297
Agar bunday taklif yozma ravishda qilingan bo‟lsa, taklifni qabul
qilganlik (aksept) to‟g‟risidagi javob uni olish uchun lozim bo‟lgan normal
vaqt davomida olingan taqdirdagina, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar shartnoma tuzishga rozi bo‟lganlik to‟g‟risidagi kechiktirilib
olingan javobdan uning o‟z vaqtida yuborilganligi ma‟lum bo‟lsa, bu holda
taklif qiluvchi shaxs (offerent javobning kechiktirilib olinganligi
to‟g‟risida ikkinchi taraf (akseptant)ni darhol xabardor qilsagina javob
kechiktirilgan hisoblanadi. Bu holda javob ayni paytda yangi taklif (oferta)
hisoblanadi.
FKning 375-moddasida ko‟rsatilganidek, ofertada taklif qilinganidan
boshqacha shartlar asosida shartnoma tuzishga rozilik bildirish
to‟g‟risidagi javob aksept hisoblanmaydi. Bunday javob akseptdan bosh
tortish va ayni vaqtda yangi oferta hisoblanadi.
Odatda, shartnomada u tuzilgan joy ko‟rsatib o‟tilishi kerak. Agar
shartnomada uning tuzilgan joyi ko‟rsatilmagan bo‟lsa, shartnoma oferta
yo‟llagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaxsning joylashgan
yerida tuzilgan hisoblanadi (FK 376-modda).