44
Gidlarni tayyorlash jarayonining vazifasi - mutaxassislarni malakali gid
qilish, ya’ni gid kasbining zaruriy bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lishi uchun har
bir mutaxassisga yordam berishdir. Bunda ishni shunday tashkil etish kerakki,
ekskursiya muassasasiga kelgan kishi o‘z mutaxassisligini nafaqat saqlab qolsin,
shu bilan birga uni takomillashtirib, ekskursiya xizmatini yaxshi tashkil etishi
uchun o‘z vazifasini mustahkamlasin.
Tarix o‘qituvchisi gid bo‘lganidan keyin tarixiy mavzuda ekskursiyalar
o‘tkazishi maqsadga muvofiqdir. Undan tabiatshunoslik mavzusida ekskursiya
mavzusini tayyorlashni talab qilish noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu mavzudagi ekskursiyalarni
mutaxassis – biolog, geograf tayyorlashi maqsadlidir.
Ekskursiya muassasalari va davlat muzeylari qoshida gidlarning malakasini
oshirish kurslari tashkil etilgan (tarixiy, adabiyot, tabiatshunoslik, va sh.k.).
Masalan, Samarqand viloyatining Davlat muzey-qo‘riqxonasi qoshidagi gid-
ekskursovodlarni tayyorlash o‘quv markazida 216 soatlik «Ekskursiya xizmatlarini
tashkil etish» qayta tayyorlash kursi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu kursni
tamomlagan tinglovchilarga «O‘zbekturizm» MK tomonidan «Samarqand shahri
gidi» ixtisosligi bo‘yicha qayta tayyorlash haqida guvohnoma beriladi. Hozirda
ushbu kursda 2013 yilda jami 116 nafar, 2014 yilda jami 107 nafar tinglovchi
o‘qidi.