OLIY VA O‘RTA MAXSUS HARBIY TA’LIM MUASSASALARIDA KURSANT VA TINGLOVCHILARNI O‘QITISHDA INNOVATSION TEXNOLOGIYALARDAN FOYDALANISHNING AHAMIYATI
Xadjieva B. A. – O‘zbekiston Respublikasi FVV YOXI YOO‘TF kafedrasi o‘qituvchisi, podpolkovnik
Nazarov F. A. – O‘JT va MB boshlig‘i, mayor
Hozirgi kunda ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalar, pedagogik va axborot texnolgiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llashga bo‘lgan qiziqish, e’tibor, kundan kunga kuchayib bormoqda. Bunday bo‘lishining sababi shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda ta’lim oluvchilarining faqat tayyor bilimlarni egalashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar ularni egallayotgan bilimlarini o‘zlari izlab topishlariga, mustaqil o‘rganib, tahlil qlishlariga o‘rgatadi.
“Innovatsiya” tushunchasi biror-bir turdagi faoliyatni tarkibiy jihatdan yangilanishini, tubdan o‘zgartirilishini ifoda etadi. Mavjud modda yoki materialning yangi holatga o‘tishi yoki yangicha sifat kasb etishi bilan bog‘liq jarayon innovatsiya sifatida e’tirof etiladi. Bu jarayonni ba’zida yangilikning amaliyotga joriy etilishi deb ham atashadi. Innovatsiyalar dastavval insonlar ongida mavjud reallik bilan uning ideal holati o‘rtasidagi tafovut sifatida shakllanadi. Aksariyat hollarda innovatsion g‘oyalar tez o‘sib borayotgan ehtiyojlar bilan nisbatan sust rivojlanayotgan ishlab chiqarish tizimining potensial imkoniyatlari o‘rtasidagi ichki ziddiyatlarni bartaraf etishga intilish asosida shakllanib boradi.
Bugungi kunda ta’lim tizimi juda ko‘p innovatsiyalar tatbiq qilinadigan sohaga aylandi. Ta’limdagi innovatsiyalarni shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin:
Bevosita ta’lim jarayoni innovatsiyasi;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalararo munosabatlar innovatsiyasi.
Bevosita ta’lim jarayoni innovatsiyasiga dars jarayonini interfaol usullar bilan o‘tkazishda kompyuter texnologiyalari, multimediya, elektron darslik, slayd taqdimotlar, kursantlar bilimini elektron tarmoq orqali nazorat qilish, elektron test savollari o‘tkazish kabi innovatsion jarayonlar kiradi. Bunday ta’lim jarayonida kursantlar tomonidan darsni o‘zlashtirish darajasi, darsga qiziqish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uzviy bog‘lash, amaliy misollar asosida taqdimotlar tayyorlash orqali ularda ma’lum ko‘nikmalar hosil qilinadi. Ma’ruzachi tomonidan ma’ruza o‘qish subyektidan kursantlar bilan faol ishlaydigan, ularni mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradigan, nutq qobiliyatini oshiradigan dars jarayonining boshqaruv subyektiga aylanadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalararo munosabatlar integratsiyasi bugungi kunda zamonaviy axborot vositalaridan keng foydalanilgan holda amalga oshirilmoqda. Ta’lim jarayonining globallashuvi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalararo integratsiyaning nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xorijiy mamlakatlar bilan shakllanishi albatta, eng taraqqiy etgan innovatsion usullarni tatbiq etishni taqozo etadi. Bunday integratsiya asosida videokonferensiyalar, pochtali konferensiyalar, masofaviy ta’lim turlarini amalga oshirish mumkin. Onlayn rejimida o‘tkaziladigan bunday faol muloqot jarayonida ikki tomondagi olimlar o‘rtasida dolzarb muammolar bo‘yicha bahs-munozaralar, ularning yechimlari, ma’lum bilim sohalari bo‘yicha tajriba almashish kabi vazifalar amalga oshiriladi. Videokonferensiyalarda ikki tomon vizual ravishda aktiv muloqot olib borishi bu zamonaviy informatsion axborot tizimlarining yutuqlaridir. Ta’lim muassasalarida innovatsion texnologiyalarning ilm-fan samaradorligiga ta’sir etuvchi omillari quyidagilar:
– ilmiy salohiyat tarkibi, jumladan, iste’dodli olimlar, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, yuqori malakali injener-texnik xodimlar mavjudligi;
– ilmiy tadqiqot ishlari mavzusining dolzarbligi va amaliy ahamiyati;
– ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun ilmiy adabiyotlar va boshqa axborot resurslari bilan ta’minlanganligi;
–o‘tkaziladigan tadqiqotlar va tadqiqotchilarni moddiy rag‘batlantirish uchun moliyalashtirish manbalari;
– ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, shuningdek, qabul qilingan reja va chora-tadbirlar boshqaruvi va nazoratini amalga oshirish;
– ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni ta’minlovchi ilmiy-texnik va yordamchi xizmat mavjudligi.
O‘zbekiston ta’lim sohasida bozor islohotlarini amalga oshirib, xorijiy mamlakatlar ta’lim tizimi bilan integratsiya jarayonlarini aniq maqsadlarga muvofiq ravishda olib bormoqda. Hamdo‘stlik mamlakatlaridan Rossiya, xorijiy davlatlardan Singapur, Buyuk Britaniya, Italiya bilan ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarini amalga oshirdi.
Yuqorida keltirilgan fikr va mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, nafaqat fuqarolik oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalarini, balki oliy va o‘rta maxsus harbiy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi kursant va tinglovchilarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan keng hamda samarali foydalanish va bu orqali jamiyatga yetakchi soha vakillarini tayyorlashni bugungi kunning o‘zi taqozo etmoqda.
|