|
Sotsial psixologiya
|
bet | 96/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024«Sotsiallashuv» atamasini birinchi bo‘lib amerikalik sotsiolog F.G.Giddings insonlarga nisbatan qo‘llagan. U o‘zining «Ijtimoiylashuv nazariyasi» (1897) kitobida «Sotsiallashuv individ tabiati yoki xarakterining rivojlanishi, insonni sotsial hayotga tayyorlashdir», degan fikrni bildiradi.
Har birimizning jamiyatdagi o‘rnimiz, uning qachon va qanday sharoitlarda paydo bo‘lgani, jamiyatga qo‘shilib yashashimizning psixologik mexanizmlari jarayoni psixologiyada sotsiallashuv yoki sotsializatsiya deb yuritiladi. Ijtimoiylashuvga oid bir qancha ta’riflar mavjud bo‘lib, quyida ulardan bir qanchasining izohi beriladi.
Sotsiallashuv (ba’zi adabiyotlarda sotsializatsiya deb berilgan) tushunchasi sotsial-psixologik, sotsiologik, pedagogik kategoriyalardan biri bo‘lib, bu atama shaxsning uni o‘rab turgan tashqi sotsial muhit ta’siri ostida jamiyatdagi mavjud tajribalarni o‘zlashtirishga moyilligi yoki o‘zlashtirganlik darajasini ifodalovchi jarayondir. Bu tushunchaning umumiy ma’nosi ostida individ tug‘ilib, uni o‘rab turgan birlamchi va ikkilamchi muhit ta’sirida ulg‘ayishi, undan so‘ng jamiyatga qo‘shilishi, o‘rgangan barcha tajribalarini atrof-muhitdagilar bilan hamkorlik qilish jarayonida qo‘llashi va kimlargadir shu tajribalarni uzatishda vosita bo‘lishi jarayoni tushuniladi.
Sotsiallashuv inson tomonidan sotsial tajribani egallash, hayot va faoliyat jarayonida uni faol tarzda qo‘llash jarayonidir.
Sodda til bilan aytganda, sotsiallashuv har bir shaxsning jamiyatga qo‘shilishi, uning me’yorlari, talablari, kutishlari va ta’sirini qabul qilgan holda, har bir harakati va muomalasida uni ko‘rsatishi va kerak bo‘lsa, shu sotsial tajribasini o‘z navbatida o‘zgalarga o‘rgata olish jarayonidir.
Sotsiallashuv so‘ziga berilgan ta’riflardan eng keng tarqalgani (lot. Socialis - sotsial, jamoaviy) individning jamiyatga kirib borib, undagi hayot uchun zarur bo‘ladigan malaka, rollar, me’yorlar va qadriyatlarni o‘zlashtirishidir. Sotsiallashuv jarayonida insonlarda jamiyatdagi muloqotning ishtirokchisi bo‘lishi uchun kerak bo‘ladigan sotsial sifatlar, bilimlar, ko‘nikmalar shakllanib boradi.
Hozirgi zamon psixologiyasida sotsiallashuv terminining yana ikkita sinonimi keng qo‘llaniladi: ya’ni bular «shaxs shakllanishi» va «tarbiya» jarayonidir. Sotsiallashuv «individning jamiyatga kirib borishi», «sotsial ta’sirlarni o‘zlashtirish» hamda «sotsial aloqa jarayonida ulardan foydalanish» kabi tushunchalar orqali ham ifodalanadi.
Sotsiallashuv - bu bizning jamiyatga qo‘shilib yashashimiz va shu jamiyatda mavjud bo‘lgan sotsial tajribalarni o‘zlashtirishimizdan iborat bo‘lgan jarayondir. Bu jarayon uch bosqichdan iborat holda kechadi:
|
| |