|
Asosiy tog’ hosil bo’lish bosqichlari va yirik planetar rel’ef shakllari
|
bet | 32/86 | Sana | 14.01.2024 | Hajmi | 1,98 Mb. | | #137276 |
Asosiy tog’ hosil bo’lish bosqichlari va yirik planetar rel’ef shakllari.
Yer po’stining rivojlanishida va Yer yuzasi rel’efini hosil bo’lishida tog’ hosil bo’lish yoki burmalanish bosqichlari muhim ahamiyati kasb etadi. Yer po’sti rivojlanishi tarixida quyidagi burmalanish bosqichlari ajratiladi: Baykal, kaledon, gersin, mezozoy (kimmeriy va laramiy), Alp.
Baykal tog’ burmalanishi bosqichi proterozoy erasining oxiri va kembriy davrining boshida ro’y bergan. Mazkur burmalanish bosqichida Baykal bo’yi, Baykalorti tog’ tizmalari. Sayan tog’lari, Braziliya yassi tog’ligi, Koreya yarim orolidagi ba’zi tog’lar, Janubiy Afrikadagi tog’lar ko’tarilgan. Mazkur burmalanish jarayonida barcha qadimgi platformalar shakllangan.
Kaledon burmalanish bosqichi paleozoy erasining birinchi yarmida (Kembriy, Ordovik, Silur) sodir bo’lgan. Asosan ilk paleozoy bilan o’rta paoleozoy o’rtasida ro’y bergan. Burmalar, tog’lar paydo bo’lgan va magma otilib chiqqan. Ikkiga bo’linadi: erta kaledon burmalanish bosqichi, ordovikning oxiri, silurning boshlarida ro’y bergan; kech kaledon burmalanish bosqichi, silurning oxiri va devon davrining boshlarida sodir bo’lgan. Mazkur burmalanish bosqichda Grenalandiya, Britaniya orollari, Skandinaviya, Qozog’iston past tog’larining g’arbiy qismi, SHimoliy Tyan’shan. Oltoy, G’arbiy Sayan, SHimoliy Monogoliya, Janubi-sharqiy Xitoy tog’lari paydo bo’lgan.
Gersin burmalanish bosqichi paleozoy erasining ikkinchi yarimida (devon, karbon, perm) sodir bo’lgan. Devon davrining oxiri va karbon davrining boshlaridan boshlanib o’rta va kech karbonda kuchaygan va trias davrining o’rtalarida tutagan. Gersin burmalanish bosqichida Britaniya orollaridagi kembriy tog’lari, Kornoul yarim orolidagi tog’lar, Armorikan massivi, Reyn slanesli tog’lari, Gars rudali tog’lari, Ural, Tyanьshan, Oltoy, Kunlunь, SHarqiy Avstraliya, Appalachi, Atlas tog’lari, Qozog’iston past tog’larining sharqiy qismi ko’tarilagn. Keyinchalik mazkur gersinidlar platforma holatiga o’tgan.
Mezozoy burmalanishi. Ikki qismdan iborat: kimmeriy va Larmiy burmalanish bosqichlari.
Kimmeriy (Qoradengiz bo’yidagi qabila nomi) burmalanishi mezozoy erasining boshi va o’rtalarida sodir bo’lgan. Mazkur bosqichda burmali va ko’tarilma harakatlar va magmatizm jarayonlari xos bo’lgan. Qadimgi kimmeriy burmalanish bosqichi triassning oxiri va yura davrining boshlarida sodir bo’lgan. Mazkur bosqichda Verxoyansk-Kolima tog’li o’lkasi, SHimoliy Amerikada Kordilьera tog’larining katta qismi ko’tarilgan.
Laramiy bosqichi (AQSHdagi Laramiy daryosi nomidan olingan). Bo’r davrining oxiri va paleogen davrining boshlarida sodir bo’lgan. Mazkur burmalanish bosqichida SHimoliy Amerikadagi Qoyali tog’lar, Uzoq Sharqdagi Sixota-Alin, Saxalin tog’lari ko’tarilgan. Tibetda va Malay yarim orollarida ham sodir bo’lgan.
Alp burmalanish bosqichi. Kaynazoy erasida sodir bo’lgan. Ushbu burmalanish bosqichi ro’y bergan Alp tog’lari nomi bilan atalgan. Alp burmalanish natijasida hozirgi mavjud ko’p tog’ tizmalari ko’tarilgan. Ular ikkita tog’ mintaqasini hosil qilgan (Alp-Himolay va Tinch okean):
- Alp-Himolay mintaqasi: Pireney, Andalusiya, Atlas, Apennin, Alp, Bolqon, Karpat, Kavkaz, Kichik Osiyo, Eron, Hindiqush, Himolay tog’lari;
- Tinch okean mintaqasi: Koryak, Kamchatka, Saxalin, Yapon, Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya, And tog’lari, Aleut orollari va x.k.
Burmalanish bosqichlari davomida Yer yuzasidagi asosiy rel’ef shakllari hosil bo’lgan.
Yer yuzasi relyefi. Yer yuzasidagi noteksliklarga rel’ef deb ataladi. Yer yuzasi rel’efi uchta yirik guruhga bo’linadi: geotektura, morfostruktura va morfoskulьptura.
Geotektura - Yer po’stidagi yirik rel’ef shakllaridir. Geotektura faqat Yerning ichki kuchlari ta’sirida vujudga keladi va rivojlanadi. Ularga materik ko’tarilmalari va okean botiqlari kiradi. Geosinklinallar va platformalar esa ikkinchi darajali geotekturalar hisoblanadi.
Morfostrukturalarga yirik sayyoraviy rel’ef shakllari kiradi. Ularni hosil bo’lishida Yerning ichki kuchlari bilan birga tashqi kuchlari ham qatnashadi. Bunday rel’ef shakllariga yirik tog’ tizmalari va tekisliklar kiradi. Masalan, Kordilera tog’lari, Buyuk tekisliklar, SHarqiy Yevropa tekisligi, Turon tekisligi, SHarqiy Avstraliya tog’lari va x.k .
Morfoskulpturalar asosan tashqi (ekzogen) kuchlar ta’sirida vujudga keladi. Ularga daryo vodiylari, allyuvial tekisliklar, muz rel’ef shakllari, shamol ta’sirida hosil bo’lgan rel’ef shakllari, suv eroziyasi natijasida hosil bo’lgan rel’ef shakllari kiradi. Masalan, jarlar, qirg’oqlar, barxanlar, daryo vodiylari va x.k.
Yer yuzasidagi asosiy rel’ef shakllari Yer po’stining tuzilishiga mos keladi. Materiklar va okeanlar quruqlik va okean Yer po’stiga mos keladi.
Materiklarning platformalarida past tekisliklar, tekisliklar, platolar va yassi tog’lar keng tarqalgan. Materiklarning suv bosgan joylarida shelf dengizlari tarqalgan. Masalan, Rus platformasida SHarqiy Yevropa, Germaniya – Polsha, Kaspiy bo’yi past tekisligi shakllangan. Janubiy Amerika platformalarida esa Amazoniya past tekisligi va Braziliya yassi tog’ligi shakllangan. Afrika platformasi esa plato va yassi tog’lardan iborat. Sibir platformasi O’rta Sibir yassi tog’ligiga mos keladi. Bu esa platformalarning mustahkamligini va uzoq davr mobaynida yemirilish natijasida ularinig yuzasi tekislik, plato va yassi tog’larga aylanib qolganligidan darak beradi.
Alp burmalanishi bosqichida hosil bo’lgan tog’lar balandligi, kuchli parchalanganligi bilan ajralib turadi. Jahondagi eng baland tog’lar Alp burmalanish bosqichida hosil bo’lgan (Alp, Himolay, Kavkaz, Pomir, And, Hindiqush, Kordilьera).
Okean platformalariga okean tubi tekisliklari mos keladi. Georiftogenallar esa o’rta okean tog’lariga mos keladi. O’rta okean tog’larining umumiy uzunligi 60 ming km.ni tashkil qiladi.
Yer yuzasida rel’efni tarqalishining asosiy qonuniyatlari gipsografik egri chiziq orqali yaqqol tasvirlandi. Gipsografik egri chiziq deb to’g’ri burchakli koordinatalarda tuzilgan Yer yuzasida turli xil balandlik va chuqurliklarni taraqalishini ko’rsatadigan chizmaga aytiladi. Mazkur gipsografik egri chiziqni tahlil qilganda quyidagilar kelib chiqadi.
- gipsografik egri chiziqda ikkita tik qism ajralib turadi. Ularning maydoni juda kichik. Yuqori qismdagi tik qism materik (quruqlik) Yer po’stiga mos keladi uning yuqori qismi Yer yuzasidagi eng baland nuqta bo’lgan Jomolungma cho’qqisiga to’g’ri keladi. Pastki qismdagi tik qism okean yer po’stiga mos keladi, uning quyi qismi Yer yuzasidagi eng chuqur cho’kma Mariana botig’iga to’g’ri keladi;
- gipsografik egri chiziqda bundan tashqari ikkita yotiq qism ham ajratiladi. Uning yuqori qismi quruqlikning o’rtacha balandliga to’g’ri keladi (870 m), pastkisi esa okeanning o’rtacha chuqurligiga to’g’ri keladi (3704 m.) Uning maydoni Yer yuzasini 50% ni tashkil qiladi;
- bundan tashqari egri chiziqda qiya pastlama qism ham ajralib turadi. U quruqlik Yer po’stidan okean po’stiga o’tiladigan o’tkinchi Yer po’sti turiga mos keladi. U Yer yuzasi 10% maydonini egalagan Materik sayozligi (shelef) va materik yon bag’ri mazkur hududda joylashgan.
Quruqlik relyef shakllari. Quruqlikning asosiy relyef shakllari tog’lar va tekisliklar xisoblanadi.
Tog’ deb, Yer yuzasining atrofdagi tekisliklardan baland ko’tarilib turgan qismlariga aytiladi. Tog’larning asosiy qismlari quyidagilardan iborat:
yonbag’ir,
cho’qqi,
tog’ etagi,
tog’ qirrasi,
dovonlar,
tog’ yo’laklari.
Tog’ni har tomondan o’rab turgan qiya yuzaga yonbag’ir deb ataladi. Yonbag’irni tekislikka o’tish qismiga tog’ etagi deb ataladi. Tog’ qirralarini pasaygan qismlar dovon deb ataladi. Tog’larni chuqur o’yilgan qismlari tog’ yo’laklari deb ataladi. Ikkita qarama-qarshi yonbag’irlarning kesishgan joyi tog’ qirrasi deb ataladi.
Tog’lar balandligiga ko’ra uch guruhga bo’linadi: past (1000 m. gacha), o’rtaga balandikdagi (1000-2000m) va baland (2000 m. dan yuqori) tog’lar.
Tog’lar joylanishi, tuzilishi va boshqa xususiyatlariga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi: tog’li o’lka, tog’ massivi, tog’ tuguni, tog’ zanjiri, yassi tog’, tog’lik, burmali tog’lar, burmali-palaxsali tog’lar, vulkan tog’lari.
Tog’li o’lkalar- Yer yuzasining atrofdagi tekisliklardan baland ko’tarilib turgan qismi. Bir necha ming km.ga cho’zilib ketadi.
Tog’ massivlari-tog’li o’lkalarning alohida ajralib qolgan (tog’ vodiylari bilan) qismi. Deyarli bir xil uzunlikka va kenglikka ega (Monblan, Mo’g’uliston va x.k).
Tog’ tuguni-ikki va undan ortiq tizmalarini kesishgan joyi (Pomir, Arman tog’ligi).
Tog’ zanjiri-uzun cho’zilgan balandlik, burmalanish zonasining yo’nalishi bo’yicha juda katta masofaga cho’ziladi. Har bir tog’ zanjiri boshqasi bilan tog’ vodiysi bilan ajralib turadi.
Tog’ qirrasi-tog’ yonbag’rilarini kesishgan chizig’i.
Yassi tog’ nisbatan bir xil yuzaga ega bo’lgan ulkan maydonlar. (Afrika, Braziliya, Avstraliya, Hindiston, Markaziy Osiyo va x.k). Tog’liklar-tog’ tizmalari va yasi tog’lardan iborat bo’lgan keng hududlar (CHerskiy, Eron, Tibet, Katta havza)
Burmali tog’lar-geosinklinallar o’rnida Alp burmalanishida hosil bo’lgan tog’lar. Katta balandlik bilan ajralib turadi.
Burmali-palaxsali tog’lar - ularni qaytadan yoshargan tog’lar deb atashadi.
Vulkanlar turli xil tog’ relyef shakllarini hosil qiladi. Ulardan keng tarqalganlari quyidagilar: Lavali qoplamalar (trapp yuzalari), Islandiyada, Yangi Zelandiyada, Azor, Kanar va Gavay orollarida keng tarqalgan. Hozir ular kam uchraydi ammo qadimda juda keng tarqalgan (Sibir, Kavkazorti, Hindiston yarim oroli SHimoliy va Janubiy Amerika, Janubiy Afrika, Avstraliya, Antraktida); Magma cho’kindi jinslar ichiga kirib borib va u yerda qotib qolishi natijasida Yer yuzasida gubazsimon balandliklar hosil qiladi. Lavalarni otilishi va chor atrofga oqib ketishi natijasida qalqonli vulkanlar hosil bo’ladi (Gavay, Islandiya Polineziya orollari, SHarqiy Afrika), lava va maydalangan tog’ jinslarining otilishi natijasida qatlamsimon vulkanlar hosil bo’ladi. Ular ko’p hollarda baland bo’ladi, cho’qqilari qor chizig’idan yuqorida bo’ladi. Masalan, CHimborasi vulkanining mutlaq balandligi 6262 m, Kotopoxi-5897 m, Elьburs-5642 m., Popokatepetl-5452 m, Ararat 5165 m, Fudziyama 3776 m.
Tekisliklar. Mutlaq balanligi kam o’zgaradigan yer yuzasining yassi qismlariga tekisliklar deb ataladi.
Tekisliklar tokembriy va epipaleozoy platformalarida keng tarqalgan relyef turi. Mutlaq balandligiga qarab ular quyidagi qismlarga bo’linadi:
a) okean sathidan pastda joylashgan tekisliklar ular botiqlar yoki depressiyalar deb ataladi. Masalan, Kaspiy bo’yi tekisligi, u dengiz sathidan 28 m. pastda joylashgan. Quruqlikdagi eng mashhxur botiqlardan biri bo’lgan Qoragiyo botig’i (132 m.) O’rta Osiyoda joylashgan. O’zbekistonning eng past nuqtasi bo’lgan Mingbuloq botig’i dengiz satxidan 12 m. pastda joylashgan.
b) past tekisliklar ularning balandligi 0-200 m. (SHarqiy Yevropa, G’arbiy Sibirь, Amazoniya);
v) baland tekisliklar (200-500 m.);
Plato – baland, tekisliklarning tik jarlar bilan boshqa tekisliklardan ajralib qolgan qismi (Ustyurt, Tungus va x.k).
Tekisliklar ikkiga bo’linadi: denudasion va akkumulyativ.
Denudasion relyef platforma o’rnidagi tog’larni yemirilishi va peneplenga aylanishi natijasida vujudga keladi. Ular ko’pincha platformalarning qalqonlariga to’g’ri keladi.
Akkumulyativ tekisliklar cho’kindi jinslar qoplami bilan qoplangan bo’ladi, ya’ni ular platformalarning plitalariga to’g’ri keladi (SHarqiy Yevropa, Turon, G’arbiy Sibirь, Amazoniya, Buyuk tekisliklar, Buyuk Xitoy tekisligi).
|
| |