Toshqin vaqtida qanday muhofaza qoidalariga rioya qilish kerak?
Avvalo, toshqin xavfi bor joylarda har qanday qurilish inshootlari barpo
etishga chek qo‗yish kerak. Toshqinning hosil bo‗lish xususiyatiga ko‗ra ba‘zi ehtiyot
choralarini amalga oshirish lozim. Ya‘ni oziq-ovqat, ichimlik suvi, kiyim-kechak va
boshqa maishiy-xo‗jalik zaxiralariga ega bo‗lish, ularni suv bosmaydigan joylarda
saqlash, kerakli hujjatlar, zarur mol-mulk bilan evakuatsiyaga tayyorgarlik ko‗rish
zarur. Toshqin juda katta tezlik bilan avj olayotgan bo‗lsa, zudlik bilan yaqin
58
atrofdagi tepalikka qarab yurish, bino sharoitida bo‗lsangiz yuqori qavatlarga
ko‗tarilish, tomlarga chiqib olish tadbirlarini amalga oshirish lozim.
Ammo barcha ehtiyot choralariga qaramay mabodo, suv ichida qolsangiz, eng
muhimi sarosima va vahimaga berilmasdan xotirjamlik bilan ustki va oyoq kiyimlarni
yechish, suv oqimi bo‗ylab birorta balandroq yoki mustahkam asosga ega predmetni
tanlash, suv bilan birga harakat qilayotgan buyumlardan o‗zingizni ehtiyot qilish
choralarini ko‗rishingiz lozim. Zaruratga ko‗ra uylar, xonalarni tark etayotganingizda
suv, gaz, elektr tarmoqlarini xavfsiz holatga keltirishni unutmaslik kerak.
Yerto‗lalarda oziq-ovqat zaxirasi mavjud bo‗lgan taqdirda ularni quruq joylarga, suv
bosib zarar yetkazmaydigan joylarga olib qo‗ygan ma‘qul.
Albatta, ehtiyot choralarini oldindan tashkillashtirib, uyushqoqlik bilan olib
borilsa, har qanday fojiadan keladigan talafot va zararni kamaytirishga erishiladi.
Lekin aksariyat hollarda aholi tomonidan beparvolikka yo‗l qo‗yiladi. Tabiiy ofat,
xususan, toshqin qanchalik qisqa vaqtni qamrab olmasin ma‘lum talafotlarga sabab
bo‗ladi. Shu jarayon bo‗lib o‗tgandan so‗ng qanday ishlarni birinchi galda amalga
oshirish kerak. Quyida shular to‗g‗risida to‗xtalamiz.
Avvalo, har qanday tabiiy ofat yuzaga kelgan maydon va hududda o‗ziga
yarasha antisanitariya holati yuzaga keladi. Buning oqibatida odamlar, tirik
organizmlar yuqumli kasalliklar bilan zararlanishi mumkin. Shu vaziyatdan chiqish
uchun ma‘lum muddatgacha faqat qaynatilgan suv iste‘mol qilish va quruq oziq-
ovqatlar bilan chegaralangan ma‘qul. Zarurat tufayli boshqa yerga ko‗chgandan so‗ng
qaytib kelinganda uyning holati, atrof yo‗laklarni sinchiklab ko‗zdan kechirish kerak,
hech vaqt uyga kirishga shoshilmang. Toshqin tufayli uylarning devorlari zax tortishi,
namgarchilik me‘yoridan ortib ketishi oqibatida inshootlar bardoshligi zaif bo‗lib
qoladi, natijada uncha katta bo‗lmagan tashqi kuch ta‘sirida binolar qulab ketishi
mumkin.
Suv to‗planib qolgan joylardan alohida yo‗laklar hosil qilib yurish joylarini
tashkil etish kerak. Xonalarni diqqat bilan ko‗zdan kechirib, eshik va derazalarning
mustahkamligiga ishonch hosil qilganingizdan keyin ularni ochib qo‗ying. Xona
ichida qolgan oziq-ovqatni iste‘mol qilishdan o‗zingizni saqlang. Mavjud asbob-
uskunalardan, ayniqsa elektr asboblaridan foydalanishda nihoyatda ehtiyot bo‗ling.
Chunki to‗liq qurimagan asboblar boshqa FVlar yuzaga kelishiga sabab bo‗lib,
qo‗shimcha noxushliklarga olib keladi. Bundan tashqari har qanday tabiiy ofatni
bartaraf etishda ham o‗ziga yarasha talab va qoidalari mavjud. Xususan, toshqindan
so‗ng uni bartaraf etishda keng miqyosda aholi tomonidan qanday ishlar amalga
oshirilishi lozim?
Yuqorida ta‘kidlanganidek, atrof sinchiklab o‗rganilgandan so‗ng, suv bosgan
joylar ortiqcha narsalardan xalos qilinib, quritish ishlari amalga oshiriladi.
Inshootlarda yarim o‗pirilgan, qayta tiklab bo‗lmaydigan joylar aniqlansa, tezda
buzib tashlanishi va u joylar tozalanishi kerak. Binolarning pastki, pastam joylarida
suv to‗planib qolgan bo‗lsa, suv chiqarib tashlanadi. Toshqin natijasida shikastlangan
maishiy-energetika tarmoqlari, yo‗llar, ko‗priklar va boshqa inshootlarni ta‘mirlashga
kirishiladi. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish aholidan uyushqoqlik, jipslik va
o‗zaro hurmatni talab etadi. Shundagina FV oqibatini tezda bartaraf etish mumkin.
Toshqin va sellarning paydo bo‗lishida respublikamiz hududlaridan tashqarida
59
bo‗lgan tabiiy suv omborlari, gidrotexnika inshootlari ham o‗ziga yarasha xavf
tug‗diradi. Fikrimizcha, bunday obyektlarning joylashgan o‗rni, xavflilik darajasi,
ko‗lami to‗g‗risida batafsil ma‘lumot berilsa maqsadga muvofiq bo‗ladi. Aksariyat
hollarda FVlar yuz bergan vaqtda aholi o‗rtasida ma‘lumot yo‗qligidan sarosimaga
tushish holati talafot ikki-uch barobar ko‗payib ketishiga olib keladi. Bunday
holatlarda aholi harakatining ba‘zi qoida va talablari to‗g‗risida keyingi bo‗limlarda
batafsil to‗xtalamiz. Shu maqsadda respublikamiz hududidan tashqarida bo‗lgan,
lekin aholining farovon turmushiga ma‘lum darajada tahdid solib turgan xavf
―o‗choqlari‖ to‗g‗risida ma‘lumot beramiz.
Albatta, bunday ma‘lumotlarni berishdan maqsad, aholi o‗rtasida behalovatlik
yoki sarosimaga tushishga ma‘lum sharoit yaratish emas, balki zukko o‗quvchilarga
xavf to‗g‗risidagi ma‘lumotni yetkazish, real voqelikdan xabardor qilish. Zyero,
xavfni bilmasdan, to‗liq ma‘lumotga ega bo‗lmay unga tayyorgarlik choralarini
ko‗rish mushkuldir. Qishloq xo‗jaligini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng
miqyosdagi tadbirlarda nafaqat tuproq yemirilishi, eroziya, jarlanish jarayonlarining
oldini olish, balki yer yuzida paydo bo‗lgan shunday joylarni qayta rekonstruksiya
qilib, qishloq xo‗jaligi aylanmasiga kiritish muhim ahamiyatga ega.
Buning uchun, avvalo tashkiliy ishlarni yo‗lga qo‗yish, ya‘ni ―Yer to‗g‗risida‖,
―Suv va suvdan foydalanish to‗g‗risida‖, ―Ekologik ekspertiza to‗g‗risida‖gi qonunlar
asosida ish yuritish maqsadga muvofiqdir. Tog‗li va tog‗ oldi adirlarida yemirilish,
eroziyaning oldini olishga qaratilgan tadbirlar bilan bir qatorda, tekislik, ko‗p yillik
sug‗orma yyerlarda tuproqni sho‗rlanishdan, biologik xususiyati kamayib ketishining
oldini olish tadbirlarini qo‗llash lozim. Buning uchun ilmiy asoslangan usullar bilan
tarixiy, ota-bobolarimiz qo‗llab kelayotgan omillarni uyg‗unlashtirish yaxshi samara
beradi. Umuman, meliorativ va gidromeliorativ choralar asosida har bir joyning
morfologik va morfometrik ko‗rsatkichlarini inobatga olib ish yuritish tuproq
muhofazasini ta‘minlovchi asosiy omillardir. Tuproqning hayotdagi biologik o‗rni
naqadar yuksakligi va uni asrab-avaylash bo‗yicha ko‗pgina maxsus, ilmiy-ommabop
risolalar yaratilganligi uchun bu mavzuga ortiqcha to‗xtalmaymiz.
Xususan, tashqi xavf to‗g‗risida: ―Moylisuv daryosining (Qirg‗iziston)
qirg‗oqlari yoqasida 1944-yildan to 1964-yilgacha uran rudasini qayta ishlash
chiqindilari ko‗milgan. Hozirgi vaqtda qoldiqlar saqlanadigan 23 ta joy mavjud. Bu
yerlarda selni to‗sadigan to‗g‗onlarni mahkamlash hamda ko‗chki xavfi mavjud
joylardagi qiyaliklarning mustahkamligini ta‘minlash lozim‖ deb mahalliy hukumat
rahbarlari, ilmiy va ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari oldiga muammoning
yechimini topish yo‗llarini, xavfli hududlarda mas‘uliyat va javobgarlikni oshirish
lozimligini uqtirsalar, keng jamoatchilikni shunday xavflardan ogoh bo‗lishga
chaqiradilar.
Haqiqatda, Vatanimiz hududlari atrofidagi xavfli joylar hamma diqqat-
e‘tiborida bo‗lishi, ular to‗g‗risida yetarli ma‘lumotga ega bo‗lish hozirgi zamon
talabidir. Binobarin, birorta xavf to‗g‗risida yetarli axborot tizimi va majmuasiga ega
bo‗lingan taqdirdagina uning oldini olish yoki bartaraf etish chora-tadbirlari ishlab
chiqilib, to‗g‗ri amal qilishga erishiladi. Respublikamizning tabiiy-geografik o‗rnini
kuzatar ekanmiz, har bir mintaqaning turli halokatli maydonlarni qamrab olganligiga
guvoh bo‗lamiz. Birgina Farg‗ona vodiysini olsak, vodiyga yo‗nalgan barcha suv
60
tarmoqlarining boshlanish qismlari baland tog‗liklar, ayrim joylari abadiy qor va
muzlikdan iborat bo‗lib, ob-havo keskin o‗zgarishi oqibatida bu suv tarmoqlarida
toshqin, sel xavflari yuqori ekanligidan dalolat beradi. Bu esa tezkor amaliy tadbirlar
o‗tkazish, shu hududlarda joylashgan aholi o‗rtasida xavfli halokatlardan saqlanish
yo‗llarini targ‗ib qilishni taqozo etadi.
Shunday qilib, Vatanimiz hududida ham ichki, ham tashqi muhitdan zarar
yetkazadigan turli tabiiy ofatlar xavfi mavjud ekan, ularni chuqur mulohaza qilish,
avvalo oldini olish, bashoratlash va oqibatlarini bartaraf etishda faol qatnashish har
bir fuqaroning sharafli burchi hisoblanadi. Mamlakatimizda, xususan, tabiiy
ofatlarning oldini olish borasida muhim ishlar amalga oshirilayotganini e‘tirof etgan
holda, shuni ta‘kidlash lozimki, bunday tadbirlar faqat ushbu muammo bilan
shug‗ullanuvchi ilmiy va ishlab chiqarish tarmoqlari doirasidagina chegaralanib
qolayapti.
Ularni keng miqyosda aholi o‗rtasida targ‗ib qilish, talab va qoidalarga rioya
qilish odobi, madaniyatini shakllantirish juda sustkashlik bilan olib borilmoqda.
Tabiiy ofatlarga loqayd bo‗lish qanday oqibatlarga olib kelishi, davlat xazinasiga
qanchalik ta‘sir etishi, eng muhimi insonlar nobud bo‗lishiga sabab bo‗lishi boshqa
mamlakatlarning achchiq tajribasidan ko‗rinib turibdi. Albatta, bunday holatga
tushmaslikning birinchi tadbiri o‗zimiz va atrofdagilarni to‗g‗ri harakat qilishga
o‗rgatishdan iborat. Zero, milliy mafkura va milliy g‗oyamizning asosi ham, xavfsiz
yashash sharoitini ta‘minlashga asoslangan.
|