32
To‘pni o‘yinga kiritishning barcha turlarini qabul qilishni bajarish jarayonida
o‘yinchi turish holatini saqlashga intilishi lozim, bu to‘pni aniq yetkazib
berishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, qaytaruvchi platformani zarur
qattiqlikka to‘g‘ri mo‘ljallash, vaziyatga muvofiq boldir tovon bo‘g‘inlari
harakatlari, kamroq yelka va tizza bo‘g‘inlari harakati hisobidan uning salbiy,
nol yoki ijobiy tezligini yaratish orqali ta’minlanadi. Qabul qiluvchi o‘yinchi
tomonidan turish holati va platformani, to‘pni qabul qilganidan keyin ham
qabul qilishdan oldingi holatda saqlab turishi lozim.
O‘yinga kiritilgan to‘pni qabul qilishga doir zaruriy xulosalar
To‘pni o‘yinga kiritishlarni sifatli qabul qilish uchun, to‘pning uchish
trayektoriyasini aniqlash asosida o‘yinchining o‘z vaqtida to‘p bilan uchrashish
joyiga o‘tib olishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Harakatlanishdan keyin platforma bilan to‘pni qaytarish uchun tayyorlangan
turish holatida to‘xtash zarur. To‘p bilan ishlashda qaytaruvchi platforma
qattiqligini yo‘qotmasligi va joylashishidagi mo‘ljalini o‘zgartirmasligi kerak.
Kutilmaganda uchish trayektoriyasini o‘zgartiruvchi yoki noodatiy
trayektoriya bilan yuborilgan to‘pni qaytarish uchun platformani to‘pni
“tizzadan tashqari”ga olib chiqishga yo‘l qo‘yiladi.