|
Qo‘g‘irchoq teatrining paydo bo‘lishi, tarixiy ildizlari va tarbiyaviy ahamiyati Reja : Qo‘g‘irchoq teatrining paydo bo‘lish tarixi
|
bet | 3/4 | Sana | 19.11.2023 | Hajmi | 225 Kb. | | #101217 |
Bog'liq Sahna ma\'ruza 3 (1)Hindiston qo‘g‘irchoq teatri.
Hindistonda hozirgi kunda marionet qo‘g‘irchoq teatri mashhurdir. Kattalar ham, bolalar ham ushbu teatrning muxlisi. Ushbu teatr o‘zining qadimgi
usullarini hozirgacha saqlab qolgan. Shuningdek, eramizgacha bo‘lgan ko‘p yillar mobaynida xalq qo‘g‘irchoq teatrlarida ham hozirgi asbob-uskunalardan foydalanishgan. Hattoki, asbob-uskunalar ham uzoq tarixga tegishlidir. Bu asbob-uskunalar bambukdan yasalgan. Qo‘g‘irchoq teatri sahnasida shularni harakatlantirishgan. Hozirgacha ham ana shu qo‘g‘irchoqlar saqlanib qolgan. Bu qo‘g‘irchoqlar afsonaviy qahramonlar va ularni hayotiy, real ko‘rinish holatlarini tasvirlaydi. Yana qo‘g‘irchoq teatri sahnalarida qadimgi jonzotlar, hayvonlarning tasviri ham saqlanib qolgan: arslon, fil, ot, buyvol va boshqalar. Hozirgi Hindistonda va Sharqning deyarli barcha mamlakatlarida, ayniqsa, soyali qo‘g‘irchoq teatri keng tarqalgan. Bu teatr uzoq o‘tmishga ega. Dengiz savdo yo‘li hind qo‘g‘irchoq teatrini Yavada tarqalishiga ham sabab bo‘lgan. Hozirgacha ushbu teatr bu еrda mavjud bo‘lib, Vayang Kulit nomi bilan nomlanadi. Soyalar teatri malayziyachada kulit-teri. Bu qo‘g‘irchoq soyalar teatri uzun bo‘lib, buyvol terisidan tayyorlangan”.
Gretsiya va Rim. Sharqdagi madaniyatning G‘arbga kirib borishi natijasida qo‘g‘irchoq teatri ham kirib bordi. Yillar davomida qo‘g‘irchoq teatrlari ko‘payib, ularning boshqaruvchilari butun dunyoga yoyildi. Bu teatr xalqlarni o‘ziga jalb etdi va nihoyat Gretsiyada qo‘g‘irchoq teatri tashkil topdi. Ular ko‘chalarda, har xil maydonlarda tomosha ko‘rsata boshladilar. Qo‘g‘irchoq teatri har turli edi. Ular ikki kishining suhbatidan tortib, butun kunning g‘amgin voqea-hodisalarini ko‘rsata boshlashdi. U bora-bora xalqning past qatlamidagi odamlarning muhabbatini qozondi. Rimda bunday tomoshalar odatiy hol edi. "Rimdagi xalq qo‘g‘irchoq teatri qadimgi Rim komediyasi Atelloni qo‘ya boshladi. Bunda asosiy qahramon oddiygina va kichkinagina shaharda yashovchi Atello. “Atellan” komediyasining markazidagi komik figura Makkus – badbashara, hazilkash personaj edi. Uning bo‘yi kichkina, beli bukri, qorni esa chiqqan, qorni ham bukriga o‘xshar edi. Boshining ko‘rinishi ham xunuk edi. Badbashara yuzi, uzun burni tumshuqqa o‘xshar edi. U hazili bilan tomoshabinlarni kuldirar edi” .
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qo‘g‘irchoq teatrining muhim xususiyatlaridan biri, u Osiyo va Yevropada to XX asrgacha asosan an’anaviy shakllarda yashab kelgan. Dunyo qo‘g‘irchoq teatrlari orasida juda ko‘p o‘xshashlik bo‘lishi mumkin. Ularning umumiy jihatlari, ajoyib sarguzashtlari, quvnoqligi, hazil-mutoyibaga moyilligi, o‘rni kelganda ayyorligi bilan ajralib turadi. Mutaxassislarning fikricha, qo‘g‘irchoq teatrining san’at sifatida kelib chiqishi to‘g‘risida ham ikki nazariya hukmron. Biri-bolalar o‘yini qo‘g‘irchoq teatrining dastlabki ko‘rinishi. Ikkinchi nazariya qo‘g‘irchoq teatrining kelib chiqishini niqobdorlar teatriga bog‘lab tushuntiradi. Xususan, qo‘g‘irchoq teatri yеr yuzida dastlab qachon va qayerda paydo bo‘lganligi haqida hozirgacha bir nima deyish qiyin.
Qo‘g‘irchoq teatrining rivojlanish tarixidan ma’lumki, qadim zamonlarda odamlar yog‘ochdan va uning po‘stloqlaridan, sopoldan turli hayvonlar, qushlar, shuningdek, mabudlarning qo‘g‘irchoqlarini yasab, ularga sig‘inganlar, harakatga keltirganlar, o‘ynatganlar. O‘rta Osiyo, shu jumladan O‘zbekiston sarhadlarida ham VIII asrgacha otashparastlik, Budda dinlariga sig‘ingan kishilar o‘zlari yoqtirgan mabudlarning haykalchalarini e’zozlab, ular bilan jonli mavjudot sifatida muloqotda bo‘lib kelishgan. Ya’ni, o‘ziga xos qo‘g‘irchoq teatri hosil bo‘lgan. Musulmonlik davridan boshlab qadimgi diniy marosimlar, urf-odatlar, tomoshalar va bayramlar qo‘g‘irchoq teatri sahnalariga ko‘chgan hamda o‘yin shaklida bolalar dunyosiga kirib kelgan.
Dastlabki qo‘g‘irchoqlar qo‘lga kiyilib, barmoqlar yordamida harakatga keltirilgan yo bo‘lmasa dastasidan ushlab o‘ynatilgan. O‘zbekistonda bunday qo‘g‘irchoq turi "chodir jamol" deb, uning qahramoni Kachal polvon deb atalgan.
Kachalga polvon o‘xshash qahramonlar dunyoning ko‘p mamlakatlarida uchraydi: Eronda uni Pahlavon Kachal, Xitoyda Sun U Kun, Rossiyada Petrushka, Angliyada Panch, Italiyada Pulchinella, Fransiyada Polishinel va hokazo. Ular xulq-atvorlari bilan ham bir-biriga o‘xshash.
Zamonlar o‘tib, jamiyatlar taraqqiy etgan sayin qo‘g‘irchoq teatrining shakli, qo‘g‘irchoqlarni yasash va harakatga keltirish usullari ham o‘zgarib, murakkablashib boravergan. Ayniqsa, Sharq mamlakatlarida, jumladan, Bengaliyada (Hindiston) “Putulnechch” degan dastali qo‘g‘irchoqlar rusum bo‘lgan. Xususan, bu tur Xitoyda ham keng tarqalgan. Yava orolida (Indoneziya) sim bilan boshqariladigan qo‘g‘irchoq teatri rusim bo‘lgan. XX asr boshlarida mazkur shakl Rossiyada qabul qilingan, so‘ngra boshqa mamlakatlarga yoyilgan.
Manbalarda keltirilishicha, mutaxassislar qo‘g‘irchoqlarni turli xillarga ajratadilar: voqeaband o‘yin ishtirokchilari (o‘g‘il bola, qiz bola, chaqaloq, shifokor, militsioner va hokazo); ertak qahramonlari (“Uch og‘a ini botirlar”, “Kenja botir”, “Muqbil toshotar”, “Qizil shapkacha”, “Dyumovochka” (mitti qiz), “Chippolino”, “Buratino” va boshqalar); qo‘l teatri qo‘g‘irchoqlari(qo‘lga kiyib o‘ynatiladigan qo‘g‘irchoqlar); marionetka qo‘g‘irchoqlari (maxsus moslama yordamida harakatga keltiriladigan qo‘g‘irchoqlar); barmoq qo‘g‘irchoqlari (barmoqqa kiydiriladigan mitti qo‘g‘irchoqlar).
O‘zbek xalq teatri o‘tgan asrda asosan ikki ko‘rinishda namoyon bo‘lgan: masxaraboz-qiziqchilar hamda qo‘g‘irchoq teatri. Birinchisi asli bir necha janrlardan: kichik satirik mazmundagi sahnalarni bajaruvchi masxaraboz-qiziqchilardan, sahnalashtirilgan chiqishlar bajaruvchi yirik vakillardan, ya’ni askiyaboz, dorboz, muallaqchi, nayrangboz (fokuschi), yog‘ochoyoq va musiqachilardan iborat bo‘lgan. Ikkinchi xili qo‘g‘irchoq teatri yoki qo‘g‘irchoq o‘yin hamda qo‘l qo‘g‘irchog‘i. Ya’ni, qo‘l bilan boshqarilgan chiqishlar hamda ip bilan boshqariladigan qo‘g‘irchoq o‘yin (chodir xayol)dan tashkil topgan. Barcha xalq teatri san’atkorlari – masxarabozlar, qiziqchilar, qo‘g‘irchoq o‘yinlari, sozandalar bir uyushmaga birikkanlar. Bir uyushma "mehtarlik" yoki "korxonayi sozanda" deb nomlangan va o‘zining risolasiga ega bo‘lgan, uning boshida maxsus saylangan oqsoqol-mehtarboshi turgan. Ularning risolasida ayrim san’at turlarining kelib chiqishi to‘g‘risidagi ayrim kasb-hunar maslahatlari bayon etilgan. Xalq teatri aktyorlarining chiqishlari har xil vaziyatda bo‘lib o‘tgan. Ba’zan oilaviy marosimlar, to‘y-tomosha, bayram va sayllar og‘ir sharoitga to‘g‘ri kelgan. Odatda bu chiqishlarga ko‘p tomashabinlar to‘plangan.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash lozimki, keyingi yarim asrdan ortiq davr ichida xalq teatrlari yangicha mazmun va shakllarda rivojlandi hamda professional teatrlar paydo bo‘ldi. Masxaraboz-qiziqchilar, dorbozlar sirkning yaratilishida, qo‘g‘irchoq o‘yinlari, ashulachi va raqqoslar yangi dramatik teatrlar paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.
II. Maktabgacha yoshdagi bolalarni qo‘g‘irchoq teatri personajlarini yasash orqali badiiy ijodiy qobiliyatlarni shakllantirishning tarbiyaviy ahamiyati.
Mamlakatimizning tarixi mustaqillikning taraqqiyot davri bilan bog‘liq. Porloq kelajak sari jamiyatni barpo etishda, eng avvalo, yoshlarga, ularning ma’naviy dunyosiga, kasb-korni mukammal egallashiga bog‘liq bo‘lgan masalalarga alohida e’tibor qaratishimiz zarurligi sezilmoqda. Yosh avlodda yuksak axloqiy sifatlarni shakllantirish, ularda Vatanni sevish, yurtning taqdiri uchun faol kurashish tuyg‘ularini tarbiyalashda teatr nihoyatda katta o‘rinni egallaydi. San’at asosan jamiyatda yaratilgan ilg‘or tajriba va milliy an’analardan oziqlanadi. Teatr faoliyati esa, yoshlarimiz ongi va shuurida milliy ildizlarning tomir otishiga samarali ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni teatr tomoshalariga oshno qilish, ularning qo‘g‘irchoq o‘yinlarini tashkil qilishdan maqsad:
– bolalar uchun ijodkorlik, faollikni ta’minlovchi shart-sharoit yaratish;
– teatr ko‘rish odobiga o‘rgatish;
– teatr tomoshalari jarayonida bolalarning nutqi va jismoniy rivojlanishidagi uzviylikni ta’minlash;
– xalq yaratgan boy merosimizga bo‘lgan muhabbat hissini uyg‘otish;
– qo‘g‘irchoq teatrini ota-onalar bilan hamkorlikda tashkil qilish imkoniyatini yaratishdan iborat.
Har bir qo‘g‘irchoq teatri bolaning ruhiyatiga quvonch keltiruvchi ta’sirga ega bo‘lishida quyidagilar ahamiyatlidir:
– qo‘g‘irchoq teatri uchun tanlangan ertak bolaning yosh va bilim saviyasiga mos bo‘lsa, bolada butun vujudi bilan uni ko‘rish va unga nisbatan qiziqish paydo bo‘ladi;
– kuzatishlarimizdan ma’lumki, ayrim bolalarda ertak qahramoniga nisbatan ruhan tetiklik yoki qo‘rqish, nafrat, ko‘ziga yosh olish yoki kulib yuborish kabi emotsional holatlar namoyon bo‘ladi;
– qo‘g‘irchoq teatri yakunida o‘tkazilgan suhbatda bolalar qo‘g‘irchoq teatrida ko‘rganlari haqida qiziqish va xursandchilik bilan qo‘g‘irchoq teatrini doimo ko‘rishga xohish bildiradilar.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qo‘g‘irchoq teatrlarini tayyorlash va tomoshalar ko‘rsatish mazmunini bosqichma-bosqich amalga oshirish ijobiy imkoniyat beradi:
Birinchi bosqich.
Maktabgacha ta’lim tashkilotida qo‘g‘irchoq teatrini tayyorlashda jihozlar ya’ni moddiy ta’minotni amalga oshirishda:
– manba tanlash (ertak tanlash). Tanlangan ertak bolaning yoshiga mos kelishi;
– musiqa tanlash;
– qo‘g‘irchoq teatrini ko‘rsatish rejasini tuzish.
Ikkinchi bosqich:
– ko‘zlangan maqsadga erishishda ertak mazmuniga ko‘ra qahramonlarni tanlash va so‘zlarini yod oldirish;
– qo‘g‘irchoqlarni yasash va kiyintirish;
– tarbiyachi bilan hamkorlikda she’rlarni yod olish.
Uchinchn bosqich:
– tarbiyachi va bolalar bilan hamkorlikda teatr turiga ko‘ra ertakni sahnalashtirish;
– qo‘g‘irchoq teatrini namoyish etish, bolalarning qiziqishlari va ularga yoqqan qahramonlar haqidagi fikrlarini aniqlash.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning axloqiy sifatlarini shakllantirishga imkon yaratuvchi 32 ta davlatning ertaklari jamlangan “Ipak yo‘li ertaklari” majmuasi, “O‘zbek xalq ertaklari”, “Rus xalq ertaklari” hamda “Ilk qadam” dasturida keltirilgan ertaklardan foydalanish maqsadga muvofiq, deb topildi.
1. Kichik (3–4) yoshdagi bolalar uchun:
1) “Fil bilan xo‘roz” (Xalq ertagi).
2) “Bo‘ri bilan echki” (Xalq ertagi).
3) “Nasibaning olmasi” (Sh.Sa’dulla).
2. O‘rta (4–5) yoshdagi bolalar uchun:
1) “Quyonjon va laylakvoy” (Xalq ertagi).
2) “Aqlli qarg‘a” (Xalq ertagi).
3. Katta (5–6) yoshdagn bolalar uchun:
1) “Qarg‘aboy” (Xalq ertagi).
2) “Ur to‘qmoq” (Xalq ertagi)
4. Maktabga tayyorlov (6–7) yoshidagi bolalar uchun:
1. “Egri va To‘g‘ri” (Xalq ertagi).
2. “Yolg‘on do‘st” (A.Avloniy).
Bola tarbiyasiga atroflicha yondashish o‘quv va tarbiyaviy vazifalarning birligida, turli yosh guruhlarida o‘quv, o‘yin va mehnat faoliyatlarining aloqadorligida amalga oshiriladi. Bu borada qo‘g‘irchoq o‘yini muhim ahamiyat kasb etib, bola o‘ziga sheriklar, zarur qo‘g‘irchoqlarni tanlaydi, rollar taqsimlanadi, muayyan xatti-harakatlarni amalga oshiradi, muloqotga kirishadi hamda shaxsiy tashabbuslari vujudga keladi. Ushbu jarayonda eng muhimi bolaning qiziqishi va hissiyotlariga mos keluvchi qo‘g‘irchoqlarning mavjudligidir.
Qo‘g‘irchoqlarning ta’limi va tarbiyaviy ahamiyati mavjud:
– ta’limiy ahamiyati – u bolalarni boshqa xalqlar tabiati, hayvonlari, avtomobillari, turmush tarzi, tashqi ko‘rinish ifodasi va madaniyati bilan tanishtiradi;
– tarbiyaviy ahamiyati – bolalarni ma’lum g‘oyaviy maqsadga yo‘naltiradi, qiziqishlari shakllanadi, dunyoqarashi kengayadi va estetik didi tarkib topadi.
Mutaxassis sifatida shuni ta’kidlab o‘tishim joizki, qo‘g‘irchoq yasashda bir qator talablar qo‘yiladi:
– qo‘g‘irchoq milliylikka yo‘g‘rilgan, an’analarni saqlab qolgan, o‘zbekona turmush tarzini o‘zida aks ettirgan bo‘lishi lozim;
– qo‘g‘irchoq bolaga jarohat yеtkazmaydigan, o‘ynash uchun qulay, bola sog‘lig‘iga zararsiz, bejirim tayyorlanishi kerak;
– qo‘g‘irchoq bolaning qiziqishlariga mos kelishi, har xil o‘yinlarda foydalana oladigan, ijodkorlikka undaydigan bo‘lishi lozim;
– qo‘g‘irchoqning tashqi ko‘rinishi samimiy, xushchaqchaq bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Har bir tarbiyachi, avvalo, o‘zi qo‘g‘irchoq yasashni bilishi lozim va bolalarga tushunishi oson tarzda, sodda usulda o‘rgatishi lozim. Qo‘g‘irchoq yasashga bolalarni jalb etish orqali bola tarbiyachining rahbarligida qo‘g‘irchoq yasar ekan, o‘zi ishlayotgan materialning xususiyati (egiluvchanligi, qalinligi, yupqaligi)ni, uning ko‘rinishini o‘zgartirish mumkinligini bilib oladi va eng asosiysi bolada ijodkorlik qobiliyati tarkib topadi.
Shu bois bo‘lsa kerak qo‘g‘irchoqlarning asosiy mazmuni tevarak-atrofdagi hayot, turmush, oila mehnati va kattalarga taqlid qilishdir. Milliy qo‘g‘irchoqlarimiz bolalarni quvontiribgina qolmay, ularni estetik-g‘oyaviy jihatdan rivojlantiradi. Qo‘g‘irchoqqa berilgan ranglarning turli-tumanligi, kiyimining bejirimligi, yasalishining soddaligi bola ruhiyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
Qo‘g‘irchoq teatrining paydo bo‘lishi, tarixiy ildizlari va tarbiyaviy ahamiyati Reja : Qo‘g‘irchoq teatrining paydo bo‘lish tarixi
|