|
Suqrot (Sokrat, m.a. 470-399yy
|
bet | 4/13 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 122,42 Kb. | | #231332 |
Bog'liq Abdujalilova Durdona kurs ishi 10.05Suqrot (Sokrat, m.a. 470-399yy) haqidagi ma'lumotlar uning shogirdlari Aflotun va Ksenofont tomonidan qoldirilgan asarlarda uchraydi. Manbalarda yozilishicha, Suqrotning falsafaga qiziqishiga Delfiyadagi Appolon ibodatxonasiga bitilgan Xilonga tegishli bo‘lgan “O‘zingni o‘zing angla” shiori sabab bo‘lgan.
Suqrotning fikricha, polis (shahar - davlat) hayotini qonunlarsiz faqat ahloqiy qadriyatlar asosida tashkil etish mumkin emas. Uning fikricha, faqat ilmli insonlar boshqaruvda band bo‘lishi va qonunlarni ishlab chiqishi mumkin.
Aflotun (Platon, m.a. 427-347yy) avvaliga shoir sifatida faoliyat olib borgan, so‘ng Suqrot g‘oyalari ta'siri ostida mashhur yunon faylasufiga aylandi. Uning ijtimoiy qarashlari “Kriton”, “Bazm”, “Fedon”, “Gipiy Kichik” nomli asarlarida, siyosiy qarashlari esa “Davlat”, “Qonunlar” kabi asarlarida bayon etilgan6.
Aflotunning fikricha, insonning o‘z sezgilari orqali atrof olam haqida olayotgan axborotlarini butkul to‘g‘ri va o‘zgarmas, deb bo‘lmaydi. Olingan axborotlar ob'ektiv ravishda g‘oya sifatida shakllangan bo‘lsagina, u o‘zgarmas va qaytariluvchandir. Shuning uchun olim atrof olam g‘oyalardan iborat, deb hisoblagan. Inson ruhi shu g‘oyalarga eng yaqin hisoblanib, ruh tanaga kirgunga qadar atrofdagi g‘oyalarni mukammal o‘zlashtirgan bo‘ladi. Ammo tanaga kirgach, bu g‘oyalarni unutadi va hayoti davomida izlanishlar natijasida inson ruhi o‘zi unutgan g‘oyalarini eslay boshlaydi. Aflotunning fikricha, eng oliy g‘oya bu Yaratguvchi va ezgulik g‘oyasidir7.
Olim davlatni insonning yirik shakldagi proeksiyasi, deb hisoblagan. “Davlat inson o‘z ehtiyojlarini faqatgina o‘z kuchi bilan qondirish imkoniga ega bo‘lmaganida vujudga keladi. O‘z ehtiyojlarini qondirish ishtiyoqi insonlarni birlashishga undaydi, ular o‘zaro bir-biriga yordam bera boshlaydi va jamoalarga birlashib, davlat shakllanadi8”. Olimning fikricha, davlatning asosiy maqsadi fuqarolarda ezgu xulqni shakllantirish orqali-ideal insonni yaratish va shu bilan davlatning barqaror saqlab qolishdan iborat. Ideal tipdagi davlatda fuqarolarning tabiatan mavjud bo‘lgan qobiliyatlari (bo‘ysunuvchanlik, jasorat, adolat va donolik) asosida quyidagicha ierarxiya mavjud bo‘lgan:
buysunuvchanlik qobiliyati: dehqonlar, hunarmandlar va tadbirkorlar
jasorat va adolat qobiliyati: davlatni ichki va tashqi tazyiqlardan himoya qiluvchi harbiylar va qonun-tartibni ta'minlovchi himoyachilar
donolik qobiliyati: davlat boshliqlari (faylasuflar), ularning vazifasi adolatli qonunlar ishlab chiqish va davlatni donolik bilan boshqarishdan iborat bo‘lgan9.
Aflotun o‘zining ideal davlat g‘oyasini Sitsiliyada Dionisiya tiraniyasi asosida amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Ammo uning bu urinishi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi.
Qadim yunon faylasufi Arastu (Aristotel, m.a.384-322yy.) “Siyosat” nomli asarida siyosat to‘g‘risidagi fanga asos solgan. U Aflotunni o‘zining ustozi sifatida tan olgan bo‘lsada, uning ko‘pgina fikrlarini inkor qilgan. Ammo bu ikki alloma yevropa madaniyati va sivilizatsiyasining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Chunki ular ilk bor davlatning qaror topishi, shakllanishi va boshqaruvidagi teologik konsepsiyalarga10 qarshi chiqib, mazkur jarayonning tabiiy ravishda kechishi g‘oyasini ilgari surgan.
Arastu o‘zining ijtimoiy qarashlarini “Metafizika” (“Birinchi falsafa”), “Jon to‘g‘risida”, “Analitika”, “Siyosat to‘g‘risida” kabi bir qator asarlarida bayon etgan.
Arastuning fikriga ko‘ra, har qanday davlat tabiiy ravishda va tarixiy rivojlanish natijasida oiladan11 boshlab shakllanadi. Arastu ham Aflotun kabi insonlarning ehtiyojlariga to‘laligicha javob beruvchi ideal davlat boshvqaruvini yaratishga intilgan. Yu.N.Davidov Arastuning ijodini o‘rganib chiqish natijasida shunday xulosaga kelgan: “o‘z asarlarida polis nomi bilan atalgan va bugungi kunda ilmiy manbalarimizda davlat sifatida tarjima qilingan tushuncha, aslida olim tomonidan jamiyat sifatida talqin qilingan va anglangan”12.
Arastuning ideal jamiyatida qul va quldorlarning mavjudligi tabiiy holat, deya baholangan. Chunki davlatni kimdir boshqarishi, kimdir esa unga bo‘ysunib, bajaruvchi vazifasini ijro etishi kerak. Olim ahloqiy fazilatlar faqat erkin kishilarga – quldorlarga xos, deb bilgan. Davlat boshqaruvida xalqni o‘z izmiga solish faqat ikki yo‘l: qo‘rqitish (qo‘rquvda saqlash) va mehr-muhabbat (g‘amho‘rlik) ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi.
Aflotun va Arastudan so‘ng T.Gobbs, J.Lokk, J.Mill, Sh.Monteske, J.J.Russo, M.Veber va boshqalar jamiyat va davlatni boshqarishdagi parlamentarizm muammolarini o‘z asarlarida ko‘rib chiqishgan13.
Qadim Rim jamiyatidagi ijtimoiy muammolar, ya'ni, tabaqalar o‘rtasidagi va fuqarolar orasidagi munosabatlarni tartibga solish masalasi jamiyatda huquq normalarining yaratilishi, qonunlarning ishlab chiqilishiga olib keldi. Huquqshunoslik fanining yaralishi qadimgi Rimda boshlangan. Qadimgi Rim huquqi yevropada huquq ilmining rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun huquq fanning rivojlanishi qadimgi Rim bilan bog‘liq. Chunki nisbatan mukammal sanalgan va xususiy mulk munosabatlariga asoslangan respublika tuzumi aynan shu diyorga ilk bor qaror topgan edi (m.a. 510-509yy.). Bu paytda Rim qonunlari quldorlar huquqi va manfaatlarini himoya qilishga va aholining kam ta'minlangan qatlamlari hamda qullarni ekspluatatsiya qilishni qonunlashtirgan bo‘lsada, keyingi davrlarda yaratilgan qonunlarning tayanch asosi hisoblanadi.
Qadimgi Rimda Yunonistondagi kabi faylasuf olimlar ko‘p bo‘lmagan. Bu diyorda asosan qonunlar ishlab chiqilgan. Rim huquqi va jamiyatini o‘rgangan mashhur olim Mark Tulliy Sitseron (m.a.106-43yy.) yunon falsafasini Rim aholisi orasida keng yoyish orqali aholining dunyoqarashini shakllantirishga harakat qilgan. U Aflotun asarlaridan ruhlanib, “Davlat haqida”, “Qonunlar haqida” nomli asarlarni yozgan (m.a.54-51yy.). Mazkur ishlarida Sitseron Rimning davlat tuzilishini o‘rganib, uni mukammallashtirish yo‘llarini qidirgan. Sitseronning fikricha, davlat (respublika) xalqning boyligidir14. Shuning uchun u xalq tushunchasi borasida quyidagilarni bildirgan: “xalq qandaydir tarzda birgalikda to‘plangan har qanday odamlarning birlashmasi emas, balki huquq va manfaatlar umumiyligi masalalarida o‘zaro bir-birlari bilan, kelishish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘pchilik odamlarning qo‘shilmasidir15”. Shuningdek, mutafakkir barqaror va adolatli jamiyat qurishni orzu qilar ekan, uning markazini ideal fuqarolar tashkil etishini chuqur anglab yetgan. Ideal fuqaro burchlari sifatida Sitseron haqiqatni, adolatni anglagan, ruhiyati ulug‘vor va odob-ahloq doirasida bo‘lgan, o‘z intilishlarini faqat ezguliklarga qaratgan insonni tushunadi. Olim fuqarolarning burchlari borasida fikr yuritib, fuqaroning vatan oldidagi askar sifatida himoya qilish majburiyatini16 asosiy burchlardan biri sifatida ko‘rsatgan. D.Markovichning ta'kidlashicha, Sitseronning Rim huquqini o‘rganishdagi hissasi juda ulkan bo‘lib, buni sinfiy jamiyatni o‘rganishdagi ilk sotsiologik tadqiqot sifatida baholash mumkin17.
Fozil jamiyat qurishga oid nazariy izlanishlar bir qator Sharq uyg‘onish davri mutafakkirlari tomonidan yaratilgan. Adolatli jamiyat qurish, fuqarolik jamiyati unsurlarining shakllanishiga doir ulkan ilmiy meros qoldirgan buyuk mutafakkirlardan bir Abu Nasr Farobiy (875-950yy). Uning fikricha, jamiyatda har bir tabaqa yaxlit ijtimoiy organizmning ajralmas qismi sifatida, o‘zining muayyan funksiyalariga ega bo‘lib, shu vazifalarni bajarish uchun ixtisoslashgan bo‘ladi18. Olim jamiyatning kelib chiqishi haqida shunday yozgan: “Har bir inson o‘z tabiatiga ko‘ra shunday tuzilganki, u yashash va oliy toifali yetuklikka erishish uchun ko‘p narsalarga muhtojlik sezadi, uning o‘zi esa bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi. Shu bois ularga ega bo‘lishda kishilik jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi... Shu sababli yashash uchun zarur bo‘lgan, kishilarni bir-biriga yetkazib beruvchi va o‘zaro yordamlashuvchi ko‘p kishilarning birlashuvi orqaligina odam o‘z tabiati bo‘yicha intilgan yetuklikka erishuvi mumkin19”.
Olim jamoani uch toifaga ajratgan: buyuk jamoa – dunyodagi barcha xalqlarning birlashuvi; o‘rta jamoa – bir xalq yoki millatni birlashtiruvchi jamoa; kichik jamoa – alohida bir shahar. Albatta bunda olim o‘rta jamoa doirasida ilk fozil jamiyatni tushungan va tadqiq etgan. Uning fikricha, fozil jamoa qurish uchun insonlarning ma'naviy yuksalishi va ularda fuqaroviy fazilatlarning shakllanishi zaruriy shartdir. U shunday yozadi: “Fuqarolardan saylangan rahbar yoki boshliqlar hokimi mutloq emas. Ular odamlar ichidan ko‘tarilgan, sinalgan, eng olijanob, rahbarlikka loyiq kishilar bo‘ladilar. Shuning uchun bunday rahbarlar o‘z saylovchilarini to‘la ozodlikka chiqaradilar, ularni tashqi dushmandan himoya qiladilar. Bunday rahbarlar hammaga barobar munosabatda bo‘ladilar, xatto hammaning manfaatini o‘zlarining manfaatlaridan ortiq ko‘radilar, umumning manfaati uchun o‘zlarining shaxsiy manfaatlaridan voz kechadilar, xalq manfaati uchun o‘zlaridagi kuch-g‘ayrat va boyliklarni ayamaydilar20”.
Farobiy o‘z davridagi turli mamlakatlar hayotiy faoliyatini, ularning boshqaruv usullarini o‘rganish davomida ideal jamiyatning asosiy maqsadi insonlarni baxt va saodatga yetkazish, deya ta'kidlagan.
|
| |