Xorazm viloyat turizmi va sport boshqarmasi
2021-2022-yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yanada
rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Xorazm viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni
yanada rivojlantirish, zamonaviy turizm infratuzilmasi, yangi dam olish
maskanlarini barpo etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, turizm
sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish
maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2021-2022-yillarda Xorazm viloyatining
turizm salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda
—Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan “turizm mahallalari”ni
tashkil etish;
tashrif buyuruvchi turistlar uchun qo‘shimcha xizmat turlari va qulay shart-
sharoitlar yaratish, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish;
madaniy ko‘ngilochar tadbirlar va festivallarni tashkil etish hamda yoshlarni
sportga jalb etish;
ekoturizm, tibbiyot, ta’lim hamda etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik
turizmini rivojlantirish;
turizm loyihalariga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni hamda moliya
institutlarining grand mablag‘larini jalb qilish.
Belgilansinki, Dasturga kiritilgan tegishli chora-tadbirlar mahalliy budjet
parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar va ijrochilar mablag‘lari doirasida
moliyalashtiriladi.
2. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyuldan boshlab Xiva shahridagi YUNESKO
Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va moddiy madaniy merosning
ko‘chmas mulk obyektlarining qo‘riqlanadigan tegrasidan tashqari, yer uchastkalari
mehmonxonalar qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga “E-IJRO AUKSION”
yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion orqali taqdim etiladi va
quyidagi qo‘shimcha investitsiya majburiyatlari yuklanadi:
maydoni 6 sotixdan 15 sotixgacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda — 50 ta
xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona;
maydoni 15 sotixdan 30 sotixgacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda — 100
ta xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona;
maydoni 50 sotix va undan ortiq maydonga ega yer uchastkasini ajratishda —
200 ta xonadan kam bo‘lmagan, 3 — 5 yulduzli toifadagi standartlarga mos
keladigan mehmonxona qurish.
Bunda, savdoga qo‘yiladigan yer maydonlari YUNESKO ishlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bilan kelishilishi zarur.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-fevraldagi
“2019-2020-yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 119-son qaroriga muvofiq “Shovot”
kichik turizm zonasi (keyingi o‘rinlarda — “Shovot” KTZ) tashkil etilganligi
ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. Quyidagilar:
“Shovot” kichik turizm zonasi chegaralarining tavsifi 2-ilovaga muvofiq;
“Shovot” kichik turizm zonasining turizm salohiyatini rivojlantirish chora-
tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq;
“Shovot” kichik turizm zonasi hududida yo‘l-transport, muhandislik-
kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi 4-ilovaga
muvofiq tasdiqlansin.
5. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport
vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi o‘rinlarda —
Kadastr agentligi) va Qurilish vazirligining “Shovot” KTZ faoliyatini samarali
tashkil etish, unda zamonaviy mehmonxona komplekslari, madaniy-
sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa
obyektlarni qurish uchun investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, zamonaviy
muhandislik infratuzilma obyektlarini tashkil etish maqsadida “Shovot” kichik
turizm zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda —
Direksiya) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
6. Xorazm viloyati hokimligi:
bir hafta muddatda Direksiyaning ustavini tasdiqlasin va belgilangan tartibda
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
bir oy muddatda “Shovot” KTZning rivojlantirish konsepsiyasini ishlab
chiqsin va Turizm va sport vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.
7. Belgilansinki:
Direksiya faoliyatini tashkil etish Kichik turizm zonasining mustaqil budjeti
mablag‘lari va ular moliyaviy barqarorlikka erishgunga qadar, lekin 3 yildan ko‘p
bo‘lmagan muddatga Tog‘li va olis hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish
jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;
Direksiyaning faoliyatini moliyalashtirish uning o‘z faoliyatidan olgan
daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar
hisobidan amalga oshiriladi;
Direksiyaning rahbarlari va ularning boshqa ma’muriy-boshqaruv xodimlari
Xorazm viloyati erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari ma’muriy
kengashi (keyingi o‘rinlarda — Ma’muriy kengash) tomonidan Turizm va sport
vazirligi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
Direksiyaning xodimlarini ishga qabul qilish Ma’muriy kengash tomonidan
belgilanadigan shartlarga muvofiq tanlov o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;
Direksiyaning xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartnoma asosida amalga
oshiriladi;
Direksiya “Shovot” KTZ hududida yo‘l-kommunal va turizm
infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qurish loyihalarini amalga oshirishda
buyurtmachi hisoblanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi Direksiyaga:
2021-2022-yillarda saqlash uchun keyinchalik qaytarish sharti bilan Tog‘li
va olis hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari
hisobidan asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha zarur mablag‘lar;
bitta avtotransport vositasi xarid qilish uchun zarur mablag‘lar, shuningdek,
uni saqlash uchun limit ajratsin.
9. Direksiya Xorazm viloyati, Urganch shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 1-
uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
10. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi
huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Turizm va sport vazirligi hamda Kadastr
agentligi Urganch-Xiva yo‘nalishidagi yo‘l bo‘yi hududlarini o‘z ichiga olgan “Xiva
turistik transport koridori”ni tashkil etish hamda ularda zamonaviy mehmonxona
majmualari, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa
obyektlar qurish, shuningdek, zamonaviy muhandislik infratuzilmasi obyektlarini
tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
11. Xorazm viloyati hokimligi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr
agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda Urganch-Xiva yo‘nalishining yo‘l bo‘yi
hududidagi yer maydonlarini belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkazsin hamda turizm
infratuzilmasi obyektlarini tashkil qilish uchun bo‘sh yer maydonlarining aniq
chegaralarini belgilasin;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda
turizm infratuzilmasi obyektlarining loyihasini belgilangan tartibda davlat ekologik
ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Qurilish vazirligi, Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-
sentabrga qadar “Xiva turistik transport koridori”ni batafsil rejalashtirish loyihasini
ishlab chiqsin va xatlovdan o‘tkazilgan yer maydonlarini belgilangan tartibda “E-
IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion orqali
tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlariga hamda shaharsozlik norma va
qoidalariga asosan turizm sohasidagi infratuzilma obyektlarini tashkil qilish
maqsadida ajratilishini ta’minlasin;
2021-yil 1-noyabrga qadar “Xiva turistik transport koridori” hududida ishga
tushirishning aniq muddatlarini belgilagan holda quriladigan turizm infratuzilmasi
obyektlarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
bilan birgalikda belgilangan tartibda “Xiva turistik transport koridori” hududida Wi-
Fi zonalarini tashkil etsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy
meros agentligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Xorazm viloyati
hokimligi bilan birgalikda “Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasida 2021-yil 1-
avgustdan boshlab:
turizm mavsumi (mart — iyun, avgust — noyabr) davomida har kuni soat
5:00 dan 24:00 gacha ish rejimini mehnat qonunchiligi talablari asosida (smenali)
o‘rnatilishini;
turistlar uchun turizm xizmatlarini monetizatsiyalashga qaratilgan tegishli
tadbirlar (spektakl shoulari, havo sharida ekskursiya, majmua tarixi haqida qisqa
metrajli filmlar namoyishi va boshqalar) tashkil etilishini;
obyekt hududida turizm xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini
oshiruvchi axborot-ko‘rsatkich belgilari o‘rnatilishini ta’minlasin.
13. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport
vazirligi hamda Qurilish vazirligi 2021-yil 1-iyulga qadar “Madaniy meros LITI”
DUK tomonidan Xiva shahridagi “Ichan-qal’a” va “Deshan-qal’a” hududlari
bo‘yicha batafsil rejalashtirish loyiha takliflarini belgilangan tartibda YUNESKO
Umumjahon merosi markazi bilan kelishish uchun hujjatlar yuborilishini
ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Investitsiyalar va
tashqi savdo vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va
idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belgilangan vazifalarning o‘z muddatida va
sifatli bajarilishini ta’minlasin, amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot, mavjud
muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga har
chorak yakuni bilan keyingi oyning o‘ninchi sanasiga qadar taqdim etib borsin.
15. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va sport vaziri
A.A. Abduxakimovga — Xorazm viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha
vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
Xorazm viloyati hokimi F.U. Ermanovga — turizm infratuzilmasi
obyektlarini qurish uchun yer uchastkalarining o‘z vaqtida ajratilishi, shuningdek,
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanilishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Mahkamovga — Xorazm
viloyatida transport infratuzilmasini rivojlantirish, hududga transport qatnovlarini
ko‘paytirish;
O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari
U.A. Azamovga — Xorazm viloyatidagi madaniy meros obyektlarini ta’mirlash,
restavratsiya qilish va tiklash ishlari bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida
bajarilishini ta’minlash, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar soni va sifatini oshirish
bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Xorazm viloyati hokimligi
bilan birgalikda 2022-yil 1-martga qadar Xiva shahrining bosh rejasi loyihasini
o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin.
17. Xorazm viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi
vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qurilish vazirligi bilan
birgalikda ikki oy muddatda aholi soni o‘sishini va turar joylarga bo‘lgan ehtiyojni
inobatga olgan holda hamda sanoat, xizmat ko‘rsatish loyihalarini joylashtirish
maqsadida Xiva shahri hududidagi sug‘oriladigan ekin yer maydonlaridan yer
toifasini o‘zgartirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
18. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq
qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Xiva
shahridagi yoshlar va tadbirkorlar uchun kichik sanoat zonasi va qurilish materiallari
bozorini tashkil etish maqsadida Xiva tumani, Gandimiyon mahallasida joylashgan
tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” AJ tizimidagi “Yangiariq paxta tozalash” AJga
qarashli umumiy yer maydoni 7,2 ga bo‘lgan paxta qabul qilish maskanining bino
va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda (keyingi o‘rinlarda — obyekt)
baholangan qiymatda “Yangiariq paxta tozalash” AJning soliq va boshqa majburiy
to‘lovlar bo‘yicha budjet oldidagi qarzdorliklarini kamaytirish hisobiga Xiva shahar
hokimligiga davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish
to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
19. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi,
Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki oy muddatda:
obyektni belgilangan tartibda Xiva shahar hokimligiga topshirilishini;
obyekt Xiva shahar hokimligiga topshirilgandan so‘ng “Yangiariq paxta
tozalash” AJning soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha budjet oldidagi
qarzdorligini (ular bo‘yicha hisoblangan penyalar, shuningdek, obyektni berish
natijasida yuzaga keladigan soliqlarni ham inobatga olgan holda) obyektning
baholangan qiymati miqdoriga qisqartirishni ta’minlasin.
20. Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini
boshqarish agentligi 2021-yil 1-oktabrga qadar Xiva shahri hududida joylashgan
bino va inshootlarda faoliyat olib borayotgan Xiva tumani hokimligi tizimidagi
tashkilotlarni tuman hududiga ko‘chirish choralarini ko‘rsin.
21. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil
yo‘llari davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi 2021-yil 1-
sentabrga qadar Xiva shahrining yo‘l va turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda
yanada rivojlantirish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, shahar ichida
transport oqimini kamaytirish maqsadida 4R163 Bog‘ot — Yangiariq — Xiva —
Qo‘shko‘pir — Shovot — Gurlan avtomobil yo‘li 4R164 Xonqa — Yangiariq —
Chiqirchi qishlog‘i — Xiva avtomobil yo‘lini birlashtirish uchun 2,2 km Xiva shahar
aylanma yo‘li qurilishini ta’minlasin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-
apreldagi 247-son qarori bilan tasdiqlangan “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari
chorrahasida” xalqaro madaniyat forumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida amalga
oshiriladigan qurilish-montaj va obodonlashtirish chora-tadbirlari rejasidan 239-
pozitsiya chiqarib tashlansin.
23. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga
yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh., 2021-yil 14-iyun, 369-son
|