiz ishlatilgan boshqa tillarga oid so‘zlar varvarizmlar
deb ataladi. Jargon – biror guruh vakillarining, o‘z nutqi bilan ko‘pchilikdan
ajralib turish maqsadida, o‘zicha mazmun berib, ishlatadigan so‘z va
iboralaridir.
Vulgarizmlar – dag‘al so‘z yoki iboralardir (so‘kish, haqorat-
lash, qo‘pollik, johillik kabilar).
Parazit so‘zlar deb ataluvchi lug‘aviy birliklar ham til madaniyati
uchun yotdir. Ular, asosan, so‘zlashuv nutqida ko‘p ishlatilib, notiqning
o‘z nutqini kuzatib bormasligi, e’tiborsizligi natijasida paydo bo‘ladi
va bora-bora odatga aylanib qoladi.
Nutqning mantiqiyligi uning asosiy sifatlari bo‘lgan to‘g‘rilik va
aniqlik bilan chambarchas bog‘langandir. Chunki grammatik jihatdan
to‘g‘ri tuzilmagan nutq ham, fikrni ifodalash uchun muvaffaqiyatsiz
tanlangan lug‘aviy birlik ham mantiqning buzilishiga olib kelishi tabiiydir.
Nutqning ta’sirchanligi deganda, asosan, og‘zaki nutq jarayoni
nazarda tutiladi. Shunga ko‘ra nutqning tinglovchi tomonidan qabul
qilinishidagi ruhiy vaziyat ham e’tiborga olinadi. Ya’ni, bunda notiq
tinglovchilarni ularning bilim darajasidan tortib, hatto yoshigacha,
nutqining qanday qabul qilinayotganigacha nazorat qilishi zarurdir.
Professional bilimga ega bo‘lgan kishilar oldida jo‘n, sodda tilda
gapirish maqsadga muvofiq bo‘lmagani kabi, oddiy, yetarli darajada
ma’lumotga ega bo‘lmagan tinglovchilar oldida ham ilmiy va rasmiy tilda
gapirishga harakat qilish maqsadga muvofiq emas. O‘qituvchi nutqining
auditoriyaga mosligi uning eng asosiy sifat ko‘rsatkichi ekanligini doimo
nazarda tutib so‘zlashi lozim.
Tinglovchilar tushuna oladigan tilda gapirish, ularni ifodalanayotgan
fikrga ishontira olish o‘qituvchilar oldiga qo‘yiladigan asosiy shartlardan
159
hisoblanadi. Buning uchun esa yuqorida aytilganidek,o‘quv materialini
va uning mazmun hamda mohiyatini yaxshi bilishdan tashqari, uni
bayon etishning aniq, belgilangan rejasi ham bo‘lishi kerak.
O‘qituvchining o‘z nutqiga munosabati ham muhim kasbiy fazilat
hisoblanadi. Bunday holat o‘qituvchi va tinglovchi o‘rtasidagi aloqaning
mustahkamlanishiga samarali xizmat qiladi. Notiq fikrlarini o‘zi
yoki tinglovchilar hayotidan olingan misollar asosida isbotlashga
harakat qilsa, mavzuga doir subyektv fikr-mulohazalarini bildirsa, nutq
yana ham ishonarli va ta’sirli bo‘ladi.
Nutqning ta’sirchanligiga erishishda tilning tasviriy vositalari
hisoblangan metafora, metonimiya, sinekdoxa, o‘xshatish, epitet, takror
va adabiy ko‘chimlarning ham o‘rni katta. Bulardan tashqari nutqda
ta’sirchanlikni ta’minlash uchun maqol, matal, hikmatli so‘z va iboralardan,
ayniqsa, frazeologizmlardan unumli foydalanish zarur.
Nutqning maqsadga muvofiqligi juda muhim. Nutq madaniyati –
adabiy til me’yorlarini puxta egallash va ulardan nutqda to‘liq foydalanish
demakdir.
Til – aloqa quroli, til - hayot ko‘zgusi, til - ma’naviyat belgisi
bo‘lishi bilan bir qatorda o‘qituvchi uchun eng muhim metodik vosita
sifatida katta xizmat qiladi. Insonni hayvonot olamidan ajratib, uni
koinot sarvariga va gultojiga aylantirgan omil ham tildir. Inson aqliy
faoliyatining eng oliy mahsullari, tafakkur «mevalari» til va nutq orqali
yuzaga chiqadi.
So‘zning tarixiy-madaniy, ma’naviy ahamiyati cheksiz, albatta.
Lekin tilning imkoniyatlari nutq orqali, nutq jarayonida ochiladi va
o‘qituvchilar shu imkoniyatlardan samarali foydalanishlari lozim.
Nutq sifatsiz bo‘lar ekan, tilning cheksiz imkoniyatlari ta’lim-tarbiya
jarayonlarida yetarli darajada yuzaga chiqmay qolaveradi.
G‘arb donishmandlaridan R.Emirsonning ta’kidlashicha, «Nutq -
qudratli kuch: u ishontiradi, undaydi, majbur etadi». Bu gapda nutqning
shunday fazilati ta’kidlanayaptiki, u, birinchi navbatda, ishontirish
san’atidir. O‘quvchilar bilan muloqotda bo‘layotgan o‘qituvchi
ishonarli gapirishi, nutqi dalillangan, puxta asoslangan bo‘lishi lozim.
O‘quvchilarning ishonchini, mehrini qozongan o‘qituvchinigina haqiiqiy
ustoz deyish mumkin.
160
Nutq – harakatdagi tildir. Nutq til birliklarini o‘zaro mantiqiy
bog‘lab, ularni harakatga keltiradi. Nutq – so‘z, so‘z birikmalari va
gaplardan iborat bo‘ladi.
Nutq, nutq odobi – insonning ma’naviyati va ma’rifatini
belgilovchi asosiy mezondir. Demak, kishining odobi, eng avvalo,
uning nutqida ko‘rinadi. Nutq odobi deganda, aytilishi zarur bo‘lgan
xabarlarni, tinglovchini hurmat qilgan holda, uning ko‘ngliga mos holda
adabiy me’yordagi ifodalar bilan yetkazishdir. Xunuk xabarni ham
tinglovchiga beozor yetkazish mumkin. Buning uchun so‘zlovchi tilni
mukammal bilishi kerak. Muloyim, yoqimli, odobli so‘zlash ham o‘z-
o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Unga yoshlikdan ibratli kishilarga taqlid
qilish, ulardan o‘rganish va muntazam ravishda mashq qilish hamda tilga
jiddiy munosabatda bo‘lish orqali erishiladi. O‘quvchi uchun esa eng
yaxshi namuna o‘qituvchidir. Buni o‘qituvchi har doim his qilib turishi kerak.
Bolaga yaxshilik qilgan, aytilgan yumushni, iltimosni bajargan
kishilarga o‘z vaqtida minnatdorchilik bildirish odobini ham o‘rgatib
borish lozim. Tilimizda rag‘batlantirishni, minnatdorchilikni anglatadigan
chiroyli ifodalar bor. Ularni kundalik muomalaga kiritish, o‘z o‘rnida
ishlatish kishi xulqini juda ham bezaydi. O‘qituvchi topshiriqni yaxshi
bajargan o‘quvchilarni shirin va yoqimli so‘zlar bilan rag‘batlantirishi lozim.
«Har bir kishining madaniylik darajasi, o‘qib qanchalik tarbiya
ko‘rganligi uning yozma va og‘zaki nutqidan bilinadi» (S.Ibrohimov).
O‘qituvchining yozma nutqiga ham katta talablar qo‘yiladi. Bular
imloviy savodxonlik, fikrni yozma tarzda ravon ifodalash, yozuv qoidalariga
rioya qilish, orfografik va punktuatsion hamda stilistik xatolarga yo‘l
qo‘ymaslik kabilar. Shuning uchun o‘qituvchining yozma nutqi ikkita
komponent – imlo savodxonligi va husnixat (kalligrafiya, yozuv uslubi)dan
iborat, deb yuritiladi.
Og‘zaki va yozma mukammal nutq shartli ravishda (ma’joziy ma’noda)
o‘qituvchining ikki “yorug‘ yuzi” deb ham ataladi.
Tilning dunyoni bilish, bilimlarni to‘plash, saqlash, keyingi avlodlarga
yetkazish, ruhiy munosabatlarni aks ettirish, go‘zallik kategoriyalarini
voqelantirish kabi qator vazifalarni bajarishiga qaramasdan, uning asosiy
funksiyasi kishilar o‘rtasidagi aloqani ta’minlashi va ularning bilim
olishida qudratli qurol ekanligida ko‘rinadi.
|