Harbiy xavf-xatarlar
XX asrning 50-yillarida dunyoning bir guruh mashhur olimlari yadro qurolini ommaviy qo‘llash sivilizatsiyaning to‘liq yo‘q qilinishiga olib keladi, degan ogohlantirish bilan chiqdi. Haqiqatan, yadro quroli barcha tabiiy ofatlarga qaraganda ham ko‘proq vayron qilish qudratiga ega. Bu qurolning paydo bo‘lishi tufayli tarixda ilk bor insoniyatning o‘zini o‘zi yo‘q qilish xavfi paydo bo‘ldi. Hozirda sivilizatsiyani muqarrar halokatga olib kelish uchun yer yuzida to‘plangan yadro qurollarining 1 foizini qo‘llash yetarli ekan. Ayni paytda insoniyat uchun harbiy xavf-xatar XXI asrda ham bartaraf etilmadi. AQSH va Rossiya kabi yetakchi yadroviy davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat va ishonchsizlik saqlanib qolar ekan, yadro urushi xavfi ham bartaraf qilinmaydi, insoniyat bunday urush xavfidan qutulmaydi. Shuningdek, dunyoda yadro quroliga yoki uni tez yaratish imkoniyatiga ega davlatlar sonining muttasil oshib borishi ham insoniyat uchun katta xavf bo‘lib qolmoqda.
Kimyo va gen muhandisligi yutuqlari tufayli kimyoviy hamda bakteriologik qurollarni takomillashtirish imkoniyatlari ham insoniyatni tashvishga solmoqda. Bunday qurollarni yaratishning nisbatan arzonligi, nazorat qilishning murakkabligi bu qurollarning koʻpayishiga imkoniyat yaratib, kichik to‘qnashuv o‘choqlarida paydo bo‘lish xavfini oshirmoqda.
Ekstremizm va terrorizm
Zamonaviy jamiyatning ko‘plab muammolari orasida so‘nggi paytda bir-biri bilan uzviy bog‘langan ikki muammo — ekstremizm va terrorizm alohida o‘rin tutadi. Ekstremizm va terrorizm insoniyatning ijtimoiy qadriyatlariga katta zarar yetkazadi, jamiyatda insonning himoyalanganlik hissini poymol qiladi.
Ekstremizm — ijtimoiy-siyosiy, diniy, milliy maqsadlarga taqiqlangan usullar orqali erishishning nazariyasi va amaliyoti. Taqiqlangan usullar deganda inson huquq va erkinliklariga qonunda man etilgan kuch ishlatish, zo‘rlik yo‘li bilan tajovuz qilish tushuniladi.
Terrorizmning mudhish “basharasi”
Ekstremist o‘zining siyosiy, diniy yoki boshqa ijtimoiy xavfli g‘oyalari haqligiga ishongan va ularni kishilar, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish uchun harakat qiladigan “g‘oyaviy” jinoyatchi. Bugun o‘zining mutaassib g‘oyalarini isbotlash va ularni jamiyatning asosiga aylantirish uchun harakat qilayotgan, o‘z faoliyati davomida dahshatli g‘ayriinsoniy usullardan foydalanayotgan bu guruhlar shunday ekstremistlardir.
|