3.Pedagogik konfliktlarni oldini olishda muomala madaniyati va muloqot
qoidalarining ahamiyati xususida.
Milliy mentalitetimizda muomala madaniyati asosan o‘zaro hurmat asosida
“Assalomu alaykum. Va alaykum assalom” dan boshlanadi. Ana shu so‘zlar
orqali insonlar bir-birlari bilan muloqotga kirishadi, bir-birlari bilan tanishadi
va o‘z muammolari, ehtiyojlarini qondirib, muammolarini ham hal qilishlari
mumkin. Bu so‘zlarni kishi tomonidan yoqimli va beg‘araz ifoda etilishi
suhbatdoshining ham kayfiyatini ko‘tarib, murojaat qilayotgan insonga nisbatan
mehrini oshiradi. Shuning uchun ham xalqimizda “Salom qanday bo‘lsa, alik
ham shunday”, degan naql bor. Salomlashish odobiga rioya qilish,
suhbatdoshga nisbatan iliq va do‘stona munosabatda bo‘lish kishilar
ko‘nglidagi ko‘pgina ilmoqli tugunlarni yechish uchun sharoit yaratadi.
Ma’lumki, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, ularni barkamol shaxslar
sifatida shakllantirish muammosi har doim ham, har qanday jamiyatning
asosiy vazifasi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda Oliy ta’lim muassasalarida
“Pedagogik konfliktologiya” fanini o‘qitishdan maqsad asosan o‘quv jarayoni
sharoitida turli shakl va turdagi nizolarning oldini olish orqali ta’lim
samaradorligiga erishish, pedagogik va o‘quvchilar jamoasida do‘stona ruhiy
barqarorlikni ta’minlashni ko‘zda tutadi. Ushbu maqsadlarga erishishning
zaminida o‘zaro muomala madaniyati va muloqot qoidalari yotadi.
Shaxs ma’naviyatining uzviy bir bo‘lagi muomala madaniyati bo‘lsa,
xulq-atvor, odob-axloq, nutqiy faoliyat tushunchalari uning zamiriga kiradi.
Asrlar osha har bir xalqqa xos bo‘lgan, milliy-ma’naviy qadriyatlar yuksak
madaniyat ramziga aylangan urf-odatlar, yurish-turish, yashash tarzi barchasi
kishi shaxsiyatida aks etishi tabiiy.
Munosabat, shubhasizki, shaxsning muomala madaniyatidan kelib
chiqadi. Bu esa barkamollik belgisi bo‘lgan ta’lim va tarbiyaga, ma’naviyat va
ma’rifatga borib bog‘lanadi. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlodgina
yurtning porloq kelajagidir. Qushning parvozini qo‘sh qanotisiz tasavvur qilish
mumkin bo‘lmaganidek, insonning iqboli va yurt istiqbolini ham ta’lim-tarbiya
va ma’naviyat-ma’rifatsiz tushunish, idrok etish mushkul.
Allomalarimizning e’tirof etishlaricha, mulk sohibi bo‘lishdan ko‘ra,
ko‘ngil sohibi bo‘lish sharofati haqida mumtoz adabiy merosimizda ibratomiz
fikrlar bisyor. Inson dilini ovlash, unga mehr berish, samimiy tilaklar izhor
etish ilinji sharq adabiyotida juda sharaflanib, ta’riflangan. Sababi, dunyoda
bir ilm borki, bu adabiyotning bosh mavzusi bo‘lib kelgan. Bu
insonshunoslikdir. Ushbu ilmning ibtidosi esa inson diliga yo‘l izlashdir. Ilmu
fan ham, ma’naviy madaniyat va san’at ham shu haqda bosh qotirib kelgan. Bu
esa komil inson konsepsiyasidir.
Inson qalbiga yo‘l topilmasa, barcha sohalarning rivoji, jamiyat
taraqqiyoti haqidagi so‘z puchga aylanadi. Insonning ongu shuuri,
qalbigina ulug‘ va qutlug‘ ishlarga qodirdir. Bu qalbda dunyoqarash va
tafakkur qudrati bor. Tafakkur va ongning yuksakligiga erishmasdan turib
oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizning ro‘yobini tasavvur etish mushkul.
“Inson xushfe’l, kamsuqum, xokisor, oliyhimmat, muloyim, beozor
bo‘lsa, ko‘pchilikning e’tirofu e’tiboriga tushadi. Chunki, e’tirof e’tiborga,
e’tibor ehtiromga, ehtirom esa e’zozga eshik, ezgulikka beshikdir.
Odamzotinng kimligini, ma’naviyatini atrofdagilariga bo‘lgan munosabatidan
anglab olish qiyin emas. Chunki, muomala inson xulq-atvorining ziynatidir.
Kishi xulqi bilan nazarga ham, hazarga ham duchor bo‘lishi hech gap emas”.
Dunyo go‘zallik qonuniyatlariga binoan qurilarkan, demak, insonning
xulqi va nutqi ham, ko‘rinishi va kiyinishi ham, munosabati va muloqoti ham
go‘zal bo‘lishi maqsadga muvofiq. Xalqimizning “O‘zingga qarab kutarlar,
so‘zingga qarab kuzatarlar” — degan o‘giti bejiz emas. “Til yarasi bitmas, tig‘
yarasi bitar” — deganida ham inson uchun zarur bo‘lgan muomala jarayoniga
e’tibor zaruriyatini sezish qiyin emas.
“Qalbga yo‘l ma’rifatdan boshlanadi. Ma’naviyatli inson kimga, nima
haqda, qachon, qayerda, qanday qilib va qancha aytishni biladi va amal qiladi,
shu asnoda obro‘ qozonadi, e’tiborga tushadi. Bir so‘z va bir xatti-harakat
e’tirofga yoxud e’tirozga, nazarga yoxud hazarga, yaxshilikka yoxud
vahshiylikka sababkor qilishi hech gap emas. Shundagina voizning o‘zi ham,
so‘zi ham joiz bo‘ladi, suhbatdoshi qalbida iz qoldiradi. Ma’rifatli inson
madaniyatli ayni damda ma’naviyatlidir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash
madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir. Johil kishi so‘zning qiymatini va
o‘zining qadrini bilmagani uchun xushmuomalada bo‘lolmaydi. Jaholatga
qarshi ma’rifat bilan kurashish va olishish uchun esa bilim, tafakkur,
yuksak darajadagi xulqiy va nutqiy madaniyat zarur;”
“Gʻurbat izlaganga–g‘urbat bu dunyo,
Illat izlaganga–illat bu dunyo,
Kim neni izlasa, topar begumon,
Hikmat izlaganga–hikmat bu dunyo” – deb yozadi shoir Sadriddin Salim
Buxoriy.
Ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq”
asarida odamzot tabiatidagi maqbul va nomaqbul xislatlarni qayd eta turib,
insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytarguvchi ilm bu axloq
ekanini ta’kidlaydi. “Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi
nafsdur. Jasad ko‘z ila bor narsalarni ko‘rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini
yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati
bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo‘ladur. Ammo nafsning surati ko‘zga
ko‘rinmaydurgan, aql ila o‘lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur.
Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi,
bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmak
kabidur.
Ma’rifatli, ma’naviyati yuksak bo‘lgan o‘qituvchilar muomala
madaniyati ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladi. Bunday toifadagi o‘qituvchilarni
o‘quvchilar jon- dilidan yaxshi ko‘rib, bergan topshiriqlarini bekamu-ko‘st
bajaradilar. Xushmuomalalik, xushfe’llik, beozorlik, muloyimlik, hayo-
ibolilik har doim ham ularning husniga husn, obro‘siga obro‘ qo‘shgan. Alisher
Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida “Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo
yo‘q” – deya bejiz ta’kidlamagan. Beandishalilik, befahmlik, befarosatlik esa
kishini aqldan, hayodan judo qiladi. Sharq odobnomasida qayerga borish,
qanday so‘rashish, qayerda o‘tirish, qanday so‘zlash, kimlarning suhbatida
bo‘lish muomala madaniyatining mezonlari sifatida ko‘p bor tilga olingan.
Sa’diy Sheroziy “Shirin so‘zli shilgay dushman po‘stini, dag‘al so‘zli dushman
qilgay do‘stini” — deya o‘rinli ta’kidlagan.
Bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlarini uchinchi renesans
poydevorini yaratishga qodir raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlash
muammosi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilariga mas’uliyatli
vazifalarni yuklaydi.
Oliy pedagogik ta’lim muassasalarida tarbiyaga oid fanlarni o‘qitish
jarayonida talabalarga xushmuomalalilikni, inson qalbiga yo‘l topish
tilsimlarini o‘rgatish zarurati mavjudligini unutmaslik kerak. O‘zaro do‘stona
munosabatlar, shirinsuxanlik, dilkashlik orqali har doim ham sodir bo‘ladigan
pedagogik konfliktlarni oldini olish imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘quv
jarayonida pedagogik nizolarning oldi olinishi talabalarining nafaqat ta’lim
samaradorligini ta’minlaydi, balki muomala madaniyatlarini takomillashishiga
ham xizmat qiladi.
Ma’lumki, konfliktlar inson hayotining ajralmas tarkibiy qismi sifatida
e’tirof etiladi. Bo‘lajak o‘qituvchilarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan
pedagogik konfliktlarni profilaktika qilish, korreksiyalash va bartaraf etish
ko‘nikmalarini shakllantirib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Chirchiq davlat pedagogika instituti “Pedagogika va menejment”
kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan bu borada olib borilayotgan
ishlar diqqatga sazavordir. “Pedagogika va psixologiya” hamda “Ta’lim
muassasasini boshqarish” yo‘nalishidagi ikkinchi va uchinchi kurs talabalari
bilan bevosita o‘quv jarayonida o‘zaro hamkorlik asosida dual darslarni tashkil
etish orqali sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olish ko‘nikmalari
shakllantirib borilmoqda.Talabalar passiv
ravishda tayyor
bilimlarni
o‘zlashtiruvchi sub’yekt sifatida emas, balki mustaqil ravishda fikrlab, ilm
izlash sirlaridan voqif bo‘lish, mulohaza yuritish va xulosa qilish kabi
ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdalar. Yangi zamonaviy pedagogik va axborot
texnologiyalaridan keng foydalangan holda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni
olib borish o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda har bir mutaxassis o'z kasbini mukamal darajada
bilishi va seva olishi lozimdir. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda
institut auditoriyalarida tahsil olayotgan talabalar – Yangi O‘zbekistonning
bo‘lajak o‘qituvchilari mashg‘ulotlarda egallagan bilim, ko‘nikma va
malakalari orqali o‘quvchi-yoshlarni barkamol insonlar qilib tarbiyalashdyek
jamiyat buyurtmasini muvaffaqiyatli hal eta olishlariga ishonamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi. //
www.ziyonet.uz
.
2.
Umarova Z. Boshlang‘ich ta’limda konfliktologiya. Darslik. – Toshkent,
2023.
3.
Основы творческой педагогики. //
www.pedagog.ru
.
4.
To’ychieva G.U., Asadova E. Yoshlar va konfliktlar yechimi.
Manual.T.2003.
5.
To’ychieva G.U. Yoshlar va konfliktlar yechimiga o’rganish. T.2008.
|