«sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati




Download 434,34 Kb.
bet39/73
Sana18.06.2021
Hajmi434,34 Kb.
#15104
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   73
XALQ DOSTONLARI

Dunyodagi ayrim xalqlarda o‘zining tarixiga oid yirik

hajmdagi katta muhim voqea bayon etiladigan janrlar bor.

Biz — o‘zbeklarda bu janr ≪doston≫ deb ataladi. ≪Doston≫

so‘zi qiziq-qiziq voqealarni hikoya qilish, maqtash ma’nolarini

anglatadi. Badiiy adabiyotimizda asosan ikki usulda

yaratilgan dostonlar bor. Birinchisi, asrlar davomida xalq

og‘zaki ijodida baxshilar tomonidan og‘zaki tarzda kuylab

kelingan dostonlar. Ikkinchisi, yozma shaklda shoirlar

tomonidan ijod qilingan dostonlar. ≪Alpomish≫, Go‘ro‘g‘li

turkumidagi ≪Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi≫, ≪Malikai Ayyor≫,

≪Ravshan≫; ≪Kuntug‘mish≫, ≪Rustamxon≫ kabilar og‘zaki

dostonlar namunalaridir. Yusuf Xos Hojibning ≪Qutadg‘u

bilig≫, Haydar Xorazmiyning ≪Gul va Navro‘z≫, Na -

voiyning ≪Hayratul abror≫, ≪Farhod va Shirin≫, ≪Layli va

Majnun≫ kabi asarlari esa yozma adabiyotdagi dostonlar

bo‘lib, ularni og‘zakidan ajratish lozim bo‘ladi.

Og‘zaki ijoddagi doston bir qator tarkibiy qismlardan

tashkil topadi. Professor M. Saidov ularni she’riy va nasriy

parchalardan iborat matndan, musiqadan, doston aytuvchining

hofizlik san’atidan va soz cherta bilishidan iborat,

deb qayd etadi. Shu bilan birga, doston haqida to‘liq

tasavvur hosil qilish uchun baxshining bevosita tinglovchilar

davrasida qaynab (ilhomga kirib) doston ijro etishiga

guvoh bo‘lish ham muhimdir. Demak, doston bo‘lishi

uchun baxshining tinglovchi bilan jonli muloqotini ham

tarkibiy qismlardan biri sifatida baholash mumkin.

Dostonni baxshilar kuylaydilar. Qadimgi zamonlarda

≪baxshi≫ xalqona usullar bilan bemorni davolovchi tabib,

ayrim hududlarda ustoz ma’nolarini anglatgan. Bugungi

kunda bu so‘z asosan xalq dostonlarini kuylaydigan

san’atkorni bildiradi. Baxshi soz chertganda sozanda,

she’riy parchalarni kuyga solib aytganda xonandadir.

Shuningdek, parchalarni bir zumda to‘qib ketadigan shoir,

dostondagi nasriy parchalarni yoddan o‘qiyotganda badiiy

so‘z ustasi hamdir. Shoirtabiat baxshi hech qachon dostonni

bir xil, ya’ni o‘zgarishsiz ijro etmaydi. Professor Hodi

Zarifovning ta’kidlashlaricha, bulung‘urlik Amin baxshi

≪Alpomish≫ dostonini uch oy davomida tinglovchilarini sira

zeriktirmay kuylagan ekan. Endi yozda yoki kuzda boshlangan

doston kuzda yoki qishda nihoyasiga yetishini

tasavvur qilaylik. Bir fasl muddatda doston ijro etgan baxshi

biron kitobga qaramasdan shuncha gapni va she’riy par-

110


chalarni qaerdan topgan? O‘sha nusxadagi dostonning

hajmi qanday bo‘lgan? Uch oy zeriktirmay ijro etish uchun

naqadar yuksak mahorat egasi bo‘lishi kerak o‘sha baxshi?

Bu savollarga beriladigan har bir javob o‘zbek dostonchili -

gining beqiyos imkoniyatlarini qayta-qayta takrorlaydi,

xolos. Baxshi doston aytar ekan, ≪Alpomish≫ dostonida

Alpomish gapirganida, Alpomish mardligini, Barchin

so‘zlaganida go‘zal qizning yuzini ko‘z oldimizda gavdalantiradi.

Shuning uchun doston kechalari har bir tinglovchi

uchun katta bayram bo‘lgan. Bu kechalarda odamlar

o‘rtasidagi hamma ginaxonliklar unutilgan, turmush

tashvishlari chekingan. Yoshu kattalar, erkak-ayollarning

butun xayoli dostondagi voqealar bilan band bo‘lgan.

Dostonlar hajm jihatdan chegaralanmaydi. Doston ijrosi

ham ba’zan soatlab, ba’zan kunlab davom etgan. Bunda

doston mazmuni, baxshining mahorat darajasi muhim

hisoblangan. O‘zbekistonda xalq dostonlari Samarqand,

Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Namangan

viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston muxtor respublikasida ijro

etiladi. Ijrochi baxshilar do‘mbira, tor, dutor chertib, qo‘biz

tortib doston aytadilar. Ijro usuliga ko‘ra o‘zbeklarda

Samarqand, Xorazm, Farg‘ona (Namangan) dostonchilik

an’analari mavjud bo‘lib, Samarqandda ichki bo‘g‘iz ovozda,

Xorazmda ochiq qo‘shiq aytish yo‘li bilan, Na -

manganda ochiq, ammo, musiqa asbobiga mos holda kuylanadi.

Samarqand dostonchiligida hajm jihatidan katta dostonlar

nasrdan va epik she’rlardan iborat bo‘ladi. Xorazm dos -

tonchiligida dostonlar nasriy parchalardan va lirik she’rlardan

iborat bo‘ladi. Bu dostonlarning hajmi katta bo‘lmaydi.

Namanganda ham dostonlarning hajmi kichik, ammo

ularning matnlari Samarqand dostonchiligi kabi nasrdan va

epik she’riy parchalardan tashkil topadi.

Samarqand dostonchiligi an’anasiga mansub ≪Ravshan≫

dostonidan nasriy parcha keltiraylik:

≪Oq qiz shunday qiz edi: oti Oqqiz, Zulxumorga naq qiz.

Oqqiz o‘zi oq qiz, o‘zi to‘lgan sog‘ qiz, o‘rta bo‘yli chog‘ qiz,

o‘ynagani bog‘ qiz, uyquchi emas, sog‘ qiz, eri yo‘q o‘zi —

toq qiz, ko‘p kalondimog‘ qiz, yaxshi — tekis bo‘z bolani

ko‘rsa, esi yo‘q — ahmoq qiz, qora ko‘z, bodomqovoq qiz,

sinli-siyoq qiz, o‘zi semiz — turishi yog‘ qiz; o‘yinga qulayroq

qiz, to‘g‘ri ishga bo‘layroq qiz, o‘zi anqov olayroq qiz,

tanasi to‘sh qo‘ygan keng qiz, sag‘risi do‘ng qiz, urushqoq

emas — jo‘n qiz, a’zosi bari teng qiz...≫.

111


Endi she’riy parchalarga diqqat qiling:

≪Chu, deb otin uradi,

Oyog‘ini tiradi.

Suvsiz cho‘lda G‘irko‘k ot,

Irg‘ib, sakrab boradi.

Suvsiz cho‘lda mard Hasan,

Qattiq qistab boradi.

Obro‘ ber, deb yo‘llarda

Hasan ketib boradi≫.

Shuningdek, Samarqand dostonchiligiga oid she’riy

parchalarda lirik mazmundagi o‘rinlar ham uchraydi:

Paydo bo‘ldim, ikki gavhar donadan,

Parvoz qilib uchdim manzilxonadan,

O‘lim uchun g‘am yemayman, bo‘yingdan.

Bir armonim, yolg‘iz edim enamdan.

Ma’lum bo‘ladiki, Samarqand dostonchiligida nasr

badiiy jihatidan nazm bilan tenglasha oladi. Saj’1dan iborat

Oqqiz ta’rifida o‘nlab qofiyalangan so‘zlar uchraydi. Ular

orasida hazil, kulgili o‘rinlar ham bor. Demak, nasrda badiiy

mukammallikka erishilgan. She’riy parchalar esa ikki xil

bo‘lar ekan. Ko‘pincha ularda voqea bayon etiladi: otda

chopish, jang lavhalari, savol-javoblar, ziyofat tasviri va

hokazolar. Ammo ichki his-tuyg‘u ifodalangan o‘rinlar ham

uchraydi: ro‘y bergan voqeaga munosabat, ba’zan shodlik,

ba’zan o‘kinch tarzda ifodalanadi.

Xorazm dostonlarida holat boshqacharoq. Bu dostonlarda

voqeaning bayoni, ro‘y bergan hodisa tafsiloti faqat

nasrda ifodalanadi. She’riy parchalarda esa lirik histuyg‘

ular aks etadi. ≪Oshiq G‘arib va Shohsanam≫ dostoniga

murojaat qilaylik:

≪Shohsanam G‘aribni birdan ko‘radiyu, yana ko‘zdan

yo‘qotib, qayerga ketganini bilmay qoladi:

Uchirdim shunqor qushimni,

Hech bir yerda qarori yo‘q.

Vo hasrato, mahvoshimning,

To yetguncha qarori yo‘q≫.

≪Ravshan≫ dostonidan olingan parcha bilan ≪Oshiq

G‘arib va Shohsanam≫dan olinganini solishtirsak, nasr va

she’rdagi farq aniq ko‘rinadi. Endi Namangan dostonchiligi

an’anasiga oid ≪Zamonbek≫dan olingan bir parcha keltiraylik:

112

1 Saj’ — nasriy parchalardagi so‘zlarning qofiyalanib kelishi.



≪Go‘ro‘g‘li yigitlarining g‘ayrati kelib, o‘tday tutashib,

Shodmon polvon degan yigit Mamaniyoz orqasidan quvib

turgan joyi ekan:

≪Ko‘ring Shodmon polvon ishini,

Uni-buni deganiga qo‘ymaydi,

Bora qolib turvayidan ushlaydi,

Taqimini bir ko‘tarib tashlaydi≫.

Namunaning shakli va mazmunidan ma’lum bo‘ladiki,

nasrda ham, nazmda ham qahramonlar harakatining ba yoni

o‘z ifodasini bir xil topgan. Bu jihatdan Farg‘ona dostonchiligi

Samarqand an’anasiga o‘xshashdir

Yuqorida qayd etilgan dostonchilik an’analaridan

tashqari, ularning tarkibida dostonchilik maktablari ham

mavjud. Bir an’ana doirasida doston mazmunidagi mohi yat

saqlangan holda qahramonlar xatti-harakati, ruhiy ke -

chinmalari yo‘nalishini farqli tarzda namoyon qilish dostonchilik

maktablari tushunchasini izohlaydi. Dostonchilik

maktablari haqida tasavvur hosil qilish uchun quyidagi

ma’lumotni keltirish o‘rinlidir. Atoqli olimlarimizning

ma’lumotlariga qaraganda, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li Ergash

Jumanbulbulning muhabbat mavzuidagi dostonlarini, xususan,

≪Ravshan≫ni yaxshi aytishini tan olgan.

Ergash shoir esa Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining ≪Alpomish≫

dostonini aytishiga, ayniqsa, qahramonlik lavhalarining

jo‘shqin talqiniga qoyil qolgan ekan. Ayni choqda, Fozil

Yo‘ldosh Ergash shoirning ≪Alpomish≫ qahramonlik dostonini

muhabbatli qilib aytishini ta’kidlagan ekan. Shuning

o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, Bulung‘ur maktabiga mansub

Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li ko‘proq qahramonlik dostonlarini

yoki dostonlardagi qahramonlik lavhalarini ijro etishga

moyil bo‘lgan. Demak, Bulung‘ur maktabining o‘ziga

xosligini ham ana shu belgi bilan izohlash mumkin. Ergash

Jumanbulbul o‘g‘li vakil bo‘lgan Nurota (Qo‘rg‘on) maktabi

namoyandalari esa ko‘proq muhabbat mazmunidagi

dostonlarni ijro etganlar. Demak, Nurota maktabida

muhabbat lavhalarini, ruhiy holatlarni, his-tuyg‘ularni ifodalashga

ko‘proq e’tibor berilgan. Dostonchilik maktablari

haqidagi tasavvurga ana shunday belgilar vositasida aniqlik

kiritiladi. Aslini olganda, keyinchalik alohida-alohida maktab

sifatida shakllangan hududdan mohir baxshi yetishib

chiqqan. Keyingi shogirdlar ana shu baxshi tajribasidan va

ijro usulidan bahramand bo‘lganlar. Natijada, bir mahalliy

sharoitda aytilgan doston ikkinchisidan farqlanib borgan va

maktab sifatida shakllangan.

113

Xalq baxshilari ijodini o‘rganish ular ijro etgan dostonlar



orasida diniy mavzudagi asarlar ham mavjudligini tasdiqlaydi.

Bunday baxshilar mustaqillik yillarimizgacha

yashirin tarzda doston aytishga majbur bo‘lganlar. Mustabid

tuzumdagi turli tazyiqlar baxshilar sonining nisbatan

kamayib ketishiga olib keldi. Ular doston aytishdan tashqari

duoxonlik bilan ham shug‘ullanganlar.

Shunday qilib, xalq dostonlari alohida mahorat bilan

kuylangan markazlar shu hudud nomi bilan maktab sifatida

atalgan. ≪Hozirgi kunda o‘zbek folklorshunosligida

Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Sherobod, janubiy

Tojikiston, Xorazm kabi poetik dostonchilik maktablari

— baxshilik san’atining ajoyib markazlari aniqlangan

≫.1

Shulardan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li mansub bo‘lgan



Bulung‘ur dostonchilik maktabida ko‘proq qahramonlik

dostonlari badiiy jihatdan mukammal tarzda kuylangan. Bir

necha versiya, o‘nlab variantlari yaratilgan ≪Alpomish≫

qahramonlik dostonining Qo‘ng‘irot versiyasi sifatida eng

oliy va badiiy barkamol namuna — Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li

variantining qabul qilinishi bejiz emas. Professor Hodi

Zarifov qayd etgan Amin baxshi ham shu maktab vakili edi.

Bu maktab shuhratiga qadimda Muhammad shoir,

Sultonmurod Suyar, Rahimbulbul kabi baxshilar o‘z ijodlari

va ijrolari bilan munosib hissa qo‘shganlar. Ular

≪Alpomish≫, ≪Oysuluv≫, ≪Hasanxon≫, ≪Chambil qamali≫

kabi dostonlarni alohida mahorat bilan ijro etganlar.

Samarqand dostonchiligida nom taratgan yana bir maktab

Qo‘rg‘on dostonchiligi deb ataladi. Ergash shoirlarning

ajdod va avlodlari shu maktab vakillari hisoblanadi. Avvalgi

sahifalarda qayd etilganidek, bu maktab sohiblari dostonlarni

muhabbatli qilib aytganlar. Qo‘rg‘on maktabida

boshqalardan farqli o‘laroq Sulton kampir, Tilla kampir

ismli ayollar ham baxshilik san’atini egallaganlar. Ulardan

tashqari, Yodgor, Bo‘ron baxshi, Jassoq baxshi, Po‘lkan

shoirlar ijodi shu maktabda shakllangan usul bilan rivojlangan.

≪Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi≫, ≪Ravshan≫, ≪Kuntug‘ -

mish≫, ≪Dalli≫ dostonlarini ijro etish aynan shu maktab

vakillariga xos edi.

Yana bir maktab Shahrisabz nomi bilan yuritiladi. Bu

maktabda Xidir shoir, Ernazar shoir, Abdulla shoir kabi

114

1 Imomov K., Mirzayev T., Sarimsoqov B., Safarov O. O‘zbek xalq



og‘zaki poetik ijodi. T., ≪O‘qituvchi≫, 1990, 236-bet.

ijodkor baxshilar yetishib chiqqan. Bu maktabda Go‘ro‘g‘li

turkumiga oid dostonlar, ayniqsa, ≪Malikai Ayyor≫ dostoni

keng tarqalgan edi.

Narpay dostonchiligi maktabi ham bir qator baxshilari

va dostonlari bilan o‘zbek eposi rivojiga hissa qo‘shgan.

Narpay dostonchiligida Rajab shoirning tarbiyasida bo‘lgan

Islom shoir, Nurmon Abduvoy o‘g‘li nomlari alohida hurmat

bilan tilga olinadi. Islom shoir o‘z ijodida Qo‘rg‘on va

Shahrisabz maktablari an’analarini uyg‘unlashtira oldi.

Bu maktab vakillari ko‘proq ≪Orzigul≫, ≪Sohibqiron≫,

≪Gulixiromon≫ kabi dostonlarni ijro etishgan.

Shernazar Beknazar o‘g‘li, Umir Safar o‘g‘li, Ahmad

baxshi kabi ijodkorlar esa Sherobod dostonchilik maktabiga

mansub san’atkor edilar. Ular ijodida ham Go‘ro‘g‘li

turkumi dostonlari alohida o‘rin tutadi. Bu maktab vakillari

ayniqsa, ≪Malla savdogar≫, ≪Ollonazar Olchinbek≫ dostonlarini

badiiy jihatdan mukammal ijro etganlar.

Janubiy Tojikistonda yashovchi Haybat Shamol o‘g‘li,

Qunduz soqi kabilarning nomlari o‘zbek baxshilari orasida

hurmat bilan tilga olingan. Bu baxshilar ham Go‘ro‘g‘li

turkumi dostonlarini o‘ziga xos usulda ijro etganlar.

Xorazm dostonchiligi musiqiyligi, dostonni jo‘r ovoz

bo‘lib ijro etilishi, doston ijrosida bir necha musiqa

asboblarida jo‘r bo‘lishi bilan ajralib turadi. Qadimgi sayil -

larda, to‘ylarda 3—4 baxshi chaqirilgan va har bir baxshiga

alohida-alohida davra berilgan. Sayil yakunida mohir

baxshi atrofidagi odamlar ko‘payib, saviyasi past baxshi

atrofida hech kim qolmagan. Bu odat san’atkorning o‘z

ustida muttasil ish olib borishga va ijro san’atini egallashga

majbur qilgan. Undan tashqari, Xorazmda 40 yildan ortiq

xonlik qilgan Muhammad Rahimxon (Feruz) har yili

baxshi va xonandalarning ko‘rigini o‘tkazib, shaxsan o‘zi

ularga doston aytish huquqini bergan. Ijro darajasi zaif

baxshini omma o‘rtasida doston aytish huquqidan mahrum

qilgan. Dostonchilikka bu qadar mas’uliyat bilan yondashish

Xorazm dostonchiligi rivojini ta’minlagan. Bu

maktabda Amat baxshi, Bola baxshi (Qurbonnazar

Abdullaev), Boltavoy baxshi, Qodir sozchi, Murod baxshi,

Ro‘zimbek baxshi, Otaxon baxshilar ijod qilishgan va

≪Bozirgon≫, ≪Oshiq G‘arib va Shohsanam≫, ≪Qirq ming≫,

≪Oshiq Mahmud≫ kabi dostonlarni katta konsert dasturini

eslatadigan tomosha tarzida ijro etishgan.

Xalq dostonlari yurtimizning turli hududlarida turlicha

ijro etilishiga, ijro usullariga, voqealar sharhiga ko‘ra, hatto,

115


bir viloyatning o‘zida ayrim-ayrim maktablarga ega

bo‘lishidan tashqari mazmuniga ko‘ra ham bir necha turlarda

tasniflanadi. Taniqli olimlardan V. M. Jirmunskiy, H. T.

Zarifov, M. Saidov, T. Mirzaev, B. Sarimsoqovlarning

kuzatishlaricha, xalq dostonlarini turlarga bo‘lishda ko‘proq

ularning mazmuniga, qahramonlarning fe’l-atvoriga e’tibor

qilish ma’qul. Ammo nomlari tilga olingan olimlarning har

biri amalga oshirgan tasnif ma’lum darajada bir-biridan farq

qilishiga qaramay, ularni quyidagicha nomlash mumkin:


Download 434,34 Kb.
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   73




Download 434,34 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



«sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati

Download 434,34 Kb.