|
O’zbekiston dehqonchilik tarmog’i rivojlanishi va joylanishi
|
bet | 118/171 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 1,66 Mb. | | #231734 |
Bog'liq attaestatsiya javoblari32 O’zbekiston dehqonchilik tarmog’i rivojlanishi va joylanishi
O'zbekistonda sug'orib dehqonchilik qilish keng tarqalgan. Sug'oriladigan yerlar mamlakat yer boyliklarining 9,2 foizini tashkil etsa-da, qishloq xo'jaligida yetishtiriladigan yalpi mahsulotning 98,5% i shu yerlarda yetishtiriladi.
Dehqonchilikda paxtachilik katta o'rin egallaydi. O'zbekistonda asosiy texnik ekin bo'lgan paxta qishloq xo'jaligining deyarli barcha sohalari va sanoatning ko'pgina tarmoqlari yuksalishining bosh omilidir. U barcha texnik ekin maydonlarining 97 foizini egallaydi.
Paxtachilik yuksala borgani sari iqtisodiyotning turli tarmoqlari bilan uning ishlab chiqarish aloqasi kengayib, paxtachilik majmuasi vujudga keldi. Paxta yalpi hosilini ko'paytirish uchun, birinchidan, hosildorlikni oshirish zarur. Hosildorlikni oshirishda paxta navlari hamda almashlab ekishni to'g'ri yo'lga qo'yish muhim ahamiyat kasb etadi. Olimlar g'o'zaning ertapishar hamda vilt kasaliga chidamli navlarini yaratdi. Natijada vegetatsiya muddati qisqaroq bo'lgan shimoliy mintaqalarda ham paxta yetishtirilmoqda. Mutaxassislar chigitni plyonka ostiga ekish usulini o'ylab topishdi. Andijon viloyatida amalga oshirilgan bu tajriba o'zini oqladi va paxta boshqa viloyatlardagidan bir necha kun erta yetildi. Endilikda bu usul boshqa viloyatlarda ham qo'llanilmoqda.
Paxta beda, makkajo'xori va sholi bilan almashlab ekilsa, tuproq tarkibi yaxshilanadi, uning sho'ri kamayadi, paxta kasallikka chalinmaydi. Beda, makkajo'xori ekilishi tufayli chorva mollari uchun oziqa ham olinadi. Respublika iqtisodiyotining 70% dan ko'proq tarmog'i texnologik jihatdan paxtachilik bilan bog'liq. Ayni vaqtda donli ekinlar ekishni rivojlantirishga ham katta e'tibor berilmoqda. Mustaqillikka qadar jami ekin maydonining 20 foiziga yaqin qismida donli ekinlar ekilgan bo'lsa, endilikda donli ekinlar maydonlari hissasi 47 foizdan oshdi, natijada mamlakatimiz don mustaqilligini ham qo'lga kiritdi.
Donning asosiy qismini bug'doy, arpa, sholi, makkajo'xori va oq jo'xori tashkil qiladi. Bug'doy va arpa ko'proq bahorikor yerlarga ekiladi. Qishning yumshoq va nam kelishi hamda bahorgi yog'ingarchilik kuzgi g'alla uchun qulay sharoit yaratadi. Bug'doy bilan arpaning kuzgisi lalmi bug'doy va arpaga qaraganda serhosil bo'ladi.
Donli ekinlar yetishtirishda sholikorlik ham kattagina o'rin tutadi. Sholi vegetatsiya davri uzoq, serquyosh, suvga mo'l yerlarda yaxshi o'sadi. U hosildorlik jihatidan faqat makkajo'xoridan keyin turadi. Sholi Xorazm, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Toshkent viloyatida, Zarafshon va Farg'ona vodiylarida ko'p ekiladi.
Amudaryo quyi oqimi sohillaridagi unumdor qo'riq yerlarni ishga solish va ularni sug'orish uchun suv boyligidan foydalanish ko'plab sholi yetishtirish imkonini bermoqda. Endilikda yetishtirilgan guruchni chetga eksport qilish imkoniyati tug'ildi. O'zbekistonda ko'p yillik taran (teri oshlashda ishlatiladigan xomashyo), kanop, zig'ir, kunjut, maxsar, tamaki ham o'stirilmoqda.
Sabzavotchilik va polizchilik deyarli barcha viloyatlarda rivojlangan. U Toshkent, Samarqand, Andijon kabi yirik sha-harlar atrofida katta maydonlarni egallaydi. O'zbekiston qovunlari xushbo'y va shirinligi bilan qadimdan mashhur. Ular Xorazm, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog'istonda ko'plab yetishtiriladi.
Bog'dorchilik va uzumchilik tabiiy sharoit, xalqning asrlar bo'yi to'plagan boy tajribasiga muvofiq har bir viloyatda alohida tarmoq sifatida ixtisoslashgan. Quva (Farg'ona viloyatida) va Dashnobod (Surxondaryo viloyatida) anorlari, Andijon uzumi, Samarqand mayizi azaldan mashhur. Xorazm, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog'istonda bog' va tokzor maydonlar birmuncha kamroq. Sabzavot-poliz ekinlari, meva va uzumlar mamlakatimizdan shimolda joylashgan yurtlardagiga nisbatan 60-70 kun erta yetiladi. Demak, bu sohada ham O'zbekiston talay eksport imkoniyatlariga ega. O'zbekistonda bog'dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan 50 dan ortiq xo'jaliklar bor. Ularning aksariyati o'zi yetishtirgan mahsulotni shu yerda qayta ishlab, sharbat va konserva tayyorlaydi. Ana shunday sanoat korxonalari bo'lgan xo'jaliklar negizida agrosanoat birlashmalari vujudga kelmoqda.
|
| |